O’zbekiston Xalq Harakati

Turkiston qayg'usi – 1

Turkiston qayg'usi – 1
26 Aralık 2015 - 11:01 'da yuklandi va 1907 marta o'qildi.

Madamin-bekAlixonto'ra Sog'uniy

TURKISTON QAYG'USI

Matnni arab imlosidan kirillga o'tkazib nashrga tayyorlovchilar:

Ahadxonto'ra G'APPOROV Uvaysxonto'ra ShOKIROV

Ushbu kitob ulug' bobokalonlarimizdan bo'lgan alloma Alixonto'ra Sog'uniy qalamlariga mansub nodir bir asardir. Muallif «Turkiston kayg'usi» (1966—1973) nomli bu asarida xalqimiz qanday kilib bosqinchilarga qaram bo'lib qolgani va dinni, Vatanni, millatni asrash kerakligi, mustaqillikni qo'lga kiritish uchun nimalar qilmoq zarur ekanligi to'g'risida o'sha mustabid sovet tuzumi davrida etuk siyosiy arbob sifatida chuqur siyosiy-ijtimoiy mantiq asosida mukammal bayon etadi.

Shu bilan birga, bu asarda Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi davrlardan to XIX asr oxirigacha bo'lgan davr ichida qurgan davlatlari, Amir Temur haqida, turkiy xalqlar etnografiyasiga oid qimmatli ma'lumotlar ham bor.

ULUG' BOBOM VA «TURKISTON QAYG'USI» ASARI HAQIDA

Bismillohir rohmanir rohiym

Muhtaram o'quvchi! Ma'lumdirki, inson bolasi o'z padari buzrukvoriga qarab qad rostlaydi. Lekin millatni jahon miqyosida shuhratlantiradigan buyuk shaxslar haqida yozish hamisha sharafli, mas'uliyatli va bir vaqtda o'ta murakkab vazifadir. Mazkur vazifaning qo'shimcha og'irligi o'z bobongiz haqida yozishdir, chunki «hissiyotlarga berilib, mavzu xolisona yoritilmagan» deyilishi mumkin gumonlarga asos bo'lmasligi kerak. Shu sababli boshqalar yozishadi degan umidda ko'p yillar o'tdi. Keyingi yillarda bosilib chiqayotgan maqolalarning ko'pi bir tomonlama bo'lib, Alixonto'rani o'z davrining siyosiy, mafkuraviy tuzumini qabul qilgan, uning g'oyalariga ishonib aldangan olimlar qatorida ifoda etishga urinishlar bo'ldi. Bu, albatta, shu davrning yozuvchilari uchun qulay, chunki bu inson ham o'zimizdan edilar demoqchi bo'lishadi. Lekin haqiqat unday emas ekanligini ushbu kitobdan bilib olasiz. Shu bois bu haqda batafsilroq ma'lumot berish zarur deb bildim.

Ulug' bobomiz Alixonto'ra Sog'uniy (1885 — 1976), Alloh u kishini rahmat qilgan bo'lsin, komil inson bo'lib, zamonamizning ko'p ilmlarni mukammal egallagan buyuk allomalaridan edilar. Birinchi navbatda u kishi diniy ilm teologiya sohasida katta bilimga ega bo'lganligi va mashhurligi hozirgi kunda ko'pchilikka ma'lumdir. Xususan, «Tarixi Muhammadiy» asari nashrdan chiqqandan keyin (T., 1991) u kishi nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida shuhrat qozondi. Shu bilan birga bobomiz o'tkir zehn sohibi, tarix ilmining, ayniqsa islom tarixi va Turkiston tarixining zukko bilimdonlaridan edi. Sermazmun hayotining oxirgi 30 yili davomida Alixonto'ra yozib qoldirgan ulkan ilmiy meros ichida «Turkiston qayg'usi» tarixiy asari alohida o'rin egallaydi. Bu asarda u kishining yigitlik va kamolotga etgan davri xotiralari asosida o'z e'tiqodi, dunyoqarashi, qaysi g'oyalar uchun jonfido bo'lib kurashganlari, nimalarga Vatan ahlini da'vat qilganliklari, suyukli Vatanimiz tarixi saboqlari, kelajak bo'g'inlar ulardan qanday xulosalar chiqarmoqlari kerakligi, Vatanimiz mustaqilligi muqarrar ravishda qo'lga kelishi bashorati, uni mustahkamlash uchun nimalar qilmoq zarur ekanligi to'g'risida chuqur o'y-fikrlar o'z ifodasini topgan va bayon etilgan.

Bu asardan ayrim parchalar «Yoshlik» jurnalida (1992 yil, 3 —4-sonlari) va shu yili «O'zbegim» kitobida chop etilgan bo'lib, to'liq holda u endi birinchi marta kitob shaklida keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

«Turkiston qayg'usi» asari 1966 1973 yillarda Toshkentda yoziladi. Bu davrda sovet mustabid tuzumi kuch qudratga to'lgan, o'z siyosatini zo'ravonlik bilan nafaqat mamlakat ichkarisida, balki uning uzoq tashqarisida ham o'tkazib turgan payt edi. Shu sababli ko'pchilik ziyolilarimiz hukmron maslakka qattiq ishonib, kechayu kunduz uning xizmatida bo'ldilar. Qanchadan qancha yuksak qobiliyat egalari, iste'dodli shoir va yozuvchilarimiz bu soxta mafkura kuychilari, tashviqot va targ'ibotchilari edi. Ular tuzumga to'g'ri bo'lmagan bir og'iz siyosiy so'z, mustaqil fikr aytish u yoqda tursin, bu to'g'rida o'ylashning o'zi noto'g'ri, telbalik, aqldan emas deb bilishar, boshqalarni ham bunga ishontirish uchun barcha minbarlardan bor rasmiy, norasmiy usullar va jonfidoyilik bilan harakat qilishar edi. Boshqa millat vakillari bo'lgan inson huquqlari himoyachilari, umuminsoniy qadriyatlar targ'ibotchilari akademik A.Saharov, yozuvchi A.Soljeniqin va shular safidagi boshqa mustabid tuzumning zulmini ko'rgan haqiqat va adolat kurashchilari tarix sahnasiga endi birinchi qadamlarini qo'ymoqda edi. Mana shunday muhitda, ya'ni yurtimizda hukm surayotgan ixtiyoriy qullik davrida, sobiq qizil imperiya hududida birinchilardan bo'lib, bobomiz bu tuzum va mafkura tub negizi va mohiyati bilan inson tabiatiga, umuminsoniy qadriyatlarga zid, insoniyat taraqqiyoti yo'lining xato ko'chasi ekanligini asoslab shunday yozadilar: «Hayot olamida eng ulug', oliy darajalik yaratilgan narsa shubhasiz shu insondir. Shuning uchun inson huquqlarini eng yuqori darajada saqlash haqiqiy madaniyatning ayrilmas bir tarmog'idir. …Madaniyat qaerda, qaysi millatda bo'lsin, insoniyat haqlarini saqlash uchun hukumat qo'lida adolat quroli bo'lib turar ekan, ana shu chog'dagina butun xalq haqiqiy madaniyatga erishib, tinchlik bilan rohatda turmush kechira oladi. Buning natijasida insoniyat xususiyati bo'lgan har kimning erk-ixtiyori o'z qo'lida saqlanadi. Er yuzining qaysi o'lkasida bo'lishni kim tilar ekan, hech qanday to'sqinlik ko'rmaydi».

«Asrimiz boshida chiqqan siyosiy firqalar ichida kommunizm kabi aqldan yiroq, xayoliy bir maslak ahli bo'lgan emas. Mana shu xayoliy maslak egalari 50 yildan beri aqldan tashqari tuzumlarini qurol kuchi bilan xalq ustida yurgizib keladilar».

«…Insoniyat olamining ofati, kufrnifoq madaniyatining zaharlik mevasi hisoblangan kommunistlar bozori qanday erda qizidi? So'zga tushunmagan, hech narsa bilmagan, ayniqsa, yo'qsillik-kambag'allikda yashayotgan gumroh, Vatan, millat nima ekanligini bilmaydigan ongsiz nodonlar ko'p bo'lsa, mana shular ichidagina rivojlanib, tezdan ishlari avj oldi».

«… Hech davrda ko'rilmagan buzuq, jirkanchli tuzumini bol'sheviklar hech kimga qabul qildirolmagach, insonning hayotiy emak, ichmak, oziq-ovqatlariga osilib, biror kishi uyida don urug'idan ortiqcha hech narsa qoldirmay yig'ib olishdi. Shu orqalik xalqni och o'ldirish qo'rqinchi bilan o'zlariga bo'ysundirmoqchi bo'ldilar… Chunki bu kabi boshi tuyuq, qorong'u ko'chaga xalqni kirgizish faqat iqtisodiy, siyosiy majburlik orqaligina bo'lishi mumkindir».

