O’zbekiston Xalq Harakati

Tarixi Muhammadiy – 1

Tarixi Muhammadiy – 1
22 Aralık 2015 - 18:54 'da yuklandi va 2622 marta o'qildi.
Alixonto'ra Sog'uniy

Alixonto'ra Sog'uniy

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY – 1

SO'ZBOShI

Bilmak kerakkim, har bir musulmon bolasi, xohi er kishi, xohi xotun kishi, xohi yosh, xohi qari, mana shu tubandagi to'rt narsaning tarixini bilishi albatta lozimdur.

  1. 1. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom tarixlari.
  2. 2. Qur'oni karim tarixi.
  3. 3. Dini Islom tarixi.
  4. 4. Ka'batulloh tarixi.

Shuning uchun, men faqir — Alixonto'ra Shokirxonto'ra o'g'li Sog'uniydurmankim, bizlardin keyingi avlod nasllarimizga va ham boshqa turk tillik vatandosh, din qarindoshlarimizga mendan yodgor bo'lsin deb yuqoridagi to'rt narsa tarixini har qandoq kishi tushungudek qilib, ochiq turk tilida yozdim. Bu kitobga «Tarixi Muhammadiy» deb ot qo'ydim. Buni o'qiguvchilar faqirni duolarida yod qilib qo'yishlarini umid qilurman.

BUYuK USTOZ HAQIDA SO'Z

«Tarixi Muhammadiy» muallifi Alixonto'ra Sog'uniyni asrimizning ko'plab ulamoi fozillari o'zlarining buyuk ustozlari deb biladilar. Zero, ul zoti bobarakotning serfayz va ta'sirchan suhbatlaridan bir lahza bahramand bo'lgan har bir tolibi sodiq yillar davomida o'zga ustozlardan olgan saboqlari yoki yuzlab mutolaa qilgan kitoblardan olgan ma'lumotlaridan ham ziyodroq istifoda etar edi, desam mubolag'a bo'lmas. Kamina esa bir lahza emas, Tangriga behad shukrlar aytamankim, ul ustozi kullning darsgo'ylik davralarida va fayzli suhbatlarida ko'p bo'lganman va ko'pdan-ko'p ilmiy ishtibohlarimni so'rab o'ta qoniqarli javoblar olganman.

Hamon esimda, 1971 yili Marg'ilon shahriga borganlarida bir ilmiy suhbatda hozirlarning ko'pchiligi tolibi ilmlar ekanini nazarda tutib, ahli majlisga Qur'oni karimdan Val-asr surasini tafsir qilib bergan edilar. Sura eng qisqa suralardan bo'lib, atigi uch oyat — ikki satr bo'lishiga qaramay ustoz roppa-rosa ikki soat tahlil etib, oyatlarning har bir kalima, hatto harfi zimnidagi hikmati va nuqtalarini shunchalik hakimona sharxlar edilarki, diqqat bilan some' bo'lib turgan ulamo va toliblar boshlariga qush qo'ngandek sukut saqlagan holda vujudlari quloq bo'lib, har bir so'zlarini uqib olishga va mag'zini chaqishga harakat qilar edilar.

Darhaqiqat, ustoz ilmu hikmatning bir-ikki sohasida emas, balki ilmi qiroat, tafsir, hadis, fiqh, nahv, balog'at, mantiq, tib, tarix, siyrat, jug'rofiya, nazmu nasr va boshqa fanlar bo'yicha ham etuk mutaxassis edilar.

Endi ushbu siyrati nabaviyya faniga mansub «Tarixi Muhammadiy» asari xususida ham biroz to'xtalib o'tishga to'g'ri keladi.

Islom tarixi va janob payg'ambarimiz Muhammad alayhis-salotu vas-salomning hayotlari va faoliyatlari to'g'risida hozirgacha arab, fors, turk va boshqa sharq va g'arb tillarida juda ko'plab asarlar yozilgan. Lekin Alixonto'ra Sog'uniyning ushbu asari ularning xulosasi bo'lishi bilan birga, ma'lumotlarining ishonchli manbalardan olinganligi, har bir tarixiy voqea bayonidan keyin muallifning unga nisbatan o'z fikr-mulohazalarini ibratli ravishda izhor etganlari va asarga imkoni boricha badiiylik kiritib har qanday kitobxonni o'ziga rom etishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Mening fikrimcha, asarni bir marta o'qib chiqishning o'zi kifoya qilmaydi, balki shu muhim manbaga tez-tez murojaat qilib turish kerak. Tabiiyki, har safar yangi-yangi tushunchalar kashf etilib, kitobxonda o'zgacha taassurotlar hosil bo'ladi. Bu faqat kaminaning fikri emas. Asarni mutolaa qilib chiqqan ko'pdan-ko'p do'stlarimiz ham ushbu gapni takrorlab turadilar. Ayniqsa, imom-xatiblar, ulamoi kiromlar va tolibi ilmlarning har birlarida ushbu noyob asardan bo'lishini tavsiya etardim. Zero, hozirgi kunimizda Islom tarixi bo'yicha o'z ona tilimizda batafsil yozilgan bundan o'zga asar yo'q. Bundan tashqari bu fanga doir har qanday kitob uning o'rnini bosa olmaydi. Xullas, «Tarixiy Muhammadiy» kitobini har qancha ta'rif va tavsif qilinsa, kamlik qiladi. Yaxshisi, asarning o'zini qunt bilan mutolaa qilib, uning serqirrali ma'lumotlaridan, fayzu futuhli mazmunlaridan bahramand bo'lgan kitobxongina bunday ta'riflarda mubolag'a yo'q ekaniga to'la ishonch hosil qiladi.

Hadisi sharifda vorid bo'lganki, ba'zi bir qilingan xayrli ishlarning savobi insonning vafotidan keyin ham to ro'zi qiyomatgacha uning nomai a'moliga bitib turilar ekan. Ustozimizning ushbu asari xuddi shunday solih amallardandir. Binobarin, uni o'qib, foydalanuvchi barcha kitobxonlar nomidan ul zoti sharifning haqlariga duoi xayrlar qilib qolamiz.

Abdulaziz MANSUR

Bismillahir rohmanir rohiym

Allohga beadad hamdu sanolar bo'lsinki, qo'lingizda «Tarixi Muhammadiy»ning to'liq kitobi turibdi.

Asar muallifi Alixonto'ra Sog'uniy Shokirxo'ja eshon o'g'li, Muhammadxo'ja o'g'li, Mirniyoz o'g'li erurlar.

Buyuk insonlar haqida yozish hamisha sharafli, mas'uliyatli va shu bilan bir vaqtda o'ta murakkab vazifadir. Bobomiz 1885 yil 21 martda sobiq Turkiston o'lkasining To'qmoq shahrida o'zbek oilasida tug'ilganlar. Naqshbandiy sulukiga mansub ulamolardan bo'lmish katta bobomiz Shokirxo'ja eshon boshqalardan uquvchanligi, tirishqoqligi va zehn-zakovati bilan ajralib turadigan ikkinchi o'g'li Alixonto'rani katta o'g'li Olimxonto'ra bilan birga uzoq Arabistonga o'qishga yuboradilar.

Talabalik yillaridayoq olamdagi ijtimoiy voqelikni, siyosatni tub mohiyati bilan anglay boshlaydilar. Ilmga chanqoq bu talabaning yoshlikdan amal qilib yurgan shiori «Al-ilmu fis-sig'ari kan-naqshi alal-hajari», ya'ni «Yoshlikda egallangan bilim — toshga o'yilgan naqsh» edi. O'z g'ayrat-intilishlari bilan pirovardida bobomiz o'z zamonasining zabardast olimi, buyuk allomasi bo'lib etishdilar. Lekin taqdiri azal hamma zamonlarning ulug' sardorlariga qilgan «marhamatini» bobomizdan ham darig' tutmadi. Sovetlar iskanjasida yashayotgan musulmonlarning ozodligi haqida faol tashabbuslari sabab ta'qib qilina boshlagach, 30-yillarda u kishi oilasi bilan Xitoyga o'tib ketadilar. Sababki, eng g'ayriinsoniy mafkura asosida qurilgan chirkin sovet tuzumining tub mohiyatini hammadan oldinroq anglaganlar. Tafakkur va ma'rifat dushmanlari Xitoyga ham allaqachon etib borishgandi. Natijada ular 1937 yil bobomizni umrbod qamoq jazosiga mahkum qiladilar. Allohning marhamati bilan, 1941 yil bu jazodan ozod bo'lib, maxfiy «Ozodlik jamiyati»ga rahbarlik qiladilar. Shunday qilib, butun Shin-Jon o'lkasida juda katta ozodlik harakati boshlanadi. 1944 yilgi qurolli qo'zg'olon natijasida «Ozod Sharqiy Turkiston» respublikasi barpo etiladi. Chankayshi va gomindanchilarning deyarli yuz ming kishilik armiyasiga qarshi ketma-ket olib borilgan shiddatli janglarda ular tor-mor etiladi. Milliy Armiyaning Bosh qo'mondoni Alixonto'raga Marshal unvoni beriladi va u kishi Sharqiy Turkiston jumhuriyatining birinchi prezidenti etib saylanadi.

Shunday qilib, bizning O'zbekistonga deyarli uch barobar keladigan ulkan hududda yana bir islom davlati vujudga keladi. Bu esa dahriylik asosida qurilgan sovet davlati rahbariyatini qattiq tashvishga soladi. Oqibatda qonxo'r Stalinning buyrug'i bilan, jinoyatchilar bobomizni muzokaraga taklif qilish bahonasi bilan o'g'irlab ketishadi. O'ttiz ming fidoiy yigitlardan tuzilgan muntazam armiya hamda milyonlab vatanparvar musulmonlar esa mung'ayib qolaverishgan. Toshkentda bobomiz bir necha yil uy mahbusi bo'lib o'tirganlar.

Shunday nohaqliklar oqibatida faol siyosatdan voz kechishga majbur etilgan, qalbi qayg'u-hasrat, dardu alamga to'lgan, ammo o'z e'tiqodi, o'z mafkurasidan zarracha chekinmagan jafokash inson ilmu fan tadqiqotlariga sho'ng'ib ketadilar.

Bobomizning bunday og'ir kunlarni boshlaridan kechirishlari janobi Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning bir hadisi shariflarida kelgan mazmunni beixtiyor eslatadi: Ul zot aytgan ekanlar: «Baloyu ofat, g'urbat va musibatlarning eng qattig'i bu dunyoda payg'ambarlarga, so'ng ularning xayrli ishlarini davom ettiruvchi ulamolarga, so'ng shularga o'xshash solih kishilar boshiga kelishi muqarrardir».

Bu hadisi sharif ruhini tanlariga singdirib olgan bobomiz qanchalik ko'p zulmu sitam tortsalar ham taqdir egasi ustidan hargiz shikoyat qilmas, balki shukr va mamnunlik bajo keltirar edilar.

Alixonto'raning Toshkentda o'tgan so'ngi o'ttiz yillik umri ijodiy jihatdan juda sermahsul bo'lgan. Jumladan, Xerman Vamberining «Buxoro yoki Movarounnahr tarixi» kitobini, Ahmad Donishning «Navodirul Vaqoye» asarini hamda Darvish Ali Changiyning «Musiqa» risolasini fors tilidan tarjima qildilar. Ayniqsa, «Temur tuzuklari» shoh asarini eski forsiydan tarjima qilib, «Guliston» jurnalida nashr qilganlarida (1967 yil) chinakam inqilob bo'lgan edi. O'shanda «qonxo'r Temur»ni ulug'lashga qanday haddi sig'di, deb bobomizga butun «katta rahbar»lar hujum qilgan, jurnalning bosh muharriri va Markazqo'mdagi qator mas'ullar ishdan olingandi. Vaholanki, bobomiz Amir Temurni o'zbek xalqiga tiriltirib berib ketgan edilar. Yaratganga shukrki, mana bizning kunlarga kelib Toshkentning markazida Sohibqiron Amir Temurga haykal o'rnatildi.

Bobomizning eng ulug' zoti oliylargagina xos sifatlaridan biri — mansabga intilish va shuhratparastlikdan yiroq bo'lganlaridir. Bir necha yil burun «Temur tuzuklari»ni kitob shaklida chop etdilar. Asarni bizning hozirgi tilimizga muvofiqlashtirib, bobomizning yoniga yana bir kishining ismi-sharifini qo'shib, Alixonto'raning tarjimasi sifatsiz va xatosi ko'p edi, asar deyarli qaytadan tarjima bo'ldi, deb bir professor olim tanqid qilib, so'zboshi yozibdi. Bobomizga bag'ishlangan katta anjumanda shogirdlaridan biri o'sha tanqidchi olimga qarata shunday degandi: «Ustozning shuhrat otiga mingashibsiz, lekin u kishini tanqid qilishga sizga kim huquq berdi. Axir buyuklar nuqsonini qidirish uchun hech bo'lmaganda ular darajasiga yaqinroq bo'lish kerak emasmi?» O'shanda katta zal bu gapdan larzaga kelgandi.

«Har bir davlat rahbari, podshosi agar «Temur tuzuklari»dan mukammal xabardor bo'lsa va unga amal qilsa, u eng odil, eng qudratli va engilmas davlat podshosi bo'lishi muqarrar», degan edilar bobom.

Bobomiz kuchli tabib ham edilar, hatto saraton kasalining muolajasini bilganlar. Sovet tibbiyotida uzoq vaqt tan olinmagan seksopatologiya fanining bilimdoni ham Alixonto'ra Sog'uniy edilar. Bobomiz qalamiga mansub «Shifo-ul ilal», ya'ni «Illatlar shifosi» asari ham mavjud. Unda ikki yuzga yaqin kasalliklar bayoni, tashxisi va davolash usullari berilgan.

Etuk siyosiy arbob va haqiqiy vatanparvar bo'lgan Alixonto'ra Sog'uniy «Turkiston qayg'usi» degan katta asarning muallifidirlar. Bu asarda bizning xalqimiz qanday qilib bosqinchilarga qul bo'lib qolgani va qanday qilib dinni, Vatanni, millatni asrash kerakligi chuqur siyosiy-ijtimoiy mantiq asosida mukammal bayon etiladi.

«Tarixi Muhammadiy»ning yozilishi qanchalik kuch-g'ayrat, mashaqqatli mehnat va bilim-zakovat talab etgan bo'lsa, uni qabih kommunistik tuzum ta'qibidan asrash undan ham qiyinroq bo'lgan. Bobom deyarli yigirma yil mobaynida juda og'ir ahvolda, dindorlar quvg'inda bo'lgan yillari yozgan bu bebaho asarni avaylab zamoni saodatga, kelajak avlodga etkazib berish uchun ko'p yillab uni er ostida, hatto un qoplarida ham saqlaganlar.

 Yirik islomiy-falsafiy olimlarning yakdillik bilan e'tirof etishlaricha, «Tarixi Muhammadiy» XX asrning eng insonparvar, betakror, buyuk asarlaridan biri hisoblanadi. Kitobni oqqa ko'chirish, xattotlik esa yoshligidanoq eng oliy maqsadi Otaga xizmat qilish bo'lgan, bobomning suyukli farzandlari — mening padari buzrugvorim bo'lmish Muhammadyorxonto'ra zimmalarida edi. Biz yosh bola edik, dadamlar nihoyatda go'zal arabcha husni xatlari bilan tunu kun yozardilar.

«Turkiston qayg'usi»da bobomning shunday so'zlari bor: «mag'lubiyatga uchrab, dushmanlaridan engilgan millatlar doimo qayg'u-hasratda qolib, xoru zorlik birla yashamoqqa majburdirlar. Har kimsaga ma'lumdurki, hayot olamida insonning eng sevgan, qadrlik, qimmatlik to'rt narsasi bordur. Bu to'rt narsaga ega bo'lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo'lurlar.

Alarning eng birinchisi shuldurki, har odam o'z erk va ixtiyoriga ega bo'lmog'i kerakdur. O'zida erki, qo'lida ixtiyori yo'q odamlarning hayvondan nima farqlari bor.

Ikkinchisi shulki, shar'iy yoki qonuniy kasblar orqali topgan molu dunyosi, qilgan mehnatining mevasi shul topguvchining o'z haqqi bo'lib, aning xos mulkidur.

Uchinchisi, har bir millatning haqiqiy onasi, u millatning tug'ilib o'sgan, ota-bobosidan meros qolgan Vatanidir. Ona Vatanni boshqalar tasarrufiga qoldirmoq — Vatan avlodlarining kechirilmas og'ir jinoyatlaridur, balki inson huquqlariga qilgan xiyonatidur.

To'rtinchisi, har bir mamlakat xalqining asrlar bo'yi asralib kelayotgan muqaddas dinlaridur.

Endi yuqorida yozilmish bu to'rt narsaga ega bo'lmoq uchun har millatning butun huquqlari shu millatning o'z qo'lida bo'lishi shartdur».

Bobomiz tub ma'nodagi olim bo'lib, tibbiyot, falsafa, geologiya, tarix, matematika fanlarining etuk olimlari — professor, akademiklariga ustozlik qilganlar. Shunday ekan, nima uchun matbuotda u kishining nomi eshitilmas edi, degan savol tug'ilishi tabiiy.

Avvalo, sovet hukumati Alixonto'raning nomini matbuotda tilga olishdan qo'rqqan. Ikkinchidan, yaxshisi bir misol keltiray: «Sodiqov degan ToshMIning bir professori bobomizga qadimgi bir qo'lyozma ko'tarib keladi. Uni o'qishga hali hech kimning tishi o'tmagan ekan. Bobomiz salkam uch yuz yil ilgari forsiyda yozilgan bu qo'lyozma tibbiy asar ekanini aytib, uni darhol arabchaga va turkiyga o'giradilar va u kishiga qaytib beradilar. Professor darhol taqriz yozib, asarning u er-bu erini «tuzatgan» kishi bo'lib, o'zining nomidan bosib chiqaradi. Voqeadan xabardor bir shogirdlari bobomizning oldilariga kelib: «Anavi professor qo'lyozmani kattagina broshyura qilib, faqat o'z nomidan chiqaribdi, Sizning nomingizni hatto tilga ham olmabdi», deganida bobomiz xursand bo'lib: «Ha, barakalla, kitob qilibdimi, a? Necha ming dona kitob qilib bosibdi? Xalq o'qiydigan bo'libdi-da, baraka topsin!» degan edilar.

Bobomiz biz farzandlari uchun bir vaqtda ustoz ham bo'lganlar, mening o'zim uchun esa tub ma'nodagi haqiqiy inson timsoli edilar. «Bolaligimdan bir odatim bor, agarda ikkita choponim bo'lsa, uning yangisini birovga bergim kelaveradi», derdilar. Shu gaplari hech yodimdan chiqmaydi.

Bir vaqtlar «saxovatli» sovet hukumati bergan katta hovlining bir qismini olib qolib, qolganini umrbod tayinlangan 500 so'm nafaqasi bilan qo'shib, bolalar bog'chasiga berib yuborgan edilar.

Endi u kishining sifatlarini sanayversak, alohida kitob bo'ladi. Alixonto'ra valiylik darajasiga etishgan ulug' zot edilarki, uni ham qator ibratli voqealarda kuzatishgan.

G'aribroq bir kishi to'y qilmoqchi edim, deb qarzga ikki ming so'm pul so'rab keldi. Men o'shanda bobomning yonlarida qaysidir bir dorini tayyorlashda yordam berayotgan edim. «Ma'qul, dedilar, biroz shoshmang, manavi dori tayyor bo'lsin, bolalaringiz bilan ichib yurasiz, yurak va oshqozonga quvvat bo'ladi». Shu paytda tujjor ixlosmand shogirdlaridan biri bobomiz ziyoratlariga kelib qoldi. Xol-ahvol so'rashib, bir piyola choy ichgach, uzr so'rab ketishga otlandi va: «sizga atagandim, taqsir», deb qog'ozga o'ralgan pul berdi-yu, xayrlashib ortiga qaytdi. U ketgach, bobom menga shu pulni sanatdilar. Pul roppa-rosa 2000 so'm ekan. «Mana pulingiz, Xudo sizning nasibangizni ham etkazdi, bu pul qarz emas, sizga hadya», dedilar. O'tirganlar bu karomat ishdan hangu mang bo'lib qolishdi. Boyagi odam esa yig'lay-yig'lay, duo qila-qila xayrlashdi.

Bobom: «Millatimiz ravnaqi uchun aql-zakovat, albatta, kerak, shu bilan birga u, shijoatu matonat, jismoniy barkamolliksiz etarli bo'lmas», derdilar. Ular sportni sevardilar. Yoshliklarida kurashib kuraklari erga tegmagan ekan. Sportchi bo'lishimga ham bobomiz sababchilar. Mening GULAG qamoqxonalarida, Sibir o'rmonlarida va Qozog'iston cho'llarida kechirgan deyarli o'n yil davom etgan mashaqqatli hayotim davrida avvalo, Allohning madadi hamda bobomning ruhlari va bergan ta'limlari hamisha rahnamo bo'lgan, Alloh ul zotdan rozi bo'lsin!

Bobomiz tengi yo'q notiq ham edilar. So'zlaganlarida nuroniy yuzlaridan mudom nur taralib turar, birorta ham keraksiz so'z ishlatmasdilar. So'zlashdan oldin biroz sukutga ketardilar, so'ng ohista so'z boshlab, o'qdek chaqnab chiqib, qalblarga malhamdek o'rnashadigan so'zlari-yu, qamrovi olam-jahon fikrlari bilan barchani o'zlariga maftun etardilar.

Alixonto'ra Sog'uniy ana shunday, Ozodlik, Vatan va millat farzandi edilarkim, o'zlari bashorat qilib o'ttiz yillar burun aytgan gaplari hozirgi kunda amalga oshayotir.

«O'zbek eli, ayniqsa, Toshkent ahli qut-barakot kindigida yashaydi, bu erlarga aziz-avliyolarning duosi ketgan, bunda hech qachon ocharchilik, qahatchilik bo'lgan emas, bo'lmaydi ham, inshoolloh», degandilar bobomiz.

Aziz birodarlar, ushbu kitob Alixonto'ra Sog'uniy hazratlari tavallud topganlarining 120 yilligi oldidan u zot avlodlaridan sizning xonadon ahllaringizga munosib tuhfa bo'lar degan umiddamiz.

Bahmanyor ShOKIR

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort