O’zbekiston Xalq Harakati

Shuhrat Sirojiddinovga ochiq xat

Shuhrat Sirojiddinovga ochiq xat
21 Ekim 2016 - 17:38 'da yuklandi va 2942 marta o'qildi.

rekto12-496x400Avvalo sizni va jamoangizni, xalqimizni o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 27 yilligi bilan tabriklayman. Ona tilimizning bugungi ahvoli, muammolar, uning rivoji va ravnaqi yo'lidagi to'siqlardan o'zingiz ham yaxshi xabardor bo'lsangiz kerak. Shunday bo'lsa-da, ularga bir nazar tashlab o'tishni maqsadga muvofiq, deb o'ylayman. Chunki tilimizning tobora g'ariblashib, gibridlashib borayotgani oddiy o'zbek sifatida meni ko'p o'ylantiradi, ba'zida g'amga botiradi…

Xabaringiz bor, 1993 yil 2 sentyabrda «Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan edi. Vazirlar Kengashi shu kuni qabul qilgan qarorda esa 2010 yilning 1 sentyabridan yangi alifboga to'liq o'tilishi belgilandi. Oradan olti yil o'tdiki, hal hech kim yurak yutib ushbu masalani yuqori doiralarga olib chiqmadi. Qo'lingizdan kelsa, ushbu masalani bir yoqli qilish bo'yicha aniq takliflarni kerakli joylarga ko'tarib chiqsangiz.

Ikkinchidan, zamonaviy axborot texnologiyalarining rivojlanishi lotin alifbosiga asoslangan o'zbek tilida ko'plab o'zgarishlar, yangilanishlarni amalga oshirish ehtiyojini paydo qildi. Oddiy misol, bugun elektron OAVda lotin alifbosidagi so'zlarni kirilcha bilan bog'laydigan ‘ belgisi qo'llaniladi. Qonun-qoidalarda esa u mavjud emas. Shuningdek, ikki harfdan iborat sh, ch, o’, g’ kabilar ham boshga bitgan balo bo'layapti. Yosh avlodni ular o'rniga w, 4, 6 kabi qisqartmalardan foydalanayotganidan nolib, ularni chalasavodlikda ayblaymizu, aslida bunga lotin alifbosiga asoslangan o'zbek tilini tuzib chiqqan professoru mutaxassislar bosh aybdor ekanini inobatga olmaymiz. Xalq har doim o'ziga qulay, oson yo'ldan boradi. Bitta tovush uchun ikki harfni terish gohida tuppa-tuzuk ziyolilarga ham malol kelib qoladi. Yoshlarga nima, birov kelib ularni jazolaydimi? Xullas, qonunga o'zgartish kiritish kerak. Aks holda hozirgi kabi keyingi avlodlar ham chalasavod bo'lib qolaveradi. Ularni to'g'ri yozishga hech qachon majburlay olmaysiz!

Uchinchidan, ona tili darsliklarini tomi ketgan, fanatik professoru akademiklar iskanjasidan ozod qilish kerak. Ular darsliklarni xalqqa oson, engil qilish, avlodlarni savodli qilish maqsadida emas, unvon, lavozim, obro' va moddiy manfaat uchun chiqarishmoqda. Bittasi o'zicha qoida o'ylab topadiyu unvoni oshadi, u yoqda o'quvchi bechoralar yangi qoidani o'zlashtirolmay garang bo'lib qolaveradi. Vaqtingiz bo'lsa o'zingiz insof bilan darsliklarni varaqlab, oddiy o'qituvchi, oddiy bola ko'zi bilan ularga baho berib ko'ring-chi. Taklifim, o'sha darsliklarni, ularga qo'shib ishga vaqtni behuda o'tkazib, ishlayotganlarning asabini o'ynash uchun keladigan cholu kampirlar bilan yo'qotish kerak! Darsliklarga esa odam o'qisa tushunadigan, hayotda qo'llaydigan, kundalik turmushimiz, ish, o'qish va ko'cha-ko'yda duch kelishi mumkin bo'lgan misolu masala, qoidalarni kiriting. Ergash gapli qo'shma gaplarning qoidasiyu qo'shimchalarini ixtisoslashgan universitetlarda ilmiy tadqiqot olib borayotganlar istaganicha o'rganaversin, marhamat!

To'rtinchidan, ko'cha-ko'ydagi xatolarni kamaytirish (!) bo'yicha aniq takliflarni hukumatga taqdim etish kerak. Bunda boshqa tillarga “hujum qilish”, tadbirkorlarni qo'rqitish kabi eskirgan va adolatsiz usullarni qo'llamaslik kerak. Avvalo, til to'g'risidagi qonunga muvofiq, uning talablarini buzganlarga qarshi aniq jazo choralari qo'llanilishi kerak. Abdulla Qahhor aytganidek, Nima uchun ko'cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya xushtak chaladi-yu,butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi? O'sha “hushtak”lardan biri sizning qo'lingizda bo'lishi kerak.

Bunda quyidagi taklifni ilgari suraman: reklama va e'lon, banner, panno va tablolar, qadoqlar va boshqalardagi xatoliklar uchun tadbirkor emas, balki uni ishlab chiqargan, chop etgan tipografiya, reklama agentliklari mas'ul va javobgar bo'lsin. Ular o'z korxonasida musahhih shtati ochsin yoki biror mutaxassis bilan shartnoma asosida hamkorlik olib borsin. Nima, telegramdan besh-o'nta so'zning to'g'riligini tekshirib berish mutaxassisga ish bo'libdimi? Xullas, bu boradagi qonunchilikni kuchaytirish, takomillashtirish kerak.

Beshinchidan, zamonaviy axborot texnologiyalari, xususan, komp'yuter, smartfon va boshqa elektron qurilmalar interfeyslari, operatsion dasturlari, O'zbekistonda ommalashgan xorijiy internet manbalari, mashhur ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlarda O'ZBEK tilini keng tadbiq etish choralarini ko'rish va ularni tezlashtirish kerak. Bugun O'zbekistonda 13 million kishi internetdan foydalanayotgani mazkur muammoning ko'lami juda katta ekanidan dalolat beradi.  Har holda qo'l ostingizga bir to'da yalqov, mijg'ovlarni to'plab, har kuni majlis o'tkazmayotgandirsiz? Ularning vijdonini uyg'oting, muammolarni qisqa vaqtlar ichida samarali hal etishning fundamental, nazariy va amaliy yo'llarini topsin, kerak bo'lsa, davlat byudjetidan mablag' ajratilishi lozimligiga tepadagilarni ishontiring!

Menimcha, shu aytilgan masalalar o'z ijobiy echimini topsa, o'zbek tili ancha o'zini engil his etar, xalq o'z ona tiliga yaqinroq bo'lar edi. Sizga kuch-quvvat, insof tilab qolaman!

PS: Yana bir gap, Xudo yarlaqab yozganlarimni o'qib qolsangiz, mening kimligim, “nima karomatlar ko'rsatganim” bilan qiziqib, qimmatli vaqtingizni behuda ishlarga sarflab yurmang, yaxshisi yozganlarim bilan ovora bo'ling, millatimiz, tilimizning taqdiri siz kabi insonlarga ko'p jihatdan bog'liq!

Manba: sanjarsaid.uz

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
istanbul escort