O’zbekiston Xalq Harakati

Qorong'uda qolgan.., qo'lida tayog'i yo'q ko'r kishi…

Qorong'uda qolgan.., qo'lida tayog'i yo'q ko'r kishi…
10 Ocak 2016 - 12:52 'da yuklandi va 1794 marta o'qildi.

Madamin-bekAlixonto'ra Sog'uniy

TURKISTON QAYG'USI – 4

(davomi)

SO'Z BOShI

Bismillohir rohmanir rohiym

Ulug' ruhlik, to'liq aqllik kishilarning aytishlaricha, har odam o'zida bor yaxshiliklaridan, undagi ilm-hunar fazilatlaridan boshqalarga foyda etkudek, keyingilar ibrat olg'udek bir asar yozib qoldirishi, albatta, unga lozimdir.

Men, Ali Sog'uniy, yoshlik-yigitlik kunlarimdan boshlaboq arabiy, forsiy tillarini to'liq ravishda o'zlashtirdim. Zamonning menga ko'rsatgan to'sqinliklariga qaramay, Tangri yordamida keng ko'lamda diniy, tibbiy, ayniqsa, tarixiy ma'lumotlarga ega bo'ldim. Arabcha, forsiychalarni yozish- so'zlashgina emas, balki, bu ikki tilda kitob yozish, she'r aytish qobiliyati menda bo'lsa ham, o'z ona tilim turkchani boshqa tillardan ortiqroq ko'rdim. Chunki, qaysi bir millatning ona tili o'z hojatini o'tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag'lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko'p uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir.

Unday millatlar yolg'izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig'i bilan tarix yuzidan yo'qolishga majbur bo'ladilar.

Yuqorida oqillar tilidan aytilgan so'zga qarab, o'zimda topilgan fazilatlardan tarix ilmini tanlab oldim, chunki shu hozirgi davrimiz 1966 yilda, o'z Vatanlarida turib g'arib bo'lgan xalqimiz uchun, tarix ilmi baliqqa suv o'rnida bo'lish kabi zarurat ekanligi ko'pdan beri menga sezilmish edi. O'tmishdagi tarixini unitib, endigi tarixini tuymagan bir millat, qorong'uda qolgan qo'lida tayog'i yo'q ko'r kishi kabi qayoqqa oyoq qo'yishini bilmaganligidan dushman etakchisi keynidan ketishga majbur bo'ladi. Ochiq fikrli, sezgir Vatan o'g'illari tarixning qanday zarur ekanligini mening shu so'zlarimdan ilhom olib, chuqur tushunishlari kerak.

Endi, Vatanim meni suymas ekan, men uni sevganligimdan, ulusim meni tanimas ekan, men uni taniganligimdan, Vatan ustida bo'layotgan tarixiy o'zgarishlarni va ham buning kelajakdagi yaxshi-yomon natijalarini ko'rsatib, Vatan bolalariga ulgu (namuna) bo'lgudek, boshqalar bundan ibrat olgudek tarixiy bir asar yozishga kirishdim. Biroq, men yolgizgina islomparast emas edim, balki yaralishimdayoq insonparast edim. Xalqqa qaysi yo'lliq yaxshilik qila olgayman deb, yoshlik-yigitlik davrlarimni g'am-g'ussa kunlari bilan o'tkazdim. Endi esa soch-soqolim oqarib, qariligim etdi. Yoshim saksonga erishib, ichki-tashqi kuchlarim orqaga chekindi, qarilik yuki ostida bukula turib, oldimizda ko'rina boshlagan halokat chuquri yaqinlashayotganiga chidayolmay, kelajak bo'g'in nasllarimiz g'amxo'rligi uchun, har yoqlama qiyinchiliklar bo'lsa ham, shu tarixni yozishga boshladim. Qalamim tilidan dardlik so'zlarim qonlik ko'z yoshima qo'shilib, bu kitob varaqlari yuziga to'kilmish edi. Shuning uchun buning otini «TURKISTON QAYG'USI» qo'ydim.

Men bu asarimni, bundagi tarixiy so'zlarimni hozirgi O'zbekiston atalgan o'z Vatanim ulug' Turkiston nomiga yozishim kerak edi. Biroq bu erlarda bo'lib o'tgan so'nggi kunlardagi eng og'ir hodisalar, dahshatli voqealar, tubsiz dengiz kabi tuganmas doston bo'lg'onliqdan vaqtincha bo'lsa ham ularni qo'yaturib, shu kunlarda ajdarho og'ziga kelib, bizdan ham ilgariroq yutilish oldida turgan Sharqiy Turkiston ustidan yozmoqni ortiqroq ko'rdim. Chunki bu erda 1931 yildan 1946 yilgacha bo'lib o'tgan ulug' tarixiy voqealarga o'zim boshchilik qilib emgakim (mehnatim) singgan, ko'zim ko'rgan edi.

Boshqa vijdonsizlar kabi tarix yuzini qoralashdan saqlanib, o'tgan hodisalarda bo'lgan voqealarni hech yoqqa burmasdan, bo'lganicha to'g'ri yozishni o'zimga lozim tutdim. Lekin, bu ikki o'lkaning tarixi, siyosiy hollari bir-birlariga qattiq bog'langan edi. Sovet hokimiyatining, 1917 yili qurilgan kunidan boshlab 1931 yilgacha o'tgan dahshatu vahshatlik kunlarni xirmondan bir dona, balki dengizdan bir qatra bo'lsa ham, yozib o'tmoqni tarixiy vazifam deb bildim.

Shuning uchun cheksiz qudratli ulug' Tangriga sig'ingan holda Sharqiy Turkistonga o'tkunimcha ko'rganlarimni, qilgan ishlarimni bayon qilmoqchi bo'lib so'zga kirishdim.

KOShG'ARGA O'TIShIM

Hayot tarixi insonlarning sinfiy kurashlaridangina iborat degan xato fikri Karl Marks tomonidan o'rtaga etishgan kunidan boshlaboq, xalqaro yopirilib yotgan hasad o'ti qo'zg'alib, inson olamiga fitna-fasodlar eshigi ochilmish edi. Bu fikrni ko'rlarcha qabul qilguvchi odamlar qo'liga hukumat o'tgandan so'ngra, xalq o'rtasida sinfiy ayirmachilikni va ham xususiy mulkni yo'qotish uchun, ishchilar hokimiyati otidan dahshatli qonunlar chiqardilar.

Uning natijasida qora ishchi, nodon dehqonlardan boshqa xalq ichida haqlik, haqsiz degan fitna g'avg'osi boshlandi. Dindorlarcha Alloh odati, dahriylarcha tabiat qonuniga qarshi turishib, hayot olamida bir tekis haqli yaratilgan insonlar ichidan bir qismini, o'zlari chiqazgan xayoliy qonunlariga asoslanib, hayot huquqlaridan butunlay mahrum qildilar. Bu orqali otilgan-chopilgan gunohsiz kishilar hisobi yo'q edi. Ulardan oshib qolgan haqsizlar va ham qochib-pisib yurib qo'lga tushmagan kishilar haqida har turli jazo belgiladilar. Ba'zilarning borliq narsalari yorg'u (musodara qilish) qilinib, bola-chaqalari ko'chalarga haydalib, o'zlari uzoq erlarga surgun qilindi; ko'plari esa, uzun muddatli qamoqqa olinib, og'ir xizmatlarga solindi. Xalq o'rtasidagi ba'zi bir odamlarni qo'rqitish va aldash yo'llari bilan yoshirin xizmatlarga bog'ladilar.

Urush-so'kish va qiynashlar dahshatidan imonlik-imonsiz, vijdonlik-vijdonsiz kishilar, bu mansabparast jallodlar oldida bir tekis turishga majbur edilar. Chunki topshiriqlari to'liq ravishda bajarilmas ekan, ular uchun belgilangan og'ir jazolar darhol amalga oshmog'i shubhasiz edi.

Hech qanday gunohsiz, o'zlariga qarshi deb bilgan kishilarni tovush chiqmas er osti uylariga kirgizib, qiynov ostida o'ldirish kabi vahshiyliklari odatdagi ishlaridan edi. Bu jallodlar qo'liga tushgan baxtsiz mazlumlar, qiynovning qattiqlig'idan ko'ngillaridagi so'zlari, ko'milgan mollarini yoshirib qolish buyon tursin, umrlarida eshitmagan, kishi xayoliga ham kelmaydigan siyosiy tuhmat so'zlarini iqror qilishga majbur bo'lganliklaridan, ko'plari fojiali halok bo'ldilar.

Inqilob boshlanish davrida ko'zga ko'rinarli kishilar o'z uylariga sig'maganligidan, men ham o'z Vatanim To'qmoq (Qirg'izistondagi Chuy viloyati markazi) shahrida turolmay, bizdan yuz chaqirim yiroqdagi So'quluq degan joyda, tungonlar ichida kun kechirishga majbur bo'ldim; chunki Buxoro o'qishini shu zamon odaticha bitirib qaytganim so'nggida, diniy ilm o'quvchilari oz bo'lsa ham shular ichidan topilur edi. Buning ustiga ular boshqalarga qaraganda, har to'g'riliq bizga yordamchi edilar. Tungon xalqining kelib chiqishi, tarixini o'rni kelganda albatta yozishimiz bizning vazifamizdir.

1919 yil oxirlarida Pishpekga (Qirg'iziston poytaxti Bishkek shahri) qarashli Qora-bolta, Oqsuv kabi 18 rus qishloqlari birlashgan holda bol'sheviklarga qarshi qo'zg'olon ko'tarishdi. Boylikka botib yotgan Pishpek, So'quluq tungonlari ham tushunmasliqdan bu ishga qo'shilib qoldilar Natijada tortquluq (tortqiliq, ko'rgulik, zulm) butunlay ular ustilariga tushib, eng og'ir zarbalik kaltaklar bular boshlarida ushatildi. Shundoqki, besh yuz uylikka etmagan So'quluq tungonlaridan sakkiz yuz kishini haydab kelib, bozor o'rtasida pulemyotga tutdilar. Ular ichidan o'q tegmay qolgan yoki yarador bo'lib, joni chiqmay turganlarni qizil askarlar oralab yurib, nayzalab o'ltirdi. Qo'zg'olonchilar markazi bo'lgan besh ming chamali Oqsuvlik ruslardan ilgari-keyin bo'lib, o'lim jazosi ko'rganlari o'ttizdan oshmagan edi.

Alloh saqlasa balo yo'q deganday, shu yili So'quluqga borishdan meni saqlab, bu kabi natijasiz qonlik qo'zg'olon ofatlaridan o'zi asramishdir. Shu voqea bo'lishida men To'qmoqdan sakkiz chaqirim shimol tarafidagi tungon qishlog'i Qoraqo'ng'iz masjidida edim. Pishpek, So'quluq qochoqlari qilich, miltiq kabi borliq qurollarini osingan holda tanigan, tanimagan aralash meni qora tortib ustima tushdilar. Buni ko'rishgan masjid qavmlari o'z boshlaridan qo'rqishib va yana meni ayashganliklaridan, ularni bu erda qo'ndirmaslik uchun maslahat ko'rsatgan bo'lsalar ham, men bunga rozilik bildirmadim.

Bu kabi ulug' ofatlardan meni necha martabalar asrab o'tgan mehribon Tangrim iltifotiga ishonganligimdan, bu mazlumlarni erlarcha ochiq yuz bilan qarshi olib, siniq ko'ngillarini ko'tardim.

Bu erda yoshirinib olish imkoniyati yo'qligidan, bosh-oyog'i ikki-uch kun turishganidan so'ng, Olmota, Yorkent chegaralari orqali G'uljaga o'tmoqchi bo'lib ketdilar.

So'quluq tungonlarining tuzlarini tatib, yaxshiliklarini ko'p ko'rgan edim, ularning ichida ishonimlik shogirdlarim va do'stlarim ko'p edi. Bunday vaqtlarda borish xatarlik bo'lsa ham, chidab turolmay uch-to'rt shogirdim bilan bir arava kishi bo'lib, So'quluq tomonga yo'l tortdik. Pishpekga kelgach, tungon qal'asi yo'l ustida bo'lganlikdan uni oralab o'tishga to'g'ri kelmish edi yaqinlashib borgan sayin bundagi ko'z ko'rgan ko'ngilsiz narsalarni til so'zlab, qalam yozib chidayolmaydi.

Intizomlik askarlarga, qurollik kuchga, tili bo'lak, dini bo'lak bir qancha yig'indi qo'li quruq, qora kuch kishilar qanday qarshi tura olsinlar?

Tabiat olamiga Ilohiy tomonidan yuborilgan ulug' payg'ambarlar ham, shu tabiat qonunlariga bo'yinsunmasdan boshqa hech choralari yo'qdir. Urush fanlarining qonuni bo'yicha askarlarning son-sanoqlari, qurol-jabduq va askari intizomlari, eng bo'lmaganda, dushmannikidan tuban va oz bo'lmasligi birinchi shartdir. Agar shu sharoit qo'lga kelar ekan, u holda diniy, milliy haqoratga bo'ysunmasdan, dushmanga qarshi qurolga qo'l sunush albatta, farz bo'lur. Bunday imkoniyat bo'lmagan takdirda, o'zini o'rinsiz o'tga urushdan saqlanib, vaqtincha sabr qilishdan boshqa chora yo'qdir. Biz hozir shunday sharoitsiz, og'ir ahvol ustida turibmiz. Mahalla ko'chasidan o'tayotganimizda yo'l bo'ylab, talan-bulan qoldiqlari, chochilib yotgan narsalar, kuydirib-yondirilgan imoratlar ichida vayron-talqoni chiqib, yiqilib yotgan tomlari ko'zga tashlanmoqda edi. Bularni ko'rgach, ko'z yoshimiz qurimasdan, shu yurganimizcha mazlumlar qonlari bilan bo'yolgan So'quluq qishlog'iga kirdik. Bu voqea o'tib, ortidangina borganimiz uchun, musulmonlar otilgan-chopilgan ko'cha qonlari tozalangan bo'lsa ham, qirg'inning boshqa belgilari yo'qolmagan edi. Soqchi kishilari bizning boshqa yoqdan kelganimizni ko'rib, oldimizdan to'sib, idoralariga boshladilar. O'lganlarning xotin-qiz, etim bolalariga atalgan bir qancha kiyim-boshlarni ko'rsatib, yordam uchun kelganimizni bildirdik. So'ngra, yo'l xatlarimizni tekshirib, bizga ruxsat qilgan bo'lsalar ham, yana oramizda ishonmaslik paydo bo'lib, anchagina so'z o'tmish edi.

Ma'lumdirki, mahkumiyatda ezilgan, qurolsiz, duduq tillar g'olibiyat zulmi bilan g'ururlanib turgan, har birining tumshug'idan to'ng'iz qurti tushgan qurollik, shahdam tillar oldida nima deya oladilar? Shu bilan g'olib dushman oldidan, qandaydir qutulib chiqqanimizdan so'ngra, yordamga kelturgan ozdir ko'pdir narsalarimizni tarqatdik. O'lganlar oilalariga ko'z yoshimiz bilan qiroat o'qib, ko'ngil aytdik. Bu foydasiz fitnada manim o'z shogirdlarimdan yigirmadan ortiqroq kishi shahid bo'lmish edilar. Bulardan eng kattalarining yoshi o'ttizdan oshmagan edi. Shunday qilib, bu joyda ikki-uch kun turganimizdan keyin yana To'qmoqqa qaytib keldik.

Qish o'tishi yaqinlashib, erdan ko'katlar yangigina bosh ko'tarmish edi. Bir kuni ertalab ko'cha eshigimizdan kishi chaqirgan tovush eshitildi. Qarasam, o'z mahallamizdagi Mirzaboy degan kishi ekan.

U meni ko'rgach, ko'ziga yosh olib: «Sizga yaxshilikdan boshqani tilamaymiz. Hozirgi hukumat oldida, eshitishim bo'yicha, ustingizdan har turli xabarlar borga o'xshaydi. Endigi maslahat shulki, manavu ishlar yuz bosti bo'lguncha, o'rin o'zgartib, boshqaroq erda turishingiz yaxshiroq ko'rinadi», dedi. Uning bu so'zidan o'ylanib, qandaydir ehtiyot yuzasidan, yot bir hukumat tuprog'iga o'tmoqchi bo'lib, safar jamolg'osiga kirishdim. Lekin boshqa chegaralar bizdan yiroq bo'lganlikdan, Koshg'ar tomoniga o'tishni ma'qulroq ko'rdim. Jonfido shogirdlarimdan tungon Dovudhoji safar yo'ldoshim bo'lib, yo'lga tushdik.

Bolosog'un To'qmoq bilan Koshg'ar oralig'i otliq o'rtacha yurishda o'n-o'n bir kunlik yo'ldir. Bolosog'un shahrining eski turkcha nomi Moqul bolig' bo'lib, moqul yaxshi, bolig' shahar demakdir. Islomdan ko'p yillar ilgari Issiqko'l bo'ylaridagi Beshbolig' bilan Bolosog'un shaharlarida uyg'urlarga o'xshash o'troq madaniy turklaridan o'g'uz turklari yashagan edi. Rum podshohlarining laqabi Qaysar, eroniylarniki Xisrov bo'lganidek, Beshbolig', Bolosog'unga kim podshoh bo'lar ekan, unga Ediqut laqabi qo'yulur edi.

Aslida, Turkiston beshigi va poytahti Beshbolig'-Bolosog'un shahridir. Hozir ham Issiqko'lning kungay (janub), terskay (shimol) tomonlariga suv ichida qayiq bilan yurgan kishilarga Beshbolig' harobalari ko'rinib turadi. Biz bola vaqtimizda ko'lning sayozroq eridan bir hammom binosi topilmish edi undan chiqqan pishiq g'ishtlardan qirg'izlar olishib, ulkan manaplar (aslzoda, oq suyaklar) qabrlari ustiga bir necha gumbazlar yasatganlari hali esimizda bordir. Ko'lning to'lqinlari bilan chet yoqaga surilib chiqib qolgan o'sha zamonning uy asboblari, dehqonchilik saymonlarini (ish qurollari, asbob-uskunalari) shu kungacha ham topib oladilar. Bu Beshbolig' shahrining harob bo'lishiga kelsak, biz ko'rgan tarixlarning hech birovida buning bayoni ko'zimizga tushmadi. O'tmishdagi tabiat o'zgarishlari orqali, er tebranishi bilan shahar o'rinlari ko'lga aylanib, suv ostida qolgan bo'lishi ham mumkindir.

Qanday bo'lsa ham, Beshbolig' obidalaridan topilgan asarlar eskidan beri o'troq turklarida ilm, madaniyat bor bo'lganligini bildiradi. Bolosog'un miloddan ikki ming yillar ilgari o'tgan Erondagi Qiyoniy podshohlaridan Kaykovuz, Kayxisrovlar zamondoshi eroncha Afrosiyob, turkcha Do'kuxon atalgan turk hoqonining uchinchi poytaxti bo'lgan ekan. Uning birinchi poytaxti Samarqand bo'lishini eski tarixchilar shubha qilishadilar. Biroq shahar chetidagi keng maydon harobasi, erlik xalq og'zida, Afrosiyob atalishi va bu yaqinlarda u erdan miloddan eski davr asarlari topilishi, turk hoqoni poytaxti Afrosiyob bo'lganligini quvvatlaydi. Bunga ko'ra Samarqand shahri jahongir Iskandar Makedoniy tomonidan qurilgan degan, ba'zi tarixlarda yozilgan so'z asossiz bo'lib qoladi, chunki Iskandar Afrosiyob davridan ko'p keyin kelganligi hammaga ma'lumdir.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano