O’zbekiston Xalq Harakati

Tarixi Muhammadiy — 3 (davomi)

Tarixi Muhammadiy — 3 (davomi)
27 Aralık 2015 - 12:18 'da yuklandi va 1883 marta o'qildi.

Muhammad_savAlixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY – 3 (davomi)

ONALARI BILAN MADINAGA SAFAR VA UNDAN QAYTIShLARI

Bundan so'ngra Payg'ambarimizning onalari hazrati Omina: «Madinaga borib, bolamga otasi Abdulloh qabrini ziyorat qildiray va ham u joydagi tog'alari bilan ko'rishtirib kelay», deb Madina safariga niyat qilib, yo'lga chiqdi.

Bu safarda Ummu Ayman degan Abdullohdin meros qolgan cho'rilari hamroh edi. Bir necha kun yo'l yurishib, salomat Madinaga etishdilar. Makka shahri bilan Madina oralig'i tuya yurishida o'n-o'n ikki kunlik yo'ldur. Tog'a qabilasi ichida bir necha kun mehmonlikda bo'lishdi. Maqsad o'talgandin so'ngra yana Makkaga qaytdilar. Makka va Madina shaharlari orasidagi Abvo degan joyga kelganida onalari Ominada betoblik paydo bo'ldi va shu joyda ajal etib, endigina besh yoshga kirgan farzandlarini dodaklari (cho'rilari) Ummu Aymanga topshirib, yosh juvonlik holda vafot etdi.

Mana shu joyga kelganda, ikki tog' orasida mehribon onalaridan ham ajrab, ota-onasiz etim bo'lib, dodaklari Ummu Ayman qo'lida qoldilar. So'ngra bu joydin qo'zg'alib, Makkaga kelgandin keyin bobolari Abdulmuttalib ziyoda mehribonlik ko'rsatib, o'z tarbiyatiga oldi. Shu bilan bobolarining qo'lida yoshlari sakkizga etdi. Bu chog'da Abdulmuttalibning yoshi yuzdin oshgan edi. «Har bir tug'ilgan kishi — o'limdir oxirgi ishi» degandek, bu kishi ham ajali yaqinlashib, betoblik to'shagida yotdi. O'n bir o'g'il, olti qizlari bor edi. Ularni yostiq ustiga chaqirib, vasiyat qildi:

— O'g'lim Muhammad onasidin yoshligida etim qoldi, endi mendin ham ajrash vaqti yaqinlashdi. O'z o'rnimda Abu Tolibni vakil qildim, — dedi. So'ngra unga qarab aytdi:

— Ey Abu Tolib, sen o'zing kambag'al odamsan va ham yosh bolalaring ko'pdur, shundoq bo'lsa ham o'g'lim Muhammadni senga topshirdim, chunki sen yumshoq ko'ngillik, muloyim so'zlik, ulug' hikmatlik kishidursan va ham Muhammad — og'ang Abdullohning o'g'lidur, mana shuning uchun ham Muhammadni senga topshirdim,— deb foniy dunyodin o'tdi.

 AMAKILARI ABU TOLIBNING TARBIYaSIGA O'TIShLARI

Otasi Abdulmutallibning vasiyaticha, Abu Tolib ham shu kundin boshlab, vafot bo'lgunchalik borliq kuch-quvvati bilan Payg'ambarimiz tarbiyalariga kirishdi. U zotni himoyat qilishda hech qandoq kamchilik ko'rsatmadi, shundoq bo'lib amakilari Abu Tolib tarbiyasida yoshlari o'n ikkiga erishdi. U zamondagi Quraysh xalqining har yili savdogarchilik bilan ikki qayta safarga chiqish odatlari bor edi. Qish faslida bo'lsa, Yaman shahriga, yoz kunlari Shom viloyatiga borib, savdogarchilik qilar edilar. Shu odatlaricha, Shom safariga tayyorlangan Quraysh karvonlariga qo'shilib, Payg'ambarimizning amakilari Abu Tolib ham chiqmoqchi bo'ldi. Endi jo'nar vaqtida Payg'ambarimiz kelib, tuyaning burundig'iga osildilar:

— Ey amaki, meni kimga tashlab ketasiz, men sizdan ajramayman, — deb ko'zlariga yosh oldilar.

Buni ko'rib, Abu Tolibning ko'ngli ezildi. Qarindoshlik mehri qo'zg'alib, ko'ziga yosh keldi va ham seni tashlab bu safarga chiqmayman, deb qasamyod qildi. Shuning bilan Payg'ambarimiz Abu Tolib tuyasiga mingashib safarga chiqdilar. Havo g'oyatda isigan vaqti edi, mana shu kundan boshlab, Payg'ambarimizning bosh ustilariga bir parcha oq bulut chiqib, soya solib turdi. Shom safaridin qaytib kelganchalik shu bulut soyasi sira ajramadi.

Alloh taolo o'z habibi Payg'ambarimizga bolalik kunlaridin boshlab shundoq mo'jizalarni berib, boshqalardin farqli qilgan edi. Makka shahri bilan Shom viloyatining oralig'i ersa, tuya yurishida qirq-ellik kun chamalik yo'ldur.

Quraysh karvoni bu yo'llarni yurib, manzillardin o'tib, so'ngra Shom tuprog'iga kirdilar.

Shu erda Busro shahri bo'lib, aning yaqinida bir savmaa, ya'ni nasoro so'fiylarining ibodatxonasi bor edi. Ana shunda uzun zamonlardin beri Buhayro otliq bir obid ibodat qilib yotur edi. Bu obid ersa, Iso alayhissalom keltirgan haq dinni tutgan, u yo'ldan adashmagan, Tavrot, Injil o'qigan katta olimlardin bo'lib, Payg'ambarimiz sifatlarini Tavrot, Injil kitoblarida o'qib bilgan edi. Ul aytur edikim:

— Odam alayhissalomdin keyin ko'p payg'ambarlar o'tdilar, endi barcha payg'ambarlar ulug'i, Xudoning do'sti, oxirzamon Payg'ambari chiqar vaqti yaqinlashdi, ul o'zi arab naslidin chiqqay, Makka shahrida tug'ilib, Madina shahriga hijrat qilgay, yosh bolalik vaqtida Shom tuprog'iga kirgay, — der edi.

Bir kuni savmaa ustiga chiqib, Madina tarafiga qarab turib edikim, yiroqdin karvon qorasi ko'rindi. Alar yaqinroq etib kelguncha payqab turdi. Qarasa, tuya mingan yosh bola tepasida bir parcha oq bulut soya solib turibdur. Buhayro rohib Tavrot, Injil kitoblarida o'qigan oxirzamon Payg'ambarining sifatlarini aniqlab bilish uchun, uzun tikilib turdi. Karvonlar ham qo'shlarini tushirdilar. So'ng Payg'ambarimiz bir daraxt tubiga kelib o'tirdilar. Qarab tursa, daraxt shoxlari egilib kelib, ustilariga soya tashladi. Mana bu karomatni ko'rib, obid ko'ngli qaror topdi.

Darrov savmaasiga kirib, karvonlar uchun bor ziyofat asbobini tortib, borib ularni mehmonga chaqirdi. Karvon xalqi ichida hammadin kichikrog'i Payg'ambarimiz edilar. Arablar odatlaricha yosh bola deb qo'sh-qo'lon saqlashga qoldirib, boshqalari ziyofatga hozir bo'lishdi. Rohib ko'rdikim, Payg'ambarimiz kelmabdurlar.

— Sizlardin kim qoldi? — deb so'radi. Alar esa:

— Ulug'larimizdin hech kim qolmadi, bir yosh bolamizdin boshqa barchamiz bormiz, — deyishdi.

Bu rohibning asl maqsadi esa, Payg'ambarimiz diydorlarini to'yib ko'rish edi. Iso alayhissalom bashorat bergan, Tavrot, Injilda sifatlari aytilgan oxirzamon Payg'ambari ekanliklarini aniqlab bilish edi. Karvon ahlini ziyofat qilishdan rohibning maqsadi ham shu edi. Yo'q esa, karvonlar bundan ilgari qancha qayta bu joydin o'tganlarida bu rohibdin hech qandoq iltifot ko'rmagan edilar. Shuning uchun yana kishi yuborib, qo'ymasdan chaqirtirib keltirdi. Kelgandin so'ngra:

— Bu bolaning otasi sizlardin qaysi biringlar?— deb so'radi. Anda Abu Tolib:

— Men otasi bo'larman, — deb javob berganida rohib aytdi:

— Hoy, andoq bo'lmasa kerak edi, bu bolaning ota-onasi o'lgan bo'lib, o'zi etim bo'lishi kerak, — dedi. Abu Tolib aytdi:

— Bu so'zingiz to'g'ridur. Siz degandek, bolaning ota-onasi yosh chog'ida o'lib ketgandur. Men bo'lsam ular o'rnida tarbiyat qilib turgan amakisidurman.

Bu so'zlarni eshitgan rohibga bu bolaning oxirzamon Payg'ambarligi aniq bo'ldi. Tavrot va Injilda aytilgan sifatlari to'g'ri keldi, deb ko'ngli qanoatlandi. Ziyofat o'tgandin so'ngra rohib Abu Tolibni bir chetga chaqirib:

— Ey Abu Tolib, sizga xushxabar, bu o'g'lingiz voyasiga etsa, Alloh taoloning habibi, anbiyolar sarvari— oxirzamon Payg'ambari bo'lur. Tavrot va Injilda sifatlari yozilmishdur. Uzun yillardin beri savmaada yotib, shuni kutmoqda edim. Alhamdulilloh, bugun maqsadimga etdim. Shom shahridagi yaxud olimlari ham o'z kitoblarida bu voqeani ko'rib, alar ham kutib turmoqdalar. Chunki Alloh taolo tarafidin Payg'ambarlarga berilgan barcha kitoblarda bu Payg'ambarning sifatlari bayon qilingandur. Shu jihatdan yahud, nasoro olimlari bu ishdin xabardordurlar.

Endi bundoq ulug' darajali payg'ambarlar alardin bo'lmay, arab naslidin chiqqanligi uchun, hasadlari qo'zg'olib, ko'ngillarida qattiq adovat saqlamoqdadurlar. Endi maning sizga do'stlik so'zim shuki, Shom shahriga kirmasdin, bolani olib, siz bu joydin qayting. Mabodo unga dushmanlar qasd qilib, ziyon-zahmatlar etkuzmasun, — dedi.

Abu Tolib ham bu rohib so'zini anglab, Shomi sharif ichiga kirmay, karvon tushgan joyda ishlarini bitirib qaytdi. Endi ul joydin karvon yurib, sihat-salomat Makkaga etdilar.

Shundoq qilib, oradin oy, yillar o'tib, Payg'ambarimizning yoshlari yigirmadan oshdi.

Payg'ambarimiz bolalik vaqtidan boshlaboq odoblik, ko'rkam axloqlik, chin so'zlik, yumshoq ko'ngillik, saxovatqo'llik, go'zal qilig'lik, ulug' himmatlik edilar. Katta-kichik, yaxshi-yomon, do'st-dushman barchaga qilgan ishlari yoqimlik edi. O'yin-kulgudin, botil ishlardin ko'ngillari nafrat qilur edi. Ul zamondagi arab xalqining tutgan butparastlik dinlaridin va har xil buzuq axloqlaridin bek jirkanur edilar. Bularning tutgan dinlari botil dindur, albatta, xato yo'l bo'lg'ay, deb ishonur edilar.

Birovdin ko'rmasdin, hech kimsadin o'rganmasdin Ibrohim Xalilullohning haq dinlarini tutgan edilar. Xudo tarafidin ko'ngillariga shundoq ilhom bo'lgan edi.

Avvalda arab xalqining tutgan dinlari Ibrohim alayhissalom kelturgan Islom dini bo'lsa ham, bu o'rtada uzun zamonlar o'tishi bilan ul yo'ldan adashib, bularda butparastlik ko'p rivoj topgan edi. Ichlarida Quraysh qabilasidan Varaqa ibn Navfal degan bir olim kishi bo'lib, butun arablar ichida Ibrohim alayhissalomdin qolgan haq dinni tutgan yolg'izgina shu kishi edi. Bu kishi ersa, hazrati Xadicha onamizning amakilaridur. Injil kitoblaridin o'qib ko'rib, u kishi:

— Oxirzamon Payg'ambari chiqar chog'i yaqinlashdi. Shu kunlarda tug'ilib, soyasi er ustiga tushdi. Ul arab nasli, Quraysh urug'idin bo'lib, butun xalqni haq dinga da'vat qilur. Uning so'ziga arablar inkor qilib, qarshi chiqqaylar. O'z qabilasidin unga ko'p jabru jafolar etgay, oxirida uni o'z shahri Makkadin qochishga majbur qilgaylar. Koshki men u zamonda tirik bo'lsam edim. Afsuski, u zamonni ko'rishga umr oz qoldi, — deb har qachon shundoq so'zlar bilan hasrat qilur edilar.

Varaqaning shundoq so'zlarini eshitib yurgan onamiz Xadicha: «Agar bu ulug' davlat arablar ichida birovga nasib bo'lsa, albatta, Muhammaddan boshqaga bo'lmasa kerak. Chunki unda har bir yaxshilikning belgilari bordur. O'shandoq zotning xizmatiga loyiq bo'lsam, nikohlariga kirsam, men uchun qandoq ulug' baxt-davlat bo'lur edi», deb hamisha orzu qilar edi.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Ahmad ;

    Salollohu alayhi vasallam!

    28/12/2015 17:13
istanbul escort