O’zbekiston Xalq Harakati

O'rtacha islohotchi

O'rtacha islohotchi
20 Ekim 2016 - 10:46 'da yuklandi va 2678 marta o'qildi.

fitratga-maktubErgash Sulaymon

Fitratga maktub yoxud ruh bilan suhbat

Birinchi bob

(28)

Mirakizm deb atalayotgan dunyoqarashning yuqorida aytib o'tilgan ayanchi manzaralardan qanday farqli tomoni bor, degan savolga, “hech qanday”, deb javob berilsa, ayni muddao bo'lardi.

Mirakizmning quroli – munofiqlikdir!

Har aytgan so'zlarida, ular avvalgi aytgan so'zlarini rad qiladilar. Hamisha o'zlarini o'zgalar ko'zida adolatparvar qilib ko'rsatish – ularning asosiy strategiyasi. Ular ezgulik va adolat mezoni xususida og'iz ko'pirtira turib, bir vaqtning o'zida zo'ravonlikni va qo'llaridagi hokimiyatni ko'z-ko'z qiladilar. Ular oppoq quyon kabi momiq ko'rnishga qanchalar urinmasinlar, g'azablari tipratikanning tikanlari misoli, ularning fe'l-atvorlaridan anqib turadi.

Ular qattiqqo'llikni – uddaburonlik, birovlarning nafsoniyatiga tegishni – hushyorlik deb o'ylaydilar. Holbuki, Amir Temur judayam qattiqqo'l bir rahbar bo'lgan, ammo u hech qachon birovning nafsoniyatiga tegmagan, birovning or-nomusini hech qachon toptamagan. Undagi orttirilgan bilimlar har qadamini adolat tosh-tarozisiga solib, so'ngra olg'a siljishni taqozo etgan.

Teng huquqli va ozod fuqarolarni o'rib-so'kkan, nafsoniyatini qora er bilan bitta qilgan, uy hayvonlari singari ularni paxta dalalariga haydab chiqargan Shavkat Mirziyoevni qanday qilib qattiqqo'l rahbar, deb aytib bo'ladi?

Bu holat, uning johilligidan, tiyiqsiz va badxulqligidan nishona emasmi? Ojizligiyu, qo'lidan davlatni boshqarish kelmasligining in'kosi emasmi?

Kimlardir, bu holatni qattiqqo'llikka, kimlardir ishchanlikka yo'yayotgan ekan, bu Shavkat Mirziyoevning aybi emas, aksi bu narsa u insonlar dunyoqarishida, ruhiyatida tuzatib bo'lmas nuqsonlar borligidan dalolat beradi.

Bizning hukumat tarkibidagilarda yoxud ziyolilar va muxolifatdagilarning ko'pchiligida o'tmishda o'tgan podsholarning otboqaridagichalik ham imon-e'tiqod, bilim va saviya yo'q, axir. Biz, O'zbekistonni oyoqqa qo'yish uchun avvalo o'zimizni qayta qurishimiz lozim. O'qishimiz, o'rganishimiz, boshqa ilg'or va rivojlangan mamlakatlarning davlatchilik asoslarini hijjalab, miyamizga singdirib, yaxshi jihatlarini O'zbekiston hayotiga tadbiq etishimiz zarur. Og'zimizni ko'pirtirib, so'z so'zlab, hissiyotlarimiz va ehtiroslarimizni qondirganimiz bilan hech narsaga erisha olmaymiz.

Bilimsiz kishi, shaytoniy bo'ladi. Hiyla-nayrang ishlatmasa, yolg'on gapirmasa, qo'lidagi butun hokimiyatni boy beradi, eyotgan nonidan ayriladi. Shuning uchun ham bilimsizlar va johillar amalga oshirayotgan barcha yomon ishlarini ko'ra-bila turib, hamisha yaxshilikka yo'yishga urinadi. Oson bo'lsin uchun atrofidagi laganbardorlarni bag'riga bosib, to'g'rigo'ylarning ko'kragidan itaradi.

Qadimul ayyomdagi, irib-chirib ketgan zamonlarda jamiyat, xuddi bugungi mirakizmga o'xshab, boshdan-oxir kufru gunohga botgan esa-da, tamaddunning har bir sohasida soxtakorlar muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev singari ommani o'zining xalqparvarligiga ishontirishga tirishardi. Ular payg'ambarlik ilhomi va Ilohiy rahnamolik ostida emas, balki yolg'iz o'z qobiliyatiga suyanib ish ko'ruvchi o'rtacha islohotchi – butun diqqat-e'tibori, kuch-g'ayratini birgina aynigan jihat, bitta ijtimoiy patalogiyaga qaratar va bu borada ham biror natijaga erishmog'i dargumon edi.

Inson – tabiatan chalkash-chulkash yo'llari, sirli, yashirin eshiklari bo'lgan murakkab mavjudot. U to'g'ri, tabiiy yo'ldan adashsa yoki adashtirilsa, birgina nuqsonni bartaraf etish bilan uni avvalgi holatiga qaytarib bo'lmaydi. Bu erda tub islohot, boshdan-oxir tuzatish talab etiladi. O'zbekiston bugun, xuddi shu holatda, osmon bilan er orasida, arosatdan qalqib turipdi….

Inson tabiati tuprog'iga taqvodorlik urug'ini ekib, undirib-o'stirishdan oldin uni kufr, bid'at deb atalgan begona o't-alaflardan batamom tozalash zarur. Boshqa yo'l yo'q. Ba'zan birgina axloqiy illatni bartaraf etishga islohotchi butun umrini bag'ishlaydi. Ba'zida insonlar ayrim axloqiy illatlar yoxud ijtimoiy bedodlik bilan yillar bo'yi kurashib, biror samaraga erisha olmaydi. Masalan, O'zbekistondagi ichkilikbozlik, poraxo'rlik yoki fohishabozlik kasalini oling. Bu odatlar chorak asrlik Mustaqillik yillarida, sovetlar davridagiga qaraganda ham xalq orasida keng tarqalib, ko'pchilik ongida chuqur ildiz otdi. Ularning ortidan o'zga ayshu rohatlar saf tortib kelmoqda.

Aynan, poraxo'rlikning gullab-yashnashida, Shavkat Mirziyoevning qanchalar kuyib-pishganini aytmasa ham bo'ladi. Uni, shu darajaga ko'targan ham poraxo'rlik ekanligini, respublikada aksar davlat mulozimlari yaxshi bilishadi.

Bu balolarni yolg'iz axloqiy va'z-nasihatlar o'qish yoki qonuniy jazolash bilan bartaraf etish mumkinmi?

Yo'q, albatta.

Butun jamiyat hayotida chuqur psixologik o'zgarishlar yasash, tushuncha va ko'z qarashlarni tubdan yangilash vositasida ularni daf etish mumkin. Boshqa har nechuk chora, tadbir – besamar, u dardni ichkariga haydaydi va yanada halokatli tus olishga yordam beradi.

Shu uchun ham O'zbekistonni birgina mirakizm balosidan qutqarib, taraqqiyot yo'liga olib chiqib bo'lmaydi. Holbuki, Shavkat Mirziyoev mirakizmning eng yorqin va eng nomdor vakilidir.

Agar Shavkat Mirziyoev haqiqatan o'zgarib, xalqqa yaxshilik istaganda ham, O'zbekistonni qutqarish safarbarligida bitta insonning qo'lidan hech nima kelmaydi, u Aflotinu Faridun bo'lsa ham. Bu jabhada butun imkoniyatlarni ishga solish lozim. Ziyolilarning boshi birikib, xalqni bu qorong'uliklardan etalab chiqmasa, yana necha-necha chorak asrlarning kuli ko'kka sovruladi.

Qo'l qovushtirib, bir odamdan najot kutish nafaqat go'llik – mudhish jinoyatdir ham. Shavkat Mirziyoev millatni, mana shu mudhish jinoyatga boshlayapti. U O'zbekistonning taraqqiyotida xalqning ishtirokini istamaydi, har ishni bitta o'zi amalga oshirishni, u yakkahokim bo'lishni xohlaydi.

Hatto, uni siyosiy sahnadan chetlashtirganda ham O'zbekistonda hech nima o'zgarmaydi.

Mirakizmchilarning supirib tashlanishi, galdagi muammolarni echishga yo'l ochadi, xolos.

Agar payg'ambar alayhissalom rosmana, odatiy siyosiy rahbar bo'lganda, butun Arabistonni yagona davlatga, arab qabilalarini yagona millatga birlashtirib, ularning tepasida turishi uning-chun ayni muddao bo'lur edi. Abu Jahl, Utba ibn Robia va boshqa omonsiz dushmanlari uning hukmdorligini bajonidil qabul qilishardi. Zero, Makkada kechgan xatarli bahsu munozarada hakam saylab, unga bo'lgan ishonchlarini namoyish etishgandi[1]. Agar Muhammad alayhissalom istasa, qurayshiylar uni jon deb o'zlariga podsho qilishadi, deya Utba ro'y-rost aytgan edi. Arabistonda hokimiyatni o'rnatgach, u jasur suvoriylarni Eron, Rim ustiga boshlab borishi, mazkur saltanatlarni mag'lub etishi mumkin edi. Uning oldida qanday ajoyib istiqbol yuz ochgan edi!.. Strategik jihatdan bir yo'la ham Eron, ham Rim ila jang qilish nomaqbul esa, uning qo'shni davlatlar – Habashiston va Yamanni bosib olishiga kim xalal berardi? Ammo u bir ofatni ikkinchi ofat bilan almashtirish yoki zulmu qabohatni bu erda qoralab, boshqa erda oqlash uchun kelmagandi. U boshqa xalqlarning orzu-umidlari vayronasi ustiga arablarning shon-shuhrat qasrini qurish, insonlarni rimliklar va eroniylar qulligidan ozod etib, Adnon va Kahton nasllariga bo'ysundirish uchun ham kelmagandi. U siyosatboz emas edi.

Shavkat Mirziyoev bir ofatni ikkinchi ofat bilan almashtirish yoki zulmu qabohatni omma ko'zi oldida qoralab, amalda oqlash uchun tirishyapdi. U o'zbek xalqi orzu-umidlari vayronasi ustida o'zining mustabid saltanatini tiklamoqchi. Uning asl maqsadi shon-shuhrat qasrini qurish, insonlarni marhum mustabid Islom Karimov qulligidan ozod etib, Shavkat Mirziyoevga va uning atrofidagi bir hovuch nafs qullariga bo'ysundirishdan iborat. Unda haqiqiy siyosatchilik qobiliyati yo'q. U mirakizm – marhum prezident Islom Karimov etishtirgan uchiga chiqqan masxaraboz, maqsadi yo'lida hech narsadan qaytmaydigan bir lo'ttiboz xolos.

Uni puflab shishirayotganlar – paxtachilar va o'zlarini aksar muxolif sanaydigan ba'zi bir laganbardorlar. Jabrdiydalar esa, oddiy xalq – O'zbekistonning kelajagi!

Tomoshabinlar esa, hammasiga mas'ul bo'lgan o'zbek ziyolilaridir!

(davomi bor)

[1]  So'z Ka'ba devoriga muqaddas Qoratoshni o'rnatish ustida ketyapti.

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar