O’zbekiston Xalq Harakati

Yagona va haqiqiy hukmdor…

Yagona va haqiqiy hukmdor…
24 Ekim 2016 - 11:17 'da yuklandi va 4548 marta o'qildi.

Ergash Sulaymon

Fitratga maktub yoxud ruh bilan suhbat

Birinchi bob

(29)

U ilohiy olam targ'ibotchisi edi, insonlarni xavf-xatarlardan ogoh etib, ularga quvonchli xabar keltirgandi. U – yonib, nur sochib turgan mash'al edi. U o'z birodarlarini o'zlariga o'xshash insonlarga emas, yagona va haqiqiy hukmdor, Qudratli Tangriga sig'inishga da'vat etish uchun kelgan edi. U insoniyatni mayda-chuyda hoyu havaslar zindonidan xalos etib, uning taraqqiyotini er va osmon oralig'idagi cheksiz sarhadlarga yo'naltirish, insonlarni irib-chirigan dinlar istibdodidan qutqazib, islom saxovati bag'riga boshlash, yovuzlikni parchalab, ezgulikni quvvatlash, ifloslik, soxtagarchilikni supurib, toza va sog'lom amallarga yo'l ochish uchun kelgan edi.

Ha, bizlarning oramizda ham ilohiy olam targ'ibotchilari bisyor, islom olimlari va ruhoniylari keragicha topiladi. Ular, biz “Muhammad ummatlarimiz”, deya ayuhannos soladilar, “Allohdan o'zga Alloh yo'q” deydilar. Afsus, insonlarni xavf-xatardan ogoh etmaydilar, aksi xavf-xatarga targ'ib etadilar. Qirq kun avval tinchligu osoyishtalikni zolim Karimovning nomi bilan bog'lab, unga “doda” deb turgan esalar, endi barchasini muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev nomi bilan bog'lab, unga “ota” deyishga chog'lanyapdilar. Ular, “Allohu akbar” deb turib ham, bir vaqtning o'zida birodarlarini o'zlariga o'xshash insonlarga – murdat Karimov va feodal hukmdorlik havasmandi Shavkat Mirziyoevga o'xshaganlarga sig'intirmoqchi bo'ladilar. Yagona va haqiqiy hukmdor, Qudratli Tangrini ichlarida his etib turib ham jamoalarini mayda-chuyda hoyu havaslar zindonidan xalos etishni, ularni taraqqiyotga – er va osmon oralig'idagi cheksiz sarhadlarga yo'naltirishni, insonlarni irib-chirigan mirakizm kabi dinlar istibdodidan qutqazib, islom saxovati bag'riga boshlashni, yovuzlikni parchalab, ezgulikni quvvatlashni, ifloslik, soxtagarchilikni supurib, toza va sog'lom amallarga yo'l ochishni istamaydilar.

Chunki, ular Allohdan ko'ra, karimovchilardan – shavkatchilardan ko'proq qo'rqadilar. Sababi, bu millatning haqiqiy rahnamolari asrlar davomida surunkali bir ravishda o'ldirilib, mardu maydonlari bosmachi va qaroqchiga chiqarib kelinmoqda. Chalamullolar rahnomaga aylantirilib, xoinlar va sotqinlar mamlakat boshida mardu maydon qilib ko'tarilmoqda. Atrofdagi dushmanlar, mana shu yo'l bilan millatning ko'zining o'tini so'ndirib, yuragiga qo'rquv solmoqda. O'zligidan adashtirib, millatni qo'ylar suruvi kabi chalkash yo'llarga haydamoqda…

Muhammad alayhissalom ma'lum bir mamlakat yoki jamoaga yuzlanib, xitob etmadi. U O'zbekistondagi din ulamolari singari Karimov yoxud Mirziyoevning emas, umumbashariyat tashvishini chekardi.

Uning o'z missiyasini Arabistondan boshlashi tabiiy edi, illo, bu er dunyo sahnida eng qora dog', insoniyat tarixida eng qora sahifa o'laroq, ilk nur ana shu tuproqqa tushishi zarur edi.

Qadimul ayyomdagi holat, bugungi O'zbekistondagi kabi sharmandali edi. Bundan tashqari, o'sha davrdagi dunyo xaritasida Makka markaziy o'rin tutar va uning siyosiy erkinlik an'analari ozodlik, tinchlik va jahoniy birodarlikni shior etgan bu harakatga mos va muvofiq edi. Buning ustiga, arablar ma'lum tabiiy xislatlarga ega insonlar edilarkim, bu narsa dunyo bo'ylab islom e'tiqodini yoyishda qo'l kelardi. Rasululloh alayhissalom o'z davrining bir necha axloqiy illatlariga qarshi kurashib, ularni bartaraf etolgan yoki hech narsaga erisholmay, dunyodan ko'z yumgan islohotchilardan emasdi[1].

Muhammad alayhissalom inson tabiatini kamolga etkazishning eng to'g'ri yo'lini tanladi. Ungacha biror islohotchi bu muammoni echishga muyassar bo'lmagandi. U ishni oddiy va aniq – Tangri taologa ishoninglar, barcha soxta ilohlardan voz kechinglar, degan da'vat bilan boshladi.

Xuddi ana shu yo'l, ana shu muammo bugun bizning oldimizda ko'ndalang bo'lib turipdi.

“Ey insonlar, dedi u, Lo iloha illalloh – Allohdan bo'lak xudo yo'q, denglar, baraka topasizlar…”

Bu kalomni biz ham bugun aytyapmiz, shunchaki yo'liga aytyapmiz, xolos. Aslida, bor ovozimiz bilan, ixlos bilan, shijoat va samimiyat bilan aytishimiz lozim. Qiyofamizdan kuch-g'ayratimiz jo'shib, ko'zlarimizda shijoat uchqunlari porlab turishi kerak. Shunda, bizga quloq solishadi, shunda biz bilan hisoblashishadi. Biz birlik va tenglikni shior qilsak, bizni yaxshi anlashadi. Maqsadimiz, aniq. Tokim, davlat boshiga kelganlar, xudolanmasinlar, muxolifatga yo'l bersinlar, saylov muddatlari tugagan kun, kursini bo'shatib qo'ysinlar. Ovrupo va Amriqodagi boshqaruv va saylovlardan o'rnak olsinlar…

Holbuki, qo'rqoq bilan hech kim hisolashmaydi, yaltoqlarning istagi hech qachon inobatga olinmaydi…

Muhammad alayhissalomning chaqirig'i, o'shanda majusiylarni sarosimaga solgan edi. Ular shu ondayoq ana shu oddiy insoniy haqiqatga qarshi kurashga shaylangandilar. “Ulardan kattalari (bir-birlariga) dedilar: yuringiz, o'z ilohalaringizga (sig'inishda) sabrli bo'lingiz! Albatta, bu iroda etiladigan (bo'lib turadigan) narsadir” (38:6).

Biz, bugun Lo iloha illallohni sahobalar singari samimiyat bilan aytadigan bo'lsak, mirakizmchilarning rohati buzuladi, shavkatchilarning paytavasiga qurt tushadi. Chunkim, biz o'zligimizni tanisak, o'z qiyofamizga va o'z so'zimizga ega bo'lsak, kimning kimligi bilinib qoladi, soxtakorlarning niqobi yirtiladi….

(davomi bor)

[1]Bu o'rinda Mahatma Gandini misol keltirish mumkin. U o'z oldiga ikkita maqsad qo'yib, umrini shunga bag'ishladi. Birinchisi – zo'ravonliksiz kurash. Ikkinchisi – Hindistonda eng quyi tabaqa – rad etilgan (shudra)larni himoya qilish. Bu g'oyalarni u o'zining e'tiqod va hayot falsafasi maqomiga ko'tardi. Ammo uning yo'li Payg'ambarlar yo'li emasdi, shu boisdan insonlar aqlu idrokida jiddiy o'zgarish yasamadi. Zo'ravonliksiz kurash prinsipi 1947 yilda yuz bergan qirg'inbarot tufayli chippakka chiqdi. Gandining o'zi zo'ravonlik qurboni bo'ldi. Uning ikkinchi maqsadi ham ro'yobga chiqmay, ora yo'lda qoldi.
Shunga suyanib ayta olamizki, Payg'ambarlar yo'li – insoniyatni chinakam ma'naviy va ijtimoiy o'zgarishlar sari boshlovchi yagona yo'ldir.

 

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar