O’zbekiston Xalq Harakati

Ana shular sababli bizning millatimiz hammadan orqada qolgandir…

Ana shular sababli bizning millatimiz hammadan orqada qolgandir…
23 Haziran 2016 - 5:00 'da yuklandi va 2240 marta o'qildi.

7f5c22e744e60702c40ce99532fdb255Abdurauf FITRAT

NAJOT YO'LI

(50-qism)

BADAN TARBIYaSI

Badan tarbiya — badanni sog'lom va kuchli hamda a'zolarni mukammal darajaga etkazishdan iborat, busiz baxt-saodatga erishib bo'lmaydi. Odamzod butun umri davomida sihat va quvvatga muhtoj bo'lmasligi amri maholdir.

Hammoldan tortib hukmdorgacha tasavvur qiling, agar ularning kuch-quvvatlariga yoki biror a'zolariga xalal etsa, qo'llari ishga bormay boshqalarga muhtoj bo'lib qoladilar. Bas, farzandimiz olamga kelishi bilan ularning badan tarbiyasi uchun himmat kamarimizni bog'lashimiz zarur.

Bolalarning badan tarbiyasi, eng avvalo, onalarning vazifasiga kiradi. Hatto farzandning ota pushti kamaridan onasining rahmiga o'tgan ibtidoiy davridan boshlab ona farzandining sog'lig'ini muhofaza qilishi lozim. Zero, bola to'qqiz oy onaning qornida tarbiya topadi, binobarin, onaga tekkan har xil bemorliklarga u ham hissamand bo'ladi.

Binoanlayh, onalar homiladorlik vaqtlarida turli ishlarda va eb-ichishda parhez qilishlari zarur. Homila dunyoga kelgach, go'dak parvarishi ularning sutlari orqali bo'ladi, shuning uchun ular sog'liqlarini avaylab, turli kasalliklardan uzoqda bo'lib yursinlar-ki, toki o'sha kasalliklarning urug'i sut orqali ma'sum go'daklariga o'tib, ularning sog'lig'iga ham xatar solmasin, aks holda onalarning ehtiyotsizligi tufayli go'dak ba'zan nobud bo'lib, uning qoni onaning bo'yniga tushadi. Go'dakning ovqatlanishiga ham juda e'tibor berish kerak. Har bir jonzot umrining davomiyligi emishiga bog'liq. Har bir jonzotning gurkirab o'sishiga olayotgan taomi ham sabab. Shuning uchun onalar go'daklariga tez hazm bo'luvchi mazali taomlarni berib, muayyan bir vaqtlarda ovqatlantirishlari zarur. Ovqatlanishda intizom va vaqt bo'lmasa, odamni me'da kasalliklariga va turli kasalliklarga olib keladi. Bola yig'lamasligi uchun qo'liga bir parcha holva yoki bir burda non berib qo'yishlik uning ovqatlanish nizomini buzadi va turfa kasalliklarga sabab bo'ladi.

Hayot uchun, avvalo, havo zarurdir, besh-olti soat taom emay o'tirish oson, lekin havosiz bir daqiqa ham yashab bo'lmaydi. Bolalarning o'tirib-turish joylarida havo musaffo, turli hidlardan toza bo'lishi zarur. Shundan Farang va Rusiya hukumati bolalar uchun chorbog'lar, bahavo maydonlar barpo qilganlar. Bundan tashqari, bolalar o'qiydigan maktablarda o'yin va tanaffus uchun farahbaxsh bog'lar yaratilgan.

Harakat hamma uchun, ayniqsa, bolalar uchun juda zarurdir. Ma'lumki, bolalar tez sur'atda katta bo'ladilar. Harakat ana shu rivojlanishni osonlashtiradi, shuning uchun bolalarni o'yinga mashg'ul qilish foydalidir. O'yin ularga zarar etkazmaydi, balki bir joyda o'tirishning zarari ko'p tegadi. O'yindan bolani man' qilish ularni harakatdan qoldirib, o'sishiga xalal berib, zaif, nimjon qilib qo'yadi. Ota-onalar farzandlarini doim o'yinga targ'ib qilib, bir joyda o'tirishdan man' qilishlari kerak. Ammo ularning o'yinlari odob va axloqqa zid o'yinlar bo'lmasligi shart. Jadid maktablarida bolalar uchun ilmiy yo'naltirilgan o'yinlar joriy qilingan. Bolalarni doim o'yindan man' qilib, kaltak zarbida qoldirishning zararidan bolaning jisman rivojlanishi susayadi.

Shular qatorida tozalik ham salomatlik uchun muhim shartlarning biridir. Biz yuqorida tozalikning qanchalik zarurligini toqat qadar arz qilgan edik, bu erda esa muhtaram o'quvchilarimizga bir qadar aytib o'tmoqchimizki, tozalik kattalar uchun qay darajada shart bo'lsa, yosh bolalar uchun esa o'n barobar ko'proq zarurdir. Bu zaruriyat ikki taraflama: avvalo, bolalar kattalarga nisbatan kasalga tez chalinuvchan bo'ladilar, ularga yopishgan har bir ifloslik kattalarga etgan ifloslikdan ko'ra o'n barobar xatarlidir. Ikkinchidan, bolaning go'dakligidan tozaligiga e'tibor berilsa, ularni ifloslikdan hazar qilishga o'rgatilsa, borib-borib tozalik ularning kundalik odatiga aylanib qoladi. Aksincha, agar bolaliklarida ifloslikka o'rgansalar, katga bo'lganlaridan keyin ham bu hol avj olib, odamlarning nafratiga sabab bo'ladi.

Bas, ota-onalar, muallimlar bolalarning yuz-qo'lini doim sovunlab yuvib, har tahoratda tishlarini misvok qildirib, kiyimlarini tez-tez almashtirib turishlari lozim, ular mumkin qadar chivin va pashshasiz uylarda yashashlari kerak. Zero, biz hifzu sihat bobida arz qilgan edikki, chivinu pashsha va boshqa hasharotlar kasal tashuvchi vositalar bo'lib hisoblanadi.

Biz tarafdori bo'lgan jadid maktablarida buning uchun bizni kofir hisoblaydilar, o'quvchilarning salomatligi va rohatini shu tariqa muhofaza qiladilar. Endi bizning eski uslubdagi maktablarimizda shu sharoitlar mavjudmi? Bizning bechora ma'sum go'daklarimiz oftob tushmaydigan qorong'u, badhavo, sassiq xonalarda maxluqlar kabi tiqilib olib, xas-hashak ustida o'tirib, sakkiz- to'qqiz soat davomida dars o'qiydilar, buning ustiga har kuni bir johil muallimning qo'lidan musht, kaltak eb, goh boshlar yoriladi, goh oyoqlari qonab, majruh bo'lib, ranglari ko'karib, sakkiz yilni shu zaylda o'tkazadilar. Shuning uchun maktabni qamoqdan ozod bo'lgan mahbus kabi bemor, sust, beg'ayrat va iflosliklaricha bitiradilar.

Ana shular sababli bizning millatimiz hammadan orqada qolgandir.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 2 Yorum )

  • Sarvar ;

    Farzandni avvalo OLLOXdan soglomini surash kerak. Albatta Bismillox balan,farzand tugilishidan oldin bilishimiz kerak bulgan malumotlar xakidagi bir makola bulsa zap budarmikan. Toki ukigan kishiga nafi tegsin.

    23/06/2016 23:37
  • Muso ;

    Afsuski bu xakikat! Bu tarbiya nafakat usha paytda xozirxam shunday, ota onalarxam shunday tarbiyalayapti.Xozirgi yoshlar shuncha yolkovki badantarbiyasi, sport xakida gapirsangiz ustingizdan kuladi!!!

    23/06/2016 10:39
xxx video gratis porno italiano