O'sha davrda, Toshkentda yashab turib, maxfiy uy nazorati ostida bo'lishiga qaramay, insonlar haq-huquqi, sovet tuzumi va mafkurasi ustida shu kabi haqiqatni qayg'urib so'zlash uchun qanday iymon-e'tiqod, maslak va irodaga ega bo'lmoq kerak edi? Qaysi qudrat va g'oya u kishini bunday jasoratga boshlagan? Nega boshqa ziyolilarimiz shu paytda bu to'g'rida fikr yuritishga jur'at etolmaganlar? Ular o'z boshlarini asrab, turmush rohatini ko'zlab, qanday qullikda, mutelikda, kimlarning tobeligida hayot kechirayotganliklarini anglashni istamadilar.

Bulardan farqli o'laroq, bobomlardagi birinchi quvvat ummoni haqiqiy islomiy iymon etiqodi va haqqoniy hur fikrligi bo'lsa, ikkinchi ulug' manba ul zotning Vatan va millatga bo'lgan cheksiz muhabbatidir.

Bobomlar yozadilar: «Umrim ichida qanchalik og'ir ishlarni, ko'p qo'rqinchlik kunlarni boshimdan kechirdim. U chog'da ko'nglimdagi iymon e'tiqodim, Allohga va uning haq payg'ambari Muhammad alayhissalomga bo'lgan muhabbatim, men uchun eng kuchlik ishonchim va eng ortiq suyanchim edi.

…Iymonlik kishilarga har vaqt bu ulug' davlat nasib bo'lg'usidir».

«Hozirgi madaniyat davrida diyonat bilan taraqqiyot birga yasholmaydi, degan xato fikr oqillar oldida emas, jahon bo'yicha johillar orasida tarqalmishdur. Haqiqatda esa, din poklikdur. Poklikka qurilgan axloqdur. Dinimizning asli aqldur, quroli ilmdur. Hozirgi taraqqiyot islom axloqi asosida olib borilsa, insonlar uchun eng foydalik madaniyat bo'lishida shak yo'qdir. Umuminsoniy haq-huquqlar butun xalq oldida, ayniqsa, hukumat doiralarida qonuniy ravishda himoyalanib saqlanar ekan, o'shandagina madaniyati fozilaga erishiladi. Shu kunlarda ustimizda hukmron bo'lgan dinsizlar madaniyati ersa fosiq madaniyat deyiladi. Bunday madaniyat insonlarni ham axloqiy, ham ruhoniy fazilatlaridan butunlay ajratadi».

Vatanimiz, millatimiz yuz yildan ortiq bosqinchilar qo'lida, mustamlaka zulmi ostida yotganining asosiy sabablari xonliklar davrida Turkiston o'lkasida yuzaga kelgan ittifoqsizlik; dinni asosi bilan tushunmagan ilm madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida bo'lishi; mamlakat mudofaa quvvatiga ahamiyat berilmagani; xalqimizning xurofot zulmati va jaholat botqog'iga butunlay botganligi; zamonaviy fan ilmlarini o'qish va o'qitish ishlariga e'tibor bo'lmaganligi haqida bobomlar kuyinib gapiradilar.

«Nima uchun keyingi asrlarda Turkiston xalqi bunday johiliyat botqog'iga botdi? Buning bosh sababi dinni asosi bilan tushunmagan ilm madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida bo'ldilar. O'zlarini din homiylari deb e'lon qilib, xalqni ma'rifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar. Chet davlatlar bilan aloqa bog'lamadilar, o'qish o'qitish ishlariga hech qanday ahamiyat bermadilar. Shuning uchun Turkiston xalqining ichida uyg'onish, fikr ochilish va bor sharoitdan foydalanish imkoniyatlari bo'lmadi. Davlatning inqirozi, millatning ongsizligiga shu johillar sababchidur». «Bular Vatan va millat oldida eng kechirilmas jinoyatchi odamlar, chunki davlatlarini inqirozga, millatlarini qullikka, Vatanlarini xorlikka olib keldilar».

«Hozirgi madaniyat olamida millatning o'z xuquqini saqlash sharafi uning qurol kuchigagina bog'lanmishdir. Shuning uchun to'liq mudofaa kuchiga ega bo'lmagan millatlar insoniy huquqlaridan butunlay ajrab, hayvonlar qatorida xo'rlik bilan yashamoqqa majburdirlar». «Shunga ko'ra, Vatan bolalari oldimizdagi kelajak kunlarga hozirlanib, zamonaviy ilm o'qishga chin ko'ngillari bilan kirishib, halol meros o'z Vatanlarini egallash uchun mudofaa quvvati tayyorlashga tish-tirnoqlari bilan yopishsinlar».

Kitobda hozirgi zamon ilm-fanini tirishib o'qish, zamonaviy texnika va texnologiya hunarlarini yaxshi o'zlashtirish bilan bir qatorda, xalqning milliy hissiyotini ko'tarish, o'z ona tilini saqlash, adabiyotini yuksaltirish bizni millat sifatida yutilib ketishdan to'g'on kabi asraydigan zarurat ekanligi uqtiriladi: «Hozirgi o'qimishlik, tushungan Vatan bolalarimiz, agar milliy hislik bo'lmas ekanlar, ulardan bizga, ya'ni o'z xalqiga foyda etishi hech vaqt mumkin emasdir. Balki bolta sopini o'zimizdan chiqargandek, yov qo'lida tub ildizimiz bilan kesib quritishga qurol bo'ladilar. U holda esa o'zlaridan umid etilgan vatan o'g'illarining qo'llari bilan vatan ahllarini ko'mishga chuqur qaziladi demakdip.

«…Milliy hokimiyatimizdan hozircha ajrab turgan bo'lsak ham, milliy hissiyotimizdan ajramay, uni saqlay olsak, kelajakda dushmanlarga yutilishdan o'zimizni qutqara olamiz. Endi bu maqsadga etish uchun qo'yilgan masalalarning eng birinchi sharti til masalasidir. Agar biz til adabiyotimizni kengaytirib, uning qadr-qimmatini oshirib, boshqa madaniy tillar darajasiga etqizur ekanmiz, manna bu chog'da millatimiz, milliy hissiyotlarimiz doimiy ravishda o'sib saqlang'usidir. Agar bunday bo'lmay, balki, aksincha, o'z ona tili qadriga etmasdan unga ahamiyat bermas ekanlar, u chog'da ko'p uzoqlamayoq alvido aytib, o'z tillaridan abadiy ajragan bo'ladilar. Shundoq bo'lib o'z ona tilidan ajramoqlik, milliy hissiyotlarini yo'qotish natijasidir. Bu ish esa insoniyat olami oldida ulug' xiyonat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi. Bunday bo'ldi demak, ulug' Turkiston ulusi Turon nasli bosqinchilar tilagicha, qurbon bo'lgan holda inqirozga uchrab, Alloh saqlasin, tarix sahifalaridagi shon-sharaflik nom-nishonlari o'chiriladi demakdir».

Alixonto'ra umr bo'yi Turkiston xalqining ozodligi va milliy mustaqilligi uchun kurashgan, yoshligida chor Rusiyasiga qarshi ko'tarilgan qo'zg'olonlarda faol ishtirok etgan, Sharqiy Turkiston islom jumhuriyatining 1-Prezidenti va marshali bo'lgan, mustabid sovet tuzumining butun kirdikorlarini ilk kunlaridan boshlab tanqid qilgan va unga qarshi turgan, uning mustamlaka siyosatini qabul qilmagan fidoyi inson edi. Umrining ko'p qismini quvg'inda, qamoqxonalarda, tazyiq va ta'qib ostida o'tkazdi.

Har davrda «saxovatli» sovet hukumati tomonidan taklif etilgan har xil «in'omlarni», jumladan, u kishiga umrbod tayinlangan katta nafaqani, oilasi bilan yashash uchun ajratilgan kata hovlini, Fanlar Akademiyasiga a'zo bo'lish taklifini rad etib, o'z iymon-e'tiqodiga har doim sodiq bo'lib qolganlar. U kishi oddiy xalq ichida tanilib, katta obro' e'tiborga ega bo'lganligi uchun sovet tuzumining maxfiy idoralari tazyiq o'tkazib turgan bo'lsa ham, mahkamaga tortish, qamash choralarini qo'llashga jur'at etmaganlar.

Ul zotning metinday mustahkam iymon-e'tiqodini, Vatanimizga, millatimizga bo'lgan chuqur muhabbatini, istiqlolning qo'lga kelishiga, milliy davlatchiligimizning tiklanishiga bo'lgan ulug' ishonchini hech narsa buka olmagan. «Biz, O'zbekiston xalqi, haqiqatda shu vatan ahllarimiz. Inson nasli yaratilib, er ustiga qadam qo'ygan kundan boshlab, bizning ota bobolarimiz shu O'zbekiston o'lkasida yashab kelgan ekanlar shu kunlargacha tiriklarimizni bo'ynida ko'tarib, o'liklarimizni qo'ynida saqlamishdir. Bu O'zbekiston Vatanimizning bir qatlami biz o'zbek xalqi ota-bobolarimizning suyaklari bilan ko'tarilmishdir. Bo'ynida ko'targan, qo'ynida saqlab oq sut berib tarbiyat qilgan bu O'zbekiston – Turkiston bizning o'z ona vatanimizdir.

Endi biz shu kungi holimizni yuzaki emas, chuqurroq tekshirib ko'raylik. Qaysi holda turamiz, qanday xorlik ostida yashaymiz, hayotimiz ustidan kimlar hukm yurgizib, taqdirimiz kimlar qo'liga topshirilmishdir? Jannat kabi bog'i-bo'ston, noz-ne'matlik Vatanimizga kimlar ega bo'lib, ul joylarda kimlar o'ltiradi? Vatanimiz, boz ustiga mol-dunyomiz, axloq-odoblarimizdan bizni kim ajratdi? Butun hayot, hosilot, erk ixtiyorimizni majburiy ravishda qo'limizdan kimlar tortib oldi?».

«Kerakligicha din ilmini o'qish hammaga farz bo'lganidek, o'z hukumatini, Vatanini va millatini saqlash uchun zamonaviy fan ilmini o'qib bilishlik ham farzdir». «Vatanimizni ozod qilish, o'z davlatimizni qo'lga keltirish va uni saqlash uchun, har davrning o'ziga yarasha butun sabablarini qilish, Qur'onda aytilgan Alloh amri deb bilishimiz kerak».

«…Payg'ambarimizning g'oyibdan xabar bergan mo''jiza so'zlariga qaraganda va hozirgi jahon siyosatining ketishicha, oldimizda ulug' voqealar bo'lishi shubhasizdir. Mana shu kabi buyuk voqealar bo'lar ekan, dunyo bo'yicha umumiy o'zgarishlar bo'lmay qolishi mumkin emas. Shu o'zgarishlar natijasida mustabid tuzumning temir qo'rg'onlari tor-mor qilinib, asrlar bo'yi zolimlar asorati ostida yotgan bechora vatan ahllari o'zlarining halol meroslari ona vatanlari bo'lgan Turkiston o'lkasiga shunda, albatta, ega bo'ladilar».

Umumjahon siyosatining o'zgarishi, millatlarning milliy uyg'onishlari kuchayishi natijasida mazlum xalqlarning o'z milliy etakchilari ham etishib chiqishini bobomlar orzu qilib aytadilar: «Er usti insonlari er osti ma'danlari kabi turlikcha yaratilganlikdan har qaysilari har turlik qobiliyatga egadurlar. Bular ichida temir-ko'mirlari ko'p bo'lg'andek, oltin-olmoslari ham oz emasdir.

…Agar shundoq kunlar to'g'ri kelar ekan siyosat maydoniga millat etakchilari, albatta, chiqadi va shunda Turkiston xalqi o'z hukumatini birinchi navbatdayoq qurib olishi, albatta, lozimdir. Har millatning o'z hukumati o'z qo'lida bo'lmas ekan, cho'poni-qo'ychiboni yo'q bir to'da qo'y kabi yirtqich qushlarga, och bo'rilarga em bo'lib, oxiri inqirozga uchrab yo'qoladi».

Asarda kelajakda quriladigan milliy davlat va jamiyat asoslari haqida ham fikr bildirilgan.

Islom dini bilimdoni Alixonto'ra Sog'uniy qarashlaricha, ular umuminsoniy haq-huquqlar himoyalanib saqlanadigan, din erkinligi kafolatlanadigan, islom axloqi va madaniyatiga tayanadigan, kuchli ilmiy, askariy quvvatga ega bo'lgan dunyoviy davlat va jamiyatdir. Shunday bo'lganda keyingi asrlarda Turkiston xalqi boshiga tushgan qo'rquvparast ruhiy muhitdan qutilmoq, qudratli qo'shni davlatlar siyosatining qurboni bo'lishdan saqlanmoq, zamonaviy taraqqiyot to'g'ri yo'lida tez rivojlanmoq imkoniyatlari yaratiladi. «Endi shuni bilmak kerakkim, deydi Alixonto'ra, Qur'onning hukmiga, Rasulullohning yo'liga yaxshi tushunmay dinga xiyonat qilgan, o'z Vatanini boshqalar tasarrufiga qoldirib, ikki dunyosidan ajrab xorlik bilan yashagan yolg'on musulmonlardan ilm-fan, madaniyatni o'zlashtirib, butun huquqlariga ega bo'lgan kofirlar, albatta, ortiqdur».

Kitobda Turkiston xalqlarining ittifoqi masalasi ham har tomonlama keng yoritilgan.

«Mustamlaka zulmi ostiga tushib qolishimiz sabablarining birinchisi; xonliklar vaqtida yuzaga kelgan ittifoqsizlik shumligidir. Xozirgi davrda millatimiz manfaatini dunyo siyosati darajasida to'la himoya qilish uchun Turkiston xalqlari, davlatlari, birinchi navbatda, mintaqaviy ittifoqqa birlashmoqlari zarur. Shundagina bu ittifoqning yaratadigan qudratli siyosiy va iqtisodiy salohiyati dunyo siyosatdonlarini undagi davlatlar manfaatini hurmat qilishga majbur qilishi mumkin. Bo'lmasa ma'lum bir tarixiy sharoitda qudratsiz davlatlar yana kuchli davlatlarning qurboni bo'ladi.

Turkiston davlatlari birlashishlari uchun tabiiy asos mavjud. Bu tarix, yurt va madaniyat birligi, umumiy din va til borligidur. Qur'on mo'minlarni birlik, ittifoqlikka qattiq undaydi».

Shu bilan birga, bu asarda Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi davrlardan XIX asr oxirigacha bo'lgan davr ichida qurgan davlatlari, sohibqiron Amir Temur haqida, turkiy xalqlar madaniyati, turmushi, etnografiyasiga oid qimmatli tarixiy, ilmiy ma'lumotlar mavjud. Ayniqsa Sharqiy Turkiston o'lkasida shu paytdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, milliy mustaqillik uchun uyg'ur xalqining olib borgan kurash tarixi keng yoritilgan. Milliy tariximizni qoralab sovet davrida «bosmachilar harakati» deb nomlangan, aslida Vatan ozodligi uchun kurashgan millat qahramonlari to'g'risida ham fikr bildirilgan. Albatta, muallif bu harakatga o'zining shaxsiy munosabatini bildiradi va ular mag'lubiyatining asosiy sabablaridan biri buyuk ozodlik g'oyasi atrofida millatni birlashtirgan, zamon siyosatini yaxshi tushungan, ongli rahbariyat yoki millat etakchisi bo'lmaganligini ko'rsatadi. Kitob nihoyatda tiniq, badiiy go'zal, ravshan tilda yozilgan. Jumladan, tabiat manzaralarining tasvirlari o'quvchi qalbida ona Vatanimizga chuqur muhabbat va mehr uyg'otadi.

«…Bu tarixiy so'zlarni yozishdan ko'zlagan mening tubgi maqsadim, deydi Alixonto'ra, o'z Vatanida turib g'arib bo'lgan Turkiston xalqini, ayniqsa, hozirgi va kelajak Vatan yoshlarini ogohlantirib, o'lim uyqusidan uyg'otishdir. Ko'nglimdagi munglik qayg'ularimni qalam tumshug'idan to'kib yozgan bu kitobimni o'quvchi va ham eshituvchi vatanparvar, millatsevar qahramon bolalarimizga mening topshirig'im shulki, tilim uchidan emas, dardlik dilim ichidan chiqarib yozgan yolqinlik so'zlarimni faqat uqibgina o'tmasdan har bir og'iz so'zini tekshirib, uning ustida fikr yuritsinlar. Insoniyat taraqqiyoti emas, madaniyat taraqqiyoti bo'lmish XX asrimizdagi insonlar milliy, vataniy, diniy huquqlarini saqlash uchun qaysi narsalarni qo'lga keltirishi zarur ekanligini yaxshi tushunib, uning chorasiga kirishsinlar».

O'zining bu so'zlariga amal qilib, Alixonto'ra Sog'uniy 1962 yildayoq ulug' sohibqiron Amir Temurning «Temur tuzuklari» nomli kitobini eski forsiydan o'zbek tiliga tarjima qiladilar. Dastlab «Guliston» oynomasi sahifasida bu kitobning ko'p qismi 1967 yili u kishining jur'atli kirish so'zi bilan bosilib chiqadi. O'sha davrda «qonxo'r Temur»ni oqlab yozish katta jasoratni talab qilar edi. Vaholanki, bobomiz sohibqiron Amir Temurni o'zbek xalqiga tiriltirib berib ketgan edilar. Shundan bir yil keyin, ya'ni 1968 yili O'zbekiston Fanlar akademiyasining vitse prezidenti I.M. Mo'minov ko'pchilik tarixchi olimlar muhokamasidan o'tkazgan holda «Amir Temurning O'rta Osiyo tarixida tutgan o'rni va roli» risolasida ehtiyotlik bilan u kishiga ijobiy baho berishga harakat qiladi. Shundan keyin O'zbekiston matbuotida deyarli 25 yil davomida bu mavzuda ma'lumot berilmaydi. Ajablanarli hol shundaki, 1991 yili «Temur tuzuklari» qaytadan kitob shaklida chop etilib, tarjimon bobomizning yoniga yana bir kishining ismi-sharifi qo'shib qo'yildi. Unga kirish so'zi yozgan tarixchi olimning fikricha, bu «asarning muallifi ma'lum emas»mish. «Temur tuzuklari» feodalizm, hukmron sinfning maqsad va manfaatlarini ko'zlab yozilgan …» asarmish. O'sha olimning keyingi yillarda Amir Temur haqida yozgan asarlarini o'qib, bu kabi ko'z-qarashlari ancha o'zgarganidan xursand bo'lasan kishi. Mustabid tuzumning emirilgan davrida ham tarixchi olimlarimiz Alixonto'raning birinchi bo'lib ulug' bobomiz sohibqiron Amir Temurni va uning shon-shuhratini himoya qilib ko'rsatgan bu jasorati to'g'risida ochiq gapirishdan, tarixiy haqiqatni tiklashdan biroz hayiqdilar.

Mustahkam iymon, buyuk e'tiqod, haqqoniy maslak egasi bo'lgan, Vatanim Turkistonim deb qayg'urib yig'lagan, uning ozodligi, istiqboli uchun umr bo'yi kurashgan, davr tuzumining siyosiy, iqtisodiy tazyiqlariga bardosh bergan insonlarni odatda millatning vijdoni deb bilishadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda Alixonto'ra Sog'uniy 1960—1980 yillarda ana shunday insonlardan bo'lgan edi, deyishga to'la haqlimiz. U kishining ta'limoti zamonamiz yoshlarini yuksak ma'naviyat, axloq, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash imkonini yaratadi. Shunday ekan, umid qilamizki, minnatdor avlod o'zining buyuk bobokalonlaridan bo'lgan Alixonto'raning Vatanimiz, millatimiz oldidagi xizmatlarini munosib taqdirlaydi, hayoti va ko'p qirrali ijodini chuqur o'rganadi, milliy tariximiz va adabiyotimiz sahifalarida ul zotning o'z munosib o'rni bo'ladi, inshoalloh!

O'tmish tariximizdagi buyuk bobokalonlarimizga uy muzeylari tashkil qilish imkoniyati bo'lmagan bo'lsa ham, yaqin yillarda yashab o'tgan bu kishiga sharafli hayoti, ibratli ta'limoti haqida to'la ma'lumot beradigan uy-muzeyi tashkil qilinsa yaxshi bo'lur edi. Bu muzey u zot qanday sharoitda yashab millat ozodligi uchun kurashgan, dilida millat va Vatan ishqi yongan haqiqiy inson nimalarga qodir ekanini bildiradigan, kelajak avlod o'g'il-qizlarimiz tarbiyasi uchun oliy ibrat maktabi bo'lib xizmat qiladigan bir tabarruk joy bo'lur edi.

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano