O’zbekiston Xalq Harakati

Hirs va qo'rqoqlik kishining eng yomon xislatlaridir

Hirs va qo'rqoqlik kishining eng yomon xislatlaridir
04 Mayıs 2016 - 7:00 'da yuklandi va 1716 marta o'qildi.

the_russians_545x300_u6i (1)Abdurauf FITRAT

Najot yo'li

(33-qism)

HIRS

Ammo sa'y-harakatning natijasiga rozi bo'lmaslik hirsdir. Hirs kasalligiga mubtalo bo'lgan shaxslar, ya'ni qilgan harakatlarining natijasiga rozi bo'lmaydigan yoki sabru toqatlaridan ortig'iga zo'r berganlar maxluqiy hirs yo'lida o'z nafslarini halokat domiga tashlaydilar.

Ba'zilar esa butkul ma'yus bo'lib ishdan qo'l uzadilar va g'am-g'ussa chekib o'zlarini tamom qiladilar. Bu ikkala suratda kishi nobud bo'lishi mumkin. Shuning uchun islom dini bizni hirsdan man' qiladi: «Hirsdan hazar qilingki, hirs sizdan oldin o'tgan qavmlarni halok qilgan».

«Jome' us-sag'ir» hadislaridan birida shunday deyilgan: «Hirs va qo'rqoqlik kishining eng yomon xislatlaridir».

Hirs faqatgina o'z sohibiga zarar etkazmay, balki bir jamiyatning intizom va osoyishtaligiga xalal beradi. Zero, hirs doimo hasadga sabab bo'ladi, hasad esa bug'zu235 adovat tug'diradi. Vakillarining orasidan bug'z va adovat joy olgan qavmning hayoti, boqiyligi yo'qlik shamolida sovriladi. Haq islom dini bu haqda ochiq-ravshan bayonotlar beradi. Imom Muslim «Kitobuz-zuhr»ida rivoyat qiladiki, Payg'ambarimiz sahobalaridan so'radilar: «Ey ashobim, Eron va Rumni fath qilganingizda qanday holga tushasizlar?» Abdurahmon ibni Avf javob berdilarki: «Biz u vaqtda ham ilohiy amrlarga tobe' bo'lamiz».

Hazrat dedilar: «Shu amrlarga qarshi borasizlarmi deb qo'rqaman, hirsga berilib qolasizlar-a! Undan so'ng hasadga giriftor bo'lasiz, undan keyin (hasadning ortidan) do'stlik aloqalari va birodarlik o'rtangizdan ko'tariladi, oqibatda ishingizga bug'z va adovat aralashadi».

Imom Buxoriyning «Kitob ur-riqoq»ida, Imom Muslimning «Kitob ul-fazoil»ida «Zamin xazinalarining kalitini sizlarga topib berishim uchun berdilar, Allohga qasamki, shundan keyin sizning kofir bo'lishingizdan qo'rqmayman, balki bu dunyoga hirs qo'yishingizdan qo'rqaman», — deyiladi.

IHMOL

Ihmol (vaqtni bekor o'tkazish) — biz turkistonlilarda mavjud bo'lgan, o'zimiz qanoat deb ataydigan tanballik, bekorchilik, harakatsizlikdir. Bularning joiz emasligi xususida risolamizning bir necha joyida batafsil bayon qildik, yana takrorlab o'tirishni lozim ko'rmadik.

HUSNI HAY'AT

Husni hay'at toqat etganga qadar o'zini pokiza tutushlik va shu qadar ziynat berishlikki, odamlar siz bilan ko'rishib, suhbatlashganlarida sizdan nafrat qilmasinlar. Pokizalik dini islomning eng muhim amrlaridan biridir. Bizning shariatimiz o'z tobe'lariga kecha va kunduz qo'l yuvmoqlikni farz aylagan.

Tozalikning foydalari shu qadarki, uni aytib va yozib tamom qilib bo'lmaydi. Eng avvalo, ozodalik tan sihatini himoya qilib, umrni uzaytiradi. Bugun bizning mamlakatimizdagi mavjud turli kasalliklarning asosiy sababi ifloslikdir. Ikkinchidan, poklik odamning tab'ini ravshan qiladi. Uchinchidan, odamning izzat-e'tiborini ziyoda etadi. Agar odam boyu badavlat, yo ilmu fan sohibi bo'lib iflos, kir bo'lib yursa, u odamdan xalq yuz o'giradi. To'rtinchidan, ne'matning shukridir, zero a'zoyi badanimizning har bir uzvi bir ilohiy ne'mat bo'lib, biz parvarishlab pokiza saqlashimiz lozim. Madaniy millatlar tozalikni hayotlarining garovi qilib olganlar. Birinchi qiladigan ishlari bolalarini tozalikka o'rgatadilar. Ularning maktablarida qulay hammomlar qurilgan bo'lib, maktab bolalarini haftada bir marta cho'miltiradilar, kiyimlarini kir qilgan bolalarga jazo beriladi. Qani ko'raylik-chi, bu xususda islom dini nima farmoyish bergan ekan: «…Alloh sizlarga mashaqqat qilmoqni istamaydi, balki sizlarni poklashni… istaydi»236.

«Libosingni pokiza tut» deyilgan hadisda ham. Bu haqda Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Payg'ambarimizdan ko'plab hadislar keltirganlar, ularning ba'zilarini shu o'rinda keltiramiz: «Pokizalik iymonning juz'idir». «Agar mushkul bo'lmaganida ummatlarimga har namoz vaqtida misvok qilishni amr qilardim». Har bir musulmonga ilohiy Haq amri kelganki, haftada bir marta g'usl qilib, bosh va badanlarini yuvsinlar.

«Xilol qiling (ya'ni, tishlaringizni tozalang), zero xilol qilishlik tozalikdir, tozalik iymonga boshlaydi, iymon esa o'z sohibini jannatga etkazadi». «Namoz vaqtida va taom vaqtida xilol qiladigan ummatlarimning holi xush bo'lsin».

(davomi bor)

235.Bug'z — gina, kudurat.
236.Kur'oni karim, Moida surasi, 6-oyat.
Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort