O’zbekiston Xalq Harakati

Nega uyingda yig'lamaysan?!

Nega uyingda yig'lamaysan?!
13 Mayıs 2016 - 5:00 'da yuklandi va 1691 marta o'qildi.

bukharaAbdurauf FITRAT

NAJOT YO'LI

(36-qism)

Odamlarga ko'rsatib va eshittirib toat-ibodat qilish riyodir. Riyo shunday bir muhim mas'alaki, uni tushunish shayxlarning haqiqiy holini bizga ochib beradi. Bizning millat odamlari shayxlarni go'yo xudodek e'zozlashadi. Shuning uchun bizning bu gaplarimizni ular qabul ham qilmaydilar. Shu sabab men o'zimdan gapirmay, so'zni fazlu kamol sohibi bir muhtaram zotga havola etaman. Bu shaxs barchaga ma'lum Imom G'azzoliydir. U o'zining «Ihyoul-ulum» (ad-din) kitobida riyo haqida uzun bir bahs yuritgan. Shuning bir qismini qisqartirib tarjima qildik: «Bilginki, riyo haromdir, riyokorlar esa Allohning dushmanidirlar. Bu matlab oyatu xabarlarda sobit kelgan. Oyat ushbuki: «Diqqatsizlik qilib namozini xato o'qiganlar va riyo qilganlar halok bo'lguvchilardir». Ya'ni Allohning diydorini so'ragan kishi solih amallar qiladi va ilohiy ibodatga sherik qilmaydi, ya'ni riyo qilmaydi.

Shunday bir xabar kelgan. Bir odam Rasulullohdan so'radi: «Rasululloh, qay bir narsadan najot bor?» Payg'ambar javob berdi: «Najot bandaning har bir toatni odamlar ko'rishligi uchun emas, balki Alloh ko'rishligi uchungina qilgan ibodatdadir». Va yana dedilar: «Men bir gunohga giriftor bo'lishingizdan qo'rqamanki, u kichik shirkka kiradi». Odamlar so'radilar: «Yo Rasululloh, kichik shirk nima?» Ular javob berdilar: «Riyo».

Hazrati Umardan naql qildilarki, Hazrat boshini xam qilib o'tirgan, ya'ni muroqaba qilayotgan kishini ko'rib, unga dedilar: «Ey mard, boshingni ko'tar, xushu' va xuzu' (xoksorlik) boshni egishlikda emas, balki dilda bo'lur. Abu Imom al-Bohiliydan rivoyat qiladilarki, u bir kuni masjidga borib, boshini sajdaga qo'yib yig'layotgan bir kishini ko'rib: «Agar bu yig'i Alloh uchun bo'lsa, nega uyingda yig'lamaysan?!» — deb so'ragan ekan.

Bilginki, riyo ikki xil bo'ladi:

1) dunyoviy ishlardagi riyo;

2) diniy amallardagi riyo.

Bularning ikkisi ham harom, lekin diniy amallardagi riyo nihoyatda yomondir.

Diniy amallardagi riyoni besh qismga ajratish mumkin:

1) badan riyosi;

2) shaklu hay'atdagi riyo;

3) tildagi riyo;

4) amaldagi riyo;

5) ziyorat va suhbatdagi riyo.

Badan riyosi shuki, odam o'zini ozdirib-to'zdirib, lablari qurib, soch-soqollarini taramay o'stirib, tirnoqlarini olmay yuradi, toki odamlar bu odam Alloh yo'lida mudom ro'za tutar ekan, Allohdan qo'rqib doimo g'amgin va mahzun yurar ekan, bechora shu qadar Alloh xayolida bo'lib o'ziga qaramas ekan, deb o'ylashlari uchun qiladi. Shakl va hay'atda riyo qilayotgan odam shayxlarga o'xshab surf joma kiyib, fanoga etishgan deb o'ylashlari uchun yirtiq chirkin liboslar kiyadi, serviqor desinlar, deya boshini ko'ksiga egib yuradi.

Bu xil riyoga giriftor bo'lganlar ikki toifaga bo'linadilar. Birinchi toifadagilar darvishu solihlarga maqbul ko'rinib, ular uqubatlaridan bu ahli dunyo ekan, deb chetlatmasinlar, degan fikrda yirtiq-yamoq va iflos kiyimlarda yuradilar. Ikkinchi toifadagilar esa ham darvish solihlarga, ham hukmdoru boylarga yoqishni, ularning oldida e'tiborli bo'lishni xohlaydilar. Shuning uchun eski juldur kiyim kiymay turli xil, rango-rang oq va yashil qimmatbaho kiyimlar kiyadilar.

Tilida riyosi bo'lgan odam har bir majlisda ilmdan so'zlab, ibodat qiladi. Olim deb o'ylashlari uchun shunga muvofiq so'zlaydi, bozor va rastalarda, ko'cha-ko'ylarda yurganlarida Allohning zikrini o'ylayotganimni ko'rsinlar, deb lablarini qimirlatib yuradi, har bir erda kunduzi tutgan ro'zayu kechasi o'qigan istixora namozlarini244 gapiradi. Amalida riyosi bo'lgan odam odamlar oldida uzun namoz o'qib, nafl namozlarini ham masjidda o'qiydi.

Ziyoratdagi riyo shuki, odam vaqti bevaqt ulug' odamlarning ziyoratiga borib turadi, toki odamlar bu kishi yaxshi ekan, doimo falonchining oldiga borib turadi, deyishlari uchundir. Bu kabi odamlar o'zlarini ziyorat qildirishni va iftixor sabab bo'lishni ham xohdaydilar». Shu erda Imom G'azzoliyning so'zlarini tugatamiz. Shu bahsni o'qimoqchi bo'lgan odam «Ihyoul-ulum»ning uchinchi jildiga murojaat qilsin.

Shu ergacha to'rtga axloqiy fazilatlarning uchta asosiysini muhim qismlarga bo'lib zikr qildik. To'rtinchi fazilat esa adldir. Adl bu — biz bayon qilgan jamiki axloqiy fazilatlar orasidan ifrotu tafritni tark qilib, doimo mo''tadil chegarani saqlab o'tirishdir. Binobarin, aytish mumkinki, shu uchta fazilatlar zamirida adl mavjuddir va buni xotiradan chiqarmaslik lozim.

Ammo, shu orada bir muhim jihat borki, u ham esa hukumatning odilligidir. Bu mas'ala juda keng bo'lib, ushbu risolamizdan o'rin ololmaydi. Agar fursat bo'lsa, inshoolloh, hukumat adolati xususida ham bir risola yozamiz.

Mutammima (qo'shimcha) fazilatlar. Ammo shu uchta fazilatlar barkamol bo'lishi uchun uchta boshqa fazilatlarga ega bo'lish kerakki, ular mutammima fazilatlar deb nomlanadi.

Bular:

1) sihat-salomatlik;

2) sarvat;

3) ahli ayoldan iborat.

(davomi bor)

244.Istixora namozlari — tungi namozlar.
Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort