O’zbekiston Xalq Harakati

Erzurumga sayohat

Erzurumga sayohat
24 Mayıs 2016 - 6:00 'da yuklandi va 4113 marta o'qildi.

erzurum_ae415Turkiya manzaralari

17

ERZURUMGA SAYoHAT

Tepaga atay shu sarlavhani chiqardim. “Erzurum” desa, biz adabiyotchilar esiga darrov Aleksandr Sergey o'g'li Pushkinning “Puteshestvie v Arzrum” degan asari keladi.

Erzurum haqida bundan boshqa yana nima bilamiz?

Hamma uchun javob bermayman, o'zimni aytsam, bu nom va bu shahar haqida Pushkinning shu asaridan boshqa deyarli hech narsa bilmayman.

Bu asarni o'qiganimga esa necha zamonlar bo'lib ketdi. Balki talabaligimda darsdan berilgan topshiriq bo'yicha o'qigandirman, anig'i hozir esimda yo'q.

Erzurumga safarim borligini eshitgan hamkasabalarimdan biri ham menga Pushkinning shu asarini eslatdi, uni bir o'qib keyin Erzurumga borishimni tavsiya etdi. Bilganimiz shu-da o'zi.

Shunday qilib, bu galgi safar Erzurum sari edi.

Erzurumga borishimni ancha oldindan bilardim. Kelishganmiz. Hatto oilam bilan ikkimizga uchoqqa chipta yigirma kuncha ilgari olib qo'yilgan. Turkiyaning boshqa shahri Malatiyada o'tadigan Kitob ko'rgazmasiga taklif etilganimni ham bilardim, lekin hali unda kuni aniq emasdi. U bo'ldi-bu bo'ldi, ikkala safarning kunlari ustma-ust to'g'ri kelib qoldi.

Vaziyatni tushuntirganimizdan keyin malatiyalik mezbonlar bir yo'lini topishdi: Erzurumga chipta oldindan olingani va kuni tayin ekanini hisobga olib, Malatiyaga asli belgilangan kundan bir kun burunga ko'chirishdi va qaytish vaqtimni ham Erzurumga uchish vaqtiga moslashdi.

Erzurumga 12 may payshanba kuni soat 13:10 da uchishim kerak bo'lsa, Malatiyadan Istanbulga soat 10:30 larda etib keldim. Menga qulay bo'lgani ikkala shaharga qatnaydigan uchoq ham Istanbulning ikkinchi yirik qo'nalg'asidan ‒ Sabiha Go'kchan qo'nalg'asidan uchar ekan. O'z-o'zidan ma'lum: qo'nalg'adan tashqari chiqmay ikkinchi uchoqni kutib o'tirdim.

Oilam ham qo'nalg'aga etib keldi va ikkimiz “Erzurum, qaydasan?!” deb yo'lga tushdik.

13256423_490621051136153_1327691955735909457_nErzurum…

Erzurum ‒ Turkiyaning bir eli (viloyati). 2015 yilgi ma'lumotga ko'ra, 762.321 aholisi bor. Sharqiy Onado'li bo'lgasining eng katta viloyati. Dengiz yuzasidan 1900 metr balandlikda joylashgan. Turkiyada sovuq iqlimli viloyatlardan biri. Qishi qattiq keladi, qor ko'p yog'adi va uzoq turadi, deb eshitganman.
Uchoqda shaharga qo'nayotganimizda tepadan ham ko'rindi: tevaragi aylanasiga qorli tog'lar bilan qurshalgan bir vodiy ekan.

O'zi Turkiya iqlim jihatidan ajib bir o'lka ‒ bir paytda to'rt faslning belgilarini ko'rsa bo'ladi: bir tomonida qish bo'lsa, ikkinchi tomonida bahor, daraxtlar gullagan, g'irt janubida yoz desa ham bo'ladi. Hatto cho'milish mumkin.

Masalan, Istanbul bozorlariga Mersin tomonlardan pishgan o'rik kirib kelganiga bir oycha bo'ldi, og'zimiz bu yangilikka tegdi, Erzurumda esa endi g'o'ra bo'la boshlabdi! Malatiya Erzurumga yaqin, lekin janubroqda joylashgani uchun u erning o'riklari Mersin bilan Erzurumdagi holatning o'rtasida. Ya'ni, hali pishmagan, lekin g'o'ralikdan ancha o'tib ketgan.

Erzurum juda eski makonlardan. Bu erda qachonlardan beri odam zoti yashab kelayotganini hatto tarix bilmaydi. Ya'ni, qadimdan odam erlashgan makon. Shuning uchun shaharda tarixiy yodgorlik ancha-muncha.

Qori ko'p va uzoq turadigan bo'lganidan qishki sport o'yinlariga xoslangan qurilishlari ko'p ekan.

Hudud kattaligi (25.066 km2) bo'yicha Turkiyada 3-o'rinda turadi. Asosiy tirikchiligi bog'dorchilik va chorvadandir.

Manzil olis, avtobus yo'li bilan hisoblasa Istanbuldan Erzurumgacha 1500 chaqirim deyishgan edi, uchoqdagi ekran 1090 chaqirim deb ko'rsatdi. Demak, uchoq avtobusga qaraganda to'g'riroq yo'ldan ucharkan-da. Havo yo'lida muyulish kam albatta! Qarang, ilonizi yo'llar hisobiga bir manzil asli masofasidan naq 400 chaqirim ham uzoqlab ketish mumkin ekan!

Xullas, to manzilga etgunimizcha vaqt bekor o'tmasin deb Erzurum haqida o'rganganlarimni sizlar bilan o'rtoqlashib ketgim keldi. O'rtada uchoq xizmatchilari choy yo qahva bilan sandvich yo kek berishadi, o'shanda bir oz tanaffus qilib olamiz. Ungacha…

Manbalarda Erzurumning ilk oti Sharqiy Rum imperatori II Teodosius (II. Theodosius: 408-450)ning otiga aloqali “Teodosiopolis” (Theodosiopolis) bo'lgani aytiladi.

Armanilar esa bu erlarni “Karin” deb atashardi. Rumliklar istilosidan burun Erzurum joylashgan erda armanilar “Karin” deb nomlagan bir shahar bo'lgani yozma manbalarda uchraydi.

Balozuriy (Belâzürî) ismli olim yozishicha, bo'lga hokimining o'limidan keyin o'rniga taxtga chiqqan Kali (Kali) otli xotini qurgani uchun shahar Kalikala (Kalikale) deb atalgan, keyinchalik arablar uni “Qaliqal'a” deyishgan.

XI asrdan so'ngra turklar “Theodosiopolis”ni “Erzen” (Erzen) deb o'zgartirishgan. Saljuqli sultonlar bostirgan tangalarda shaharning oti “الروم ارزن” (Erzenü’r-Rûm), “ارزن روم” (Erzen-i Rûm) va “ارز روم” (Erz-i Rûm) shakllarida yozilgan. Keyinroq bu nom Arzi Rum (Arz-ı Rûm ‒ ارض روم – ارضروم) shakliga kirgan va oxir-oqibatda bugungi Erzurum (Erzurum) shaklini olgan.

“Hudûd el-âlem” degan kitobda yozilishicha, shaharning mustahkam bir qal'asi bo'lgan, uni har tomondan kelgan askarlar navbatma-navbat qo'rishgan; shaharda savdogarlar ko'p bo'lgan…

Bir yarim soatdan ortiqroq uchib, nihoyat uchoqdagi xizmatchilar shaharga etganimizni, qo'na boshlaganimizni e'lon etishdi. Teparoqda aytganimdek, ancha payt qorli tog'lar uzra uchdik va oxirida aylanasiga tog' bilan qurshalgan yashil vodiyga kirdik. Taxminimcha, uchog'imiz shahar yonboshidan o'tib ketdi. Picha olislab, so'ng orqaga qayta boshladi.

Va nihoyat Erzurumga qo'ndik.

Mezbonlar bizni kutib turishgan ekan, salom-alikdan so'ng shaharga yo'l oldik. Qo'nalg'a shahardan uncha uzoq emaskan, tez etib keldik. Qaysidir ko'chalaridan yura-yura, qadim qal'aning qoldig'iga o'xshab qurilgan tosh ark-darvoza qarshisiga keldik.

13230322_490620224469569_8884476132157917806_n‒ Universitet kampusiga etdik, ‒ dedi moshinani haydab kelgan yigit. (Keyin ham doim shu yigit bizga xizmat qildi. Juda olim, dunyoqarashi keng, O'zbekistonni yaxshi ko'radigan yigit ekan. Bolalarini ham havas qilsa arzigulik qilib tarbiyalagan. Olloh rozi bo'lsin.)

Ark tagidan kirishda to'siq qo'yilibdi. Moshina yaqinlashganida o'zidan-o'zi ko'tarildi. Hayron bo'lganimni sezib haydovchi old oyna tepasiga o'rnatilgan kichik bir moslamaga ishora qildi:

‒ To'siqdagi moslama moshinadagi mana shu narsani “taniydi”, keyin qo'yib yuboradi, ‒ dedi.

Universitetga qarashli ikkita Qo'noq uyi (Konak evı) bor ekan, bizga joy 2-Qo'naq uyidan ajratilibdi. Joylashdik.

‒ Bu Qo'noq uylariga chekkadan ham mehmon olinadimi? ‒ deb so'radim.

Faqat universitet mehmonlariga mo'ljallangan ekan. Hayratlandim. Chunki ikkita katta mehmonxona bo'lsa!.. Bularga chekkadan birov qo'yilmasa!..

‒ Universitetning o'z mehmonlari bo'lmagan paytlari bo'sh yotaveradimi?

‒ Bizda doim mehmon bor, ‒ deb izoh berdi mezbon yigit. ‒ Sizga ham joyni 20 (yigirma) kun oldin siporish berganmiz…

“Uxx!” deb qo'ydim.

Kampus to'g'risida alohida bilgi bermasam bo'lmaydi.

Tasavvur qiling: Toshkentdagi Talabalar shaharchasi. Undan ikki-uch baravar katta bir hudud aylanasiga shahardan ajratilgan. Shahar ichida shahar deysiz.

Turkiyada ko'p universitetlarning mana shunaqa kampuslari bo'ladi. Erzurumdagi Otaturk universiteti ham mamlakatda eng yirik ilm dargohlaridan biri o'laroq, kampusi o'ziga yarasha juda katta edi. Hududida 6 (olti)ta Jome machiti(!) borligining o'zi sizlarga bu makonning miqyosini tasavvur ettirsa kerak deb o'ylayman.

O'qituvchisiyu supiruvchisigacha qo'shib hisoblaganda Universitetdan oylik olib ishlaydigan 10000 (o'n ming) xodim bor ekan. O'qituvchi-ustozlarning deyarli hammasi kampus chegarasida qurilgan ko'pqavatli uylarda (u uylar “lojman” deb ataladi) yashaydi. Talabalarning barcha yotoqxona (yürt)lari, bulardan tashqari, do'konlar, banklar, oshxonalar, kasalxonalar… qo'yingki, katta bir shaharda qanday maishiy xizmat turi bo'lsa hammasi borligi kampusni chindan ham bir shahar holiga keltirgan edi.

Aytgancha, talabalarning sonini aytmabman. Universitetda hammasi bo'lib 200.000 (ikki yuz ming) talaba o'qirkan! Adashmadim, chindan shuncha! Bundan qirq mingi kunduzgi, yigirma mingi kechki, qolgan bir yuz qirq mingga yaqini sirtqi bo'limlarda ilm olisharkan!

‒ Shahar aholisi qancha? ‒ deb so'rasam.

‒ To'rt yuz mingdan ko'p, ‒ deyishdi.

‒ Shundan ikki yuz mingi talabami? ‒ dedim hayratlanib.

‒ Yo'q. To'rt yuz mingning ustiga bu, ‒ deb javob qilishdi. ‒ Sirtqilar yilda ikki bor keladi, ularni hisoblamaganda shaharda ‒ kampus hududida bir kunda 60.000 (oltmish ming) talaba bor deb hisoblayvering!

‒ Turkiyaning boshqa erlaridan ham talabalar bormi? ‒ deb so'radim. Xayolimda Erzurum viloyati va yaqinidagi viloyatlardangina o'quvchilar keladigandek edi.

‒ Butun Turkiyadan o'quvchimiz bor, ‒ dedi ustozlardan biri. ‒ Nafaqat Turkiya, dunyoning 76 (etmish olti) mamlakatidan talaba ilm oladi. Afriqodan ham, Amrikadan ham, u yog'i Ovrupayu bu yog'i butun Sharq mamlakatlaridan talabalarimiz bor. Bitta O'zbekistondan yo'q, lekin Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan ancha bolalar o'qiydi. O'zbeklar ham bor, lekin ular Turkmaniston va Afg'oniston o'zbeklari…

O'qituvchi-ustozlarning maoshlari, lojmandagi uy ijara haqlari bilan qiziqdim. Do'chent (dotsent) masalan 6000 lira (2000 do'llardan ko'proq) oylik olarkan, uch xonali uy uchun shundan 600 lirasini (200 do'llardan sal ko'proq) o'tar ekan. Professor ish stajiga qarab 8000 lira va undan ko'p olarkan.

Uylari kampus ichida bo'lgani uchun o'qituvchilar fakultalarga piyoda borib kelisharkan.

Oshxona narxlari shahardagidan ancha arzon emish. Masalan, talaba ikki yarim lira(80 sent)ga birinchi-ikkinchiyu non-choy, ayron olib qornini to'yg'azishi mumkin. Shaharda shuncha emakka o'rtacha hisoblaganda kamida o'n-o'n besh lira ketadi. Shundan taqqoslab olavering. O'qituvchilar uchun ovqat bir oz qimmat ekan, chunki ular oylik olishadi-da. Yana bir qiziq tomoni ‒ o'qituvchi ustozlarning ham lavozimi va oylik maoshi miqdoriga qarab ovqat va u ijara narxlari o'zgacha belgilangan ekan. Bir xil taom do'chentga to'rt liraga berilsa, professorga to'rt yarim liraga beriladi.

Talabalar to'rt yuz liradan boshlab, maxsus burslilar mingdan ortiq liragacha stipendiya (burs) olisharkan.
‒ Pul to'lab o'qiydiganlari ham ko'pdir? ‒ deb so'radim.

Albatta, ko'plari bizdagi til bilan aytganda shartnoma asosida (pulli) o'qirkan. Lekin bitta farqi ‒ davlat talabaga shartnoma pulini qarzga berib turarkan, o'qishni bitirganidan keyin ham uch yilgacha qarzini qaytarishni talab qilmay turarkan. So'ngra sobiq talaba ishga kirsa, asta-sekin maoshidan to'lab u qarzini uzib yuborarkan.

Universitetda deyarli barcha soha bo'yicha fakultalar bor deyishdi: qishloq xo'jaligi ham, sanoat ham, tibbiyot ham, tarixu adabiyot ham, xullas, burcha yo'nalish bo'yicha ta'lim olish mumkin ekan.

Kasalxona dedik. Kampus ichidagi kasalxona obro'yi balandligidan qo'shni viloyatlardan ham kasallar kelib davolanarkan. Pulli, albatta. Katta tish do'xtirxonasi ham ishlab turibdi.

Universitetning xazinasi ikki tarmoqdan tashkil topadi deyishdi ‒ yarmini davlat ajratarkan, qolgan yarmi vaqf erlariyu do'konlar, banklar va hokazo qo'shimcha xo'jaliklardan tusharkan.

Dekan o'rinbosari aytishicha, shahar xazinasidan universitet xazinasi kattaroq emish hatto.

Juma namozini o'qituvchilar bilan birga tarixiy Ulug' Jome (Ulu Samii) o'qidik. Bu jomeni Saljuqiy sulton qurdirgan ekan. Me'morligi judayam o'ziga xos.

O'zi saljuqiylar Turkiyaning bir necha shahrida shu nomda machitlar qurgan. Bittasini Bursada ko'rganman, u ham juda bo'lakcha edi. Takrorlanmas. Muhtasham.

O'shalardan bittasi Erzurumda ekan. Bu ham muhtasham. O'rtadan kirilganida kengroq, ikki tomonida yana shunaqa yo'laklardan uchtadan lekin torroq yo'lak bor. Hammasi bo'lib etti bo'ldak-yo'lak. Chap tomonida bir ustun oralig'i ayollarga ajratilgan.

Imom arabcha xutbani juda chiroyli qildi, tilni bilishi sezilib turibdi. Namozni ham toza arabcha tajvid bilan o'qib berdi.

Jumadan keyin Turkiya yozuvchilar birligi Erzurum bo'limida mahalliy ijodkorlar bilan suhbat belgilashibdi, mezbon meni o'sha yoqqa olib bordi. Bir yarim soatcha chiroyli suhbat qurdik. O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi haqida, a'zolari, ish yuritish tizimlarimiz haqida gapirib berdim. Ayniqsa, Yosh ijodkorlar bilan ishlash bo'yicha alohida rais o'rinbosari borligini eshitib, bo'lim mudiri hayratini yashira olmadi:

‒ Yaxshi ekan! ‒ deb qo'ydi.

Sovet davrida yozuvchi-shoirlarga berilgan qalamhaqlar to'g'risida gapirganimda-ku, o'zini tashlab yuborishiga sal qoldi. O'zi shoir ekan. Uchrashuvga kelganlardan yana biri ham shoir ekan. Ikkalasi ham kitoblaridan hadya qildi.

‒ Bizda ijod xobbi, bu bilan tirikchilik qilib bo'lmaydi, ‒ dedi xo'rsinib.

‒ Bu masalada biz ham sizlarga etib oldik, ‒ dedim men ham kulib.

Asosiy uchrashuv 13 may juma kuni soat 17:00 ga belgilangan edi. Universitet rektorligi binosida joylashgan Madaniyat markazi zallaridan biri ‒ Moviy salon ajratilgan ekan. Asr namozini Adabiyot fakultasida o'qib etib kelganimizda salon talabalar bilan liq to'la edi. Ko'ngilni bir oz vahim bosdi.

‒ Nechta odam bor? ‒ deb so'radim mutasaddidan.

‒ Uch yuz ellik o'rinli, ‒ dedi u.

‒ Buncha odam shartmidi? Oldinroq aytganingizda men shunga yarasha tayyorlanar edim, ‒ deb qo'ydim.

Chindan ham men bir sinf xonasida konferans bersam kerak deb o'ylagan edim.

13245263_490620367802888_11137309806004583_nLekin, Ollohga shukr, tez orada odamlarning ko'pligini ham unutdim. Mezbonlarning samimiyati ko'nglimdagi taraddudni birpasda aritib yubordi. Yig'ilganlarga qisqacha tarjimai holimni aytishga tayyorlangan turk yigiti marg'ilonnusxa do'ppi kiyib olgani ayniqsa muhitni darrov qadrdonlashtirib qo'ydi.

Tafsilotini aytib o'tirmayman. Qirq besh daqiqacha o'zbek adabiyoti, dardi-qayg'usi, mavzularimiz, yangicha izlanishlar, sovet davri va hozirgi davr adabiyotimiz, yoshlar ijodi va hokazolar haqida so'ylab berdim. O'zbekcha. Tushunyaptimikan ishqilib deyman. Universitetda chog'dosh turk tillari va adabiyoti bo'limi borligini, talabalarning ko'pi shu bo'lim o'quvchilari ekanini aytishgan, o'zbekcha gapiravering deyishgan edi. Harholda tezda til topishib oldik. Hatto uch-to'rt marta gulduros chapaklar ham bo'lib ketdi. Rayhon ismli bir qiz “Etakdagi kulba” hikoyam bo'yicha juda nozik savollar berdi. Afg'on o'zbeklaridan biri vatanlarimiz orasida aloqalar bog'lash haqida go'zal so'zladi.

Men sira kutmaganim ‒ bu erda kitobimni deyarli hamma ishtirokchi sotib olgan ekan va hammalari imzo chektirishdi. Qirq besh daqiqacha gapirgan bo'lsam, yana o'shancha vaqt imzo chekishga ketdi. Ayrimlar hatto oilamga ham qo'l qo'ydirib olishdi. Undan keyin ham ko'plar tarqamay, rosa rasmga tushdik.

Fakulta dekanati kichkinagina kechki ovqat uyushtiribdi. Dekan o'rinbosari, kafedra mudiri va bir do'chent yigit bilan birga universitet prorektori ham qatnashgani men uchun yana bir kutilmagan ish bo'ldi. Shu erda domlalardan biri qiziq bir gap aytib qoldi:

‒ Shahrimizga ramazon oyi keling, muhit juda bo'lakcha bo'lib ketadi. Deyarli hamma ro'za tutadi. Tutmaganlari ham ko'chada bir narsa emaydi. Shaharda bironta ochiq oshxonani ko'rmaysiz!

(Chindan shunday ekan. Istanbulga qaytib kelganimdan keyin bir turk ishchisi bilan Erzurum haqida gaplashib o'tirganimizda: “Erzurumliklar imoni mustahkam, mard odamlar. Dunyoning biron erida islomiyatga tegishli biron salbiy harakat sezilsa, birinchi bo'lib erzurumliklar albatta munosabat bildiradi!” deb qoldi.)

Shu damgacha Turkiya bo'ylab o'tayotgan uchrashuvlarimizning cho'qqisi bo'ldi o'ziyam Erzurum uchrashuvi! Olloh rozi bo'lsin tashkilotchilardan!

Ertasi ertalabdan asrgacha Erzurumdan 120 chaqirim naridagi sharsharaga bordik. Baland tog'lar oralab, daralardan o'tib borar ekanmiz, bu erlar o'zimizning Toshkent ‒ Qo'qon dovonini eslatib yubordi. Tog' oralaridagi qishloq (ko'y)lar… Ayniqsa teraklar!.. O'zbekiston deysiz! Turklar terakni “kabak” derkan. Xuddi o'zimizning mirzaterak!

Yo'lda chap tomonda tarixiy cherkov bor degan ko'rsatkichni ko'rib, mezbonlardan bu nima deb so'radim. Bu atroflarda qadimdan gurjilar yasharkan, o'shalarning ota-bobolaridan qolgan obida deb tushuntirishdi.

‒ Nasroniy gurji qolmagan, eskidan hammasi musulmon bo'lib ketgan, faqat, bu obida saqlangani uchun endi bu erga hozirgi Gurjistondan ziyoratchilar keladi, o'shalar uchun ko'rsatkich qo'yilgan, ‒ deyishdi.

13254045_490620607802864_3987234890728611957_nAjib. Gurjilar o'zi bo'lakcha xalq. Dindoshlaridan ko'ra biz turklarga yaqinlik his etadi. Armanilardan farqi ‒ gurjilar orasida Islomni qabul etganlari ham ko'p. Turkiyadagi gurjilar-ku, deyarli hammasi musulmon. Yaqinlrdagi Turkiya bilan O'rusiya orasida yuzaga kelgan qaltis vaziyatda ham Gurjiston davlat o'laroq Turkiyaning yonini oldi. Ozarboyjonning Tog'li Qorabog' masalasida Armaniston bilan munosabati keskinlashganida Ozarboyjonning yonini olib chiqdi! Bo'lmasa, o'risu armaniyu gurji hammasi pravoslav hisoblanadi, bir dinda!

O'rni kelib qoldi, Erzurumda ilgari yashagan armanilar haqida so'radim. Hozir bu erlarda armani qolmabdi.

‒ Armanilarni hech tushunib bo'lmaydi, ‒ dedi haydovchilik qilib kelayotgan olim yigit. ‒ Bir umr birga, yonma-yon yashaydi, lekin qachon o'ris bostirib kelsa, darrov ular tomonga o'tib oladi, xiyonat qiladi. Shahar uch marta o'risning qo'liga o'tgan bo'lsa, hammasi armanilarning xiyonati bilan yuz bergan. Oxirgi natijani bilasiz: nihoyat sultonning sabri qolmadi, ularni jazoladi ‒ ayrimlarini o'ldirtirdi, qolgan-qutganini bu erlardan haydadi. Hozir shaharda ham, viloyatda ham armani yo'q. Ha, aytganday, bitta armani bor, u ham bo'lsa, O'rusiyaning Erzurumdagi konsulini armani deyishyapti… Uyam hozir fitna qilib, Erzurumda Pushkin muzeyini ochsak deb yuribdiymish. Menimcha, baladiya bunga ruxsat bermasa kerak…

(O'rusiya bosqinchilariga qarshi urushda turklar o'rislarning ikkita og'ir to'pini o'lja olishgan ekan, Nene xotun tepaligida u to'plardan bittasining yonida esdalikka suratga tushdim. Nene xotun hikoyasi alohida mavzu. Go'zal qahramonlik dostoni desa bo'ladi!)

‒ Pushkinning “Erzurumga sayohat” degan nasriy asari bor, shunga aytayotgandir-da. Bilasizlarmi? ‒ deb so'radim men.

‒ Bilamiz. Lekin yoqtirmaymiz. Chunki Pushkin Erzurumni yaxshi tasvirlamagan…

Sharsharadan yana 150 chaqirim shimolga qarab yurilsa, bir tomoni Ozarboyjonning Naxchivoni, ikkinchi tomoni Armaniston bilan chegaraga chiqilarkan.

‒ Iy, SSSRga yaqinlashib qopmiz-ku, ‒ deb hazillashdim.

Demak, bu tog'lar Qofqoz tog'lariga ulanib ketgan bo'lsa kerak.

Eski adabiyotlarda forschasiga “Ko'hi Qof” deb atalgan tog'lar turkchasiga “Qofqoz” deb atalgan, uni o'rislar tiliga moslashtirib “Kavkaz” deb olgan…

Asr vaqtlarida shaharga qaytdik.

Bir joyda qizil chiroqda to'xtab turganimizda olim yigit oldindagi moshinaning orqa oynagiga ishora qildi. Boqdim. Qarasam, to'rt qator nimadir yozib qo'yilibdi. Endi o'qiyman deganimda yashil chiroq yonib, u eski moshina yurib ketdi. Rasmini olaman deb tilponimni hozirladim. Bizning haydovchimiz ham shosha-pisha moshinasini haydab orqasidan etib oldik. Shunda o'qidim:

“Üç tarafı denizlerle, dört tarafı hainlerle dolu ülkemizi Sen koru Allahim! (Uch tomoni dengizlar-la, to'rt tomoni xoinlar-la qurshalgan o'lkamizni, ey Olloh, O'zing qo'ri!)” deb yozib qo'yilibdi! Turklardagi vatanparvarlik juda boshqacha-da!

Tezda bir-ikki marta suratini olib qo'ydim.

Sharsharaga safarimizga ham, umuman, uch kunlik Erzurum safarimizga ham mana shu yozuv go'yo so'nggi nuqta bo'lib qo'yilgan edi.

“Ey Olloh, uch tomondan dengizlar, to'rt tomondan xoinlar bilan qurshalgan Turkiyani panohingda asra!” deb qo'ydim men ham ichimda.

Qorong'u tushguncha bir oz eski shaharni aylandik. Saljuqiylardan qolgan me'moriy yodgorliklarni ko'rdik. Qaysidir bir Saljuq sultoni qurdirgan madrasani tomosha qildik. Me'moriy echimi bizning me'moriy echimlarga o'xshab ketadigan, Usmonli me'morligidan tom boshqa bino edi. Ta'mirlanyapti ekan, yaqiniga borib bo'lmadi, shuning uchun yozuvlarini o'qiy olmadim. So'ngra shu yaqin oradagi bir qal'aga o'tdik. Afsus, kech qolibmiz, yopiq ekan, kira olmadik.

13256474_490620924469499_6054743296703678229_nErtasi kun yarimlarida Istanbulga qaytish uchun qo'nalg'a sari yo'lga otlanarkanmiz, bizga uch kun mezbonlik qilgan olim ukamiz haqiga chiroyli duolar qildim. Shahardan chiqayotganimda:

‒ Kelgusida, Olloh nasib etsa, katta bir “Erzurumga sayohat” degan asar yozaman! ‒ dedim.

‒ Inshaolloh, ‒ dedi mezbon.

Ketidan qo'shib qo'ydim:

‒ Ammo-lekin Pushkindan yaxshi yozaman!

Albatta, Pushkin buyuk shoir, lekin Erzurumga do'st shoir emas. Men esam do'stman. Meni iliq… iliq ne, qizg'in kutib olgani uchun bir umrga qadrdon bo'lib qoldim. Yozaman, inshaolloh, yaxshi yozishga harakat qilaman.

Nurulloh Muhammad Raufxon

Manba: Facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar