O’zbekiston Xalq Harakati

Tarixi Muhammadiy — 2 (davomi)

Tarixi Muhammadiy — 2 (davomi)
24 Aralık 2015 - 11:50 'da yuklandi va 1836 marta o'qildi.

Muhammad_savAlixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY – 2 (davomi)

ISLOMGA DA'VATNING BOShLANIShI
PAYG'AMBARIMIZNING NASABLARI VA TUG'ILIShLARI

Bilmak kerakkim, ummatman degan har bir odam, Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomni o'z ota-onasini tanigandek bilishi lozimdur. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o'zlari arab naslidin, Quraysh qabilasi, Bani Hoshim urug'idin bo'lib, nomi shariflari Muhammaddir, sollallohu alayhi vasallam.

Tug'ilgan joylari Arabistonda Makka shahridur. Otalari Abdulloh, Abdullohning otasi Abdulmuttalib, uning otasi Hoshim, uning otasi Abdumanofdur. Ushbu to'rt otalarini bilishlik har bir musulmonga lozimdur. 11-otalari Quraysh, 21-otalari Adnondur.

Payg'ambarimizning yuqorigi otalari Ibrohim Xalilullohdur. Onalarining otlari Ominadur.

Payg'ambarimiz ota-onadin yolg'iz tug'ilgan, to'ng'ich o'g'ildur. Chunki payg'ambarimiz ona qornida ikki oylik bo'lgan chog'larida otalari Abdulloh Shom safariga ketayotib, Madina shahrida vafot topdilar, yoshlari o'ttizga etmagan edi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hazrati Iso alayhissalomdin 571 yil keyin tug'ildilar. U zamonda Eron mamlakatida mashhur No'shiravon Odil podshoh edi. Odil podshoh zamonida tug'ildim, degan so'zlari marviydur. Rabbiul-avval oyining 12-si dushanba kechasi, sahar vaqtida dunyoga keldilar. Ona qornida yotishlari, onadin tug'ilishlari boshqa bolalardek bo'lmadi. Chunki onalari Omina og'ir bo'y xotunlardek qursoq og'irligini sezmadi, yuklik xotunlarga bo'ladurgan badan og'irchiliklarining hech birini bilmadi.

Ona qornida 6 oylik bo'lganlarida «Xudoning do'sti, oxirzamon Payg'ambariga yuklik bo'lding, — deb Ominaga tushlarida bashorat bo'ldi. — Bu muborak o'g'il tug'ilgan so'ngida oti Muhammad bo'lsin», deyildi.

Tug'ilish oy-kunlari tamom bo'lganda Allohning qudrati bilan hazrati Maryam, Fir'avnning xotuni hazrati Osiyo va boshqa bir necha hur qizlar bilan doyalikka hozir bo'ldilar. Bola tuqqan xotunlardek odatdagi to'lg'oq tortish, qursoq og'rig'i, qon kelishiga o'xshash narsalardin hech biri bo'lmadi. Payg'ambarimiz tug'ilganlarida poklik, tozalik bilan vujudga keldilar. Shundoqki, sunnat qilingan edilar. Kindiklari kesilgan, badanlari yog'langan, xush islik narsalar surtilgan holda tug'ildilar.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyoga kelgan kechasida ul zotning sharaf va hurmatlari uchun Xudoi taolo ko'p mo'jizalar ko'rsatdi. Ul zamonda olam hammasi kofiriston edi, o'tgan payg'ambarlarning ko'rsatgan haq dinlaridin odamlar adashgan edilar. Arab mushriklari tarafidin Baytullohga 360 dona but osilgan edi. Arablarning har bir urug'i o'zlariga atab, Baytullohga bir donadan but osib qo'yishni odat qilgan edilar. Mana shu butlar Payg'ambarimiz tug'ilgan kechada hammalari yuztuban yiqilib, erga tushdi. Ertalab kelgan kofirlar bu holni ko'rib, hayron qoldilar. Va ham ona qornidan erga tushgan chog'larida bir nur paydo bo'ldi, uning yorug'lig'idan Shom viloyatidagi Busro degan shaharning saroylari ko'rindi. Makka shahri bilan buning oralig'i 50 kunlik yo'l edi. Hozirgi Eron xalqi u zamonlarda hammalari otashparast kofir edilar. Tutgan dinlari esa majusiylar dini — o'tparastlik edi. Bularning otashkada, ya'ni ibodatxonalaridagi ming yillab, uzun zamonlardin beri o'chmay, yonib turg'on hisobsiz o'tlari Payg'ambarimiz ona qornidan tushgan chog'larida o'chib qoldi. Yana ul mamlakatda Sova degan bir ko'l bor edi, shul kechada erga singib ketib Samova degan cho'ldan qaynab chiqdi. Ul cho'l suvga mo'l bo'ldi, ko'lga aylandi. Mana shunga o'xshash u kechada bir necha turli mo'jizalar paydo bo'ldikim, agar ularning hammasi bu o'rinda yozilsa, bir kitob bo'lur. Endi bu joyda aytganlarimiz daryodan bir cho'mich, xirmondan bir hovuch misoli bo'lsa ham qolganlarga ishorat, mo'minlarga bashoratdur.

Payg'ambarimiz tug'ilganlarini anglagach, bobolari Abdulmuttalib hammadin ortiqroq suyundi. Yoshligida o'lib ketgan bolasi Abdullohdin yodgor qolgan yolg'iz o'g'lim Muhammad, deb ko'p suyar edi.

EMIZDIRILIShLARI

U zamondagi shaharlik arablarning odatlari yangi tug'ilgan bolalarini sahrolik badaviy qabilalariga emizishga berur edilar. Atrofdagi badaviylarga har yili kuzda, ko'klamda emizishga bola olish uchun Makka shahriga kelish odat edi. Shuning uchun Bani-Sa'd urug'idin Halima degan xotun o'z qabilasidin chiqqan xotunlarga qo'shilib, o'zi bir oriq eshak minib, eri bir oriq tuya mingan holda chiqishgan edilar. Bularning mingan ulovlari holsizlikdan yaxshi yurolmay hammaning ortida qolishdi. Ular shaharga kelgunlaricha ilgari kelgan xotunlar ota-onalik boy bolalarni tanlab olishib ketgan edilar.

Payg'ambarimiz bir faqir oilaning etim bolasi bo'lganligidan uni emizishga hech bir xotun ortiqcha qiziqmas edi. Hammaning keyinida qolgan Halima ham shaharga kirdi. Emizishga bola so'roqlab yurganida Payg'ambarimizning bobolari Abdulmuttalib ko'rib qolib, bizning bir etim bolamiz bor edi, deb kelinlari Omina uyiga boshlab keldi. Hazrati Omina Halimani ko'rib, aytdikim:

— Bizni kambag'al, bolamni etim demasanglar, emizishga berayin, — deb oq jun yo'rgakka o'ralgan Payg'ambarimizni Halimaga ko'rsatdi.

Halimaning ko'zi tushishi bilan mehri qo'zg'alib, so'l emchaklarini og'izlariga solgan edi, og'izlarini yumib, emmay qo'ydilar. Ikkinchi o'ng emchaklarini solganda, darhol ema boshladilar. Mana shu kundin tortib, to sutdan chiqqunchalik, so'l emchakni emakdosh bolaga qoldirib, o'zlari o'ng emchakni emishni odat qildilar.

Halima xotun bu muborak o'g'ilni olishi bilan ularning uylari xayru barakaga to'ldi. Nima ish qilsalar rivoj topib, tirikchiliklari tuzaldi. Suti ozligidan yolg'iz o'g'il to'ymasdan oriqlagan edi, qachonki Payg'ambarimizni emgizdi ersa, suti buloqdek bo'lib oqa boshladi.

Makkaga kelishda hammadin ortda qolgan, mingan eshagi, Payg'ambarimizni o'ngarib qaytar chog'ida hammaning oldiga tushib yurdi. Bu qutlik hayvonda bir turlik quvonchlik hol paydo bo'lib, ortiqcha kuch-quvvatga ega bo'ldi. Bu sirni ko'rgan yo'ldosh xotunlar hayron qoldilar. Va ham shu yillar yomg'ir etarlik yog'may Arabistonda quruqchilik edi. Erdan o't unmagan sabablik, hayvonlari oriq bo'lib, alarning sutlari so'g'olg'on (to'xtagan) edi. Tirikchiliklari chorva sut-qatig'iga suyangan ko'chmanchi arablar turmush to'g'risidin anchagina og'irchiliklar kechirmoqda edilar.

Payg'ambarimiz Halima xotun oilasiga qo'shilgandin so'ngra uning turmushi favqulodda tuzala boshladi, shundoqki, oriqlikdan ko'taram holga erishgan qo'y-echkilari xiyol o'tmay semirishga turdilar. Hech erda chiqqan o't, egan cho'plari ko'rinmasdin, elinlari to'lib, sutlari oqib kelar edi. Halimaning butun oilasi ovqatga mo'l bo'lib, uy ichlari sut-qatiqqa to'ldi.

Bu sirning tagiga tushunmagan boshqa moldor qo'shni arablar Halima qo'ychisi qaysi erda mol boqsa, sizlar ham shu joyda boqinglar, deb o'z molchilariga bek topshirur edilar. Ulug' qudrat tomonidan bo'lgan bu karomat sirlarini u bechoralar qaydin bilsinlar. Shundoq qilib, Halima xotun Payg'ambarimizni to'liq ikki yoshga etguncha emguzdi.

Shu yoshdayoq boshqa bolalardin unub-o'sishda ko'p farqlari bor edi. Emdi odat bo'yuncha sutdin chiqar vaqti yovuqlashdi. Halima va uning butun oilasi Payg'ambarimizdin biror nafas ham ajrashga tob-toqatlari yo'q edi. Shundoq bo'lsa ham rasmu odatga qarab bolani sutdan chiqargani so'ngida Ominaga kelturdi. Bu muborak bolaga mehri tushub ajrashga toqati yo'qligini bildirib yig'ladi. Bu qutluq oyog' o'g'il borg'ondin buyon bo'lgan barakalarni bayon qilib, mumkin bo'lsa besh-o'n yosh bo'lguncha tarbiyat qilishni so'radi. Omina Halimaga rahmi kelib, Payg'ambarimizni unga qaytarib berdi. Bundan so'ngra Halimaning qo'lida yana ikki yil turub yoshlari to'rtga to'ldi.

KO'KSI YoRILISh VOQEASI

Mana shu yilda «Shaqqi Sadr» voqeasi bo'ldi. Ya'ni, farishtalar kelib, muborak ko'kraklarini yordilar. Bu qissa bayoni shundoq erdikim: badaviy arab bolalari odatlaricha Payg'ambarimiz ham to'rt yashar chog'larida emakdosh bola bilan birga qo'y, echki, qo'zilarni boqib yurishar edi. Bir kuni emakdosh o'g'il yugurgan holda yig'lab kelib xabar berdikim:

— Ukam Muhammadni oq kiyim kiygan ikki odam kelib ushlab oldi va uni erga yotqizib, ko'ksini yorib qo'ydi, — dedi.

Halima eri bilan bu dahshatli xabarni eshitib, xushlari boshlaridan uchdi. Faryod-fig'on qilishib chopishib bordilar, ko'rdilarkim ranglari o'chgan, vujudlari o'zgargan holda turibdilar. Darrov quchoqlariga olishib:

— Ey o'g'ilchog'im, sizga nima bo'ldi? — deb so'radilar. Anda Payg'ambarimiz:

— Oq liboslar kiygan odam sifatida ikki kishi keldi, meni yotqizib, ko'ksimni yordilar, ichimga qo'l solib yuragimni chiqazib, uni tildilar, undan qora qonni oqizib tashlab, bir jom kavsar suvi bilan ko'p yuvib chayqadilar. «Mana, sendagi shayton nasibasi ketdi, endi senga shayton yo'l topolmaydur», deb yana qaytadan ko'ksimni tikishib qo'yib, g'oyib bo'ldilar, — dedilar.

Qarasalar ko'ksilarida yorganning nishonasi qolib, izi ko'rinib turibdir. Bechora Halima xotun eri bilan bu karomatning haqiqatiga tushunmay, bu ishning Xudo tarafidin bo'lganiga aqllari etmay, ko'ngillariga turli xayollar kelib, ko'p qo'rqunchliklar tushdi. Bu ish jin-shaytonlar qasdidin bo'ldimi, deb gumon qilishdi. O'zlari Payg'ambarimizdin ajrashishlariga sira toqatlari bo'lmasa ham, bu hodisadin qo'rqib, nochor Payg'ambarimizni onalari Ominaga keltirib topshirdilar.

— Bu muborak bolaga bunday mehru muhabbat qo'ygan enagasi bizdin ruxsatsiz kelturdi, albatta, buning boisi bo'lsa kerak, — deb sababini Halimadin so'radilar, avvalda aytmay yashirib turgan bo'lsa ham, so'ngra bo'lgan voqeani bayon qildi va:

— Bu ish jin-shaytonlar tarafidin bo'lish imkoniyati bordur — dedi. Onalari Omina bu so'zga qarshi dedilarkim:

— Bu bolam Muhammad bo'yimga bitgandin boshlab, g'oyibdin ko'p ishorat-bashoratlar ko'rib kelganman. Bu bolaning sharofatini bildirish uchun tug'ut kechasida necha turli karomat ishlar bo'lib o'tgandir. Endi bundog' ulug' xosiyatlarga ega bo'lgan farzandim Muhammadga hech qachon jin-shaytonlar yaqinlasholmaydilar, — deb Halimaga hurmat ko'rsatib, ruxsat qildilar.

Shu chog'da Payg'ambarimiz to'rtga to'lib, beshga qadam qo'ygan edilar. Mana bu voqea Payg'ambarimizga yosh bolalik vaqtlarida bo'lgan mo'jizalarning birisidur. Buni «Shaqqi Sadr» deydurlar.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort