O’zbekiston Xalq Harakati

“Ularning faqirliklarini siymolaridan bilib olasiz…”

“Ularning faqirliklarini siymolaridan bilib olasiz…”
25 Mayıs 2016 - 6:00 'da yuklandi va 1629 marta o'qildi.

Russia-Uzbekistan-Bukhara-Building-Scene-with-People-OldAbdurauf FITRAT

NAJOT YO'LI

(40-qism)

Endi faqirlik qoralanganligini bilganimizdan so'ng sarvat tahsiliga mashg'ul bo'lishimiz lozim. Bas, shunday ekan, sarvat tahsili uchun qaysi yo'l shar'iy va munosib, qaysi yo'l esa g'ayrishar'iy va nomunosibligini bilib olishimiz zarur. Ma'lumki, sarvatga erishishning juda ko'p yo'llari bor.

Lekin ularning hammasi ham shar'an durust emas. Shar'an durust va munosib yo'l say' va harakat qilishdir. Say' va harakati bo'lmagan yo'l esa aqlan va shar'an haromdir. Chunonchi, ribo mas'alasiga kelganda arz qilgan edikki, ribo, o'g'rilik va qimorbozlik ham sarvatga erishishga kiradi. Lekin say' va harakat bo'lmaganligi uchun harom hisoblanadi.

Gadoylik ham sarvat topishning bir yo'liga kiradi, lekin unda ham say'-harakat yo'q ekan (shar'iy uzri bo'lmasa), haromga kiradi. Gadoylik ikki xil bo'ladi: birinchi xili barchaga ma'lum bo'lib, bizning gadoylarimiz kabi eshikma-eshik, do'konma-do'kon yurib narsa topadilar. Bu xildagi gadoylik, agar shar'iy uzri bo'lsa, joiz va harom hisoblanmaydi. Bu xil gadoylikning shar'iy uzrlarini hazrati Hakimi mutlaq Qur'oni karimda bayon qilib qo'ygan: «(Sadaqot-ehsonlar) Allohning yo'lida to'silgan (ya'ni, o'zlarini ushlagan) biror erga safar qilishga qodir bo'lmaydigan, qanoatlari sababli bilmagan odamga boy-badavlat bo'lib ko'rinadigan kambag'allar uchundir. Ularning faqirliklarini siymolaridan bilib olasiz…»251

Bu oyati karima gadoylik besh holatda joiz bo'lishligini ma'lum qiladi:

1) gadoy nafsini shu qadar Alloh yo'lida sarflaganidan qo'li ishga bormasa;

2) koru kasb va safar qilishga ham iloj-imkoni bo'lmasa;

3) hech kimdan ta'ma qilmasa, hatgo odamlar uni mulki bor deb o'ylasalar;

4) uning muhtojligi tilidan emas, balki ahvolidan, rangi-ro'yidan ko'rinib tursa;

5) odamlarni gadoylik qilib bezor qilmasa.

Kimda shu beshta shart bo'lsa, gadoylik qilishi joiz va harom qilinmagandir, unga narsa berish savobdir. Hazrati Payg'ambar mazkur oyati karimani quyidagi hadislar bilan tafsir qilganlar: «Sendan bir-ikkita xurmo va bir-ikki luqma olgan odam miskin emas. Miskin odamlardan biror narsa istamaydigan odamdir».

«Ey musulmonlar, gadoylik uch toifa kishilarga halol qilingan. Birinchisi, amri xayr, solih amal uchun odamlarning yordamiga muhtoj bo'lsa. Odamlardan narsa, pul talab qilib, etarli miqdorni yig'ib bo'lgach, o'sha savob ishga sarflab, keyin gadoylikni tark etsa. Ikkinchi toifadagi odamning molu mulki talon-toroj qilingan bo'lsa, u ham faqat zaruriyat chegarasida gadoylik qilishi mumkin. Uchinchi toifadagi odam nihoyatda faqir bo'lsa va qavmidan uch kishi uning faqirligiga guvoh bo'lsa, unga ham gadoylik halol qilingan. Ey musulmonlar, shu uch xil gadoylikdan boshqasi harom va uning sohibi haromxo'r hisoblanadi».

«Har kim mol yig'ish niyatida gadoylik qilsa, uning shu yo'lda topgan moli xoh kam, xoh ko'p bo'lsin, qiyomatda otashga aylanib, unga azob beradi».

Gadoylikning ikkinchi xili shu qadar ustalik va mohirlik bilan ijro etiladiki, bu xildagi gadoy ko'chadagi tilanchilardek obro'yini to'kib yurmaydi, lekin o'zining insonlik sharafini poymol qiladi. Baxtga qarshi bu xildagi odamlar mamlakatimizning har bir go'shasida, xususan, Buxoroda ham ko'plab uchraydi. Juda ko'p e'tiborli odamlarimiz andak foyda uchun birovlarning ostonasini tunu kun sajdagohga aylantirib olganlar. Xususan, ba'zi ulamoyu mashoyixlarimiz qozi va qushbegilarning nimtabassumi uchun o'zlarining yigirma yillik tahsil va ibodatlarini sotib yuboradilar. Bular islom shariatiga muxolif shaxslardir. Islom dini sarvatga erishish uchun har kimga bir yo'l ko'rsatgan, u ham bo'lsa say'-harakatdir. Ta'magirlik va niqoblangan gadoylikni islom dini man' etgan…

Shu erda yana Imom Muslim va Imom Buxoriylar to'plagan hadislardan misol keltiramiz: «Nafsim uning qudrati qo'lida bo'lgan Zot bilan qasamki, birovning sizdan arqon olib, o'tin terib, uni orqalab kelib sotgani odamlardan narsa talab qilganidan ko'ra yaxshiroqdir».

«Agar gadoylikning gunoh ekanligini bilganingizda edi, gadoylik qilmas edingiz».

«Menga odamlardan narsa talab qilmayman, degan ahdni bergan odam uchun men ham jannatni o'z zimmamga olaman».

Endi biz gadoylikning harom ekanligini tushunib etganimizdan keyin sarvat hosil qilish uchun ham munosib va shar'iy mumkin bo'lgan yo'l borligini bilib olishimiz kerakki, bu yo'l say'-harakat yo'lidir. Bu yo'lni iqtisodiyot lafzida san'at deb atash mumkin.

Insoniyat olamida bu xildagi san'atning etti turi mavjud:

1) ixroj (er osti boyliklaridan foydalanish) san'ati;

2) ziroat san'ati;

3) a'mol (kasbu kor);

4) tijorat;

5) naqliyot san'ati;

6) turli xil san'atlar;

7) shaxsiy xizmatlar.

(davomi bor)

251.Kur'oni karim, Baqara surasi, 273-oyat.
Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort