O’zbekiston Xalq Harakati

Kelishi qiyin, ketishi oson!

Kelishi qiyin, ketishi oson!
14 Temmuz 2016 - 11:17 'da yuklandi va 4198 marta o'qildi.

istanbulda-ramazan-etkinliklerle-kutlanacakTurkiya manzaralari

18

RAMAZON

Yil bo'yi intiqib kutganimiz ramazon keldi ham, hash-pash deguncha o'tib bo'ldi ham.

Hozirdan odam sog'inib, kelgusi ramazonga ko'z tika boshladik.

Har yilgiday, o'n bir oy bir oyni kutish bilan o'tadi endi. Doim shunday: kelishi rosa cho'ziladi, ketishi juda tez!

Kelishi qiyin, ketishi oson!

Shoshilmay keladi, ketish kuni etganini bilmay qolasiz!

O'zi o'n bir oyda bir keladi, ammo bir oyginada o'tadi-ketadi!..

Kelishini ko'zlar to'rt bo'lib intizor kutasiz, ketishida ikki ko'z ham jiqqa yoshga to'lib kuzati-ib qolasiz!

Ey Olloh, ramazon oyini bizdan vaqtinchaga ketkizib tursang ham, yuraklarimizdan, uylarimizdan, yurtimizdan uning fayzini vaqtinchaga ham ketkizma!

O'tgan yili “Turkiya manzaralari” turkumidagi hikoyalarimni yoza boshlaganimda, Olloh nasib etsa, Istanbulda ramazon mavzuiga alohida to'xtalaman deb niyat qilgan va va'da etgan edim. Lekin, to'g'risi, ramazon ichi nimagadir yozgim kelmadi. Yozmadim. Oxirgi xaftasida bir urindim, hatto tepadagi boshlamani yozdim ham, ammo davom ettirmadim ‒ ro'zamga buni aralashtirishni istamadim. Mana, endi, ramazon tugab, hayit ham o'tib, ko'ngil yana yozishni tusab qoldi. Balki bu yilgi ramazon bilan xayrlashuv o'ksikligidandir… Balki kelgusi ramazonning sog'inchidandir…

Turkiya ramazonini bu o'lkaga ilk marta kelganimda ‒ 1997 yiliyoq yaxshi ko'rib qolganman. Unda hokimiyat Islom qadriyatlariga katta e'tibor berayotgan hozirgi partiya qo'lida emasdi. Bosh vazir ham Tansu Chilar ismli bir ayol kishi edi. Turkiyada kommunistlarning va jumhuriyatchi kuchlarning ta'siri hali kuchli edi. Shunda ham bu erda ramazon juda jo'shqin kechishini ko'rib havas qilganman va Vatanimga ham aynisini sog'inganman.

O'shanda Turkiyaga ustoz adib Tohir Malik bilan birga Buyuk elchilik mehmoni o'laroq kelganimizni oldingi boblarda aytgan edim. Istanbulda bizni bir vakil kutib olib Anqara avtobusiga o'tirg'izib yuborgan, poytaxtga saharlikka yaqin vaqtlarda kirib borgan edik. To mehmonxonaga joylashib, saharlikka u-bu narsa eb olgunimizcha bomdodga azon bo'lib qolgani esimda.

Azon juda gulduros edi. Keyin bilsak, bizni Anqaraning markaziy machiti ‒ Ko'jatepa jomei yaqinidagi mehmonxonaga joylashtirishgan ekan.

Machitga piyoda chiqdik.

Sulton Ahmad maydonida iftorlik

Sulton Ahmad maydonida iftorlik

Ilk ajablanganim holat ‒ machit hovlisidagi vaqtinchalik qurilmalar bo'ldi. Surishtirsak, bu erda bir oy ramazon ichi diniy adabiyotlar ko'rgazmasi bo'lar ekan. Kunduzi ochilib, so'ng to taroveh tugagunicha ishlarkan.

Asrga chiqqanimizda mezbonlar ko'rgazmani aylantirishdi.

Turkiyada machitlar shakli o'ziga xos. “Me'mor Sinon uslubi” deyishadi. Unga ko'ra o'rtada katta, tevaragida yarim yo chorak qubbali ulkan xonaqoh quriladi, kiraverishda machitning katta-kichikligiga qarab gird aylanasi toshayvonli ulkan yo o'rtacha hovli bo'ladi.

Ko'jatepa jomei biz bormasimizdan 10 yil burun ‒ 1987 yili qurib bitkazilgan, Turkiyaning yirik jomelaridan ekan. Shunga ko'ra hovlisi ham yirik. Kitob ko'rgazmasi mana shu hovlida tashkil qilingan edi. Ko'zga juda muhtasham ko'rinardi.

Mezbonlar bergan ma'lumotga qaraganda, mamlakatda diniy adabiyot nashr etadigan 90 (to'qson)dan ortiq (!) nashriyot o'z mahsulotini qo'ygan ekan. Kitoblar rang-barang, eng oxirgi bezak uslublarida chop etilgan edi.
Ko'rgazmani tomosha qilib, yo'q kitobning o'zi yo'q, yo'q mavzuning o'zi yo'q degan xulosaga kelganman. Qadimdan to o'sha kungacha olamda qaysi tilda qanday mo''tabar manba bo'lsa, hammasi turkchaga tarjima etilgan, ulardan tashqari turk olimlari ham dinimizning xilma-xil mavzularida qator-qator kitoblar yozib tashlashgan edi.

Eng asosiysi ‒ ertadan-kechgacha ko'rgazmadan odam oyog'i uzilmas, juda gavjum, ayniqsa, keluvchilar orasida yoshlar ko'p edi. Asrdan keyin esa to xuftongacha odam sig'may ketardi. Va yana bir muhim tomoni ‒ ko'rgazmadan hech kim quruq chiqmasdi. Ayniqsa, o'n-yigirma kitob sotib olib qo'ni-qo'njini kitobga to'ldirib chiqib ketayotgan yoshlarni ko'rsangiz, ko'zingiz quvonmasdan iloji yo'q edi!

Kechqurun xuftondan qaytayotganimizda Tohir aka bir gap aytib qoldi:

‒ Bilasizmi, men ko'p kitob ko'rgazmalariga borganman. Maskov, hatto Berlinda bo'lgan kitob ko'rgazmasiga ham qatnashganman, lekin bunaqa gavjumlikni ko'rmaganman! ‒ dedi.

Xuddi shunday ko'rgazma keyinroq Istanbuldagi eng tarixiy jomelardan ‒ Sulton Ahmad machitida ham uyushtirilganini ko'rdik. O'sha-o'sha kitoblar mo'lligi, o'sha-o'sha gavjumlik…

Oradan yigirma yil o'tib, bugun o'sha zamongi kitob qo'ltiqlagan yoshlar qirq yoshga kirib, Turkiyaning rangini ancha-muncha o'zgartirib yuborganiga mana endi guvoh bo'lib turibman!

O'shanda meni ajablantirgan ikkinchi narsa iftorliklar edi!

Qaysidir kuni safar dasturi bo'yicha Turkiya yozarlar birligida uchrashuv uyushtirishdi. Ikki soatcha yigirma chog'li yozuvchi-shoir, adabiyotshunos olim bilan suhbatlashdik. Bu erda eskilardan jadid adiblar, yangilardan buyuk shoirimiz Rauf Parfi nomi juda mashhur ekan. Suhbat ko'proq shular haqida bo'ldi.

Shu kuni Saljuq universiteti iftorlik berayotgan va Yozarlar birligidan ham yigirmatacha odamni taklif etgan ekan. Uchrashuvdan so'ng mehmon sifatida bizni ham iftorlikka olib borishdi.

Uskudar tumani mahallalaridan birida iftorlik

Uskudar tumani mahallalaridan birida iftorlik

Juda muhtasham bir mehmonxonaning xollida ulkan sahnga o'n ikki yo o'n besh kishilik qilib dasturxon tuzalgan, har bir stol o'rtasiga taklif etilgan tashkilotning oti yozilgan edi. Universitetlar, ilmiy-madaniy dargohlar, davlat va hukumat tashkilotlari. Xullas, iftor dasturxoniga millat gullari taklif etilgan ekan desa bo'ladi.

Biz maxsus mehmon o'laroqmi yo kutilmagan mehmon o'laroqmi aralash dasturxonga o'tqazildik.

O'ng tomonimda sakson yoshlar atrofida bir chol-kampir o'tirgan edi. Mezbon aytishicha, tarix ilmida Turkiyaga ko'p xizmati singgan er-xotin akademiklar ekan. Otlarini ham aytgan edi, unutdim. Chap yonimizda asli vatandosh, o'sha paytda millatvakili (deputat) bo'lgan bir kishi. U bilan ham tanishdik, bir oz gaplashdik. Buzibroq bo'lsa ham, o'zbekcha gapirishga harakat qilgani meni quvontirdi…

Og'iz ochilgan zahoti haligi chol-kampir darrov sigaret chekishga tutindi. Hayron boqib qolgan ekanman, mezbon menda kechayotgan o'ylarni sezib (chunki O'zbekistonda Turkiya elchixonasida ishlab kelgan-da, O'zbekistonda ayol kishining chekishi nodir hodisa ekanini biladi!), darrov izoh berdi:

‒ Bizda deyarli hamma sigaretga mubtalo, bu yog'iga qarama! Muhimi ‒ bu ikki muhtaram zot Turkiyada tarix ilmi rivojiga juda katta hissa qo'shgan! ‒ deb qo'ydi.

Diqqatimni tortgan va buyuk havas uyg'otgan ikkinchi narsaga sal o'tib, shom namozini o'qishga turganimizda duch keldim: iftorga kelgan deyarli hamma ‒ erkagu ayol namozga turdi! Ma'muriyat yonboshdagi ikki katta zalni namoz o'qishga tayyorlab qo'ygan ekan. Biriga ayollar kirdi, ikkinchisida erkaklar o'qidi. Xona xiylagina katta bo'lishiga qaramay, to'lib-toshib, uch-to'rtga bo'linib namoz o'qidik!

Dastur bo'yicha yana bir kuni Madaniyat vaziri bilan ham uchrashuv bor ekan, olib borishdi. Mezbon bizni tanishtirdi. Chiroyli suhbat bo'ldi. Vazir so'zi boshida bizdan uzr so'ragan bo'ldi:

‒ Ro'zachilik, uzr, sizlarga choy ikrom qila olmayapman, ‒ dedi.

Demak, vazir ham ro'za tutayotgan edi!

Bir kuni Ko'nyaga kelganimizda yana dasturga ko'ra shahar muftisi qabulida bo'lishimiz kerak edi. O'rinbosari kutib oldi. Uzrini aytdi.

‒ Bosh vazir Tansu Chilar xonim iftorlik berayotgan edi, mufti janoblari o'sha yoqqa ketdilar, ‒ dedi…

Hukumat boshlig'i din xodimlariga iftorlik berar ekan! Holbuki u zamonda hukumat o'ta dunyoviy edi!

Bundan tashqari, shaharlarning katta-katta maydonlariga ulkan chodirlar tikilgan, peshonasiga yirik harflar bilan “İKRAM SOFRALARI” (“Ikrom dasturxonlari”) deb yozib qo'yilgan edi. Mezbonlar aytishicha, davlat idoralari, ayrim tashkilotlar va boy kishilar bu erlarda galma-gal muhtojlarga, musofirlarga, turli sabab bilan iftorlikka uyiga yo aytilgan joyga etib bora olmay qolgan yo'lovchilarga har kuni iftorlik berishar ekan!..

Ishqilib, davlat va hukumat tepasida qip-qizil dunyoviylar turgan bo'lsa-da, bundan yigirma yil ilgariyoq Turkiyada islomiy hayot jamiyatning ich-ichiga kirib borganini ko'rdim!

Balki islomiy hayot tarzi olti yuz yildan mo'l xalifalik poytaxti bo'lgan bu barakali yurtdan to'la siqib chiqarib ulgurilmagandir?!

O'sha galgi safarimizda ramazonning to'rtdan uch qismini Turkiyada o'tkazdik, o'nga yaqin shahariga bordik, mamlakatning yarmidan ko'pini kezdik, hayitni Istanbulda o'tkazdik va… hamma erda ramazon fayzini, jo'shqinligini ko'rdik.

2009 yili ham Turkiyaga ta'til safarimni ayni ramazon oyiga tayin etganim o'sha ilk kelganimdagi havas va muhabbatdan edi.

Mana, nihoyat, bu yilgi ramazonni ham Turkiyada o'tkazdim. Oldingi yillar tassurotlarim bilan solishtiradigan bo'lsam, tabiiy, yanada ijobiy tomonga o'zgarishlarni sezdim.

Umraniya tumani mahallalaridan birida iftorlik

Umraniya tumani mahallalaridan birida iftorlik

Istanbuldagi katta, tarixiy jomelar tevaragida bir oy davomida asrdan to bomdodgacha tinimsiz bayram, sayil bo'ldi. Ommaviy iftorliklar, har xil o'yinlar, ilmiy suhbatlar, ehsonlar, hadya ulashishlar, bolalarning cheksiz zavq-shavqi!..

Telekanallar bir-biri bilan musobaqa o'ynaganday har xil diniy ko'rsatuvlar tashkil etgan!.. Iftorgacha bir yarim soatcha, tarovihdan so'ng saharlikkacha yana bir yarim soatcha olimlar suhbatini ko'rsatgan!.. Maydonlarda minglab kishi ishtirokida diniy-ilmiy mav'izalarni to'g'ridan-to'g'ri olib bergan!.. Hatto telereklamalar ham asosan ramazon bilan bog'liq mavzuda tayyorlangan!..

Shaharning har bir tumani (“ilçe”si) tanlangan muqim bir erda besh, o'n, hatto yigirma ming kishiga mo'ljallab ikrom dasturxoni tashkil etib qo'yibdi. Masalan, Fotih tuman hokimiyati (belediyesı ‒ baladiyasi) o'z hududida, Uskudar tuman baladiyasi dengiz bo'yida Uskudar maydonida, Ayyub tuman baladiyasi Abu Ayyub Ansoriy ziyoratgohi yaqinidagi bir maktab hovlisida, va hokazo…

Bundan tashqari o'ttiz (yo yigirma to'qqiz) kun ichida har bir baladiya (hokimiyat) o'z hududiga qarashli turli erlarda, mahallalarda har kuni ko'chma iftorliklar uyushtirdi. Va hammasida baladiya boshqoni ‒ hokim ishtirok etdi. Vatandoshlarini ramazon bilan qutladi, iftorlikka kelganlari uchun minnatdorliklar bildirdi.

Taom har bir tumanda har kuni deyarli bir xil: suv, ayron, non, sho'rva, turk palovi va oxirida shirinlik!

Uskudar baladiyasi bu yil yana bir xayrli ishga qo'l uribdi: qaysidir bir maydonida bu yil ilk ro'za tutganlar uchun alohida iftorlik qilib berdi. Buni televizorda ko'rdim. Mehmonlar hammasi yoshlar, bolachalar, qizchalar edi. Yuzlarida umrida ilk bor ro'za tutganlik shavqi balqib ko'rinar, ayniqsa hokimlari qo'lidan iftorlik hadyalarini olish ularning bayramlariga bayram qo'shib yuborgan edi!

Istanbulning eng baland Büyük Çamlıça (Katta archazor) tepaligida, aytishlaricha, Turkiyada eng yirik, dunyoda ham birinchi o'nlikka kiradigan darajada katta, olti minorali machit qurilayotgan edi. Shuni bu yil ramazonda bitkazib, Qadr kechasi kuni ochishni mo'ljallashgan ekan. Hokimiyat o'n ming kishilik iftorlikni va Qadr kechasi namozlarini shu erda o'qishni va'da qilgan.

Men bu yoqqa kelganimdan beri shu xabarni eshitaman. Bir gal atay borib qurilishni ko'rib ham keldim. Chindan ham ulkan edi! Yuzlab qo'shimcha xonasi, anjumanlar saroyi, madrasalari, kutubxona va yana ko'p muassasalari bilan juda muhtasham loyiha ekani ko'rinib turardi!

Afsus, qurilish bitib ulgurmadi. Shunda ham “Va'da ‒ va'da!” deb baladiya boshqoni Hilmi Turkman ramazon boshlanganidan beri har kungi iftorliklarda xalqni shu machitga chorlar, machitning harholda bitgan qismida ‒ hovlisida Qadr kechasini o'tkazishga tashviq etar edi. Qiziqib, biz ham oilaviy bo'lib bordik.

Bu machit to'la bitganidan va rasman ochilganidan keyin u haqda alohida yozishga va rasmlarini e'lon etishga harakat qilaman, inshaolloh. Shuning uchun hozir tafsilotiga berilmayman. Hozir men aytmoqchi bo'lgan va havas qilganim ‒ tarovih namozidan so'nggi bir hodisadir. Duolar va tasbihotlardan oldin hokim bir yigit bilan birga imomning yoniga borib o'tirdi. So'ng imom Qur'on tilovati uchun mikrofonni hokimga uzatdi! Va u… “Amanar rosulu…”ni shunaqa chiroyli o'qidi!..

Ertasiga mahalamiz imomiga shu voqeani aytib hayratlansam, “Boshqonimiz hofizi Qur'on!” dedi. Keyin esladim: o'g'lim ham bir gal shuni aytgan edi. Murattab qori yigit Istanbulning eng yirik tumanlaridan birining hokimi bo'lsa!..

Yana bir o'ziga xos tomoni ‒ davlat telekanallaridan tortib xususiy telekanallargacha “Xabar” dasturlari bir oy davomida davlat va hukumat boshliqlarining qaerda va kimlar bilan iftorlik qilgani haqida ma'lumot tarqatib turdi. Jumhurboshqoni (Prezident) bo'ladimi, Boshboqon (Bosh vazir) bo'ladimi yo boshqa bir muxolif partiya boshlig'i bo'ladimi, albatta bu iftorliklarda qisqacha nutq so'zlar edi. Davlatning ichki va tashqi siyosati har kuni shu iftorlik mahallari yuritildi desa ham bo'ladi.

Va nihoyat, hayit! Bu erda hayitga katta e'tibor berilar ekan:

1. Davlat hayit munosabati bilan 9 (to'qqiz!) kun haq to'lanadigan ta'til berdi. Xususiy ishxonalar bu miqdorni o'zlari belgilasharkan. Qurbon hayiti ta'tili yana ham ko'p bo'larkan ‒ o'n kundan o'n besh kungacha cho'zilar ekan.

2. Shahar ulovlari yo'lkirasi 3 (uch) kun hayit ichida teng baravarga arzonlashtirildi. Masalan, to'liq kira haqi 2 lira 35 qurush bo'lsa, hayit kunlari bu 1 lirayu 17 qurushga tushirildi. Odatdagi kunlarda men oltmish yoshdan oshgan sifatida imtiyozli tarzda 1 lirayu 65 qurush to'layman, hayit kunlari avtobus apparatlari aqbilim (plastik karotchkaning bir turi)dan bor-yo'g'i 82 qurushgina echib oldi. Boshqa kunlari yo'lkirasi 1 lira 15 qurush qilib belgilangan talaba va maktab o'quvchilari hayit kunlari 57 qurush to'lashdi, xolos.

(Shu erda bir narsani qistirib ketmasam bo'lmaydi. Chunki biz bunaqasiga ko'nikmaganmiz: shuncha yaxshilik va engilliklarga qaramay bironta odam ko'chalarda, machit mehroblarida, gazetlarda yo telekanallarda Turkiya davlatiga yo shaxsan jumhurboshqoniga minnatdorlik izhor qilganini ko'rmadim!)

Bular hammasi yaxshi, hammasi go'zal! Ammo menga baribir nimadir kamga o'xshab tuyulaverdi… Nimadir etishmayotganday edi…

Albatta, bu etishmayotgan narsa ramazonda yurtimdagi o'ziga xoslik, tarovih namozlaridagi Qur'on xatmlari, qorilarimizning shirali ovozlari edi.

istanbulda-sokak-iftarlarıYana aytish mumkin bo'lsa, O'zbekistonda o'qiladigan tarovih namozlaridagi bo'lakcha bir ixlosga o'xshagan ixlosni, yoshlarning bu namozlarda ko'rsatadigan ulkan sabru bardosh va qahramonliklariga o'xshagan jiddu jahdni bu erda ko'rmadim!..

Istanbulda tarovih namozlarida sanoqli machitlardagina Qur'on xatm qilinar ekan. Masalan, men yashab turgan tumanda ikki-uch machitda xatm bo'layotganini aytishdi. Shahar bo'yicha 3400 (uch ming to'rt yuz)ga yaqin jome machit bo'lsa, demak, shundan bor-yo'g'i 40-50 tasida xatm qilinyapti deganidir. (Butun Turkiyada jomelar soni 87000 ga yaqinlashadi!) Qolganida yigirma rakat tarovih namozi qilinadi, xolos. O'shanda ham, juda tez o'qiladi.

Albatta, bu ishda vaqt qisqaligi sababi ham bor. Solishtirsam, Turkiyada ro'za payti O'zbekistondan va dunyoning boshqa ko'p erlaridan yaqin bir soatcha uzoqroq cho'zilarkan. Masalan, Istanbulda (o'rtachasini olsak) soat 3:20 da og'iz yopilsa, soat 20:45 da og'iz ochiladi. Ya'ni, bir kunda yaqin 17 soatu 30 daqiqa og'iz yopiq bo'ladi! Quyosh botish vaqti bir oz kech. Kunning quyoshli qismi, deylik, O'zbekistonga qaraganda 40-50 daqiqacha uzun. Buning ustiga nimagadir shom bilan xufton orasi ham yurtimizda biz o'rganib qolgan bir yarim soat emas, balki roppa-rosa ikki soatdir! Soat 22:45 da xufton namozini boshlasak, tarovihda kuniga o'rtacha bir poradan shoshilmay Qur'on o'qilsa, uyquga juda oz vaqt qolishi aniq. Balki shuni hisobga olib yoz pallalarida Qur'on xatmlarini machitlarida o'qishmas. Bilmayman.

Ammo bu degani Turkiyada ramazonda Qur'on o'qilmas ekan degani emas. Bu erda xatmning boshqacha usuli ko'proq yoyilgan ‒ deyarli hamma machitda ramazon oyi davomida muqobala usuli bilan Qur'on xatm qilinadi. Bunda Qur'on hofizi (qori) yoddan yo kitobga qarab har kuni og'iz yopilganidan keyin to bomdodgacha (yo o'zlariga uyg'un boshqa bir vaqtni belgilab) bir poradan Qur'on o'qib beradi, qavm lavhlarda Qur'onni ochib kuzatib boradi. Bunga har ramazon oyi Payg'ambarimiz (sollalohu alayhi va sallam) Qur'onni hazrati Jabroyil (alayhissalom) nazarlaridan bir o'tkazib olganlari dalil qilinadi. Bu ham o'ziga xos! Bu ham o'ziga yarasha go'zal!

Lekin baribir tarovihda Qur'on xatm qilinishlariga o'rgangan, uning fayzlaridan bahramand bo'lgan biz o'zbekistonliklar uchun tarovihni bu qadar tez va shosha-pisha o'qilishi uncha o'tirishmadi.

Mahallamizdagi machit imomiga O'zbekistondagi Qur'on xatmlarini, unda kattayu kichik zavq-shavq bilan some bo'lib turishlarini so'zlab bersam, kutilmagan bir gap aytib qoldi:

‒ O'ttiz yillar burun bizda ham intilish shunday kuchli edi, ammo unda Turkiya diniy siqintilarni boshdan kechirardi. Endi har narsa erkin, lekin afsus, yoshlarimiz ko'pi dinga farqsiz bo'lib qoldi…

Odamni dovdiratadigan javob edi bu. Obbo, biz nima qilaylik bunday vaziyatda?

Bir vatandoshimizdan “Turkiyada nimaga machitlarda xatm kam qilinadi?” deb so'raganimda, u ham xuddi imomning gapini tasdiqlaganday, qisqagina qilib: “Imomlar erinadi”, deb qo'yaqoldi.

Bu fikrda ham jon bordek. Imom erinmagan taqdirda ham, balki qavmga malol kelmasin deb tarovihni tez o'qib berayotgandir. Qavmga ham shu yoqar balki. Oqibatda, sabablarga sinchiklab boqsangiz, baribir imom ham, qavm ham “erinayotgan” bo'lib chiqadi.

Shuning uchunmi, butun oy davomida tez-tez har yili O'zbekistonimda o'qigan tarovih namozlarimni esimga tushaverdi. Qo'msadim. Sog'indim.

O'tgan yili xatmni Toshkentda ‒ Minordagi yangi qurilgan Oqmachitda boshlab, Oqmachitda tugatgan edim. O'rtada bir haftacha tug'ilib o'sgan tumanim markazi Yaypanda o'qidim. Har ikki erda ham machit xonaqohiyu hovlisi namozxonga to'lib ketgan edi. Yaqin ikki soat davomida xufton va tarovih namozlarini o'qidik, tasbihotlarini sevib qildik. Har ikki erda ham qavmning ko'pi yigitlar edi.

Oqmachitda birinchi tarovih bo'lgani uchunmi bu yog'i Sirg'aliyu Qo'yliq, u yog'i Yunusobodu Qoraqamish, xullas, shaharning eng chekka-chekkalaridan ham yosh-yosh yigitlar yo'lkira sarflab kelishgani va xatmning oxirigacha turib berishganiga guvoh bo'ldim. Xuddi shuningdek, tumanim markazidagi machitga ham uzoq-uzoq qishloqlardan yoshu qari kelib xatmga quloq solishdi!

Bularni ko'rib, ich-ichimdan quvonganman, yigitlarimiz haqiga duolar qilganman. Ollohdan ixloslariga baraka so'raganman.

Holbuki…

Holbuki… O'zbekistonda diniy hayot masalasida ancha-muncha qiyinchiliklar bor, buni ko'plar o'z misolida his etib yashayapti! Ayniqsa, yosh masalasida jiddiy cheklovlar qo'yilgan. Namozxonlar zimdan va ochiq tazyiq ostida ekani ham birovdan yashirib bo'lmaydigan haqiqat. Bu haqda hatto ichkaridan turib ijtimoiy tarmoqlarda goh kinoya usulida, goh ochiq-oshkora yozilyapti ham.

Toshkentda Oqmachitga ham, tumanimdagi machitga ham bolalar ‒ maktab-kollej o'quvchilari kiritilmas edi. Machitlar melisalar bilan o'rab olinib, bolalar qaytarib yuborilar edi. Juda nari borsa yoshi surishtirilardi. O'n sakkiz yoshdan kichiklari kiritilmaganini o'z ko'zlarim bilan ko'rganman, bir-ikkitasining orasiga tushganman ham. Baribir qo'yib yuborishmagan.

Shunday bo'lsa-da, ichkari kirsam… ichkarida yana bolalar!.. Qayoqdan o'tdi bular, deysiz!

Sho'rlik melisa yigitlar ham o'zimizning musulmon bolalarimiz-da, ularga ham zarilmi bolalarni machitdan quvib? O'zlariga qolsa, shu ishni qilarmidi? Chorasizlikdan, buyruq va zug'um ostidagina, majburan shunday qilishadi, albatta. Shuning uchunmikan, kezi kelganida o'zlarini ko'rmaganga olib, ora-orada bolalarni machitga o'tkazib ham yuborib turishadi, shekilli.

Harholda, machitlarimizda orasta kiyingan va namozlarda bir tekis saf bo'lib turgan yoshlarimiz bizning katta boyligimizdir. Uyqudan kechib Qur'on xatmlarida turib berishlari esa, havas qilsa arzigulik ixlos va jiddu jahdlaridan deb bilaman.

Nima demoqchiman?

To'g'risi, nima demoqchi ekanimni, bu solishtirmalardan qanday xulosa chiqarishimni aniq bilmayman ham. Harholda, ixlos cheklov yo erkinlikka bog'liq emas shekilli. Hatto ta'qib va tazyiq ostida ixlos kuchli bo'lishi ham mumkin ekan.

Ramazon bo'yi shu holni ko'p o'yladim. Sabablar va oqibatlar tagiga etishga urinib yurdim. Sabablarni o'ylab ezilsam, oqibatlarni o'ylab goh quvonib ketar edim. Erkinlik va ixlosdan qay birini tanlash imkoni berilsa, qaysi birini birinchi bo'lib tanlasam bo'ladi, deb ikkilangan kunlarim ham, kutilmagan bunday yaxshi natijalar berayotgan ta'qib va tazyiqning davom etishini ko'nglim tusab qolgan kunlarim ham bo'ldi! Ajab…

“Kasalimdan qutulishimni so'rab duo qiling!” deb iltimos qilgan dindan g'ofil bir odam orqasidan bir ulug' olim nimalarni xayol qilganini bilasizmi?

“G'aflatdagi kishiga Ollohni eslatgan, yuragiga va tiliga Ollohdan yordam kutish tilagini solgan, har narsadan qudratli zot Olloh ekaniga iqror qildirgan hazrati kasallikni qanday qilib ketsin deb duo qilaman?!” degan ekan.

Xuddi shuningdek, ta'qib va tazyiq kuchaygani sayin bolalarimiz machitlarga battar talpinayotgan, qalblaridagi ixlos yanada alangalanayotgan bir paytda “Boshimizdan bu ta'qib va tazyiqlarni ko'tar!” deb Ollohdan so'ramay turaymikan, deb ham o'ylab qoldim.

Lekin ta'qib-tazyiq baribir xunukdir. Erkinlik yaxshidir. Masalani erkinlik yo ixlosdan birini tanlash tarzida qo'ymasdan, ikkalasini ham baravar va birga tanlash to'g'ri yo'l. Shuning uchun Ollohdan ixlos ham, diniy erkinlik ham bir paytda va to'kis bo'lishini so'rash eng oqilona ishdir, deb o'yladim.

Ey Olloh, bizga va kelgusi nasllarimizga diniy hurriyatni ham, ixlosni ham tom qilib ber! Biri uchun boshqasini boshimizdan kamitma! Bizga rahm qil! O'zing qo'lla, yo Rabb!hamzalar78_134525284597

Nurulloh Muhammad Raufxon

Manba: Facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Axmad hoji Xorazmiy ;

    Ajoyib maqola ekan. “Bu kunlar”dan hech kam emas. Bu maqolani “Alloh yuragimda, qalbimda”, deb kukrak kerib yurgan Urta Osyo rahbarlari ham uqisa bularkan.
    Shunda Alloh va Islomga sadoqat amalda qanday bulishi kerakligini tushinardilar

    14/07/2016 17:53