O’zbekiston Xalq Harakati

“Padarkush” (1-qism)

“Padarkush” (1-qism)
13 Eylül 2016 - 7:00 'da yuklandi va 1403 marta o'qildi.

Padarkush-photo

Mahmudxo'ja BEHBUDIY

PADARKUSh
(1)

yoxud o'qimagan bolaning holi 
(Turkiston maishatidan olingan ibratnoma) 
3 parda 4 manzarali, milliy birinchi fojia


QATNAShUVChILAR

Boy — 50 yashar.
Toshmurod — boyning o'g'li, 15—17 yashar.
Domullo — yangi fikrlik bir mulla, 30—40 yashar.
Ziyoli — (ovro'po libosida), o'ruscha o'qug'on, millatchi musulmon.
Xayrullo — boyning mirza va mahrami, 18—20 yashar.
Tangriqul — boyning qotili.
Davlat ila Nor (bo'z bolalar) — kissalariga 4 so'm qadar mayda kerak.
Liza — rus xotini, qabiha shaklinda.
Artun — armani mayxonachi.
Pristuf — 2 politseyskiy, 2 qorovul, boyning 3 nafar erkak hamsoyasi.
Boybuchcha — boyning xotini, 35—40 yashar.

KERAK NIMARSALAR

Bir la'li shiravor, non, dasturxon, choynak, piyola, chilim.
Mehmonxonaga keraklik gilam, ko'rpa, yostiq.
Boyni(ng) yotoq asbobi va karavot.
Bir kaltak.
O'n shisha suv va kivas.
Besh-olti istakon.
Bir sanduq.
Bir hamyon ichida pulg'a o'xshag'an nimarsa.
Bir katta pichoq.
 
Bir tapponcha.
Sanduqni ochaturg'on temur asbob.
Mukammal pristuf libosi.
2 politseyskiy mukammal libosi.
2 qorovul kaltagi.
1 hushtak.
1 shohsaqa.
1 kanob.
1 qo'l kishani.

BIRINChI PARDA

Boy mehmonxonada o'tirar, Xayrullo ila domulla kirar:

— Assalomu alaykum.

BOY. Vaalaykum assalom, marhamat qilsinlar (turib muloqot qilub, domullaga joy ko'rsatib, o'ltirur).

DOMULLA. Boy davlatini Ollohi taolo mundan ham ziyoda qilg'ay (fotiha qilur).

BOY. Nafas(lari)i muborak, inshoolloh, durlari qabuldir.

DOMULLA. Balli, jum'a oqshomi duoni qabul vaqtidir.

BOY. Xush keldilar, taqsir.

DOMULLA. Salomat, salomat (qo'lini ko'ksiga qilib).

BOY. Xayrullo! Choy va la'li keltur.

XAYRULLO. Xo'sh! (Choy va la'li keltirar, choy suzar, alar tanavvul aylar, Toshmurod kirar, salomsiz, beadabona).

TOShMUROD. Ota, tomoshag'a boraman, pul bering.

BOY. O'g'lim, kim ila borasan?

TOShMUROD. Tursun akam ila.

BOY (kissasidan pul berib). Albatta, vaqtli kelinglar va yomon erlarga bormanglar.

TOShMUROD. Xayr, xayr, hov ko'p gapura(r)siz-da (chiqib ketar. Domulla boy va Toshmurodg'a badbinona boqib, boshini solar).

BOY. So'zlashib o'lturing, taqsir.

DOMULLA. Xo'b, xo'b, boyvachcha katta bo'lubdur, Xudo umr bersin, usuli jadida maktabigami o'qiydur, yoinki eski maktabga?

BOY. Ikkisiga ham bormaydur.

DOMULLA. O'z hovlingizda o'qutaturg'onsiz?

BOY. Yo'q, yo'q. Men o'g'lumni o'qutmoqg'a o'ylaganim yo'q.

DOMULLA. Ajoyib, sabab nedurki, o'qutmaysuz? Vaholanki, o'qumoq qarz va ilm sababi izzati dunyo va sharofati oxiratdur.

BOY. Mani xayolimg'a dunyoning sababi, izzati — boylik. Oxiratga bo'lsa, Xudoning qilgan taqdiri bo'lur. Chunonchi, biz ko'ramizki, odamlar boyni mullodan ziyoda izzat qiladurlar. Xususan, mana, banklar ko'paydi. Katta boylar chilen bo'lub, har kim chilenlarni izzat qilur, hatto, ishi tushaturg'onlar chilen molini qimmat olur, azbaski, chilen iltifotiga olmagan odamlarga banklar pul bermaydurki, so'ngra muomiladorlar sinib, mayda-mayda bo'lur, bildingizmi?

DOMULLA. Bu so'zlaringiz hozirgi zamonaga ma'qul, lekin chilen va boylarni izzatlari vaqtincha va xalqni ko'zi ochilgunchadir. Holbuki, alarni ishi tushganlar izzat qilur, mulloni bo'lsa, barcha xalq izzat qilur, ya'ni mulloni ilmi izzat qilinadur.

BOY. Bizni ham boyligimiz izzat qilinadur, hatto, musulmonlar nari tursun, o'rus va armanlar-da izzat qilur.

DOMULLA. Izzatni nari qo'yduk, agarda o'g'lingizni o'qutsangiz, daftaringizni yozar, namozingizni va musulmonchiligini yaxshi bilur va ham sizga savob bo'lur.

BOY. Mirzalik oson, mana, Xayrulloga oyinda etti so'm beraman, kunduzlari mirzalik va oqshomlari mehmonxona ishini qilar va hatto, uyqum kelguncha xodimlik qilar, kitob ham o'qub berar.

DOMULLA. Shariat ilmi va zaruriyati diniyani bilmoq uchun boyvachchani o'qutmoq, albatta, sizg'a lozimdir.

BOY. Shariat ilmini o'qitmoqni lozim bilmayman, chunki ani mufti yo imom va muazzin qilmoqchi emasman, azbaski davlatim anga etar.

DOMULLA. Zarurati diniyaga ne dersiz?

BOY. Men o'zim besh vaqt namozni keraklik duolari ila bilurman. O'zim o'rgaturman.

DOMULLA. Xat va savodga ne dersiz? Holbuki, savodi yo'q odam hech nimaga yaramaydur.

BOY. Bu fikringiz g'alat, chunki mani savodim yo'q, bovujud, bu shahrimizning katta boylaridandurman va har ishni bilurman.

DOMULLA. Siz ilgari zamonda bir navi ila boy bo'lubsiz, ammo endi boy bo'lmoq nari tursun, faqat ro'zg'or o'tkarmoq uchun (ham) ilm kerak. Ko'ramizki, yigirma-o'ttiz yildan beri barcha savdo ishlari armani, yahudiy va boshqa ajnabiylar qo'lig'a o'tdi, muni sababi bizlarning o'qumag'onimizdur. O'qumagan boyvachchalarni ko'ramizki, ota molini barbod etar va oxiri xor va zor bo'lur, binobarin, o'g'lungizni o'qutmoqni sizga taklif qilurman.

BOY. Ay, domullo! Siz manga tahqiqchimi? O'g'ul maniki, davlat maniki, sizga nima? O'quganni biri siz, emoqg'a noningiz yo'q, bu holingiz ila manga nasihat qilursiz. Xayrullo! Mehmonxonani qulfla, uyqum keldi (Xayrullo la'li va asboblarni jamlab, muntazir turar).

DOMULLA (odamlarga qarab). O'qumoq va mulla bo'lmoq uchun pul kerak, badavlatlarimizni holi bul, bas, bu ketish ila nauzambilloh, dunyo va oxiratga rasvo bo'lurmiz, o'qumoq barcha musulmonga, erkak va yo xotin bo'lsun, farz edi. U qayda qoldi? Oh, voy bizni holimizga! (Boyga qarab). Boy, man sizga amri ma'ruf etdim va menga shariat bo'yicha lozim bo'lgan ishni bo'ynumdan soqit qildim. Inshoolloh, mo'ylab chiqarib, alifni tayoq demayturgan o'g'lungiz holini ko'rarmiz va o'qutmaganingiz uchun gunohkor bo'lursiz (domulla nos chekar).

BOY. Ay, domullo! Manga nasihatchi keragi yo'q, bezor qildingiz, (odamlarga qarab) ishimdan, uyqumdan bu odam mani qoldirdi. Xayrullo, mehmonxonani qulfla (domulla arazlab chiqib ketar, boyni dimog'i kuyib o'lturar. Ziyoli musulmon kirar, pal'to va asosini mixga qo'yar, boy ola-ola qarar, xushlamas).

ZIYoLI. Assalomu alaykum.

BOY (karaxtlik ila). Vaalaykum assalom, Xayrullo, kursi keltur. Bu kishi erga o'lturolmaydur (kelturar, ziyoli o'lturub, papirus chekar).

ZIYoLI. Janob boy, sizni kayfsiz ko'raman, mumkinmi sababini bilsam?

BOY. Bir mullo kelib edi, o'g'lingni o'qutmaysan deb juda jonimni oldi, quvlagandek qilib zo'rg'a qutuldim, faqat mushtlashmadik.

ZIYoLI. Ah-ha, qiziq va interesniy hodisa emish (odamlarga qarab), bu shaharda boylarga amri ma'ruf qilaturg'on mulla bor ekan, Xudoga shukur. Ul janobi haqqoniy domullani topib, ziyorat qilmoq kerak. Boy afandi, sizga malol kelmasun, ushbu to'g'ridan men ham sizga qachonlardir bir necha so'z aytmoqchi edim. Va ammo soati ushbu daqiqaga mavquf ekan, endi sizdan iltimos qilamanki, bir necha daqiqa menga quloq bersangizki, ilm nafi to'g'risida so'zlayin.

BOY (ola-ola qarab). Endi bildim, siz ham o'g'lungni o'qut deb mani qisar ekansiz (odamlarga qarab), bugun chap yonim ila turganman, o'ylamagan ishlar oldimdan chiqar, mazmuni — qordan qutulib, yomg'urga uchraymiz. Xayrullo! Chilim keltur! (Tarafayn sukut, chilim kelar. Boy chekar, yo'talar).

BOY. Xayrullo! 

XAYRULLO. Labbay, taqsir!

BOY. Joyimni tashla, uyqum keldi (homuza tortar), ertaga ish ko'p, vaqtlik yotmoq kerak (yana homuza).

XAYRULLO. Xo'sh, hozir.

ZIYoLI (jiddiyat ila). Boy afandi! Men sizga dedimki, millatga keraklik ilmlar to'g'risida so'zlamoqchiman, ammo siz meni(ng) so'zimii eshitmoqg'a xohlamayturg'ong'a o'xshaysiz. Ikkinchi daf'a aytamanki, quloq bering va bu so'zlar sizni(ng) va millatni(ng) naf'idur.

BOY. So'zingizni jabr va zo'r ila eshittirasizmi? Va yo meni azob bermakkami keldingiz?

ZIYoLI. Yo'q, men asli boshqa ish uchun kelib edim va lekin ilm bahsining ustidan chiqib qoldim. Ushbu sababli muddaoni tabdil qilib, ilm to'g'risidan sizga bayon qilmoqni qasd etdim. Shoyadki, janobingizdek boylar millat bolalarini o'qutmoqg'a sa'y qilsalar.

BOY (xalqqa qarab). Koshki, domullo hikoyalari etmasa edi. Xo'b, modomiki qo'ymaysiz, ertaroq so'ylab tamom qiling, uyqum kelgan (homuza tortadi), odamlar bolasini o'qut, deydur-a.

ZIYoLI. Hozir yangi va boshqa bir zamondir. Bu zamonga ilm va hunarsiz xalqni boyligi, eri va asbobi kundan-kun qo'lidan qetgandek, axloq va obro'yi ham qo'ldan chiqar, hatto, dini ham zaif bo'lur. Buning uchun biz musulmonlarni o'qutmoqg'a sa'y qilmog'imiz lozimdur, vaholanki, dini sharifimiz har nav naflik ilm o'qumoqni beshikdan mozorigacha bizlarga farz qilgandir. Bu hukm — hukmi shariatdir. Biz musulmonlarga, alalxusus, bu zamonda ikki sinf ulamo kerakdur: biri olimi diniy; digari olimi zamoniy. Olimi diniy: imom, xatib, mudarris, muallim, qozi, mufti bo'lub, xaloyiqni diniy va axloqiy va ruhoniy ishlarini boshqarar, bu sinfga kiraturg'on talabalar, avvalo, Turkistonda va Buxoroda ilmiy, diniy va arabiy va bir oz ruscha o'qub, so'ngra Makka, Madina, Misr va Istanbulga borib, ulumi diniyani xatm qilsalar kerak, yoki komil mullo bo'lsunlar (boy mudraydur). Angladingizmi boy?

BOY (boshini ko'tarib). Ha, ha, aytabering, qulog'im sizga.

ZIYoLI. Olimi zamoniy bo'lmoq uchun bolalarni, avvalo, musulmoniy xat va savodini chiqarub, zaruriyati diniya va o'z millatimiz tilini bilaturg'ondan so'ngra hukumatimizni(ng) nizomli maktablariga bermoq kerakdur, ya'ni gimnaziya va shahar maktablarini o'qub tamom qilg'onlaridan so'ng, Peterburg, Maskov dorilfununlariga yuborib, dokturlik, zakunchilik, injenerlik, sud'yalik, ilmi san'at, ilmi iqtisod, ilmi hikmat, muallimlik va boshqa ilmlarni o'qutmoq lozimdir. Rusiya vatanina va davlatina bilfe'l sherik bo'lmoq kerakdir va davlat mansablariga kirmoq lozim. Toki maishati ehtiyoji zamonamiz to'g'risida vatan va millati islomga xizmat qilinsa va ham davlati Rusiya podshohlik mansablariga kirib, musulmonlarga naf etkurulsa va ham davlati Rusiyaga sherik bo'lunsa, hattoki, shul tariqa o'qugan musulmon bolalarini Farangiston, Amerika va Istanbul dorilfununlariga tarbiya uchun yubormoq kerakdur. Hazrat payg'ambarimiz: ilm Xitoyga ham bo'lsa, talab qilingiz, demadilarmi? (Boy uyquda). Bul ishlar bo'lmas, magar pul ila, sizdek katta boylarni himmati ila, chunonchi, Qafkaz, Orenburg va Qozon musulmonlarini boy va ahli g'ayrati ilm yo'liga ko'p pullar sarf etarlar va kambag'al bolalarini o'qutdirarlar (boyga qarab), albatta so'zlarimga tushungansiz, janobi boy. Boy bova, hoy!
BOY (mudraydi, bosh ko'tarib, esnab). Ha, ha…

ZIYoLI: Al-on biz Turkiston xalqiga bir yomon odat borki, bir kishi ruscha o'qub, podshohlik ishiga kirib, rasmiy formasida yursa, masxara qiladurlar, agar izvoshchilik va yo qora mehnatkash bo'lub, ovro'palilarni eski libosini kiysa va yo o'yinchilarning libosini kiysa, hech kim bir nima demaydirki, bu kamoli nodonlik va dunyodan xabarsizlikdir. Shunday emasmi, boy amaki.

BOY (o'lturish eridan bir tarafga og'ib yotib). Xur, xur, xurra, xurra, xurra…

ZIYoLI. Ilohi xudoyo! Ummati islomiyaga, xususan, biz Turkistonliklarga rahming kelsun!.. (ro'moli ila ko'z yoshini artib, chiqib ketar ).

Parda inar

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar