O’zbekiston Xalq Harakati

Malatiyaga safar

Malatiyaga safar
21 Mayıs 2016 - 6:30 'da yuklandi va 2137 marta o'qildi.

MalatyaTurkiya manzaralari

16

MALATIYaGA SAFAR

“Bu kunlar” kitobimni nashrga tayyorlash, ilk muhokamalarni kuzatish bilan band bo'lib “Turkiya manzaralari”ning davomi bir oz to'xtab qoldi. Inshaolloh, bundan buyon yana sayohatnomam bilan o'rtoqlashishda davom etaman.

Bu gal mavzu Turkiyaning sharqida ‒ ich Onado'lida joylashgan Malatiya shahri va u erda o'tgan “Kitap fuarı” haqida bo'ladi.

13227127_489535387911386_2692788968342843200_nMalatya Turkiyaning bir viloyati (turkchasiga “İl” ‒ “el” deyiladi) bo'lib, vikipediya ma'lumotiga ko'ra, aholi soni bo'yicha mamlakatda yigirma ettinchi shahardir. 2015 yilgi hisobda İl (viloyat) aholisi 772.904 ni tashkil etgan. Shaharning o'zida 524000 dan ortiq aholi yasharkan. Sharqiy Onado'li bo'lgasining eng katta shahri deyishdi.

Yo'lga chiqmasimdan burun Malatiya haqida ayrim ma'lumotlarni o'rgandim.

Malatiya ilk zamonlarda Xitit davrida (miloddan oldingi 5000-yillar) qurilgan, undan keyin qo'ldan-qo'lga o'ta-o'ta, buzilib-qurilib bugungi kunimizgacha etib kelgan.

Malatiya nafaqat Turkiyada, balki dunyoda o'rigi va turshagi bilan mashhur. Mamlakat bo'yicha turshak etishtirishning yuzdan 80 % i Malatiya vodiyiga tegishli. Bu tomoni bizning Qo'qon tevaraklariga o'xshab ketarkan.

Yaqin-yaqinlargacha Qo'qon tevaraklari (umuman, vodiy) ham ulkan o'rikzor edi!

Sovet davrida paxta maydonlarini kengaytirish uchun o'rikzorlarga qiron keltirila-keltirila o'rikzorlarimiz ancha kamayib ketgan edi, keyingi zamonlarda qishloqlarda gaz uzilgani sababidan o'tin uchun kesila-kesila umuman yo'qolib boryapti, afsus… Lekin shunday bo'lsa ham haligacha Qo'qonning ayniqsa janubi-g'arbiy tomoni to Tojikiston chegaralarigacha (Tojikistonning Isfara va Konibodom viloyatlari ham qadimdan o'rik etishtirish bilan mashhur!) qishloqlarda o'rikzorlarni uchratsa bo'ladi.

Bolalik xotiralarimda o'rik daraxtidan elim terish, g'o'ra eyish, g'o'raqaynoq qilish, o'rik qoqish, quritish, damlash va bargak qilish kabi ko'ngilxushlik va yumushlar alohida o'rin tutadi. O'rik qishlog'imiz hayotining bir bo'ldagiga aylanib ketgan.

Qishlog'imiz odamlari sodda, samimiy edi. Hammaning o'rigi va o'rikzori bo'lishiga qaramay bir-birlariga o'rik ilinishardi. Keksalar Jardan (qishloq tashqarisida tog' etagidagi tashlandiq jarliklar bor erni biz “Jar” derdik, u erda ko'p hamqishloqlarimning o'rikzor-dalasi bo'lardi) o'rik qoqib katta-katta savatlarda, qutilarda eshakaravalarida qishloqqa olib kelishayotgan bo'lsa, dala yo'llarida, bog'lar chekkalarida mol-qo'y boqib o'ynab yurgan biz bolakaylar oldida aravalarini atay to'xtatib: “Qani, hey bolalarim, olinglar!” deyishardi. “Rahmat, eb yuribmiz”, desak, “Olinglar, bunisi boshqa!” deyishardi.

Mana shunaqa otalarimiz bo'lishgan!

Ozgina xotiraga berilib ketdim. So'zimiz Malatiya haqida edi. Shaharning tevarak-atrofi dashtlik va o'rikzor ekani menga ota yurtimni eslatib yubordi.

Qaytayotganimda mezbonlarga men ham aslida o'rikzor bir mamlakatdan ekanimni aytsam, “Mazasi-chi, mazasi qanaqa?” deb so'rashdi. “Biz tomonlardagi o'riklarning mazasidaqa maza dunyoda yo'q!” dedim. Bular ham o'zlarining o'rigi haqida shunaqa fikrda ekan…

Malatiya Turkiyaga ikki nafar jumhurboshqoni (prezident) etishtirib bergan shahardir. Otaturkdan keyin jumhurboshqoni bo'lgan (hozirda uncha yaxshilik bilan eslanmaydigan) Ismat Ino'nu bilan (nafaqat Turkiyada, balki bizning mamlakatimizda ham yaxshilik bilan eslanadigan) rahmatli To'rg'ut O'zal ikkalasi ham malatiyalik ekan. Turkiya mustaqilligimizni dunyoda ilk tan olgan mamlakat bo'lsa, bizga juda katta mehr-muhabbat bilan tashrif buyurgan ilk prezident To'rg'ut O'zal edi axir!

10 may kuni Sabiha Go'kchan nomidagi Istanbulda ikkinchi yirik qo'nalg'adan uchishim lozim edi. Asr namozini qo'nalg'a ichidagi machitlardan birida o'qidim. Ming chaqirim masofaga bir yarim soat uchsak, mo'ljalimda Malatiyaga shomgacha etib borishimiz kerak edi. Malatiya Istanbulga qaraganda ancha kunchiqarda erlashganini hisobga olmabman. Namoz vaqtlari 45 daqiqacha ilgari ekan. Shomga etib olarkanmiz deb o'ylagan odam uchog'imiz Malatiya qo'nalg'asiga qo'nganida tevarakning qorong'iligini ko'rib oldiniga hayron bo'ldim ‒ shuncha uzoq uchdikmi deb o'yladim. Bu erda quyosh ancha erta yurishi keyin esimga keldi.

Ayni reys bilan Istanbuldan mendan tashqari yana etti ijodkor kelgan ekan. Mezbonlar (bir yigit bilan bir qiz) kutib olib minibusga joylashtirishdi. Saldan keyin to'g'ri mehmonxona sari yo'lga tushdik.

Yo'l chetidagi ko'rsatkichga ko'ra, shahar qo'nalg'adan 25 chaqirim uzoqlikda ekan. Shu 25 chaqirim davomida ikkitomonlama yo'lning o'rtasiga qator simog'och ekib tashlangan, har birining boshida ikki tomonga qaratilgan chiroq, bora-borguncha yo'l yop-yorug' edi. Ham tep-tekis.

Ilk taassurotim: Malatiya toza, ko'rkam, boy shahar ekan.

13254544_489535534578038_3200037630588130484_n“Ramada” mehmonxonasida 7-qavat 23-xonaga joylashdim. Kechki ovqatga tushishimizni tayinlashgan edi. Tushsam, katta oshxona-zalda birato'la bir tadbir ham o'tkazilayotgan ekan.

Kitob ko'rgazmasi 10 may kuni erta bilan ochilgan, endi shu ochilish marosimining kechki ziyofati mehmonxonada tashkillashtirilibdi. Zal tantanavor qilib bezatilgan, dasturxonlar to'kin.

Men kirib kelganimda kimdir jo'shib so'zlar edi. Joyimga kelib o'tirganimda e'tibor qilsam, qulog'imga qozoqcha so'zlar kira boshladi. Qaradim. Zal to'ridagi sahnchada qozoqning taniqli shoiri Muxtor Shahanov baland ovozda, his-hayajon bilan gapiryapti ekan. Orqasida bir qozoq yigiti uning so'zlarini turkchaga o'girib turibdi. Odamlar ovqatlanarkan, ayni choqda to'rga qarab-qarab Muxtor Shahanovning nutqini ham tinglar edi.

Malatiyada tashkillashtirilgan kitob ko'rgazmasining rasmiy nomi “Malatiya 5-Onado'li kitob ko'rgazmasi” bo'lib, bu yilgisi Bo'sna-Xersek jumhuriyatining ilk jumhurboshqoni, bo'shnoqlarning afsonaviy lideri Aliya Izzatbegovich xotirasiga bag'ishlanibdi. Ovqatlanar ekanmiz, mezbonlar o'tirganlarga bu afsonaviy qahramon hayoti va faoliyati yoritilgan kitobni tarqatib chiqishdi. “Aliya İzzetbegoviç. Özgürlük mücadelesi ve İslamı yeniden doğuşun sorunlerı” deb nomlangan kitobni uch turk muallif yozgan ekan.

Muxtor Shahanovdan keyin Bo'snadan kelgan, Aliya Izzatbegovichning yaqin odamlaridan bir professor juda chiroyli so'z so'zladi.

Keyin haligi kitobning mualliflari uch yosh turk yigiti sahnga taklif etilishdi. Ularni iqtidordagi Adolat va yuksalish partiyasining Malatiyadagi vakili tanishtirdi, bir oz Aliya Izzatbegovich va kitob haqida gapirdi, so'ng mualliflarga bitta-bitta so'z berdi.

Eski tanishim, Ovro-Osiyo Yozuvchilar birligining rahbarlaridan, “Kardeş kalamler” jo'rnolining yurituvchisi Yoqub Umar o'g'lini shu erda ko'rib qoldim. Totoristondan kelgan bir adib bilan ham shu erda tanishdim…

Xullas, kechki ovqat juda mazmunli va ma'naviy tomondan boy o'tdi.

Mening imzo kunim 11 may soat 13:00 ga belgilangan ekan.

Ko'rgazmaga ancha erta olib kelishdi. Bir oz tomosha qilib aylandim. Odatdagidek, ko'rgazma juda katta va go'zal tashkil etilgan, odam gavjum edi. Ayniqsa, bu erda ham yoshlarning ko'pligi ko'zni quvontiradi. Albatta, balki maktab yo kollejlardan uyushtirib ham olib kelishgandir, muhimi ‒ bolalar shovqin-suron ichida talashib-tortishib kitob sotib olayotgani edi. Harholda, ko'rgazmaga kelganlar bu erdan kitobsiz chiqib ketmas edi.

Ko'rgazmani tashkil etishdan tortib butun Turkiyadan va dunyodan kelgan ijodkorlarning barcha chiqimlari Malatiya baladiyasi (hokimligi) bo'ynida ekan. Keyin bilishimcha 10 may bilan 15 may oralig'ida Malatiyaga 800 (sakkiz yuz)ga yaqin yozuvchi-shoir kelib, bir-ikki kundan turib ketadi. Mehmonxona to'lasicha ijodkorlarga bo'shatib berilibdi. Ikki kishilik xonalarga ham bir kishidan joylashtirishdi. Nonushta mehmonxonada, qolgan ikki mahal ovqat baladiyaga qarashli “Esenlik” oshxonasiga belgilangan. Bular bari shahar baladiyasi homiyligida, kuzatuvi ostida, tartib-intizom bilan tashkil etilgan.

Oshxona mehmonxona bilan bitta maydonda, faqat qarshi tomonida joylashgan. Ikkinchi yoqdan fuarga ham uncha uzoq emas. Maydonning oti Dada Qo'rqut ekan. Qadim turklar hayotidan so'zlovchi Dada Qo'rqut dostonini bilasizlar, eshitgansizlar.

13244818_489535777911347_2383185572489094780_nMaydon tarixiy shaxs nomida bo'lgani uchun “Esenlik” oshxonasiga kiraverishda ikki tomonga buyuk turk saltanatlarini qurgan buyuk insonlarning bosh haykalchalari qo'yilibdi. Ular qatorida Muhammad Xorazmshoh, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi bizning tuproqlarimizdan etishib chiqqan turk podshohlarining ham haykalchalari turibdi. (Albatta, e'tiqodim yuzasidan mening har xil xaykalu haykalchalarga aslo xushim yo'q, bu o'rinda voqelikni tasvirlayapman, xolos.)

‒ “Esenlik” nima degani? ‒ deb so'radim oshxona laganbardoridan. Istanbuldagi “Esenler”, “Esenyurt” atamalariga aloqasi nechog'li ekanini bilib olmoqchi bo'ldim.

‒ Ularga aloqasi yo'q, ‒ dedi laganbardor yigit, ‒ lekin qanday tushuntirsam ekan… haligi, bor-ku… bir erga borilsa esenlik so'raladi…

‒ E-ha, “esonlik” degin. Bizda buni “esonlik” deyiladi! “Eson-omon yuribsizmi?” deb hol-ahvol so'raymiz biz! ‒ deb quvonib ketdim men. Oshxona oti nihoyatda milliy ekani menga yoqdi.

Birpasda til topishib qoldik. Laganbardor yigit yaxshi-yaxshi taomlar keltira boshladi.

Odatda o'zi chekkaroq shaharlar mehmonga katta e'tibor beradi. Malatiya ham bu fuarni shahar hayotidagi ulkan voqea deb qarab, ancha jiddiy tayyorgarlik ko'ribdi. Fuarga kelgan barchaga tashqarida turli-tuman hadyalar ulashildi, shirinliklar tarqatildi, choy-suv berib turildi. Markaziy ko'chaning ikki chetidagi simog'ochlarning har biriga fuarga tashrif buyuruvchi bittadan ijodkorning katta reklam-afishi osilgan. Demak, 800 ta simog'och mehmonlar tashviq matolari bilan bezatilgan!

Ko'rgazma chodirlari shahar baladiya binosi (o'ziga xos me'moriy bir bino)ning shundoq orqasidagi maydonga tikilgan. Bino biqinida esa bir minorali yashil Jome qad ko'targan. Peshinni shu machitda o'qidim. Hokimiyatdagilar ham namozga shu erga chiqarkan. Xonaqoh to'lib namoz o'qidik.

Aytgancha, Malatiyada trolleybuslarni ko'rdim! Lekin bizning ko'zlarimiz o'rgangan bir salonlik emas. Juda uzun. Maskovda qo'sh salonli trolleybuslarni ko'rganman, ammo bu erdagisi eng oxirgi modelda ‒ ko'rinishi juda chiroyli va kamida uch salonli edi. G'iz-g'iz qatnab turibdi.

Shomga yaqin Muxtor og'aning xonasiga (708-xona) kirdim. Bir qavatda yonma-yon turarkanmiz. Yarim soatcha suhbatlashib o'tirdik. Bir-birimizdan yurtlarimiz haqida hol-ahvol so'radik. O'zlarining prezidentlaridan ham ko'ra ko'proq bizning prezidentimizni maqtadi:

‒ Islom Karimov hamma yig'ilishda o'zbekcha gapiradi, zo'r! Bizniki nuqul o'rischa so'ylaydi, ‒ dedi.

‒ Ie, Nazarboev Birlashgan Millatlar Tashkiloti to'plantisida qozoqcha gapirdi-ku! ‒ deb men ham ularning prezidentini “maqtab” qo'ydim.

Muxtor og'a e'tiroz bildirdi:

‒ Chapak uchun shunday qildi, aslida Qozog'istondagi majlislarni doim o'rischa olib boradi, ‒ dedi.

Mavzu Chingiz Aytmatovga burildi. Muxtor Shaxanov Chingiz og'a bilan yaqin do'st-og'ayni edi. Birgalikda kitob ham yozishgan. Jo'shib gapira boshladi. Chingiz Aytmatov haqida alohida bir kitob qilibdi, shuning o'rischa tarjimasini taqdimnoma yozib menga hadya qildi. “Pravdoformula i vosxojdenie na Everest lyubvi. Esse o druge-brate Ch. Aytmatove” deb nomlangan kitob.

‒ Taqdimnomani o'zbekcha yozaman, maylimi? ‒ deb so'radi.

‒ Yozing! ‒ dedim.

So'rab turib, o'zbekcha yozdi. Otimdagi va “hurmat” so'zidagi “h”ni qattiq “x” bilan yozib qo'ydi. Indamadim. Shu xatosi bilan Muxtor og'adan esdalik bo'lib qolsin dedim.

13239232_489536194577972_9150222856549082842_nIkki qozoq yigit Muxtor og'a bilan birga kelgan ekan. Suhbat chog'i bizni suratga olishdi.

Kechki ovqat mahali Iroqning Kerkukidan kelgan turkman yozuvchisi bilan tanishdim. Oti Kamol Bayotli (Kemal Beyatlı) ekan. Birga suratlarga tushdik. Kechqurun xonamga turkcha chiqqan ikkita kitobini chiqartirib yuboribdi. Biri “Kerkük, seni yazdım”, ikkinchisi “Kerkük’te zaman” deb nomlangan, ikkalasi ham Istanbulda 2013 yili bosilgan ekan. Ikkalasiga ham ichiga taqdim so'z yozibdi. Xursand bo'ldim. Xayrli bo'lsin, dedim.

Shunday qilib, bir olam tassurot bilan 12 may kuni bomdoddan keyin Istanbulga qaytish hozirligini ko'ra boshladim.

Biz ikki kishini mezbonlar moshinaga solib qo'nalg'aga olib kelishdi. Hurmatimizni qilib vip-salonga kiritishdi.

Mayda-chuydasigacha aytishimdan murod ‒ Malatiya baladiyasi bu kitob ko'rgazmasiga juda katta ahamiyat berganini bildirishdir.

Olloh rozi bo'lsin hammalaridan.

Inshaolloh, minnatdorlik yuzasidan va kitob uchun kelgusida bu sayohatimni kengaytirib yozaman deb qo'ydim.

Malatiya ‒ Istanbul yo'nalishi bilan uchadigan uchog'imiz erta bilan soat 8:30 larda havoga ko'tarildi.

Nurulloh Muhammad Raufxon

Manba: Facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar