O’zbekiston Xalq Harakati

Tiriklarning o'ligi…

Tiriklarning o'ligi…
30 Aralık 2015 - 14:21 'da yuklandi va 1598 marta o'qildi.

Madamin-bekAlixonto'ra Sog'uniy

TURKISTON QAYG'USI – 2

(davomi)

Bobomlar biz farzandlari uchun bir vaqtda ustoz ham bo'lganlar. Mening yoshlik, yigitlik davrim u kishining yonida, umrlarining oxirigacha tarbiyasida bo'lish baxti bilan o'tgan. 1964 — 1967 yillari u kishining qoshida norasmiy «Ong o'stirish to'garagi» mavjud bo'lib, bu erda biz yoshlar har haftada ikki marta yig'ilar edik. Arab tili va islom dini asoslaridan saboqni, milliy tariximizdan darslarni, axloq-odob, inson haq-huquqlari to'g'risida birinchi tushuncha va ma'lumotlarni u kishidan shu paytda uqqan edik. Bobomiz biz uchun ma'naviyat, tarix va milliy qadriyatlarimizning tirik qomusi; har qanday mushkulot echimini topa oladigan dono murabbiy zamonamiz tuzumi, siyosati haqida bor haqiqatni to'g'ri so'zlovchi botir inson edilar. Ul zot islom dini, o'tgan ulug'larimiz, milliy qadriyatlarimiz, Vatan va millat haqida gap ketganda g'oyatda to'lqinlanib, behad g'urur bilan so'zlardilar. Notiqlikda oldiga tushadigani kam topilardi. So'zlaganlarida nuroniy yuzlaridan hamisha yog'du taralib turar edi. Darslarda bizga nihoyatda samimiy muloqotlari ohangrabodek ta'sir etardi va hayajonli taassurot qoldirardi. Yoshlikdan ilmni qunt bilan o'rganish lozimligini aytib, «Yoshlikda egallangan bilim toshga o'yilgan naqshdur», «Ong yo'q joyda jasorat bo'lmaydi», «Bu dunyoda hech narsa tan-sog'liqqa etmas» kabi shiorlarni ko'p eshitar edik.

Milliy tarix darslaridan birida shunday deganlar: «Insonlar o'z hayotlarini ongli ravishda tushunib turishlari uchun dunyo ilmlari ichida boshqalardan ko'ra tarix ilmiga hojatlari ayniqsa ko'pdur. Shuning uchun har davrning dono olimlari tarafidan bu to'g'rida bek (ko'p) kitoblar yozilmish ekandur. Tarix demak, o'quvchilarning ko'z oldilariga qo'yilgan bir ko'zgu kabi bo'lib, unga qaragan kishilar esa yuz-ko'zlariga yuqqan yomon narsalarni ko'rar ekanlar, albatta, undan o'zlarini tozalaydilar. Shunga o'xshash, o'tmishdagi ota-bobolarning oynaklarini keyingi bolalari qo'llariga olib qarasalar, o'zlarining kim ekanliklarini, endi kim bo'lg'onliklarini shu ko'zguda ochiq ko'radilar. Mehribon ona Vatanlari bosqinchi oyoqlar ostida depsalib, ingrab yotqonlig'ini ko'rgach, uning sabablarini tekshirishga kirishadilar. Ongsizlik o'lim uyqusida yotgan bir millatni uyg'otish uchun o'tmishdagi ota-bobolarining shonlik tarixini bilishdan ortiq narsa yo'qdir. Bu ilmdan kutilgan asosiy maqsadlar bir davlat qurilgandan so'ngra, u qaysi ishlar bilan taraqqiy topib rivojlanmishdur, yoki inqirozga uchrab zavol topishi nima sababdan bo'lishidur. Chunki dunyoda o'tgan, yo o'tmoqda bo'lgan yaxshi-yomon ishlar paydo bo'lishining, albatta, sabablari bordur. Hayot olamida hech narsa sababsiz yuzaga chiqishi mumkin emasdur. Masalan, ilgari butun dunyoga nomi chiqqan, tillarda doston shu O'zbekiston bizning suyukli ona Vatanimiz nega qo'limizdan chiqdi? Biz Turkiston xalqi o'z davlatimizdan nega ajradik? Mana bularning sabablarini ko'rsatish tarix ilmining asosiy vazifasidur.

Yana bir darsda aytganlari: Kelajakka faqat o'tmish yo'l ko'rsatadi. Tarix shuni bildiradiki, ikki buyuk qo'shni davlat bilan olib boriladigan yaxshi, o'zaro manfaatli siyosat etarli emas. Chunki ular har doim Turkistonga o'z manfaatlari bo'lgan muhim o'lka sifatida qarab ish yuritishgan. Shu sababli asosiy masalalarda hamisha til topishib, Turkiston taqdirini o'z manfaatlari yo'lida hal qilishgan. Masalan, Sharqiy Turkiston xalqining ozodlik uchun olib borgan kurashi bu davlatlar manfaatiga zid bo'lganligi sababli qurbon qilindi. Yoki Turkiston xalqi o'zining qaysi tub manfaatlarini ko'zlab, Ikkinchi jahon urushida shuncha ko'p qurbonlar berdi?

Er kurrasining imkoniyati chekli bo'lishiga qaramay moddiy ehtiyoj keskin o'sib borayotgan XX asrda millatlar taraqqiyoti va taqdiri ko'proq qudratli davlatlar siyosati va manfaatiga bog'liq bo'ladi.

Shu sababli Turkiston o'lkasida uchinchi bir buyuk davlat manfaatini yaratish zarurati bor. Ravshanki, muhim masalalarda uch davlatning hech biri birortasining bir tomonlama manfaatdor bo'lishiga yo'l qo'ymaydi. Shunda tadbirli siyosat yurgizuvchi kichik davlat, albatta, uning manfaatini ko'proq ko'zlab ish tutayotgan davlat tomonida bo'ladi».

Shu tartibda biz bobomizning «Tarixi Muhammadiy» qo'lyozma asari orqali islom dini va tarixi bilan tanishdik, o'zlari fors tilidan tarjima qilgan mashhur Herman Vamberining «Buxoro yoki Movarounnahr tarixi» asarini va ulug' sohibqiron Amir Temur «Tuzuklari»ning birinchi tarjimasini qo'lyozma holatda u kishining ishtirokida o'qib o'rgandik. Islom falsafasi nimalarga ko'proq urg'u beradi degan savolga: «Sharq falsafasi avval boshidan boshlaboq asosan inson ruhiyatini, uning ma'naviy olamini bilishga, odamlarning o'zaro munosabatlarini anglashga e'tibor bergan. Bu ta'limotda odam qalbini hayvoniy hirslardan ozod etish, uni Allohga ishonch, iymon nuri bilan yoritish, komil inson masalalari ustida ko'proq fikr yuritiladi», deganlarini uqqanmiz.

Har doim 3 – 4 soatdan kam davom etmaydigan maroqli darslarimizda ko'p tarixiy voqealarga ul zotning ajoyib mukammal, siyosiy-ijtimoiy mantiq qonunlariga asoslangan sharhlarini eshitishga muyassar bo'lganmiz. Masalan, Vatanimiz mustaqilligi va erkining yo'qolishiga nobop kishilarning (prezident I. Karimovgan o'xshagan. Izohlar sayt tahririyatiga tegishli) hokimiyat tepasiga chiqib qolishi ham sabab bo'lganligi to'g'risida gapirib, aytganlarini eslayman:

«Har bir davlat arbobi siyosatda bilimdonlik, sezgirlik, izchillik va jasorat kabi fazilatlarni o'zida mujassamlashtirmog'i kerak. Bu toifadagi hukmdorlar o'zlari kuchli bo'lganligi uchun atrofiga mard va ochiqcha so'zlasha oladigan kishilarni to'plab ish yuritadi. Ulug' bobomiz sohibqiron Amir Temur shunday zotlardan edi. Temur sulton ta'rificha, hukmdorga o'z fikrini va mulohazalarini aytishga botina olmaydigan hamda o'z soyasidan cho'chiydigan, qul tabiatli mansabdorlar saltanatning eng xavfli dushmanlaridur. (Karimov hukumatidagilar kabi) Chunki ular o'zlarining ojizligi va jasoratsizligi orqasida ikkiyuzlamachilik bilan ish yuritadilar, kezi kelganda esa o'z hukmdoriga va hatto vataniga xiyonat qilishdan toymaydilar. Shu boisdan buyuk Amir Temur qul tabiatli amaldorlarni yoqtirmay, o'z qadru-qimmati, vijdoni, or-nomusi va g'ururini saqlay oladigan kishilarni davlatning ustuni deb hisoblagan».

Ul zot yana shunday deganlar: (Shunaqa hadis ham bor) «Agar mo'min-musulmon bir nohaq ishni ko'rsa, albatta, ul ishga qo'li bilan qarshi tursin. Agar bunga qudrati etmasa, tili bilan qaytarsin, bunga ham yaray olmasa, hech bo'lmasa ko'ngli bilan norozi bo'lsin. Bu so'nggisi iymonning eng kuchsiz bo'lishidandur. Agar ko'ngli bilan ham ul ishga norozi bo'lganin sezmas ersa, bundin Alloh saqlasinkim, bu hol iymonsiz kishilarning belgisidur. Ularni payg'ambarimiz tiriklarning o'ligi deb aytganlar.

Payg'ambar Muso alayhissalom ummati vujudiga singdirilgan qullik asoratini siqib chiqarish uchun o'z qavmini qirq yil Sahroyi Kabirda olib yurgan ekan. Chunki bu illat millatning jasadlariga yopishgan vabo mikroblari kabidir. Agar unga qarshi chora ko'rilmas ekan, ko'p uzoqlamayoq hayot olamidan oti o'chirilib, u millat tub tomiri bilan yutilib yuboriladi.

Insonning eng sevgan qadrlik, qimmatlik to'rt narsasi bordur. Bu to'rt narsaga ega bo'lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo'ladilar.

Alarning eng birinchisi shuldurkim, har odam o'z erk va ixtiyoriga ega bo'lmokdur. O'zida erki yo'q, qo'lida ixtiyori yo'q odamlarning hayvondan nima farqlari bor? Ikkinchisi — shar'iy yoki qonuniy kasblari orqali topgan molu dunyosi, qilgan mehnatining mevasi shul topguvchining o'z haqqi bo'lgan xos mulkidur. Uchinchisi — har bir millatning haqiqiy onasi, u millatning tug'ilib o'sgan, ota-bobosidan meros qolgan Vatanidur. Ona Vatanni boshqalar tasarrufiga qoldirmoq Vatan avlodlarining kechirilmas og'ir jinoyatlaridur, balki inson huquqlariga qilgan xiyonatidur. To'rtinchisi — har mamlakat xalqining asrlar bo'yi asralib kelayotgan muqaddas dinlaridur».

Bobomizning Naqshbandiya ta'limotiga e'tiqod qo'yganlari ham ma'lumdir. «Hazrat Bahouddin Naqshband tariqatlari Qur'oni karim va Hadisi sharifga asoslanadi. Ul zotning «Dil ba yoru dast ba kor!», ya'ni ko'ngil Alloh yodi bilan, qo'l esa ish bilan band bo'lsin, degan shiorlari butun musulmon olamiga mashhurdir. Sohibqiron Amir Temur ham bu tariqatga amal qilgan. Raiyat ravnaqini ko'zlab, «Kam englar — ocharchilik ko'rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar — mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar — dono bo'lasizlar!» deb bu kishining nasihatlarini ta'kidlaganlar.

(Davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort