O’zbekiston Xalq Harakati

Can'atni chayqov bozoriga aylantirgan Mustaqillik…

Can'atni chayqov bozoriga aylantirgan Mustaqillik…
25 Ağustos 2014 - 9:36 'da yuklandi va 1588 marta o'qildi.

rsz_211Yigirma uch yildan buyon, mana shu ahvol.

Yigirma uch yildan buyon boshqa sohalarda bo'lgani kabi, O'zbekistonda asl san'atning – Til va Adabiyotning, Kino va Qo'shiqchilikning kaltabinlarcha yurgizilayotgan siyosat tufayli zamon va davr oldida bir chaqachalik qadr-qimmati qolmadi.

Barcha sohalarni mutaxassis sifatida na savodi, na malakasi bor “hay, barakalla”chilar bosib ketdi. Har erdagi singari o'z ishining ustalari bo'lgan shaxslar qat'iyyatlari sabab ishlab turgan joylaridan chetlatildilar yoxud ko'pchiliklari jaholat uyasiga aylangan Karimov siyosatiga xizmat qilib, umrlarini behudaga shamolga sovurmaslik uchun mamlakatdan chiqib ketdilar.

Asl kasb egalarining fikrlarini birov inobatga olmagach, har qanday soha prezidentning saviya darajasidan kelib chiqib rivojlantiriladigan bo'ldi.

Mamlakatdagi bosh genekolik o'rnini ham, bosh me'mor, tarixchi, adabiyotshunos, bosh eshak dallolligi, pattachi bilan bosh farroshlikni ham Karimov egalladi. Prezidentning atrofidagi sohaga mas'ul deb ko'rilgan shaxslar, prezidentning saviyasidan osmon qadar yuksakliklardagi qadim bir millatning ma'naviy boyliklariga yovuzlarcha chovut urib, ularni jon ato qilib turgan chashmalaridan yulib, millatning tarix va kelajak ruhoniyati bilan bog'liq manzumalarni balchiqqa tiqdilar. Prezidentni xalqning saviyasi darajasiga ko'tarib olib chiqish o'rniga, haqiqiy ziyolilarni zo'rlab, qamab, o'ldirib prezidentning saviyasi tubanliklariga tushirdilar. Asnosida, prezident xalqqa xizmat qilish o'rniga, yigirma uch yildan buyon xalq prezidentga – jaholatga xizmat qilib keladi. Evaziga asrlar bo'yi erishilgan muvafaqiyatlar hisobidan behudaga tovon to'landi, ma'naviy boyliklar hisobidan cheksiz qurbonliklar beriladi. Birgina, Mustaqillik bahonasida asosiy tantanalarga ko'riladigan badiiy tayyorgarliklar xususida fikrlashish, yuqorida qilingan iddaolarning naqadar to'g'ri va xolis ekanligini ochib beradi…

Mustaqillik bayramiga uch oy qolganda, prezident ishtirok etadigan asosiy tantanada uyushtiriladigan konsert dasturiga kimsa bilmas eng ichida tanlov boshlanadi. Ya'ni, kontsert dasturiga nomini tirkash uchun qo'shiqchilar ichida kim oshdi savdosi avjiga chiqadi. Kimning nechanchi o'rinda sahnaga chiqishiga qarab, har bir o'rin AQSh dollari hisobida baholanadi. Rejissor va uning atrofidagilarga tegadigan bu pora pullari prezidentning atrofidagilargacha etib boradi. Prezidentlik mahkamasida yoxud Vazirlar mahkamasida tanish-bilishi borlarning omadi chopadi. Ularning elektron vositalari orqali ming bir jilo berilgan yaroqsiz ovozlari qiyinchiliklarsiz kontsert dasturi ro'yxatidan joy oladi. Bu, pora bermasdan asosiy kontsert dasturida qatnashsa bo'lar ekan, degan ma'noni anglatmasligi kerak. Bu mutaxassis qaytarishi ayon bo'lgan ovozning davlat mulozimi aralashgach, sinovdan aniq o'tishi ma'nosini anglatadi, xolos. O'zbekistonda mushuk quruqdan-quruq oftobga chiqmaydi, degan pisandaga ishonadigan bo'lsak, pora masalasi har qanday favqulodda hollatlarda ham dolzarb bo'lib qolaveradi. Sababi, Mustaqillik bayrami asosiy tantanalarida qatnashgan qo'shiqchiga yangi ufqlar ochiladi. U kelgusi bayramgacha, davlat tomonidan uyushtirilgan har xil kontsertlarda, radiotelevideniya va xayriya marafonlarida faol ishtirok etish huquqiga ega bo'ladi. Xullas, u uchun barcha yo'llar ochiladi.

Prezidentning nazoratidan o'tgan kimsa sifatida, to'y va ma'rakalarning oldi uniki bo'ladi. Mustaqillik bayramidagi tantanada qatnashgan qo'shiqchining ovozi, texnikasi, ijro salohiyati ortiq hisobga olinmaydi. “Ota”ning nazariga tushgan har qanday qo'shiqchi, to ta'qibga uchramaguncha yoki o'lmaguncha odamlarning ta'bini xira qilgani uchun pul yig'ib, boylik jamg'arib yuraveradi. Shu imkoniyatni qo'lga kiritish uchun ham har bir qo'shiqchi Mustaqillik bayramining asosiy tantanasida qatnashish uchun jon berib-jon oladi. Qarz ko'tarib bo'lsa ham, uy-joyini sotib bo'lsa ham dasturga ilinishga urinadi.

Uning san'at, qo'shiqchilik sohasining yuksalishi yoxud inqirozi bilan ishi yo'q. U tijoratchi. Shu uchun ham pul tikib, pulini yuz barobar qilib qaytarib olishga harakat qiladi. Ozodbek Nazarbekovga o'xshaganlar prezidentning megayulduzi bo'lgani uchun hech qachon bu kabi kontsert dasturlaridan tushib qolmaydi. Shunday bo'lsa ham, u bu kabi ishlarga ellik minglab dollarni sarflashdan chekinmaydi. Prezidentning bitta bo'sasi uchun yuz mingning, ikkita bo'sasi uchun ikki yuz mingning bahridan o'tadi. U qo'shtiroq ichidagi saxiylikning o'ziga miliyonlarni olib kelishini juda yaxshi biladi. Uning “saxiy”ligini bilgan prezidentning atrofidagilar kontsert tashkilotchilari bilan kelishib, shuning uchun ham uni prezidentga ko'proq o'ptirib, ko'proq suhbatlashtirmoqchi bo'ladilar. Chunki, prezidentning o'zi ham avvaldan belgilab qo'yilgan dastur bo'yicha ish ko'radi. Hatto, uning qoradori ichib chiqib, o'n olti yashar raqqosa kabi dumbalarini o'ynatib, havolarga movga kelgan mushuk singari chovut urishlari ham, o'z-o'zicha sodir bo'lmaydi.

Xalq ko'ziga uni hali tetik qilib ko'rsatmoqchi bo'lgan MXXdagilar unga buni buyuradilar, kerak bo'lsa, undan shuni talab qiladilar. Boshqalar ham prezidentning qo'l berib ko'rishishi yoxud jilmayib qarashi uchun pora beradilar. Shunday “sharaf”ga erishgan qo'shiqchilar bayram tantanalari tugagach, qo'y so'yib, ba'zi birlari buqa so'yib ziyofatlar beradilar. Bu kabi harakatlar qo'shiqchining dovrug'ini xalq orasida yanayam oshirib, uning muxlislari sonini ko'patirib yuboradi. Bir so'z bilan aytganda, Mustaqillik bayramining asosiy tantanasi nishonlanadigan joyning har qarichi, unda jaranglagan har qanday musiqa sadosi, u joyda bir og'iz so'zning aytilishi, kontsert dasturi jarayonida oltin bilan teng bo'lib ketadi…
Yigirma uch yildan buyon, mana shu ahvol…

Bitta yoki ikkita fonogramma aytib, kimlardir xizmat ko'rsatgan, kimlardir xalq artisti bo'lib ketaveradilar. Ota-bobolardan qolgan merosni ko'z qorachug'idek asrab, ularni maromiga etkazib kuylab, xalqqa etkazayotgan Rahmatjon Qurbonovlarga o'xshaganlarni hukumatning ko'rishga ko'zi, otishga o'qi yo'q. Chunki, Rahmatjon kabi hassos hofizlarning nolalarida, xalqning o'tmishi va kelajagi yashaydi. Chunki, u xalqning tirik xotirasiga, dardiga aylangan. Uni hukumat hurmatini joyiga qo'yib ardoqlasa, unga xalq hofizi unvonini bersa, u yana jo'shib qo'shiq kuylaydi, xalqining xotirasini uyg'otadi. Xalqning xotirasi uyg'onsa, joriy hukumatning basharasi ochilib qoladi. So'ngra, ular Karimovni bir soatda, tilka-pora etib tashlaydilar. Shu uchun ham oldiga xalqi uchun adolat talab qilib kirgan Orif hoji Alumaxsumovni Karimov taqibga olmaganmidi?! Shu uchun ham Karimov o'tli nafas, otaxon hofizimizni qoniga tashna qilib, zimdan siquvga olib o'ldirmaganmidi?!

Mustaqillik bayrami asosiy tantanalarida ishtirok etadigan qo'shiqchilar, yuqoridagilarning teskarisini amalga oshiradilar. Ular xalqni Karimovga sig'inishga, qulikka undaydilar. Karimovdan xudo ko'tarib, xalqning iymon-e'tiqodiga putur etkazadilar…

Biz shu choqqacha bu ishlarni bilmasmidik? Bilardik! Aytmasligimizning sababi, xalq uyquda edi. Bugun oydin tonglar yorishmoqda, odamlar uyg'onishni boshladi. Mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham Karimov rejimiga qarshi amalda tayorgarlik ketmoqda. Ming-minglagan yoshlar yo'lboshchilarni qidirib, mamlakat va millat ozodligi yo'lida kurashib, o'lishga ham tayyorgarliklarini bildirmoqdalar. Ular butun muammolarning boshida mamlakat prezidenti Karimov turganini bugun yaxshi biladilar.

O'zbekistonning birgina muammosi, birgina Karimov ekanligini ham, ular oxir-oqibat anglab etdilar. U taxtdan olib tashlangan kunning ertasiga ellik foiz muammoning o'z-o'zidan hal bo'lishini ham tushunadilar. Biroq, u taxtdan ag'darilgach o'rniga kim o'tiradi, xalqqa munosib rahbar kim, degan muammo haqida bosh qotirmayaptilar. Bu o'nta Karimovni taxtdan ag'darishdan ham nozik bir masala… Shunaqa paytda, tilni tomoqqa yutib, tomoshabin bo'lib turishning iloji bormi, axir?!

To'g'ri, Karimov hammasidan ham bizning dinu diyonatimizga juda katta ziyon etkazdi. Uning shaxsiy manfaati yo'lida, dinu diyonatimiz razil qilmishlarini xaspo'shlash uchun niqob bo'lgan bir zamonda, jim turganning endi…

Yigirma uch yildan buyon, mana shu ahvol.

Ergash Sulaymon

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Muhammad al-Özbek ;

    Bizga ham yurt ichida, ham tawqaridan qöllab-quvvatlaydigan yangi Lider kerak!

    25/08/2014 12:13
istanbul escort