O’zbekiston Xalq Harakati

“Odamlarni ilm olishdan bezdirmang”

“Odamlarni ilm olishdan bezdirmang”
25 Haziran 2016 - 6:00 'da yuklandi va 1840 marta o'qildi.

603641_557621324282056_1070304299_nAbdurauf FITRAT

NAJOT YO'LI

(51-qism)

FIKR TARBIYaSI

Fikr tarbiyasi odamning aqlini kamolga etkazish va baxt-saodatga etishishi uchun qobiliyatli qilib tarbiyalashdir. Odam aqli to'g'ri va yaxshi muhokama eta olsagina kamolga etgan hisoblanadi. Muhokamaning o'zi nima? Muhokama ma'lum hukmlardan majhul hukmlarni ajrata bilishdir.

Mas'alan, «vatanga xizmat qilish vojib» degan hukm majhuldir (ya'ni, mavhum). Bu hukmning ma'lum bo'lishligi uchun ikkita ma'lum hukmlar bo'lishi kerak, misol uchun «vatan bizning valine'matimiz», «valine'matga xizmat qilish vojib», «shunday ekan, vatanga xizmat vojibdir».

Yana boshqa bir misol keltiramiz: «Bashariyat orasida mehr va muhabbat darkordir». Bu hukm mavhum hukm bo'lib, uni oydinlashtirish uchun ikkita ma'lum hukmlar bo'lishi shart. Ular quyidagilar bo'lishi mumkin: «Odamlar bir-birlariga birodarlar yoki qon-qarindoshlar». «Qarindoshlar orasida muhabbat va mehr bo'lishi kerak». «Shunday ekan, odamlar orasida ham mehr-muhabbat bo'lishi shart».

Shu ikki misoldan ma'lum bo'ladiki, har muhokama uch hukmdan: ikkita ma'lum, ularning xulosasi esa mavhum hukmlardan hosil bo'ladi. Bahsimizning boshida aqlning komilligi to'g'ri mulohaza yuritish, deb aytdik. To'g'ri muhokama yuritish uchun kishi uch narsani bilishi shart:

1) isbot;

2) istiqomat;

3) sur'at.

Isbot bu ma'lum hukmlarning rost va to'g'ri bo'lishligi; istiqomat ma'lum hukmlarning majhul hukmlarga mantiqan to'g'ri va izchil ko'chishi; sur'at esa — to'g'ri va ma'lum hukmlarning beto'xtov, batartib va tezlik bilan majhul hukmlarga ko'chishiga aytiladi. Kimda shu hukmlarning bittasi bo'lmasa, yo umuman, muhokama qilolmaydi yoki g'alat, ya'ni noqis muhokama qiladi. Binobarin, u odam umri davomida qaysi bir ishga qo'l urmasin, doim yoki ko'pincha, noqulay vaziyatlarga tushib qoladi. Fikriy tarbiya xususida ana shu uchta jihatni e'tibordan chetga chiqarmaslik zarur.

Avvalo, bolalarga fikrlashda isbot bo'lishini o'rgating, ya'ni ularga doim to'g'ri, rost ma'lumotlar bering va xotiralarida beasos, botil fikrlarning joy olishiga yo'l qo'ymang, aks holda ulg'ayganlaridan keyin ham ana shu beasos fikrlarga tartib berib noto'g'ri muhokama qiladilar, natijada xato yo'llarga kirib qolib zarar ko'radilar.

Ota-onalarimiz va muallimlarimiz bizga go'dakligimizdan Ko'hiqof parilarining hujumidan so'zlab, kallamizni puch, bema'no xayollarga to'ldirib keladilar. Shuning uchun biz ulg'ayganimizda mushuk yursa ham, bironbir sado chiqsa ham vahimaga tushib, shu vahima, qo'rquvdan kasal bo'lamiz.

Ikkinchidan, bolalarga fikrlashda istiqomat qilishni o'rgating, ya'ni ma'lum fikrlarni majhul fikrlarga to'g'ri o'tkazsinlar, ma'lum fikrlar asosida xulosa qilayotganlarida noto'g'ri xulosaga kelmasinlar. Buning uchun bolalarni muhokama qilishga o'rgating, yomonning yomonligini, yaxshining yaxshiligini muhokama qilib, isbotlab ularga tushuntiring, ularning ko'r-ko'rona taqlid qilmasliklariga doim e'tibor bering. Madaniy xalqlar maktablarida bolalarga hisob ilmi, tarix, ashyolar darsi, jug'rofiya va boshqa darslardan ta'lim berishlarining boisi shu ikki maqsad (ya'ni, fikrlashda isbot va istiqomatni o'rgatish) uchundir. Baxtga qarshi, bizning maktablarimizda bu ilmlarning hech biri o'qitilmaydi. Ilova uchun biz go'daklarimizni muhokamadan mahrum qildirib, barcha ishni mushtu kaltak zarbi ostida qoldiramiz.

Mas'alan, bolaga darsingni qil, tirnog'ingni ol, qimor o'ynama, namozingni qoldirma, deb aytamiz. Lekin qay tarzda? Mening aytganlarimni bajarmasang, kaltak eysan, deymiz. Bu buyrug'imiz xuddi ko'rga «hassangni tashlab, shu yo'lga tushib ketaver, agar yo'lda toshga urilib yiqilsang, o'ldiramiz», — deyish bilan barobar-ku.

Siz o'zingiz, avvalo, mulohaza qiling: bola namoz o'qimaslikni, dars tayyorlamaslik va tirnoq olmaslikning zararini bilmasa, qanday qilib aytganlaringizni samimiy qabul qilsin. Ha, bolaligida kaltakdan qo'rqib amal qiladi, ammo ulg'ayib kaltak zarbi xotirasidan butkul chiqib ketgach, o'zi xohlagancha ish ko'radi, siz qil deganni qilmay, qilma deganingizni qila boshlaydi. Mana shu jabru zulmingizning «foydasi» bo'ladi. Ammo siz namoz o'qimaslik, qimor o'ynash, dars tayyorlamaslik, tirnoq olmasliklarning zararini, yomonligini shirin til bilan tushuntirsangiz va uni yaxshi ishlarga rag'batlantirib, yomon ishlardan nafratlantira olsangiz, aytganlaringizni o'zi xohlab bajaradi ham diydoringizdan bezor bo'lmaydi.

Mana qarang, bu xususda hazrat Rasul alayhissalom nima deganlar: «Ahkom ta'limini osonlashtiringiz, ta'limni mushkullashtirmagan holda bashorat bering (ya'ni o'rgatayotgan har bir narsaning moddiy va ma'naviy tomonlarini tushuntiring), odamlarni ilm olishdan bez dirmang». «Alloh meni o'zimning va boshqalarning ham ishlarini qiyinlashtirish uchun emas, balki oson ta'lim berishim uchun yuborgandir».

Uchinchidan, muhokamadan sur'atni o'rganish darkor. Bu maqsad biron-bir ortiqcha ishni talab qilmaydi, bola agar fikrlashda isbot va istiqomat qilishni bilsa, sur'at o'z-o'zidan hosil bo'ladi.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort