O’zbekiston Xalq Harakati

Rossiya migratsiya qonunlarini buzgan muhojirlarni deportatsiya qilishni vaqtincha to'xtatgan

Rossiya migratsiya qonunlarini buzgan muhojirlarni deportatsiya qilishni vaqtincha to'xtatgan
23 Eylül 2016 - 14:23 'da yuklandi va 2258 marta o'qildi.

8063541“Ozodlik” radiosining xabar berishicha, Rossiya migratsiya qonunlarini buzgan muhojirlarni deportatsiya qilishni vaqtincha to'xtatgan. Rus ommaviy axborot vositalarining aytishicha bunga, Rossiya Ichki ishlar vazirligida xorij vatandoshlarini badarg'a qilish va hujjat rasmiylashtirishga mablag' etmayotgani sabab bo'lmoqda.

Rossiya politsiyasi migratsiya qoidalarini buzgan mehnat muhojirlarini mamlakatdan chiqarib yuborishga pul etishmayotgani sababli ularni deportatsiya qilishni vaqtinchalik to'xtatgan.

Migratsiya mutaxassislari Rossiya Ichki ishlaridagi moliyaviy muammolarni Federal migratsiya xizmatining tugatilishi va uning vakolatlarini politsiyaning migratsiya departamenti tarkibiga o'tkazilishi bilan bog'lamoqda.

2016 yil aprelida noqonuniy muhojirlarni deportatsiya markazlarida saqlash, qo'riqlash va mamlakatdan chiqarib yuborish vazifalari politsiyaga yuklatilgan edi.

Federal axborotlar agentligi xabariga ko'ra, hukumat deportatsiyaga ajratiladigan mablag'larni byudjetdan ajratish yuzasidan 2015 yilda qaror chiqargan bo'lsa-da, uni bajarish masalasiga kelganda pul etishmovchiligi sezilmoqda.

Hozirga kelib Rossiyaning deyarli barcha mintaqalarida faoliyat yuritayotgan Xorijliklarni saqlash deportatsiya markazlari migrantlarga to'lib toshgan.

Sud pristavlari va politsiya nafaqat ushlangan muhojirlarni deportatsiya qilishga, balki talabnoma va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishga pul etishmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Qonunchilikka ko'ra, Rossiya migratsiya tartibini buzganlikda ayblanib tutilgan bitta o'zbek muhojiri dastlab politsiyada hujjatlashtiriladi, ortidan muhojir sudga keltiriladi va so'ngra sud qarori chiqariladi.

Sud qarorini olgan shaxs xorijliklarni saqlash markaziga yuborilib, u erdan uni shaxsini tasdiqlash va o'z yurtiga yuborish uchun O'zbekiston elchixonasiga so'rovnoma yuboriladi.

Misol uchun, Federal axborotlar agentligi keltirgan ma'lumotlarga ko'ra, 170 kishiga mo'ljallangan Sankt-Peterburgdagi deportatsiya lagerida 240 migrant ushlab turilibdi.

Aniqlanishicha, bu markazdagi mahbuslarning asosiy qismini O'zbekiston va Tojikiston vatandoshlari tashkil etadi.

Hozirgacha Rossiya Ichki ishlar vazirligida mamlakat bo'ylab joylashgan o'nlab Xorijliklarni saqlash markazlarini qo'riqlashga xususiy qo'riqlash firmalarini (ChOP) jalb qilishga mablag' bo'lgan, xolos.

Biroq, politsiya rahbariyatiga ko'ra, xususiy qo'riqchilar ish boshlashi ortidan deportatsiya lagerlaridan muhojirlarning qochishi holatlari ko'paygan.

O'XH xabarlar bo'limi

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar