O’zbekiston Xalq Harakati

Biz ayollarimizga ilohiy amrlarga muvofiq muomala qilamizmi?

Biz ayollarimizga ilohiy amrlarga muvofiq muomala qilamizmi?
18 Haziran 2016 - 6:00 'da yuklandi va 2188 marta o'qildi.

MN12chalaAbdurauf FITRAT

NAJOT YO'LI

(48-qism)

Hayotning muqarrar qonunlari jumlasiga har bir va zifaning haqqi, har bir xizmatning mukofoti bo'lishi shartligi kiradi. Ya'ni har kimning menga nisbatan vazifasi bo'lsa, mening zimmamda u uchun haq ham bo'lishi lozim. Oydinroq qilib tushuntirsam, har kim menga xizmat qilib, foyda keltirsa, ajr va mukofotini ham talab qiladi.

Bu qonun benuqson, komil qonun bo'lib, ilohiy adolatga muvofiqdir. Unga xilof borish zulm bilan barobar bo'ladi. Bas, shubha qolmadiki, bizga sanoqsiz xizmat ko'rsatib foyda keltirgan ayollarga biz ham muko fotlarini berishimiz kerak, hurmatlarini qilib, ularni xushnud qilishimiz shart. Chunonchi, bizga bu Hazrat vojib taolo tomonidan Qur'oni karimda amr qilingan:

«…Va yaxshi amallarda ular (ayollar) uchun zimmalaridagi erlari oldidagi burchlari barobarida huquqlari ham bor»256.

«Erkaklar xotinlari ustida rahbardirlar»257.

Birgina shu oyatning ahamiyati shunchalik kattaki, uning tafsiri bir kitobga sig'maydi. Farang ulamolari va hukamolari yuzlab kitoblar yozib, eru xotin huquqlari xususida shu oyatdan ham qat'iyroq biror-bir qonun o'ylab topganlari yo'q.

Ha, xotinlar barcha huquq va vazifalarda bizlar bilan barobardirlar. Siz agar: «Yozgan shu oyatingdan rayosat haqqi erkaklarga berilgan ekan, qanday qilib ayollar biz bilan barcha huquqda barobar bo'larkan?» – dersiz. Garchi rayosat va sardorlikning nomi ulug' bo'lsa ham, lekin haqiqatda mehnat va mashaqqatdan o'zga narsa emas. Bir jamoatning raisi va sardori o'sha jamoatning xizmatkori degan gapdir. Qo'y cho'pon uchun emas, balki cho'pon qo'yning xizmatidadir. Bir jamoatning raisi Alloh tarafidan o'ziga tobe'larni saodat yo'liga boshlash uchun bu yo'lda ularning boshiga tushadigan turli qiyinchiliklarning barini o'z zimmasiga olishga ma'mur etilgan. Rais Alloh tarafidan unga tobe'larning osoyishta va tinchligini ta'minlashga mahkum etilgan. U tobe'lariga etadigan har bir zararning oldini olish uchun harakat qilishga ham shar'an, ham aqlan majburdir. Bir jamoatning boshiga tushadigan har bir kulfat, balolar uchun rais ham odamlar oldida, ham Alloh oldida mas'ul bo'lib, hisobot beradi.

Odamiyatning latif qismi bo'lmish ayollar, albatta, bu qadar qiyinchiliklarga toqat qilolmas edilar. Shularni e'tiborga olgan holda Alloh rayosat haqqini erkaklarga bergan. Agar diqqat qilsak, aslida bu ayollarga ko'rsatilgan buyuk mehribonlikdir, ularning baland darajalariga dalildir. Endi o'zimizga savol bersak: biz ayollarimizga ilohiy amrlarga muvofiq muomala qilamizmi?

Hayhot… Bizning ayollarimizga qilayotgan muomalamiz islom ta'limotiga butunlay ziddir. Odamlar o'z hayvonlariga ravo ko'rmagan jabru zulmni biz ayollarimizga qilamiz. Er yuzida eng beqadr maxluqlar bizning mamlakatimizdagi ayollardir. Bu latif xilqatlar elkalaridagi shuncha xizmatlariga qaramasdan, tahqiru dashnom va kaltak zarbi ostida qolganlar. Bizning mulkimizda «xotin» degan so'z turli zulmu sitamga va bemuruvvatlikka loyiq bo'lib qolgan. Biz bu latif jinsni, bashariyatning muborak bir qismini dunyodagi barcha fasodlarning sababi, jahannam o'tini deb hisoblaymiz.

Diqqat qiling-a, Iso Masihning eshagini258, ashobi Kahfning itini259 va Solih Payg'ambarning tuyasini260 jannatiy deb hisoblagan holda xotinimiz bechorani jahannam otashi deb sanaymiz. Ya'ni onalarimiz bo'lmish ayollar guruhini to'rt oyoqlilardan ham pastroq ko'ramiz. Soddalik va xabarsizlikni ko'ringki, shu fe'l-atvorimizni shariatga muvofiqdeb o'ylaymiz. Afsus… ming marta afsus, mubin islom dini bu xildagi zulm va bedodlikdan pok va xolidir. Islom dini erkagu ayolni barcha huquq va vazifalarda barobar qildi, faqat riyosat xizmatini erkaklarga qoldirdi, ya'ni erkaklarni ayollarga posbon qildi. Islom dini bizni doimo bunday noshoyista xatti-harakatlardan man' qiladi. Yuqorida misol keltirilgan oyat va hadislar shu muddaomizning isboti bo'lsa, lekin inkor etuvchilarga biron-bir o'rin qolmasligi uchun yana bir nechta ilohiy amrlarni zikr qilamiz: «Agar ayollaringizga chiroyli muomala qilsangiz va Allohdan qo'rqsangiz (o'zingizga yaxshidir). Zero, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardor bo'lgan Zotdir»261.

Ushbu oyatni quyidagi hadislar bilan to'ldiramiz: «Xudovandi taborak va taolo sizlarga ayollarga yaxshi muomalada bo'ling, deb amr qiladi, zero, ular onalaringiz, qizlaringiz va xolalaringizdir».

«Sizlardan yaxshirog'ingiz ayollaringizga yaxshi muomalada bo'lganingizdir».

«Sizlarning yaxshirog'ingiz ahli ayoliga yaxshi muomalada bo'lganlardir. Mening ahli ayolimga qiladigan muomalam sizning ahli ayolingizga qiladigan muomalangizdan ko'ra yaxshiroqdir. Ahli ayoliga yaxshi muomalada bo'ladiganlar muruvvatli va javonmard insonlardir, ularga yomon muomalada bo'lganlar esa pasttabiat va nokasdirlar».

Ayollar haqqiga islom dinida vorid bo'lgan oliy hukmlar ana shulardir. Endi ham biror so'z deng-chi! Endi ham ayollarni jahannam o'tini deysizmi? Endi ham ayollarni maxluqdan battar sanaysizmi? Endi ham ayollarimiz dashnomu kaltakka loyiqmi? Men shuncha gapdan keyin sizlarning fikringiz o'zgarishini va zulmni tark etishingizni orzu qilaman. Zero, men aniq bilamanki, sizlar o'zingizni jonu dilingiz bilan islom farmonlariga bo'ysunuvchi, deb bilasiz. Lekin bugungacha ayollar xususida diniy hukmlarni bilmasdingiz va ularga nisbatan noshoyista harakatlarni joiz deb bildingiz.

Hozir bu mas'ala xususida bilib olganingizdan so'ng, shubha yo'qki, Qur'oni karimga xilof bo'lgan har bir ishni darhol tark qilsangiz kerak. Zotan, agar shu umidvorlik bo'lmaganda edi, men bir qism umrimni ushbu risolani yozishga sarf qilmagan bo'lar edim.

(davomi bor)

256.Kur'oni karim, Baqara surasi, 228-oyat.
257.Kur'oni karim, Niso surasi, 34-oyat.
258.Iso Masih eshagi — bu hayvon payg'ambar Isoning doim xizmatida bo'lgani «Injil»ning ko'p joylarida zikr etilgan.
259.Ashobi Kahf iti, ashobi Kahf — G'or do'stlari qissasi Kur'oni karim (Kahf surasi)da keltirilgan bo'lib, ug'sha zolim hokim istibdodidan dini iymonlarini saqlab qolishlari uchun o'z jonlarini fido qilgan yigitlarning bir Kahf — g'orga panoh tortib kirishi, u joyda uch yuz yil qolib ketishganidir. Shunda ular bilan birga cho'ponning iti ham kirgan ekan.
260.Solih payg'ambarning tuyasi. Bu qissa ham Kur'oni karimning ko'p suralarida keltirilgan. Rivoyat qilishlaricha, Solih payg'ambarning qavmi — Samut undan haq payg'ambar ularning ko'z o'nglarida bir xarsang toshni tirik tuyaga aylantiradi va uni so'ymay, o'ldirmay o'z holiga tashlab qo'yishlarini buyuradilar. Aks holda boshlariga balo kelishi haqida ularni ogohlantiradilar. Samut qavmi tuyani so'yganda jazoga mustahiq bo'lgan.
261.Qur'oni karim, Niso surasi, 128-oyat.
Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano