O’zbekiston Xalq Harakati

Karimovning sog'ligi masalasida “O'zbekiston hukumatida og'ir sukunat”…

Karimovning sog'ligi masalasida “O'zbekiston hukumatida og'ir sukunat”…
16 Şubat 2015 - 22:40 'da yuklandi va 4427 marta o'qildi.

10O'zbekistonda 29 mart kuni bo'lib o'tadigan prezidentlik saylovlarida “asosiy nomzod” — 77 yoshli davlat rahbari Islom Karimovning qariyb 20 kundir mahalliy matbuotda ko'rinmay qolgani O'zbekiston voqealarini yorituvchi horijdagi turli matbuot vositalarining diqqat markazidan o'rin ola boshladi.

Bundan bir necha kun avval, 13 fevral' kuni Farg'ona agentligi prezident Karimovning 15 kundir omma oldida ko'rinish bermayotgani, saylovoldi yangiliklarida ham ko'rinmayotgani haqida yozdi.

Qayd etish joizki, ilk marotaba muxolifatdagi O'zbekiston Xalq Harakati (O'XH) o'zining respublika hukumatidagi manbalariga tayanib 2015 yil 28 yanvar' kuni kechqurun, tahminan soat 20.00 larda Ko'ksaroy (Do'rmon) qarorgohida kechki ovqat payti prezident Islom Karimovning hushidan ketgani haqidagi xabarni e'lon qilgandi.

Ushbu xabar e'lon qilinganidan bir kun o'tib butun dunyo matbuoti O'zbekiston davlat rahbarining salomatligi yomonlashgani va hushidan ketgani haqida yoza boshladi. Buning ortidan esa Markaziy Osiyo bo'yicha ko'zga ko'ringan ko'pgina ekspertlar Karimov hokimiyati nihoyasiga etganidan so'ng yuz berishi mumkin bo'lgan ehtimoliy siyosiy jarayonlar bo'yicha muhokamalarni boshlab yuborishdi.

Ayni paytda O'zbekiston Xalq Harakati tomonidan tarqatilgan ma'lumotga shubha bilan yondashuvchilar ham bu masalada o'z munosabatlarini bildirishdi. Xususan, O'zbekiston Xalq Harakatini saylovlar oldidan asossiz mish-mish tarqatishda va ig'vogarlikda ayblaganlar ham bo'ldi. Ammo o'tgan 20 kunga yaqin vaqt mobaynidagi voqealar rivoji Karimovning sog'ligi yomonlashgani haqida O'XH tomonidan berilgan xabarning aynan haqiqat ekanligini ko'rsatmoqda.

O'zbekiston ichkarisida turib vaziyatni kuzatayotgan bir qancha tahlilchilar va jurnalistlar ham oliy hokimiyat egalari atrofida shubhali vaziyatning yuzaga kelganini e'tirof etishmoqda.

Jumladan, 16 fevral' kuni Ozodlik radiosining “OzodNazar” eshittirishida O'zbekiston prezidentining salomatligiga oid turli ommaviy axborot vositalarida keyingi kunlarda paydo bo'layotgan xabarlar munosabati bilan berilgan savolga qisqacha javob bergan tajribali jurnalist, taniqli publitsist Sharof Ubaydullaev “O'zbekiston hukumatida og'ir sukunat”ning yuzaga kelgani haqida gapiradi.

Ozodlik muhbiri Sarvar Usmonning “Islom Karimov ishga chiqyaptimi?” degan savoliga javob berarkan Sharof Ubaydullaev:

“O'zbekiston hukumatida og'ir sukunat. Bu og'ir sukunat albatta qandaydir portlash bilan yakun topadi. Lekin keling biz bu voqealarni tezlashtirmaylik. Biz hammasiga yaqinda guvoh bo'lamiz”, – deya ta'kidladi.

Eslatib o'tamiz, 9 fevral' kuni siyosatshunos Usmon Haqnazarov tomonidan tahririyatimizga kelib tushgan maqolada O'zbekiston prezidenti Islom Karimovning 28-29 yanvar' kunlari komada bo'lgani, 29 yanvar' oqshomida o'ziga kelgani, 30 yanvar' kuni o'zini ancha yaxshi his qilib, hatto tug'ilgan kuni munosabati bilan uyushtirilgan banketda ishtirok etgani, banketdan keyin yana o'zini yomon his qilgani va 6 fevral' kungi holatga ko'ra ishga chiqmayotganiga oid tafsilotlar yozilgandi.

Ushbu maqola e'lon qilganidan bir necha soat o'tib esa O'zbekiston Xalq Harakatining rasmiy nashri bo'lgan uzxalqharakati.com saytiga Toshkent vaqti bilan taqriban soat 21.30 larda kiber hujum uyushtirilgandi.

O'XH axborot bo'limi

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Qasaskor ;

    Xushxabar ortidan xushxabar…

    17/02/2015 08:55
So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar