O’zbekiston Xalq Harakati

“Vatanimga, xalqimga ozgina taskin, ozgina engillik sog'indim, xolos”

“Vatanimga, xalqimga ozgina taskin, ozgina engillik sog'indim, xolos”
17 Ağustos 2016 - 7:00 'de eklendi ve 1443 kez görüntülendi.

Nurulloh Muhammad Raufxonning "Bu kunlar" kitobi

Nurulloh Muhammad Raufxon

BU KUNLAR

(102-qism)

Dunyoda muammosiz mamlakat yo'qligini, qiyinchiliklar ham, qing'irliklar ham bitta O'zbekistonga xos emasligini bilamiz. Ammo boshqa erlardan O'zbekistonning farqi ‒ bu erda muammolar, qiyinchiliklar, qing'irliklar aytilmaydi ham, ayttirilmaydi ham, xalq ularni kuzatib turish va tanqid qilish huquqidan mahrum etilgan.

Ya'ni, davlat xalqni eng oddiy haq-huquqlaridan ham to'sgan. Natijada umumga foydali muhokamalar o'rnini hech kimga foydasiz quruq maqtovlar egallagan, haqiqat o'rniga maydonda faqat yolg'on javlon uradi. Xalq ko'pi qiynalib kun ko'rayotgan bir paytda minbarlardan, matbuotdan butunlay boshqa ‒ “rangli hayot” kuylanmoqda. Aholining 70 ‒ 80 foizi gazsiz, chiroqsiz yashayapti-yu, “Butun dunyo O'zbekiston erishgan yutuqlardan hayratda!” emish.

Xo'rlik ustiga xo'rlik. Mamlakat ustidan kulish. Xalq hayoti ustidan kulish.

Eng katta ayb shu!

Agar butun dunyo hayratlanayotgan bo'lsa, O'zbekistondagi bu masxarabozlikka hayratlanyapti! Shuncha o'pirilishlar manzarasida uyalmay ko'pirtirilayotgan yolg'onlarga ishonib (ishonmagan taqdirda ham ularga parvo qilmay) yashab kelayotganiga hayratda! Dunyo O'zbekistonga lol qolayotgan bo'lsa, botqoqda burnigacha botib turgan holda ham “Muhtaram prezidentimizga rahmat!” deyishlarimizga lol qolmoqda!

Odam og'irchilikka chidaydi, yolg'onga chidamaydi! Shu bois bu erda “Yo'qolsin yolg'on, yashasin to'g'riso'zlik!” degan g'oya ilgari surilyapti.

Davlat o'zini demokratik deb e'lon qilgan ekan, gapida tursin, jamiyatga chinakam demokratiyani bersin, inson haqlari toptalmasin, deyilyapti.

Xalqimiz risoladagi boshqa davlatlar xalqi kabi emin-erkin yashasin deb orzu qilinyapti.

Siyosatdagi ayrim xatolar ko'rsatilar ekan, xalqning orzu-umidiga to'g'ri keladigan tuzumni oyoqqa turg'izish uchun ijobiy yo'l-yo'riqlar taklif etilyapti, xolos.

Hatto zulmni ham yaxshilik bilan, o'z kuchimiz bilan tugatishga targ'ib etilyapti. Faqat o'z kuchimizga tayanish, ichki masalalarimizni o'zimizgina hal etishimiz, bunda xalqimizning tengsiz aql-zakovatiga, tajribasi va layoqatiga suyanish eng to'g'ri yo'l ekani uqtirilyapti.

Bularning nimasi yomon? Nimasi ayb? Agar shu aziz vatan chindan barchamizniki bo'lsa, shu barchaning bittasi o'laroq mening ham, sizning ham, boshqa vatandoshlarimizning ham mamlakat ishlarini yuritishda xuddi prezident kabi to'laqonli haqqimiz bor va taqdiriga qayg'urishga burchlimiz.

Qat'iy ishonchimga ko'ra, bor ichki muammolarimizni faqat o'zimiz ‒ shu aziz yurtning chinakam egalari tinchlik-totuvlik bilan hal etishimiz shart! Yuksalishning milliy yo'llarini ham faqat o'zimiz birlashib-birgalashib axtarishimiz lozim!

Sinchi o'quvchilar sezadi: garchi voqealar yashab turgan hayotimizdan olingan va hozirgi prezident faoliyati misolida yoritilgan bo'lsa-da, tagida faqat tanqid niyati yotmaydi. Ya'ni, tanqid tanqid uchun emas, balki:

milliy mafkuramiz qanday bo'lishi kerak;

milliy va siyosiy doktrinamiz qanday bo'lishi lozim;

milliy o'zligimiz qanday qozoniladi;

davlat bilan jamiyat munosabatini qanday asoslarga qurish kerak;

ichki va tashqi siyosatda nima qilsa yaxshi va nima qilsa yomon;

qonunlar mahalliy xalqlarning urf-odati, o'zligi va orzu-umidlariga uyg'un bo'lishi, milliy o'ziga xoslik asosida huquq va burchlarini ifodalashi lozim…

kabi mag'iz masalalarga diqqatni qaratish uchundir.

Keyingi yigirma yilda tushib qolgan holatimizni tahlil va muhokama qilar, fikr va mulohazalarimni o'rtaga tashlar ekanman, ikkala oyog'im bilan ham shu aziz Vatanim tuprog'ida turdim. Buyuk xalqimning va davlatimning irodasiga, orzu-umidigagina suyandim. Milliy manfaatlarimizni birlamchi bilib, ko'nglimdagilarni samimiy ifoda etishga harakat qildim. Aslo yotlarga suyanmadim, hech bir davlatga orqa qilmadim. Niyatim xolis ‒ Olloh taoloning roziligi bo'ldi. Xalqimga, Vatanimga, Millatimga, Dinimga va Davlatimga xizmatdan boshqa manfaatni ko'zlamadim. Aslida ham bundan boshqa qayg'um yo'q.

Bordiyu ushbu asar bois shaxsimga davlatimdan zulm etsa, Ollohning panohidan o'zga umidim yo'q. Biron-bir yot orachilik xizmatini taklif etgan taqdirda ham men uning xizmatini chiroyli suratda qaytaraman va:

“Davlatim bilan mening oramga tushma, masalamizni o'zimiz hal etib olamiz, chunki biz bittamiz, oramizda seni sig'diradigan ora yo'q, menga zulm bo'layotgan bo'lsa, o'zimning bir bo'lagim zulm qilyapti, begonaning orachiligiga zormasman!” deyman.

Nurulloh Muhammad Raufxon

Nurulloh Muhammad Raufxon

Ha, Olloh nasib etsa, shunday deya olaman!

Kimgadir asarda mamlakatimizdagi diniy vaziyatga ko'proq diqqat qaratib yuborilganga yoki dunyoviy vaziyatga ham din ko'zi bilan boqilayotganga o'xshab tuyulishi mumkin.

Bunday bo'lishi tabiiydir.

Birinchidan, men bir musulmon o'laroq dinimni qattiq sevaman va, tabiiy, voqealarga bir musulmon o'laroq qarayman.

Ikkinchidan, bugun bir O'zbekistonda emas, balki butun dunyo siyosatida Islom dini va musulmonlarga munosabat oldga chiqdi. Biz esa asosan musulmon xalqmiz, mamlakatimiz ham musulmon o'lkadir. Bu diyorlarda qanday siyosat yuritilmasin, nima ish qilinmasin, u yoki bu tarzda musulmonlar hayotiga, diniy vaziyatga ta'siri bo'ladi.

Boshqacha aytganda, O'zbekiston yuritayotgan ichki va tashqi har qanaqa siyosat bundan keyin, istaymizmi-yo'qmi, Islom diniga va musulmonlarga qanday munosabatda bo'linayotgani bilan baholanadi. Shunday ekan, davlatning dinga va dindorlarga munosabati masalasiga ko'proq diqqat qaratilgani tabiiy.

Lekin men bu asarda biron-bir hodisaga din nuqtai nazarini bildirmadim, hech bir yo'sinda sof diniy masalani hal etishga kirishmadim. Zotan unga kuchim ham etmaydi.

Din ishi nihoyatda hassos ekanini, bu masalada ozgina xato ham yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bilaman. Men faqat dinning ijtimoiy hayotimizda tutgan o'rni va davlatning bu sohada yuritayotgan siyosatini tahlil etishga harakat qildim. Menga ochiq xato bo'lib tuyulgan siyosat tufayli mamlakatimizda vujudga kelgan qaltis diniy vaziyat borasidagina fikrlar bildirdim. Ko'p yillardan buyon o'zim kuzatib kelayotgan, boshimdan o'tkazgan va ko'zim bilan ko'rganlarimnigina yozdim.

Sof diniy masalalarda esa men ergashuvchiman, xolos. Olimlarni hurmat qilaman, yo'l-yo'riqlaridan tashqari chiqmaslikka harakat qilaman.

Shu munosabat ila bir narsaga urg'u bermoqchiman: ko'ksida ozgina vijdoni, ko'nglida ozgina insofi bor hech bir kimsa meni biron-bir oqim yoki tariqatga mansublikda ayblay olmaydi. Chunki men chindan ham u yo'llarning hech birida emasman. Men musulmonlar hayotida keyin o'rtaga chiqqan har qanday kichik va xususiy yo'llardan “Islom” deb atalgan katta yo'lni ustun qo'ygan bir odamman.

Ollohga ko'p shukrlar bo'lsin, men Islom ummatidanman, musulmonman – shu birgina sifat menga etadi. Birgina musulmonlik sifatimni har qanaqa “…iy” va “…chi”lardan baland ko'raman. Har qanday vijdon mening bu tutgan o'rinimni tan oladi va buning teskarisini tuhmat qilmaydi deb o'ylayman.

Yozganlarim shaxsiy mulohazalarimdir va men bunda Vatanimga, xalqimga ozgina taskin, ozgina engillik sog'indim, xolos.

Yaratgandan bu kitobimni xalqimizga foydali qilishini, bilib-bilmay yo'l qo'ygan kamchiliklarimni kechirishini, savobini ko'paytirib berishini umid qilaman.

2013 ‒ 2014
Fikr-mulohazalar uchun oldindan rahmat.
El.pochta qutim:  nurulloh.uzb@gmail.com

«Bu kunlar» kitobini ushbu linkdan yuklab olishingiz mumkin:
nurullohuz.com

(Tugadi)

Etiketler :
HABER HAKKINDA GÖRÜŞ BELİRT

SON DAKİKA HABERLERİ
İLGİLİ HABERLER