O’zbekiston Xalq Harakati

Hajarul asvad

Hajarul asvad
08 Ocak 2016 - 13:29 'da yuklandi va 2085 marta o'qildi.

Muhammad_savAlixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY – 5 (davomi)

BAYTULLOHNING DASTLABKI BINOSI

Vahiy kelishidan besh yil burun Quraysh arablari Baytullohni buzib, qayta yasamoqchi bo'ldilar. Buning sababi esa, Makka shahrida bir qattiq yomg'ir yog'ib, Baytullohni sel bosib, tomlari yiqilishga boshladi. Mana shuning uchun Quraysh qabilasi Baytullohni boshqatdan yasashga qaror qildilar. Bunga sarf bo'ladigan chiqimga eng halol mollardin berishga qattiq shart qildilar. O'g'irlikdan, poradan, qimordan, fohishalikdan va boshqa har turlik buzuqchiliklardan topgan mollarni qo'shmasga va'da qildilar.

Baytulloh er yuzida paydo bo'lgandan boshlab, o'n marta buzib, yasalganligi haqida rivoyat bordur. Eng avval, birinchi navbatda farishtalar tarafidan bino qilingan edi. Inson nasli dunyoga kelmasdan ilgari, er ustiga jinlardan Bani Jon toifasi ega edilar. Iblis shayton shu toifa naslidan edi. Bu toifa er ustida ko'p fitna-fasod ishlarini qildilar.

Alloh taolo qahr qilib, ularni halok qilishni to'rtinchi qavat osmon farishtalariga buyurdi.

Bular tushib Bani Jon toifasini halok qildilar, so'ngra o'z makonlariga chiqishlariga ruxsat bo'lmay, birmuncha vaqt er ustida qoldilar. Hadisda aytilishicha, to'rtinchi qat osmonda qizil yoqutdan yasalgan Baytul Ma'mur degan bir bino bo'lgan. Er ustida hojilar Baytullohni tavof qilganlaridek, farishtalar osmonda bu uyni ziyorat qilishur edilar.

Shuning uchun erda turishga buyurilgan farishtalar er ustida ham shundoq bir ulug' muborak bino bo'lishini talab qildilar, Alloh taolo duolarini ijobat qildi. Baytul Ma'murning to'ppa-to'g'ri tagiga bir uy binosini yasab, shuni tavof qilishga buyurdi. Mana shu Baytullohning birinchi binosi edi. Ikkinchisi, Xudo bilur, bu voqeadin qancha zamon o'tgandin so'ngra otamiz hazrati Odam Safiyyulloh vujudga keldilar. Jannatdin tushgan joylari — Hindistondin qirq qayta piyoda yurib, haj qilganlari hadis kitoblarida rivoyat qilinur. Yig'i zori bilan qilgan tavbalari ikki yuz yildan so'ngra qabul bo'lib, onamiz Momo Havvo ila Arafotda ko'rishganlari, Muzdalifada topishganlari tarix kitoblarida mashhurdir.

Ana shu tarixda farishtalardin keyin otamiz Odam Safiyyulloh Baytullohni ikkinchi yasaganlari haqida rivoyat bordur. Jannatdin tushishlari va vafot bo'lishlari Hindiston tuprog'idin Sarandip tog'ida bo'lganligi mashhur bo'lsa ham, Mino tog'i tagida Masjidi Hayfda madfundurlar (ko'milgan), degan so'zni kitoblarda ko'rdim.

Uchinchi binosi Odam alayhissalom o'g'illari tomonidin qilingan demishlardur.

To'rtinchisi, Ibrohim Xalilulloh tarafidin qilinganligi Qur'oni karimda ochiq aytilmishdur.

Beshinchi va oltinchisi, Amoliqa, Jurhum arablari tarafidin yasalganligini tarix ahllari rivoyat qilurlar.

Ettinchisi, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning beshinchi bobolari Qusay ibn Kilob tomonidin yasalmishdur.

Sakkizinchisini Quraysh qabilasi yasadilar. Shu kunlarda Payg'ambarimizning muborak yoshlari o'ttiz beshda bo'lib, to'liq yigitlik vaqtlari edi. Quraysh xalqi Baytullohning binosi uchun o'z va'dalari bo'yicha eng halol kasblardin bir muncha mol chiqardilar. Bu yo'lda yig'ilgan mol-dunyolari va ham kuchlari bilan ishga kirishdilar. Payg'ambarimiz ham amakilari, urug'-tuqqanlari ila tosh tashishib, har turlik xizmatda bo'ldilar. Ibrohim alayhissalom yasagan vaqtlaridagi asosiy ul (poydevor) ustidin tosh qo'yishib chiqdilar.

Shundog' bo'lib, Baytulloh tomlari ko'krak bo'yi ko'tarildi.

HAJARUL ASVAD TARIXI

Endi Hajarul asvad toshini o'z joyiga o'rnatib qo'yish vaqti edi. Shu o'rinda Hajarul asvad toshi tarixidin bir oz ma'lumot berib o'taylik: «Ma'lum bo'lgayki, hadislarning mazmunlaricha, Baytulloh er ustiga bino bo'lgan chog'ida Alloh taoloning amri ila «Hajarul as'ad» toshi jannatdin keltirildi. Baytullohni tavof qilishda boshlash o'rni belgilanishi uchun uni kun chiqish do'qmishiga qo'ydilar. Jannatdin yangi chiqqan chog'ida o'z nuri bilan butun Haram hududini, ya'ni Makka shahri atrofini yoritur edi.

Fatarot zamonlarida, ya'ni ikki payg'ambar orasi uzoqlashib, din yo'lidin xalqlar adashgan davrlarida ham Baytullohni tavof qilish odatlari tashlanmagan edi. Lekin ularga Baytullohning xurmat-odoblarini o'rgatishga din olimlari qolmaganlikdan, arablar o'z so'yganlaricha tavof qilur edilar. G'usl, tahorat, satri-avrat kabi diniy ishlarni xalq unutgan edi. Shu sifatlik arab mushriklari, tahoratsiz er-xotunlar tavof qilganlarida, odatlari bo'yicha Hajarul as'adga yuz-ko'z, qo'llarini surtishur edi. Mana shu beodobchilik kasofatiga qolib ketib, bu muborak toshdin ilgarigi yorug'lik nuri ko'tarildi. Avvalda sham chirog'idek oq nurlik bo'lishi bilan «Hajarul as'ad», ya'ni «muborak tosh» deb atalgan bo'lsa ham, u insonlar kasofatidin nurlari so'nib, «Hajarul asvad», ya'ni «qora tosh» nomini ko'tardi. Endi bu muborak tosh shu sifat bilan zohiriy husnidin ajragan bo'lsa ham, ma'naviy fayzi-ilohiysi abadiy o'zida boqiydur. Shuning uchun Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

«Qiyomat kunida Alloh taolo Hajarul asvadni ko'rar ko'zlik, so'zlar tillik qilib, burungi husni-jamoliga qaytargay, ixlos ila uni ziyorat qiluvchilarning iymoniga Xudo oldida guvohlik bergay» dedilar. Almiysoq kunida hamma arvohlardin olingan ahdnoma Hajarul asvadda saqlanmishdur, degan rivoyat bordur. Yana onamiz Oishadin rivoyat ham bordur.

Payg'ambarimiz: «Ey mo'minlar, Hajarul asvadni ko'p ziyorat qilinglar, ani g'animat bilinglar, bir kun bo'lurki, odamlar Baytullohni kechalab tavof qilurlar, ertalab turganlarida Hajarul asvadni topa olmaslar. Chunki jannatdin chiqqan barcha narsalarni Alloh taolo qiyomat oldida yana jannatga qaytarur», dedilar.

Yana o'z so'zimizga kelaylik. Hajarul asvadni hazrati Ibrohim Xalilulloh qo'ygan joylariga o'rnatish kerak edi. Hajarul asvadni o'z joyiga o'rnatish uchun ko'tarishni talashib, Quraysh xalqi o'rtada janjal chiqardilar. Har urug' bu ishda o'zlarini boshqalardin haqliroq ko'rishar edi. Bu to'g'rida so'zlari bir joyga to'xtayolmasdin, kelisha olmay oxiri qilich, nayzalariga yugurishib, urushmoqchi bo'ldilar. Ish shu joyga etganda, oqil odamlardin o'rtaga yarashchilar tushdi. Undog' ulug' ish ustida Baytulloh oldida nohaq qon to'kishdin saqlanaylik, deb o'zlari insofga keldilar. Oqil orachilarning ko'rsatishlari ila Bani Shayba darvozasidin kim ilgari kirsa, shuning hukmiga hammamiz rozi bo'laylik, deb qaror chiqardilar.

Shul kuni Payg'ambarimiz kelmagan bo'lib, bu voqeadin xabarlari yo'q edi. Shu orada u kishi darvozadin kirib keldilar. Buni ko'rgan Quraysh xalqi hammalari bir og'izdan ajab yaxshi ish bo'ldi, chin so'zlik, ishonchlik kishimiz Muhammad Amin keldi, buning hukmiga barchamiz rozimiz, deyishdilar. Payg'ambarimiz bu ishning tubiga tushungandin keyin elkalaridagi ridolarini erga yozib, Hajarul asvadni ridoga soldilar, o'n bir urug' Qurayshdin bir kishidin kelsin, Bani Hoshim urug'idin mana men bo'ldim, Hajarul asvadni hammamiz barobar ko'tarib, o'rniga qo'yaylik, deb o'n birlari barobar ko'tardilar. O'z joyiga etkazganlarida Payg'ambarimiz qo'llari bilan o'rnashtirib qo'ydilar. Shuning bilan o'tga suv sepgandek fitna bosildi. Payg'ambarimizning bu qilgan tadbirlariga, mundoq aql topganlariga barchalari rozi bo'lishib, ofarin qilishdilar. Bu tadbirlari bilan qancha odamlarni nohaq qonlari to'kilishidin saqlandi. Shundoq bo'lib, bu voqea ham ziyonsiz o'tdi.

Endi Payg'ambarimizning yoshlari qirqqa yaqinlashdi, vahiy kelishiga olti oy chamasi qolganda har turli yaxshi tushlarni ko'rar edilar. Qandoq tush ko'rsalar, hech o'zgarmay, shundoq kelur edi.

Endi bu joyda tushning haqiqati nima ekanligini o'quvchilarga tushuntirishni lozim topdim. Chunki tush ko'rishning ko'p chuqur haqiqati bordur. Agar buni yaxshi tushunib bilsa, bu bizga ko'rinib turgan tabiat olamining ustida yana bir haqiqat olamining borligini bildiradur. Buning bilan Xudoning borliq birligi, payg'ambarlar so'zlarining haq rostligiga yo'l ochiladur. Endi bilmak kerakkim, insonning haqiqiy ruhi (joni) fan olimlari, tabiat olimlarining deganlaridek qondin chiqqan bir quvvat emas, balki din olimlarining ulug' rahbarlari, payg'ambarlar aytganlaridek, tabiat usti — haqiqat olamidin Xudo amri bilan inson vujudiga vaqtlik qo'yilgan omonat bir gavhardur. Mana bu ruh qondin paydo bo'lgan ruh bilan bek qattiq aloqalik bo'lib, Xudo hikmati bilan shu parda ostiga yashiringanlikdin, insonlar ahli parda ostidagi asrorga etisholmaydi. Chunki tabiat olamining ichidagi sirlarni tekshirishda fikr maydoni har qancha keng bo'lsa ham, ammo tabiat olamidan ustungi diniy masalalarda payg'ambarlarning rahbarligi ostidagina yo'l topilmasa, yolg'iz aql bilan haqiqatni topish imkondin tashqaridur. Shuning uchun bu haqda rahbarlik qilish uchun payg'ambarlarni yubordi. Mana, inson haqiqati shu gavhardur. Bu gavhar azaliy emas, abadiydur. Ya'ni, bu ruh ilgari yo'q edi, keyin yaratildi, demakdur. Endi u yo'qolmay mangu yashaydi. Har inson o'lgandin keyin, uning ruhi dunyodagi qilmishiga qarab, qilgan amaliga loyiqlab belgilangan joyda, yaxshi bo'lsa rohatda, yomon bo'lsa mehnatda (mashaqqatda) turadur. Payg'ambarimizning: «Inson qabri jannat bo'stonlaridin bir bo'ston yoki do'zax chuqurlaridin bir chuqurdur», degan so'zlarining asli haqiqati shuldur. Qiyomat kuni Alloh taolo insonlarni shu ruh bilan tirgizur. Qur'oni karimdagi: «Va yas'alunaka anir-ruhi, qulir ruhu min amri robbiy» oyatining ma'nosi: «Ey Muhammad, ruhning haqiqatini sendin so'raydilar, sen aytgin, ruh Allohning amridin paydo bo'lgandur». Mana shundin ham insonning shu ruhi muroddur. Bu ruhning esa arvoh olami ila aloqasi bordur. Arvoh olami deb, farishtalar olamini ayturlar. U ruhning asli vatani tabiat olami ustidagi farishtalar olamidur. Boshqa hayvonlardin insonlarning farqi shu ruh orqali bo'lur. Ilmiy taraqqiyotlar, ijodiy fikrlar hammasi shu ruh natijasidur. Endi insonning tush ko'rishi shuki, uxlagan chog'ida shu ruh tan xizmatidin bo'shanib, yuqorigi o'z olamiga sayr qilib chiqqay. Dunyoda bo'ladigan hodisalarning ma'lumoti tamomi ila ul joyda bordur. Inson ruhi shu dunyoda bo'ladurgan ba'zi voqealarni ul joyda ko'rgay.

Endi ruhning shu ko'rishini tush, deb aytilur. Ruh har qancha yorug', musaffo bo'lsa, ko'rgan tushlari shuncha yorug', to'g'ri chiqar. Misoli bir ko'zgudirkim, aksni to'g'ri ko'rsatish uchun uning sayqali safolik, dog'siz, yuzi silliq, tekis bo'lishi shartdir. Ko'rilgan tushlar rahmoniy va shaytoniy bo'lib, ikkiga ajraydi. Rahmoniy tushlarning haqiqatligida hech shak yo'qdur. Chunki Payg'ambarimiz aytdilar: «Mendin keyin vahiy kelishi to'xtatilib, ilmi g'oyib eshigi yopilur. Lekin taqvolik, pok kishilarning ko'rgan tushlari vahiy namunasi bo'lib, to'g'ri kelur». Ya'ni, rahmoniy tushlar esa g'oyibiy hodisalarga ishorat bo'lur, dedilar. Shuning uchun payg'ambarlar, avliyolar, taqvolik olimlar, solih, mo'min bandalarning ko'rgan tushlari albatta haqdur. Qur'oni karimda hazrati Yusuf alayhissalomning yoshligida ko'rgan tushlarining to'g'ri chiqishi bunga ochiq dalildur. Har odam o'z umri ichida bir necha to'g'ri tushlar ko'rishi ma'lumdir. Bu haqiqatga hech kim inkor qilolmas. Demak, Payg'ambarimiz deganlaridek, vahiy uzilgandin so'ng, g'oyibni bilishga solih kishilar ko'rgan tushlardin boshqa yo'l yo'qdur.

Mana shu g'oyibdin xabar beruvchi ruh, Almiysoq kunida «Alastu birobbikum» savoliga «Qoluv balo» javobini bergan shu ruhdur. Alloh taolo almiysoqdagi ahdini shu ruhlardin olmishdur. Oxirat kunida hisob-kitob berguvchi, jannat-do'zaxga tushguvchi ana shu ruhlik insondur. Hammaga ma'lumki, kishi tushida har xil narsalarni, o'lik-tiriklarni ko'rgay. O'ylab ko'raylik, ko'rguvchi, ko'rinuvchi kimdur? Albatta, shular arvohlardur.

Buni ham bilmak kerakkim, din ishlarida, tabiat usti masalalarida yolg'izgina aqlga suyanmay, bu haqda payg'ambarlar so'zlarini asos qilib tutishlik har bir musulmon odamga farzdur. Bu olamning sirlariga hech kim payg'ambarlardek voqif emasdur. Inson olamining bilgan narsalari bilmaganlari oldida ulug' dengizdin bir tomchi suv misolidadur.

Mo'minlarga qandog' ulug' ne'matdurkim, din ishlarida, g'oyibiy imonlarida alarning yo'lboshchilari bir yuz yigirma to'rt ming payg'ambarlardur. Bu so'zlarni yozguvchi faqir, boshdin o'tgan mehnat kunlarimda bir necha ko'rgan tushlarim bordurkim, ul tushlarim esa eng og'ir ahvolda yotgan kunlarimda Alloh taolo tarafidin bu osiy quliga qilgan iltifotlaridin ulug' bir ishorat edi. Yana asli so'zimizga kelaylik. Payg'ambarimizga bu tush ko'rish davri olti oy miqdori davom etdi.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano