O’zbekiston Xalq Harakati

Prokuror Oleg Gaydanov –Sharof Rashidovning qayta dafn etilishi, “paxta ishi” va Islom Karimov haqida

Prokuror Oleg Gaydanov –Sharof Rashidovning qayta dafn etilishi, “paxta ishi” va Islom Karimov haqida
20 Haziran 2016 - 17:39 'da yuklandi va 2684 marta o'qildi.

gdlyanivana2Etmishinchi yillarning oxiridan boshlab, iqtisodiy va korruptsiyaga oid jinoyatlar yuzasidan O'zbekiston SSRda olib borilgan jinoiy ishlar majmuasi (“paxta ishi”)1989 yilning iyunida yakuniga etdi. Tergovni Moskvadan kelgan tergovchi Tel'man Gdlyan va Nikolay Ivanovlar boshchiligidagi komissiya olib borgan. 800 ta jinoyat ishi ochilgan, ular bo'yicha to'rt mingdan ortiq kishi, jumladan, mansabdor shaxslar va partiya a'zolari, paxta tozalash birlashmalari rahbarlari va paxta zavodlari direktorlari turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan.

1989 yilda, xalq deputatlar birinchi S'ezdi kunlarida Gdlyanning tergov usullari jiddiy tanqid ostiga olinib, O'zbekistonda tergov olib borishda qonun buzilishi yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi ham ochilgan. 1990 yilda Gdlyan bosh prokuraturadan haydalgan, KPSS safidan chiqarilgan. Ammo 1991 yil avgustida Gdlyan ishi yopilgan. O'sha yilning dekabridayoq O'zbekiston prezidenti Islom Karimov “o'zbek ishi” bo'yicha respublika hududida jazo muddati o'tayotganlarning hammasini oqladi.

O'sha yillardagi voqealarni rossiyalik yurist, yuridik fanlar nomzodi, professor, Rossiya Federatsiyasi bosh prokurori vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi bo'lgan, Rossiya Federatsiyasi bosh prokurorining sobiq o'rinbosari, 2-toifa davlat adliya maslahatchisi Oleg Gaydanov yodga oladi. Aynan uni, mamlakatda tanilib ulgurgan 39 yoshli yuristni qayta qurish boshlarida o'ta muhim uchastka – O'zbekistonga yuborishgan. U tergov boshqarmasi boshlig'i, respublika prokurori o'rinbosari lavozimida ishlagan va bu erdagi ish davri uning eng uzoq davom etgan komandirovkasi bo'lgan.

O'zbekistonda paxta ishi bo'yicha 1984-1989 yillarda minglab odamlar qamalgani uchun ko'pincha aynan Gaydanovni ayblashgan.

gaid6

Oleg Gaydanov

– Oleg Ivanovich, o'sha paytlarda hozirgi O'zbekiston rahbari hokimiyatning cho'qqisida emas edi, ammo ish yuzasidan u bilan tanishgan bo'lsangiz kerak (Islom Karimov 1983-1986 yillarda moliya vaziri, Gosplan raisi va O'zbekiston SSR Sovmin raisi o'rinbosari lavozimlarida ishlagan. – “Farg'ona” izohi.) U sizda qanaqa taassurot qoldirgan?

– Men O'zbekistondan ketayotgan 1989 yilda Islom Karimov respublika Kompartiya Markaziy Qo'mitasining birinchi kotibi bo'ldi. Ammo uni ancha yillardan beri yaxshi bilardim va biz yaxshi munosabatda edik. Chunki men 1984 yilning kuzida O'zbekistonga kelganimda, kabinetimga kirgan birinchi amaldor Karimov bo'lib, u O'zbekistondagi vaziyatni to'liq tasvirlab bergan edi. Men tergov boshqarmasi boshlig'i va respublika prokurorining o'rinbosari edim, u esa moliya vaziri edi. Biz bir necha soat suhbatlashdik. Bundan oldin men Qozog'istonda respublika prokuraturasi tergov boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari, kollegiya a'zosi edim. Ya'ni o'shandayoq yuqori davralarda yurardim. Qo'naev bilan ikki marta uchrashganman (Dinmuhammad Qo'naev – o'sha yillarda Qozog'iston SSR Kompartiya MQ birinchi sekretari. – “Farg'ona” izohi) , hatto shaxsan o'zidan topshiriq olardim. U Politbyuro a'zosi edi. Menga, masalan, Qo'stanay partiya obkomi birinchi kotibi Borodinni tekshirib ko'rish topshirig'ini berardi. Borodin Brejnev bilan shaxsan tanish bo'lgan. Men Qozog'iston prokuraturasida to'rt yil tergovni boshqardim. Aytmoqchimanki, o'shandayoq men ittifoq darajasidagi eng yuqori hokimiyat strukturalarida faoliyat yuritganman.

Shuning uchun mening kabinetimda O'zbekiston ministri o'tirishi g'ayrioddiy hol emas edi. Ammo o'sha 1984 yilning kuzidagi suhbat mazmuni menda kuchli taassurot qoldirdi, uni haliyam unutganim yo'q.

To'rt soatlik suhbat davomida men qanday muammolarga duch kelishim va bajariladigan ishlarning ko'lami qanchalik ulkanligini tushunib etdim. Meni O'zbekistonda ishlashga ko'ndirayotganda MQda aytilgan va Sovet Ittifoqi bosh prokuraturasida yo'l-yo'riq berilgan ishlarga nisbatan haqiqiy ish ko'lami nihoyatda katta edi. U menga shunday manzarani ochib berdiki, bu hajm bilan Qozog'istondagi ishni taqqoslab bo'lmas edi.

– Ya'ni O'zbekistonda sizni nimalar kutayotganini bilmaganmisiz?

– O'shanda O'zbekistonda Gdlyan, Lyubimov, Sviderskiy guruhlari, ya'ni butun ittifoq tergovchilari ishlayotgan edi. Shuning o'zidanoq Sharof Rashidov qanday meros qoldirganini anglash mumkin edi. Uning dunyodan o'tganiga esa deyarli bir yil bo'lgandi. Ammo meni Toshkentga ishga o'tishga ko'ndirishayotganda o'ylardimki, bu erda ittifoq tergov guruhlari ishlamoqda, ularni ittifoq prokuraturasi boshqarmoqda, menga esa faqat mahalliy prokurorlarni boshqarish qoladi. Shuning uchun men bir-bir yarim yil ichida ishni oyoqqa turg'izib, bemalol O'zbekistondan ketaman deb kelishib oldik. Ishning birinchi oylarida Islom Karimov menga aytib bergan narsalaridan tushundimki, ishning ko'lami nihoyatda katta edi, buni tashkillashtira olmayman deb o'yladim, bu ishlar men Qozog'istonda qilgan ishlarga qaraganda nihoyatda katta, keng ko'lamli edi.

Keyinchalik yana bitta qiziq uchrashuv bo'lgan. Men 1989 yilda ketayotgan paytimda faoliyatimni qoralash boshlangan edi. Har kuni xalq deputatlari s'ezdlarida ham, o'zbek matbuotida ham familiyamni tilga olishardi. Har xil varaqalar paydo bo'ldi. Keyinchalik Toshkentdan Tselinogradga o'tkazilganimdan keyin Karimov interv'yularidan birida men ishni eplay olmaganimni, qonun buzilishlariga yo'l qo'yganim, men tufayli minglab kishilar jabrlanganini aytdi.

Bu narsa hali-veri tugamasligini tushundim. Toshkentga kelib, Karimov bilan uchrashdim. Qabuliga kirgach, unga aytdim: Islom Abdug'anievich, kelishib olaylik. Men senga tahdid qilmayman, sen menga. To'rt yil birga ishladik, ammo men indamay o'tirmayman. O'zimni aybdor deb hisoblamayman, men hech kimni noqonuniy hibsga olmaganman. To'g'ri, minglab sanktsiya berish kerak bo'lganida, tergovchiga ishonishga majbursan. O'sha paytda O'zbekistonda butun SSSRdan 3000 ta tergovchi ishlayotgan edi, har birini tekshirishning iloji yo'q. Bevosita ishni olib borayotgan tergovchining qonunga rioya qilayotganiga ishonasan baribir. Ammo shuni bilib qo'y: agar yana birorta interv'yuda familiyamni tilga olsang, men ham interv'yu beraman. Menda bor hujjatlarga asoslanib, qonun doirasida, sen Gosplanda, moliya vazirligida, Qashqadaryodagi faoliyating haqida gapiraman. Senga shu kerakmi? Yo'qmi? Mengayam kerakmas.

O'z nomimni himoya qilish uchun shunday chora ko'rishga majbur bo'ldim. Shundan keyin mana oradan 26 yil o'tdi, hali biror marta ham Karimov meni o'zining va o'zbek xalqining dushmanlari qatoriga qo'shganini eshitganim yo'q.

Tel'man Gdlyan va Nikolay Ivanov, 1989 yil. Arxivdagi fotosurat

Tel'man Gdlyan va Nikolay Ivanov, 1989 yil. Arxivdagi fotosurat

– Ammo Gdlyan ham sizni minglab aybsizlarni qamashda ayblagan…

– Tel'man Gdlyanga kelsak… Men o'z faoliyatimga bag'ishlangan oltita kitob yozdim, boshida Gdlyanning tergovchi sifatidagi faoliyatiga ehtiyotkorlik bilan baho bergan edim. Ammo bir yil oldin chiqqan oxirgi kitobimda hammasini ochiq-oydin yozdim. Gdlyan bilan munosabatlarimiz yomongina emas, balki mushtlashib ketishimizga oz qolardi. Nikolay Ivanov esa mutlaqo… U kasal, uni muhokama qilishga vaqtimni sarflamayman.

Gdlyan ahmoq emas edi, hatto O'zbekistonda ham uni yomon tergovchi deb bo'lmasdi. Men kelganimda vaziyat shunaqa ediki, uning hibsga olish haqidagi murojaatini ko'rib chiqish yoki birorta tergov amaliyotiga sanktsiya berishim kerak edi. Har gal sanktsiya olish uchun Moskvaga borib kelmaysan-ku. Biz bu erda bo'lganimiz uchun, menga O'zbekiston bosh prokurorining o'rinbosari sifatida, o'z vakolatlarim doirasidagi masalalarni ko'rib chiqish haqida yashirin buyruq berilgan edi. Men ham ayrim darajagacha ishlarni ko'rib chiqardim. Men sharmanda bo'lmaslik uchun Ivanov haqida yozib o'tirmadim, shundog'am prokuraturadagilar va MQdagilar bu haqda yaxshi bilishardi.

Bir voqeani nazarda tutyapman. Ivanov tunda uyimga kelib, zudlik bilan hibsga olishga sanktsiya berishimni so'radi. Tunda kelgani mayli, chunki haqiqatan ham shoshilinch bo'lishi mumkin, uch soatgina vaqt bor bo'ladi, shunda ulgurish kerak. Tergovchilar prokurorsiz hech nima qila olmasdi. Prokuror sanktsiya bermasa, oddiy tintuvni ham o'tkaza olishmasdi.

Menga qog'ozni berdi, men bu nima deb so'radim. Hibsga olishga sanktsiya, dedi. Kimni, deb so'radim. Bizga ishonmayapsizmi?, dedi – “Gap ishonish-ishonmaslikda emas, bu qanaqa savol bo'ldi?” – “Sizga Moskvadan qo'ng'iroq qilishmadimi? Biz uni KGB bilan birga qo'lga oldik, shuni rasmiylashtirish kerak” Men unga: “JPKni ochib, qayta o'qib ko'r”, dedim. Qog'ozni ochsam, sanktsiyada familiyalar qo'yilmagan. Hammasi yozilgan, qancha o'g'irladi, xullas hammasi bor. Ammo familiyalar yo'q. O'tib ketgan sana bilan qo'ymoqchi bo'lgan shekilli. Uni haydab yubordim.

O'sha paytda O'zbekistonda Sovet Ittifoqi bosh prokuraturasidan o'ta muhim ishlar bo'yicha 15 ta tergovchi bor edi. Ularni hech kim boshqarmasdi, rasman hech kim nazorat qilmasdi. Rasman yondashilsa, qonun bo'yicha, Konstitutsiya bo'yicha O'zbekiston hududida prokuror nazorati bor, uni biz amalga oshirishimiz kerak. Ammo aslida ular bizga bo'ysunmasdi. Nazoratni amalga oshirish uchun protsessual vakolatlardan tashqari tashkiliy vakolatlar ham kerak, u esa meni bir tiyinga olmasligi mumkin. Shunaqasi ham bo'lgan, “jo'natvorishardi”. To'g'ri, Bosh prokuratura Tergov boshqarmasi boshlig'i German Karakozov kelib turardi. Ammo uch haftada bir marta, ikki kunga kelardi. Ikki kunda nimaga ulgurish mumkin? O'shanda Gdlyan 30 kishini hibsga olib bo'luvdi. Gap nazorat haqida ketayotgan ekan, demak mas'ul shaxs o'tirib, hammasini diqqat bilan tekshirishi kerak. Yana ayblanuvchi haqiqatan ham shunday ko'rsatmalar berganini ham tekshirishi kerak. Hozirgi davrda audio, video bor, ammo o'sha paytda bunaqa narsalar endi boshlanayotgan edi. Shu sababli bu masala ko'tarildi – bo'lim yaratib, O'zbekiston prokuraturasiga joylashtirish, o'sha joyda tergovchilaringizni nazorat qilaversin. Biror-bir masalani hal qilish kerak bo'lsa, Gdlyan orqamdan yugurib, yoqamdan olishi kerak emas, prokuror sanktsiya berishi kerak. Prokurorning o'zi Gdlyanni qo'llab-quvvatlash kerak-kerakmasligini hal qilsin. O'sha prokuror sanktsiyaga mening familiyamni qo'yadigan bo'lsa, hammasi qonuniyligiga meni ishontirishi kerak.

Tel'man Gdlyan va Nikolay Ivanov daliliy ashyolarni olmoqda: zargarlik buyumlari bidonlarda saqlangan. Arxivdagi fotosurat

Tel'man Gdlyan va Nikolay Ivanov daliliy ashyolarni olmoqda: zargarlik buyumlari bidonlarda saqlangan. Arxivdagi fotosurat

Ittifoq menga butun mamlakatdan uch mingta tergovchini yubordi. O'zbekistonda uch mingtasi ishlardi, bu o'zbek tergovchilarini hisobga olmaganda. Ittifoq IIV bilan kelishib, O'zbekiston IIVda alohida bo'lim tashkil qildik. Bu bo'limda IIV markaziy apparati xodimlari paxta ishi bo'yicha jo'natilgan tergovchilarni boshqarib, ishini tashkillashtirar edi.

Sovet Ittifoqi Moliya vazirligi bilan kelishdik. Har bir ish bo'yicha ekspertiza o'tkazilar edi. Butun Ittifoqdan nafaqat tergovchilarni, balki revizor, buxgalter, iqtisodchilarni yuborishdi, ular sud-buxgalteriya, sud-moliya ekspertizalarini o'tkazishar edi. SSSR Moliya vazirligidan ham guruh bor edi. Ular O'zbekiston Moliya vazirligida o'tirib, Karimovga hisobot berardi. Ittifoq prokuraturasidan esa bunaqa narsa bo'lmadi. Shu sababli doim bizda Gdlyan guruhi bilan kurash ketardi. Boshqa guruhlar ham bizga bo'ysunardi deya olmaymiz, ammo hech bo'lmaganda bizga hisobot berishardi, materiallarni ko'rsatishardi va sanktsiya so'rashardi. Gdlyan guruhi esa butunlay boshqacha edi. Shuning uchun doim janjal chiqardi, oxiri Ittifoq prokuraturasi kollegiyasida masalani ko'ndalang qo'yishga majbur bo'ldik.

Men sanktsiyalarni imzolashdan bosh tortganimdan keyin ular viloyat prokurorlariga bora boshlashdi. Prokurorlar menga qo'ng'iroq qilib, so'ray boshladi: nima qilaylik, Gdlyan (yoki Ivanov) keldi. Men ularga: markazga jo'natinglar. Qanaqasiga markaz, axir shoshilinch-ku! Qonun bo'yicha vaqt cheklangan: qo'lga oldingmi, uch sutka ichida aybdor-aybsizligini hal qilish kerak, tintuv ham kutilmaganda bo'lishi kerak, bir-ikki soatda masalani hal qilish kerak. Ular bo'lsa viloyat prokurorlariga boryapti, ular ham hammasi qo'rqadi, buning ustiga hammasi o'zbek. Rayon prokurorlariga bora boshlashdi, ularning ham 90 foizi o'zbek. O'shandan keyingina nazoratni yo'lga qo'yishdi.

Gdlyan bilan kurash tarixi to'qsoninchi yillargacha davom etdi, bu paytga kelib uni deyarli prokuraturadan haydab yuborishdi. Qizig'i shuki, oradan 30 yilcha vaqt o'tibdi, ammo o'shandan keyin Ivanov bilan ham, Gdlyan bilan ham uchrashmabmiz.

Gdlyanning qilgan ishlarini kechirish mumkin. O'zbekistonni ham kechirish mumkin: u erda vaziyat og'ir edi, u bo'lsa o'zini ko'rsatishi kerak edi.Bu ko'rsatilgan millionlar va oltinlarning yarmi uydirma edi. Matbuotda ko'rsatilgan ko'rgazmalar hammasi xo'jako'rsinga edi. Biroq, tergovchimisan, o'zingni ko'rsatgandan ko'ra tergovingni qil.

Tergovchi Gdlyan musodara qilingan boyliklar haqida jurnalistlarga so'zlamoqda

Tergovchi Gdlyan musodara qilingan boyliklar haqida jurnalistlarga so'zlamoqda

– O'sha paytda bo'lgan boshqa uydirmalar haqida ham aytib o'tdingiz…

– Bu haqda matbuotga birinchi marta aytishim. Bu haqda hech kimga aytmaganman. Birinchi marta sizning nashriyotingizga aytmoqdaman. Gap 1986 yilda Sharof Rashidovning qayta dafn etilishi haqida ketmoqda.

Leonid Brejnev va Sharof Rashidov. Arxivdagi fotosurat

Leonid Brejnev va Sharof Rashidov. Arxivdagi fotosurat

Yaqinda televidenieda O'zbekiston hukumatining sobiq raisi G'ayrat Qodirov chiqish qildi. Men uni besh qo'lday yaxshi bilaman. Rosa yolg'onni to'qidi. Qayta dafn etishda qanday qatnashgani, hammasini qanday tashkillashtirgani, qabrni tanlagani, Rashidovning oilasiga borgani, ayoli va qizi bilan gaplashgani va hokazolarni gapirib berdi. Bularning hammasi g'irt yolg'on, u hech narsani hal qilmagan.

Gapirishdan oldin Gaydanov tirikmi-yo'qmi, o'shani aniqlashtirib olishi kerak edi. Aleksey Buturlin (o'sha paytdagi respublika prokurori) davolanishda edi, men O'zbekiston prokurori vazifasini bajarayotgan edim. Menga qayta dafn etish tadbirini qonun doirasida amalga oshirish vazifasi topshirildi. Qodirov bu haqda bilmasdi ham. Hammasini MQ ikkinchi sekretar' Aniщev, KGB raisi Golovin, men, ichki ishlar vaziri birinchi o'rinbosari Didorenko va O'rta Osiyo harbiy okrugi ko'mondoni bajarishdi. Gorbachyov Politbyuroning qarorini yubordi. Hamma ishni protsessual tarzda rasmiylashtirish kerak edi. Musulmon davlatida musulmonni go'rdan kavlab olish kerak. Buning nimaligini yaxshi tushunib turardik, ayniqsa Rashidovdek avtoritetga nisbatan bajarilayotganini aytmaysizmi. Xalq nima deydi, oqibatlari nima bo'lishi mumkin, hammasini tushunardik. Shuning uchun Toshkentni qo'shin bilan o'rab oldik, elektroenergiyani o'chirdik, telefon aloqasini butunlay uzdik. Rashidov dafn etilgan maydonni qo'shin o'rab oldi, halqa ichida esa KGB xodimlari turardi.

Hammasi qonuniy bo'lishi kerak edi.Qonunga ko'ra esa qanday asos bo'lishidan qat'i nazar, eksgumatsiyani faqat qarindoshlari ruxsati bilan qilish mumkin. Uning ayoli Xursand G'ofurovna tirik. Ammo ayoli rozi bo'lmaydi, chunki bu Rashidovning ayoli bo'lib, uning qudrati Raisa Gorbachevanikidan kuchliroq edi. Biz esa undan yozma rozilik xati olishimiz kerak edi.

Hujjatni tayyorladik. Oldiga borish kerak. Buning tarixiy oqibatlari bo'lishini yaxshi tushunardim, shuning uchun men bilan birga respublika rahbarlaridan biri bo'lishini talab qildim. Qodirovni chaqirib, men bilan borishni buyurishdi. U tiz cho'kishiga oz qoldi: “men borolmayman, bu erda qarindoshlarim bor, men hali shu erda yashashim kerak”. Men unga tushuntirdim, orqamdan tursang bo'ldi, sening orqangdan avtomatchilar turadi. Bir og'iz so'z gapirishing shart emas. Ammo protokolda O'zbekiston rahbarlaridan birining imzosi bo'lishi kerak, chunki bu milliy respublika.

Ketyapmiz. O'shanda birinchi marta German Lopatin ko'chasidagi Rashidovning kvartirasida bo'ldim. U erda IIV binosi bor, orqasidagi domda Rashidov yashagan. Hammayoq o'rab olingan, hamma kerakli texnika bilan ta'minlangan. Soat kechqurungi to'qqiz yarim. Hammayoq tinch deb xabar berishdi. Bordik. Bitta ofitser eshik qo'ng'irog'ini bosdi. Eshik ochildi. Ayoli uyda yolg'iz ekan. Hozir, oradan shuncha yil o'tgandan keyin, bu ishlar naqadar qabih va og'ir ekanligini tushunib etyapman. O'shanda esa bor-yo'g'i qirq yoshda edim. Cheksiz kuch-qudrat berilgan bir yigit edim. Unga aytishdi:

– Oldingizga respublika prokurori o'rinbosari Oleg Ivanovich Gaydanov keldi.

– Nimaga? Nima maqsadda?

Men borgan joyda yo hibsga olishadi, yo tintuv qilishadi, buni hamma tushunardi. Men:

– Kechirasiz, Moskvadan topshiriq bor, siz bu bilan tanishib chiqishingiz kerak. Shu maqsadda keldik.

– Biz deganingiz kim?

– Men va G'ayrat Hamidullaevich (Qodirov).

Qodirov orqada qolib, tashqarida turardi. Men: “G'ayrat Hamidullaevich, kiring”, dedim.

Xursand G'ofurovna bizni kichkina bir zalga kiritdi. Men hayron qoldim. Ko'plab buyuk insonlarning uyida bo'lganman, ammo Rashidovning uyi shunchalik oddiyligiga hayron qoldim. Tilim lol edi. Kirgandan keyin gapda davom etdim: “Bilasizmi, biz yoqimsizroq bir vazifa bilan keldik, kecha KPSS MQ Politbyurosi va SSSR Ministrlar Soveti qaror qabul qilgan. Shu qaror bilan tanishib chiqishingizni so'rayman”. O'sha paytda qaror matbuotda chiqarilmagan edi. Bizga uning imzosi kerak edi. Imzo qo'ymasligini ham tushunardik, shunga tayyor edik. Biz Sharof Rashidovning ayoli hujjat bilan shaxsan tanishganini video va audioga yozib olib, dalil-isbot sifatida ishga tikib qo'yishimiz mumkin edi.

Sharof Rashidovning ko'plab dabdabali portretlaridan biri

Sharof Rashidovning ko'plab dabdabali portretlaridan biri

Shundan keyin boshlandi. U tutaqib ketdi, “bu marhumni tahqirlashning o'zginasi”, dedi. Men yana “tanishib chiqing” dedim. Qarorda bir nechta, jumladan, yodgorliklarni olib tashlash haqidagi punkt bor edi, ammo eng asosiysi uchinchisi edi – qayta dafn etish. Buning uchun eksgumatsiya qilish kerak. Qonun bo'yicha eksgumatsiyaga qarindoshlari rozilik berishi kerak… Bunisi ham mayli. Bularning “ichida” asosiy vazifa bor bo'lib, uni MQ qarorida yozib bo'lmasdi: o'sha paytda keng tarqalayotgan mish-mishlarni tekshirib ko'rish kerak edi. Mish-mishlarga ko'ra, Rashidov tirik bo'lib, uning o'rniga o'xshashi ko'milgan, Rashidov esa qaytib keladi, u tilla-brilliantlarning bir qismini olib ketgan, qolgani shu o'xshash odam bilan birga ko'milgan.

Shunga ko'ra, bizning asosiy vazifamiz to'rt soat ichida sud-tibbiyot ekspertizasini o'tkazib, qabrdagi haqiqatan ham Rashidovligini tasdiqlash, jasaddan tashqari biror narsa bor-yo'qligini bilish edi…

Ekspertlarga uch soat vaqt berdik (Sovet Ittifoqidagi eng zo'r medekspertlar bilan maxsus texnika samolyotda Moskvadan keltirilgandi). Soldatlar yodgorlikni buzadi, qabr ochiladi, tungi soat birda tobutdagi jasad ekspertlarga topshiriladi, ertalabki soat to'rtda ular yozma xulosa berishi kerak. Ko'pi bilan yana yarim soat qo'shib berish mumkin. Bu ishlarning vaqti qat'iy belgilab qo'yilgan edi, chunki 5:30 da “Kommunistik” qabristonga ko'mib, yodgorlik o'rnatish kerak, hammasi soat 6:00 da tayyor bo'lishi kerak.Bu ishlarni kechki soat 10 dan ertalabki 6 gacha bajarish kerak edi. Shu vaqt oralig'ida Toshkent harbiy holatda edi. Poytaxt qurshab olingan, aloqa va elektroenergiya uzilgan.

Men Xursand G'ofurovnaga eksgumatsiya haqida va rozilik bildirishi kerakligi haqida gapirganimni bilaman… Keyinrof KGB generali Golovin menga aytib beruvdi: “Oleg Ivanovich, siz gaplashyapsiz-u, men Qodirovni kuzatib turdim. Oyoq-qo'li qaltirab, huddi hozir tiz cho'kvorsa kerak deb o'yladim”.

…Men oval stol oldida o'tiruvdim, qog'ozlarni yoydim. Rashidova o'tirmadi, tik turib o'qidi, ruchkani otvorib, tushunarsiz bir harakat bilan… Men haliyam qog'ozlar bilan andarmon edim, imzo kerak edi. Qarasam, u sekin orqaga burilyapti, u erda ikkita kreslo bor edi, ularning o'rtasida stolcha, stolchada xrustal vaza turuvdi. Men o'tirganimda G'ayrat Hamidullaevich unga ro'baro' kelib qoluvdi. Qarshisida tik turuvdi. Qarab turibman, Rashidova vazani olib, unga qarab o'qday otdi. Qanday qilib chap berib qolganini tasavvur qila olmayman. Hammasi bir zumda bo'lib o'tdi, G'ayrat Hamidullaevich o'tirib qoldi, vaza uning ustidan uchib o'tib, orqasidagi ulkan ko'zguga borib urildi. Hammayoq chil-chil bo'ldi. Qodirov vazaning zarbidan emas, qo'rquvdan yiqildi.

Atrofimizda polkovniklar, generallar turibdi. Men sakrab turib: “Nimalar qilyapsiz?”, dedim. U o'zbekchalab Qodirovga qarab gapirib ketdi. O'zbekchani tushunmayman, ammo tarjima qilishlaricha, uni so'kibdi, Gaydanov mayli-ku, ammo sen kimsan o'zi, nimalar qilyapsan, bolalaring, nevaralaringga la'nat bo'lsin va hokazolar debdi…

Shunga o'xshash holat yuz berishi mumkinligini hisobga olib, o'zimiz bilan vrachni olib olgan edik. Uni darrov o'tirg'izdik, vrach iloji boricha tinchlantirdi. Men bo'lsa operatsiya barbod bo'ldi, vazifani bajarolmadim deb o'ylayapman. Rasmiyatchilikka rioya qilishni istardim. Uning imzo qo'ymasligi mumkinligini ham hisobga olgandik. Bu holda bir nechta qo'shimcha variantimiz bor edi. Masalan, u bilan biror narsa bo'lib qolishi, eng yomoni, yuragi yorilishi mumkin edi, axir u butun umr Rashidov bilan yashagan, uni haddan tashqari yaxshi ko'rgan, Rashidov ham uni yaxshi ko'rgan. Bizdagi ikkinchi variant ularning o'g'li Volodya edi, u paytda Volodya KGB mayori edi. Bundan tashqari qizlari Gulya ham bor, u kimyo fanlari doktori edi. Har ikkalasini ham nazorat ostida ushlab turuvdik. Bu erda amalga oshmasa, ularning oldiga boramiz.

Men o'shanda o'g'li kerakmas, onasining oldiga qizini olib kelinglar, dedim. Qizi uzoqda emas ekan shekilli, vrach onasining qon bosimini o'lchab, ukol qilgunicha, 5-7 daqiqa ichida etib keldi. Men unga ham tushuntirdim… va u hushidan ketdi.

Gulya farosatli edi. O'ziga kelgach, hammasini tushundi. Imzo qo'ysa ham, qo'ymasa ham, baribir Politbyuroning qarori bor. Tamom. Qayta dafn etish qay tarzda amalga oshirilishini, qaerga dafn qilinishini, o'zi ishtirok etishi mumkin-mumkinmasligini so'radi. Men faqat unga ruxsat, boshqalar qatnashishi mumkin emas, dedim. Qarindoshlarga ham xabar qilish kerak emas. Ikki kundan so'ng mumkin bo'ladi, ungacha qo'riqchilar turadi. Chunki respublikada Rashidovga nisbatan boshqacha munosabatdagilar ham bor edi, qabrini tahqirlashlari mumkin edi.

Shunday qilib, reja qilinganidek, ertalabgacha operatsiyani yakuniga etkazdik.

– Islom Karimovning o'sha paytdagi va hozirgi shaxsiyatiga qaytsak. Shuncha payt ichida u qanchalik o'zgardi, deb o'ylaysiz?

– Biror-bir odamni yaxshi tushunsang, uning davlat ahamiyatidagi qarorlarini ham to'g'ri tushuntira olasan. U doim shunaqa edi. Foydasi tegadigan joyga boradi. Amerikaliklargami, demak amerikaliklarga. Ular bilan sovuqlashdimi, demak Putinning oldiga yuguradi. Putin pul berdi, qarzidan kechdi, endi yana amerikaliklarga qaytmoqchi… Sovet Ittifoqi parchalanib ketgandan keyingi dunyoda davlat rahbariga o'zini u yon-bu yonga tashlash juda qiyin.

– Karimov “paxta ishi” bo'yicha hammani oqladi. Ko'pchilikning fikricha, O'zbekistonga nisbatan ulkan adolatsizlik qilingan. Bunga nima deysiz?

– Rasmiy statistikaga ko'ra, paxta ishi bo'yicha o'g'irlik va pora yuzasidan 800 dan ko'proq ish ochilgan. Respublikaning 25 mln. aholisi uchun bu matbuot tasavvur qilganidek juda katta raqam emas. Bu ko'p albatta, lekin haddan tashqari ko'p emas. Bu ishlar bo'yicha 1989 yil holatiga 20 ming kishiga ayblov qo'yilgan. Bitta ishga 20-30 kishi to'g'ri kelyapti. Bu toifadagi ishlar uchun normal holat. Shulardan bor-yo'g'i 4,5 ming kishi bevosita sud javobgarligiga tortilgan. Qolgan 15 mingtasi afv etilgan,jinoiy ishlari to'xtatilgan. Hammasi aybini tan olgan, chunki tan olmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod etib bo'lmaydi. Qonun shunaqa edi. Hozir ham shunaqa.

Etmishinchi-saksoninchi yillarda O'zbekistonda vaziyat qanaqaligini xalq yaxshi eslaydi. Ayniqsa prokuratura va IIVda adolatsizlik va korruptsiya gullab-yashnagan edi. Birinchi yildayoq Aleksey Vladimirovich Buturlin bilan birga mingtacha fuqaroni afv qilishga erishdik. Ular prokuratura va IIV tomonidan noqonuniy jazoga tortilgan edi. Ilk yozgan kitoblarimda birida, “Kerenskiyning lavozimida, Stalinning kabinetida”kitobida men aniq ishlarni keltirganman. O'sha odamlarning minnatdorchilik maktublarini haligacha saqlayman.

“Paxta ishi” bo'yicha qamalgan 4,5 ming kishining eng katta qamoq muddati — taxminan 7-8 yil. 1981-85 yillardagi narxlar bo'yicha 4-5 mlrd. rubl' zarar keltirgan “paxta ishlari”dan tashqari shunday vaziyat yuzaga kelgandiki, 30-yillardan beri SSSR bo'yicha birinchi bo'lib O'zbekistonda uyushgan jinoyatchilik qayta vujudga kelgan edi.

O'zbekistonda pul ko'p edi, u butun Ittifoqdan turli toifadagi firibgar va bosqinchilarni o'ziga jalb qilardi. Paxta o'g'irlanardi. To'g'ri. Har bir kolxoz va sovxozda qo'shib yozish bo'lardi. Ammo 100 ming rubl'ni o'zlashtirish uchun Ivanovo shahriga bo'sh vagonni “paxta ortilgan” vagon qilib jo'natish uchun ko'plab ruxsatnoma va ilova qilinadigan hujjatlarni tayyorlash kerak edi. Shuning uchun bu zanjirda ancha-muncha odamning ishtiroki bo'lgan. Bu soddalashtirilgan misol, albatta, ammo faqat paxtachilikda emas, balki butun o'zbek qishloq xo'jaligida shu ahvol edi. Rashidovning hukmronligi davrida qarshi chiqib bo'lmaydigan bir tizim vujudga kelgandi. U erda aybsizlar bo'lmagan. Ammo o'zbek rasmiylarining o'zi biz bergan maslahatlarga ko'ra, o'z fuqarolariga yordam berib, turli sabablar bilan ularni jinoiy jazodan qutqargani boshqa masala.

Karimov bu narsani kampaniya deb atagani to'g'ri edi. Bu kampaniyada Mixail Gorbachyovning hissasi katta edi. SSSRda hokimiyatga Andropov kelgach, butun mamlakat bo'ylab “Andropovcha tozalash” boshlanib ketdi. Bu Stavropol' o'lkasigacha etib bordi. U erga IIV va KGB xodimlarining katta guruhi yo'l oldi. O'sha erda Raisa Gorbachyovaga nisbatan rasmiy ko'rsatmalar paydo bo'ldi. O'zbekistonda ham xuddi shunday mayda narsalardan boshlangan. Andropovning o'rniga Gorbachyov “o'z vaqtida” kelgach, Stavropol' o'lkasini zarbadan saqlab qolish va sharmanda qilmaslik uchun butun e'tiborni O'zbekistonga qaratdi. Barcha huquqni muhofaza qiluvchi kuchlar o'sha erga jo'natildi. Buni Islom Karimov yaxshi biladi va u bu borada haq.

Mening shaxsiy fikrimga kelsak, agar SSSR rahbari Gorbachyov emas, boshqa odam bo'lganida, O'zbekistonda tergovlar baribir bo'lishi mumkin edi, ammo bunchalik keng ko'lamda va hajmda bo'lmagan bo'lardi.

– Oxirgi savol. O'sha davrdagi O'zbekistondagi faoliyatingizni bugun qanday baholagan bo'lardingiz?

– Albatta, ishimizni boshqacha baholaydiganlar ham kam emas. Ammo mening vijdonim toza, men o'zimning ishimni halol va vijdonan bajardim, qonunni amalga oshirdim – bu qonunlarni biz yozmaganmiz. Xatolar bo'lganmi? Afsuski, bo'lgan. Buning sababi Moskva bizga ag'dargan ishlarning hajmida ham emas. Xatolarning asosiy sababi oddiy – sotqinlik edi. Bugun ochiq ayta olaman, qonunbuzarlik va korruptsiyaga qarshi kurashga borganlarning orasida ham sotqinlar kam emasdi.

Dmitriy Alyaev suhbatlashdi

Manba: “Farg'ona” AA

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Ahmad Muhammad ;

    O’zbekistonning yangi tarixiga kiritsa buladigan dalillar aytilibdi. Paxta ishi korrupsiya, qama-qama ishlari muhimi Sharof Rashidovni qabrini ochishdan oldingi voqealar aytilibdi. Gaydanov zo’r intervyu bergan gap yuq

    01/07/2016 15:14