O’zbekiston Xalq Harakati

Bu saodat binosini birdaniga qurib bo'lmaydi

Bu saodat binosini birdaniga qurib bo'lmaydi
05 Temmuz 2016 - 5:00 'da yuklandi va 1913 marta o'qildi.

57362e9a1f5d9a05e4805d48d74b3eddAbdurauf FITRAT

NAJOT YO'LI

(54-qism)

Islom dini umumiy birodarlikni barpo qilish uchun qanday yo'l ko'rsatgan ekan? Umumiy birodarlik inson kamolotining natijasi bo'lganligi uchun tadrijiy qonunga, ya'ni asta-sekin, darajama-daraja rivojlanishga bo'ysunadi.

Xalqlar o'rtasida umumiy birodarlikni birdaniga tashkil qilmoqchi bo'lgan odam xato qiladi va harakati behuda ketadi. Bu saodat binosini birdaniga qurib bo'lmaydi. Shuning uchun islom dini belgilagan yo'l bashariyatni tadrijan (ya'ni, darajama-daraja) umumiy birodarlikka noyil qiladi. Islom dini har bir odamdan komil iymon va yaxshi amallarni talab qilady.

«Albatta, iymon keltirib yaxshi amallar qilgan zotlar uchun Rahmon do'stlikni barqaror qilur»264.

Odamlar komil iymonga erishib, solih amallar qilib yursalar, Haq taolo ushbu oyatga binoan, ularning diliga bir umumiy muhabbatni, mehrni soladiki, bu esa umumiy birodarlikka zamin bo'ladi. Komil iymon va yaxshi amallaringiz orqasidan umumiy birodarlikka zamin hosil bo'lgach, xatti-harakatlarimizning yo'nalishi tayin bo'ladi, biz shu yo'nalishdan chetga chiqmasak, shubhasiz, bashariyatni umumiy saodatga etkazamiz. Ushbu maqsad uchun islom dini tayin etgan yo'l quyidagi farmonlardan ma'lum bo'ladi. Avvalo, o'z nafsingizni do'st tutib, himoya qiling deyiladi…

«O'zingizni o'zingiz tahlikaga solmang»265, — deyilgan Qur'oni karimda. So'ngra ota-onangizga muhabbatli bo'lingiz, ularni ranjitmangiz, deyilgan.

«Parvardigoringiz yolg'iz Uning O'ziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi. Agar ularning (ota-onangizning) birovi yoki har ikkisi sening qo'l ostingda keksalik yoshiga etsalar, ularga qarab «uf» tortma va ularning (so'zlarini) qaytarma! Ularga doimo yaxshi so'z ayt»266.

«Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik»267.

Undan keyin xotinlarga yaxshilik qilishni, ularga besabab zulm va muruvvatsizlik ko'rsatmaslik buyurilgan. Men bu haqda o'tgan boblarda qayta-qayta misollar keltirgan bo'lsam ham, bu joyda ham gap uzilib qolmasligi uchun quyidagi ikki oyatni keltiraman: «… Agar ayollaringizga chiroyli muomala qilsangiz va Allohdan qo'rqsangiz (o'zingizga yaxshidir)268.

«U Zot sizlar hamdam bo'lishingiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratishi va o'rtalaringizda oshnolik va mehr-muhabbat paydo qilishidir»269.

Bani odam bu ilohiy amrlarni jon qulog'i bilan eshitib, bo'ysunib, xonadonida samimiy muhabbatni barpo qila olsa, o'nta qo'ni-qo'shni, qarindosh-urug' o'rtasida ham mehr-oqibat o'rnatish buyuriladi. Bu to'g'rida ham bir qancha hadis va oyatlar kelgan.

«Hazrat Payg'ambar uch bor qasam ichib aytdilar: «Alloh haqqi mo''min bo'lolmaydi». Sahobalar so'radilar: «Yo Rasululloh, kim mo''min bo'lolmaydi?» Hazrat: «Qo'shnisiga jafo ko'rsatgan odam», — dedilar.

«Jabroil menga doim qo'shnining haqini ado etishlikni buyurardi, hatto men qo'shnida ham meros haqi bormikan, deb o'ylardim», — deganlar hazrat Rasululloh.

Qarindosh-urug'larning haqqini ham ado etib, odam ularga nisbatan mehribon bo'lishi kerak. «(Ey, Muhammad), qavmi-qarindoshga, miskin va yo'lovchiga (xayru ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka yo'l qo'ymang!»270

«Albatta, Alloh adolatga, chiroyli amallar qilishga va qavm-qarindoshga yaxshilik qilishga buyurar hamda buzuqlik, yomon ishlar va zo'ravonliklardan qaytarur…»271

Mana shu najotbaxsh ilohiy amrlarga amal qilishni qilgandan so'ng islom dini odamlarni umumiy milliy muhabbat paydo qilishga chaqiradi, ya'ni bir mamlakat ahli bir-birlari va boshqa xalqlar bilan o'rtada birodarlikni o'rnatib, bir-birlarini hech ranjitmaslikka buyuradi. Imom Buxoriy Payg'ambarimizdan rivoyat qiladi: «Bir-biringizga hasad qilmang, sotayotgan molingizning qasddan bahosini oshirmang, bir-birovingizga dushmanlik qilmang, oralaringizda mehru muhabbatni kanda qilmang. Ey, Xudoning bandalari, bir-biringizga birodar bo'ling».

Har bir millat ana shu oliy hukmga amal qilsa, navbat diniy birodarlikka keladi. Bunda Qur'oni karim hukmiga muvofiq barcha ahli islom millatidan, rangidan qat'i nazar, bir-birlariga do'stu mehribon bo'lishlari lozim bo'ladi. «Mo''minlar hech shak-shubhasiz og'a- inilardir…»272

«Mo''minga tili va qo'li bilan ozor bermagan kishi haqiqiy musulmondir», — deyilgan Payg'ambarimiz hadislarida.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort