O’zbekiston Xalq Harakati

Senga manfaat beradigan har bir narsaning talabida bo'l…

Senga manfaat beradigan har bir narsaning talabida bo'l…
01 Mayıs 2016 - 6:30 'da yuklandi va 1703 marta o'qildi.

1860d46e9eda8bd4711e0cfee91c4a10Abdurauf FITRAT

Najot yo'li

(32-qism)

NIFOQ

Nifoq sidqqa qarama-qarshi holatdir. Munofiqlarga bu dunyo, u dunyoda rohat va najot yo'q. Alloh Qur'oni karimda ularni kofirlardan ham battar malomat qilgan.

Qur'on mutolaasi sharafiga mansub bo'lganlar yaxshi biladilarki, Qur'on sahifalari bu jamoani ta'nayu mazammat qilgan so'zlar bilan to'la. Biz shu bir oyatni keltirib kifoyalanarmiz: «Albatta, munofiqlar do'zaxning eng tuban joyida bo'lurlar…»227.

Bu shum va yomon sifat turli xil shakllarda ko'rinadi. Boshqacha qilib aytganda, nifoqning bir necha tomonlari bor. Ahd-paymonni buzish, xiyonat, yolg'onchilik shular jumlasidandir. Bu haqda Imom Buxoriy Payg'ambarimizdan rivoyat qiladilarki: «Munofiq uch narsada bilinadi: gapirsa yolg'on gapiradi, va'dasiga xilof ish qiladi, omonatga xiyonat qiladi».

Islom dini bizni bulardan qat'iyan man' qiladi: «…Alloh sizlarga omonatlarini o'z egalariga topshirishga va odamlar orasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishga buyuradi»228.

«Ular (ya'ni, mo''min-musulmonlar) o'zlariga ishonilgan omonatlarga va (o'zgalarga) bergan ahd-paymonlariga rioya qilguvchi zotlardir… Ana o'shalar jannatda hurmat- izzat ko'rguvchilardir»229.

Ammo nifoqning eng yomon tomoni yolg'onchilikdir. Yolg'onchilar etkazgan zarar xoin va ahdbuzarlarnikidan ham ko'pdir. Munofiqlar o'z maqsadlarini tezroq amalga oshirish uchun ko'pincha yolg'on so'zlaydilar va bu yolg'onlari jamoa orasida fitna soladi. Ularning yolg'onchiliklari bir qavmning saodat binosini qulatishgacha boradi.

«Ular (munofiqlar) Allohni va iymonli kishilarni aldamoqchi bo'ladilar… Ular uchun qilgan yolg'onlari sababli alamli azob bordir»230.

«Musulmonlarni fitna qilguvchilar (ya'ni, ularni yolg'on ishlatib xayr yo'lidan to'sganlar) bu yomon kirdikorlaridan qaytmasalar, do'zaxga ravona bo'ladilar va otashda kuyib-yonadilar». Hazrati Ahadi Karim, bir tarafdan, bu badfe'l kimsalarga azobni va'da qilsa, ikkinchi tarafdan, bizga bu jamoadan hazar qilishmizni va ularning yo'ldan urishlariga e'tibor bermasligimizni buyuradi: «(Ey Muhammad), yana siz har bir tuban qasamxo'r, g'iybatchiyu gap tashuvchi, yaxshilikni man' qilguvchi baxil, tajovuzkor, gunohga botgan… kimsaga itoat etmang!»231

«Ey mo''minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (ahvolni) bilmagan holingizda biron qavmga musibat etkazib qo'yib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab, tekshirib ko'ringlar!»232

MALAQ

Malaq xushomad degani, xushomadga uchgan kimsalar do'stni dushmandan, yaxshini yomondan farq qilolmay, har kimni o'zlariga do'st-yor va sirdosh bilib, oqibatda munofiqlarni boshlariga chiqarib qo'yadilar. Bu sifatning zarari ma'lum va tajribada isbotlangan. Yuqorida misol keltirgan oyatlarimizdan bu sifatning man' etilganligi yaqqol ko'rinadi.

QANOAT

Biz musulmonlarda, xususan, biz turkistonlilarda ajib bir xislat borki, axloqiy fazilatlarni va shar'iy amrlarni yo bilmasdan, yo bilib, ya'ni qasddan xato, g'alat tushunamiz.

Masalan, bugun uyda o'tirib, hech erga chiqmay, say'-harakat qilmay, qotgan nonga rozi bo'lishlikni qanoat deb o'ylaymiz. Shu sababdan na bugun uchun, na erta uchun g'am emaymiz. Ahli ayolimizni dunyoviy lazzatlarning bir qismidan mahrum qoldiramiz, ochlikdan jonimiz og'zimizga kelsagina zudlik bilan falon bir qozining yoki falonchi hokimning xizmatiga borib, ustalik bilan gadoylik qilib kun kechiramiz, yana bu ishimizdan Alloh rozi bo'ladi, deb o'ylaymiz. Buni hargiz qanoat deb atamaydilar va bunga sabab ham yo'q, Alloh ham bu ishimizdan rozi bo'lmaydi. Agar bir burda nonga rozi bo'lishlik, molu mulk talabida harakat qilmaslik yaxshi va to'g'ri bo'lganda edi, Alloh osmonu zaminni bizning foydamizga yaratmagan bo'lar edi… «U Zot sizlar uchun Erni qarorgoh, osmonni tom qilib qo'ydi va osmondan suv tushirib, uning yordamida sizlarga rizq bo'lsin, deb mevalar chiqardi…»

«Alloh (dengizdagi) kemalar o'zining amri bilan joriy bo'lishi hamda sizlar (u kemalarda) Uning fazlu marhamatidan (rizqu ro'z) istashlaringiz uchun va shukr qilishlaringiz uchun sizlarga dengizni bo'ysundirib qo'ygan Zotdir»233.

Shukr nima? Ilohiy ne'matlarning har biridan o'z qadru qimmati uchun foydalanish shukrdir. Bas, Alloh samo va erdagi jamiki narsalarni biz uchun yaratgan bo'lsa va shu tariqa tijorat safarlariga chiqishimiz uchun dengiz-daryolarni bizga bo'ysundirgan bo'lsa, bu ilohiy ne'matlarni oyoq osti qilish kufroni ne'matdir, gunohdir, buni qanoat deb bo'lmaydi.

Unda, qanoat nima? Qanoatni hazrati Payg'ambar quyidagi hadisi sharif bilan ochiq-oydin bayon etgan: «Senga manfaat beradigan har bir narsaning talabida bo'l (ya'ni, harakat qil) va Allohdan madad tila. Agar shu narsaning talabi asnosida senga karohat234 etadigan bo'lsa (ya'ni, agar shu narsa qo'lingga kirmasa yoki ozrog'iga erishsang), «Ey voh, agar falon tariqa yo'l tutsam, maqsadimga etardim» deb g'am chekma, balki «Allohning rizosi shu ekan, xohlaganini qiladi», — degin». Bu hadisni Imom Muslim «Kitobul-qadr»ida rivoyat qilgan. Shu hadisdan ma'lum bo'ladiki, biz musulmonlar o'zimiz uchun foydali narsalarning talabida sa'y-harakat qilishimiz, shu harakat orqali topganimizning ozu ko'piga xursand bo'lib, noshukrlik qilmasligimiz lozimdir. Qanoatning ma'nosi shunda ekan.

(davomi bor)

227.Qur'oni karim, Niso surasi, 145-oyat.
228.Kur'oni karim, Niso surasi, 58-oyat.
229.Kur'oni karim, Maorij surasi, 32—35-oyatlar.
230.Kur'oni karim, Baqara surasi, 9-oyat.
231.Kur'oni karim, Qalam surasi, 10—13-oyatlar.
232.Kur'oni karim, Hujurot surasi, 6-oyat.
233.Kur'oni karim, Josiya surasi, 12-oyat.
234.Karohat — noxushlik, yoqimsizlik.
Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort