O’zbekiston Xalq Harakati

Arosatdagi Toshkent, Ahmadboy chinozlik va ShHTning navbatdagi majlisi

Arosatdagi Toshkent, Ahmadboy chinozlik va ShHTning navbatdagi majlisi
18 Haziran 2016 - 19:47 'da yuklandi va 1405 marta o'qildi.

ahmadboy chinozlikO'n oltinchi iyundan to yigirma oltinchi iyunga qadar Toshkentga kirish va Toshkentdan chiqish taqiqlanadi degan xabar tarqaldi. Keyinchalik bu yolg'on deb e'lon qilindi va bu axborotni tarqatgan milisa ishdan olingani haqida ham gap bo'ldi. O'zbek saytlari yoppasiga bu xabarni e'lon qilib, so'ng so'kish eshitib, xabar rad etildi deb yozdi.

Shunda ijtimoiy tarmoqlarda, o'zaro suhbatlarda turli mulohazalar tarqadi, albatta. Avvalo, Toshkentning yopilishi hukumatning eng ahmoqona qarori bo'lgani ta'kidlandi, ehtimol, bu safsata bo'lishi taxmin etildi. Toshkentda yashash va bemalol yurish juda katta muammoga aylangan bu davrda mazkur “yangilik”ning chiqqani odamlarni sira ham ajablantirmadi. Ko'pchilik ishlarini shu asosda rejalashtirishga ham kirishgan edi. Biroq O'zbekistonning rasmiy axborot manbasi – O'zbekiston Axborot agentligi bu masalada avval ham, keyin ham lom-mim demadi. Erkin Vohidovdek xalq shoiri o'limi to'g'risida ham o'z vaqtida so'z ochmagan, faqat “baxtiyor hayot”ni kuylaydigan, bitta ta'ziya ham bu “kuy”ga putur beradi deb hisoblaydigan O'zA mum tishlab turaverdi.

Tug'iladigan mulohazalar: nima uchun O'zbekiston rasmiylari bu kabi yolg'on-yashiq xabarlar haqida bayonot bermaydi? Albatta, buni talab qilish ahmoqlik bo'lib tuyulishi mumkin. Lekin gap boshqa joyda.

Ahmadboy chinozlik (ya'ni chinazskiy) degan odam moliyaviy piramida qurib kelayotgani butun mamlakatga ma'lum edi. Uning ko'rsayotgan “karomatlari”ni deyarli har birimiz bilamiz. Uni joriy yilning o'n beshinchi iyun' kuni hibs qilishdi, ertasi kuni O'zbekistonning hamma rasmiy telekanallari shu haqida qisqa axborot tarqatdi. Qiziq, Ahmadboy bir necha yildan beri Toshkentning shundoqqina biqinida shu qadar katta pulni o'ynatdi, odamlar unga pullarini o'z qo'llari bilan opkelib berdilar, buni hukumat shu paytga qadar ko'rmayotganmidi?! Ikkinchidan, Ahmadboyning aybi nima? Konstitutsiyaning, qonunlarning qaysi moddasini buzdi u? Xorij valyutasini noqonuniy almashtirdimi? Butun O'zbekistonda dollarni qora bozorda sotishadi-ku!

Odamlarni aldadimi? Birovning pulini tortib oldimi? Albatta, yo'q. Kishilar unga o'zlari pul olib kelib berishgan. Ahmadboy esa xotamtoy bo'lib nom ham qozongan edi. Butun Respublikaga dovruq soldi. Endi to'satdan uni qo'lga olishdan maqsad nima? Shuncha payt uni o'z holiga tashlab qo'yishdan manfaat bormidi? Rustam Azimovdek vazir “O'zbekistonda milliarder bo'lishi mumkin emas!” – deb va'da berib bo'lgan bir pallada Ahmadboyning milliarderga aylanishiga qadar nima uchun ruxsat etdilar? Tan olish lozimki, chinozlik bir odam, oddiy odam o'z faoliyati bilan, bu faoliyat qalloblik bo'lgan taqdirda ham, moliyaviy piramida bo'lgan taqdirda ham, o'zbek banklarining bir tiyinga qimmat ekanini isbotladi. Chunki mustaqullikdan so'ng xalq bankka pulini hech qachon omonat qilib qo'ymagan, xalq hech qachon bankka ishonmagan edi, ammo Ahmadboyga ishondi. Chunki u ko'cha tili bilan aytganda, “gapiga javob berdi”. Ikkinchidan, Ahmadboyning shu qadar gurkirab ketishi tabiiymi? Uchinchidan, nima uchun Ahmadboy aynan ShHT sammiti arafasida qo'lga olindi? Ahmadboyning faoliyati ShHT sammitiga ne qadar xalal berishimi mumkin edi? To'rtinchidan, Ahmadboyning qo'liga to'plangan pul haqiqatan ham rasmiy manbalar ko'rsatgan miqdordami – o'n uch milliard so'mdan ko'ra ko'proq naqd pul va etti milliondan ko'proq dollarmi?! Beshinchidan, “yangilik”larni eskitib, muddatidan kamida o'n kun o'tkazib e'lon qiladigan O'zTV shu qadar “tezkor” ishlaydigan bo'lib ketdimi? Sal qo'ysa, Ahmadboyning qo'lga olinishi operatsiyasidan to'g'ridan-to'g'ri efir qilib yuboray deyishdi-ya!

Gap shundaki, avvalo, Ahmadboy bir o'zi emas. Uni O'zbekiston hukumati ichidan qo'llab turgan shaxslar bor. Bu shaxslar Ahmadboyning bu faoliyatini har daqiqa kuzatib, shu darajaga kelishi uchun imkoniyat yaratib bergan. Ahmadboy o'zi uchun emas, o'sha shaxslarning amriga ko'ra ishlagan. Xo'sh, ular kim? Ularnig uchi bosh vazirga qadar taqaladi.

Ikkinchidan, Ahmadboyning bu qadar gurkirab ketishi ham tabiiy, ham uyushtirilgan. Sababi, odamlarda pul yo'q yoki juda kam, ular pulni ko'paytirish va evaziga yaxshi yashashning boshqa yo'llarini bilmaydilar, so'ng Ahmadboy kabilarga ishonishdan boshqa choralari ham qolmagan. Qolaversa, Ahmadboyning MXXning o'zi dastaklab turgani ma'lum. Demak, bu harakat uyushtirilgan. Uchinchidan, Ahmadboy ishlagan, ishlamagan taqdirda ham ShHTning majlisi o'taveradi. Chunki uning siyosatga bevosita qiziqishi va munosabati hozircha yo'q. To'rtinchidan, Ahmadboyning davlat tomonidan tortib olingan puli asl summadan pasaytirib ko'rsatilgan. Bu – aniq. Chunki manbalar Ahmadboyning qo'lida to'plangan pul rasmiy bildirilgan hisobdan bir necha o'n marta ko'pligini ma'lum qilmoqda. Beshinchidan, O'zTVning bu qadar “tezkorligi” ikki sabab bilan bog'liq. Birinchi sabab, odamlarga Ahmadboy huzuriga kelmanglar degan gapni aytish kerak edi. Ikkinchi sabab, bu xabarni aytish bilan kishilarni shu xabar atrofida ovora qilib qo'yish edi.
ShHTning sammiti Toshkent uchun muhim masala. Chunki O'zbekistonning xalqaro siyosiy, iqtisodiy aloqalari juda sust ekani aniq. O'zbek hukumatini rivojlangan davlatlar hukumatlari hurmat qilmaydi. O'zbek hukumati hech qachon xalqaro maydonda o'z o'rni va ovozini munosib shaklda ifoda eta olgani yo'q. O'zbek hukumati, asosan, Rossiya va Xitoy bilan bir qadar munosabatlarga ega. Chunki bu ikki yirik davlatning sistemasi mohiyatan O'zbekistondan farq qilmaydi. Mamlakat boshqaruvi bir guruh jinoyatchilar qo'lida, xalqning siyosiy faolligi nol darajada. Agar Janubiy Koreyani O'zbekistonning yaqin hamkori desak, u ham O'zbekiston bilan hech qachon chuqur munosabatlarga kirishgan emas. Barcha munosabatlar yuzaki va cheklangan. Buni rasmiy oldi-berdilar – siyosiy hamkorlik, ta'lim va iqtisoddagi kelishuvlarning nihoyatda kichik ko'rsatkichga ega ekani bilan ko'rsatish mumkin. Toshkentda ochilgan Inha universiteti esa mohiyatan u qadar katta masalani isbotlamaydi. Inha universiteti O'zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlarining muhim ifodasi bo'lishi uchun universitet talabalarining siyosiy faolligi, ilmiy yutuqlari, matbuotdagi chiqishlari ko'rinishi kerak edi. Ammo Inha universiteti ham Toshkentda ochilgan boshqa xorij universitetlari kabi sokingina ish olib boryapti. Bugungi Karimov diktaturasining oddiy murvati kabi ishlamoqda. Yana shu narsani aytib o'tish joizki, bugun Toshkentdagi xorij universitetlarida ham ta'lim sifati o'ta pasayib ketgan.

Mavzuimiz O'zbekistonning xalqaro siyosiy maydondagi faolligi haqida edi. O'zbekiston bugun ShHTdagi ishtirokini har tomonlama ulkan voqea o'laroq ko'rsatish, tamsil etish harakatida. Karimov esa o'zini tinchlikparvar ko'rsatib, tashkilot siyosiy yoki harbiy blokka aylanib qolmasligi kerak deb aql so'qadi. O'zbek askarlari begona yurt tuproqlarida qiynalib yurmasin deb xalqqa ham yaxshi ko'rinmoqchi bo'ladi. Bu bilan u o'zi haqida insonparvar deb taassurot qoldirmoqchi bo'ladi, asl haqiqat shuki, O'zbekiston armiyasi xalqaro me'yoriy talabalarga mutlaqo javob bera olmaydi. Karimov norasmiy shaklda O'zbekiston armiyasi Markaziy Osiyoning eng kuchli harbiy qudrati ekanini odamlarga singdirishga intiladi. Tashqi tomondan shunday ko'rinadi, ammo aslida o'zbek armiyasining ahvoli og'ir. Avvalo, o'zbek yigitlari armiyaga xo'rak orqali chaqiriladi. Ya'ni kim armiyaga kelsa, unga oliy o'quv yurtiga kirish uchun qo'shimcha ball beriladi! Ikkinchidan, o'zbek askari bugungi zamon uchun juda sodda va tor dunyoqarashga ega. O'zbek askari bilan suhbatlashsangiz, g'oyaviy, e'tiqodiy jihatdan ichi bo'sh ekanini ko'rasiz. Uchinchidan, o'zbek harbiy tizimi yuz foiz poraxo'rlikka asoslangan. To'rtinchidan, o'zbek harbiylarining ichida, unvonlilar orasida Karimov diktaturasiga qarshi kayfiyat mavjud. Bu kayfiyat Karimov diktaturasining ag'darilishini istaydi. Ammo bu narsa oshkor qilinmaydi. Bu kayfiyatning shakllanishi sababi – harbiy tizimning pala-partishligi bilan bog'liqdir.

Shunday sharoitda Karimov o'zbek armiyasini tinchlik yo'lidagi xalqaro harbiy tadbirlarda ishtirok etishiga rozi bo'lolmaydi. Qolaversa, xalqaro harbiy tadbirga chiqqan o'zbek askari boshqa mamlakat harbiylarini o'z ko'zi bilan ko'rsa, o'zining asl holatini anglab qolsa, bu Karimov diktaturasi uchun juda katta xatar. Shu sababli Karimov o'zbek xalqini ming xil aldov bilan qobiqda, biqiqlikda saqlagani kabi o'zbek armiyasini ham xalqaro miqyosdagi tadbirlarda qatnashishiga rozi emas. U bu munofiqligini tinchlikparvarligi, o'zbek askari boshqa yurtda sarson bo'lmasligi kerakligi bilan izohlaydi.

Aslida ShHTning o'zbeklar uchun, umuman, musulmon turk dunyosi uchun qanchalik foydasi bor? Agar O'zbekiston bu tashkilotga a'zo bo'lmasa, nima o'zgaradi? O'zbekiston bu tashkilotga a'zo bo'lib nima topyapti?

Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh boshchiligida NATO tuzilganda unga javoban SSR Varshava shartnomasi tashkilotini tuzgan edi. NATO bugungi kunda ham xalqaro harbiy tashkilot, konkret harbiy kuch sifatida dunyoga siyosiy vaziyatga juda katta ta'sir o'tkazib turibdi, Varshava shartnomasi tashkiloti esa SSR bilan yo'q bo'lib ketdi.

ShHT avvalboshda oddiy siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamkorlik qilish tashkiloti o'laroq, shunaqa niqob bilan tuzilgan bo'lsa-da, aslida harbiy blokka aylanishi maqsad qilingan tuzilmadir. Bugun yadro quroliga ega bo'lgan Hindiston va Pokistonning ShHTga a'zo bo'lishi kutilayotgani bu fikrni tasdiqlaydi. ShHT bugun dunyoni bo'lib olishda o'z ulushini talab qilib turgan tashkilotdir. O'zbekiston bu tashkilot tarkibida o'zining xalqaro maydondagi o'rnini ko'rsatish uchun qatnashib turibdi. Tashqaridan qaraganda shunday, tashqaridan qaraganda O'zbekiston, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari ShHTning tenghuquqli a'zolari, aslida esa bu tashkilot Rossiya va Xitoyning dunyo miqyosidagi gegemonlikka bo'lgan da'vosining namoyishidir. Tashkilot masalalari Xitoy va Rossiyaning bevosita amri va ko'rsatmasiga muvofiq hal qilinadi. Bu ikki davlat tashkilotga kim raislik qilishidan qat'iy nazar yo'nalishni belgilab beradi. Ya'ni bugun Karimov diktaturasi o'rnatilgan O'zbekiston ShHT tarkibida piyoda askar maqomidadir. ShHT bir vaqtning o'zida Karimov va uning Markaziy Osiyodagi hamkasblari iqtidorda qolishining kafolati ham hisoblanadi. Agar Markaziy Osiyoda davlat to'ntarishi yoki shu kabi voqealar ro'y berib qolsa, ShHT a'zolari o'sha davlatning diktator hukumati so'rovi bilan armiya kiritishi, inqilobdan, sof demokratik kuchlardan himoya qilishi ham mumkin. Ya'ni ShHT xalqlarning, millatlarning xavfsizligi kafolati emas, balki zulmda, diktaturada tutib turilishining asosidir.

Hindiston va Pokistonning bu tashkilotga qo'shilishi esa bu ikki davlatning G'arb davlatlari siyosiy va harbiy bosimiga qarshi turish uchun bo'lgan harakatidir. Va ularning Evroosiyodagi siyosiy vaziyatga ta'sir ko'rsatuvchi kuchga aylanish istagidir. Bu ikki davlatning tashkilotga qo'shilishi Xitoy va Rossiyaning gegemonligiga putur etkazishi mumkin, ammo kelishilsa, kelishib ishlash ham mumkin.

ShHT siyosiy tashkilot sifatida faoliyat olib borar ekan, u bugun harbiy blokka aylanish jarayonidadir.

Ammo O'zbekiston va uning qo'shnilarida ahvol havas qilarli emas. Yigirma besh yillik diktatura tizimi bu mamlakatlarning hammasini jar yoqasiga olib kelib qo'ygan. Ayniqsa, bugun O'zbekistondagi vaziyat juda qaltisdir. Buni xalq ham hukumat ham his qilib turibdi. Qozog'istonning Oqto'besida bo'lib o'tgan voqealar aslida Nazarboev hukumatini barqarorlashtirish uchun qaratilgan bo'lishi ehtimol katta. Karimov metodi – 1999 yilgi fevral voqealari stilidagi bu voqea mohiyatida Nazarboevning hukumat tepasida qolishi zarurligini tasdiqlashi uchun uyushtirlgan bo'lishi haqiqatga juda yaqin. Hali bu masalada juda jiddiy tadqiqotlar olib boriladi, albatta.

O'zbekiston hukumati ham bugun iqtidorda qolishning turli yo'llarini izlayapti, ShHTning majlisi ana shu yo'ldan biri bo'lib xizmat qilishi kerak edi. Ammo bu majlisda Pokiston va Hindistonning tashkilotga ko'shilishi uni harbiy blokka aylanishin tezlashtirar ekan, mabodo, tashkilot a'zosi bo'lgan mamlakatlardan armiyasining biror bo'linmasi ishtirokida tinchlikka bag'ishlangan biror xalqaro harbiy tadbirda qatnashish talab qilinar ekan, bu Karimovning talablari va “printsiplari”ga qarshi bo'lib qoladi. Umuman, tashkilot Karimov hokimiyatining garovi bo'lib turib birdaniga uning xavfsizligi uchun tahdidga aylanib qolishi ham hech gap emas. Shu ma'noda, O'zbekiston yana biror tadbirni o'ylab topishga majbur. Ya'ni O'zbekistonda Oqto'be voqeasi takrorlanishi, bu bahonada odamlarni qo'rqitib, Karimov hukumatining iqtidorda qolishi kafolatlanishi kerak. Bugun Karimovning shaykasi shu masalada bosh qotiryapti. O'zbekiston ichidagi muxolifatning harakatga kelayotgani, yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy faollashuvi vaziyatni jiddiylashtiryapti. Hukumat odamlarni qo'rqitish bilan endi biror natija qo'lga kirita olmayapti. Bayramlar, ShHTning dabdabasi, shiorlar ish bermay qolyapti. Eng muhimi, Karimov sog'ligi yomonlashib borayotganidir. ShHT sammitida qatnashish uchun Karimov bugun davolash kurslarini olyapti. U shu kunlarda bevosita shaxsan hukumatni boshqarayotgani yo'q. Hamma ishlar bosh vazir, MXX boshlig'i va yana ikki-uch kishi tomonidan bajarib kelinyapti. Karimov ularning hisoboti orqali ko'rsatma berib Do'rmonda yotibdi. U ShHT sammitida toliqib qolmasligi, kun bo'yi davom etadigan dabdabalarda qatnashib berishi, majlisni boshqarishi kerak. Shunga jismonan sog'lom bo'lishi shart, albatta. Ammo Karimov salomatligi har lahza pand berib qo'yishi mumkin. Masala hamon chigallikda qolyapti. Shuning uchun TVda, radioda ShHT sammiti masalasi ko'tarilmayapti, chunki Karimov sog'ligi muammoli bo'lsa va majlislarda to'liq qatnasha olmasa, sammit axborotini to'liq shaklda etkazish mumkin emas.

Shu sharoitda odamlarni chalg'itishning eng yaxshi yo'li, odamlarni o'zi bilan o'zi ovora bo'lib qolishlarining eng yaxshi chorasi – Ahmadboy chinozlikning qo'lga olinishi va buning televidenieda yoritilishi edi. Odamlar endi sammit haqida emas, balki Ahmadboy haqida o'ylasin. Odamlar endi Karimov sammitda nima dedi, Karimov o'zi qatnashdimi deb emas, balki Ahmadboyga bergan pulining g'amini cheksin. Ahmadboy tergov qilinyapti deb bu mashmashani ko'tarish, shu qadar jaydari usulning qo'llanishi o'zbek hukumati naqadar chorasiz qolganiga dalolat qiladi.

Shu faktning o'zi Ahmadboy bilan bog'liq bo'lgan hamma masalaning sodda echimdir shubhasiz. Ahmadboyni axborot markaziga qo'yish bilan o'zbek hukumati sammit masalasidagi muammolarni odamlar nazaridan olib qochadi. Toshkentning yopilishi masalasi ham shunga aloqador. Xususiy axborot saytlariga sammit haqida gapirmaslikka amr qilinishining bosh sababi ham shudir.

Cho'kayotgan odam xasga yopisharkan. Bugun biz Karimov diktaturasi xasga jonholatda yopishayotganini ko'rib turibmiz. Odamlarni majburlashga, qo'rqitishga, ya'ni qullik tizimiga asoslangan bu diktaturaning umri juda oz qoldi. Bugun xalq ichida katta to'lqin ko'tarilishi kutilyapti. Bu to'lqin go'yoki sezilmayapti. Ha, u sezilmaydi, ammo bir kunda ko'tariladiki, uni to'sadigan hech bir kuch qolmaydi. Bu to'lqinni ko'tarayotgan kuch – Karimov diktaturasining zulmidir, xalqning bu zulmga qarshi bo'lgan nafratidir, erk va hurriyatga bo'lgan tashnaligidir.

To'lqinga hozirlaning. Erk va hurriyatning yangi davri boshlanajak, inshaOlloh!

Abdulloh Nusrat

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar