O’zbekiston Xalq Harakati

Zulmat qo'rg'oniga boshlangan hujum

Zulmat qo'rg'oniga boshlangan hujum
29 Ekim 2016 - 11:02 'da yuklandi va 4577 marta o'qildi.

Ergash Sulaymon

Fitratga maktub yoxud ruh bilan suhbat

Birinchi bob

(30)

Haqiqat dushmanlarining musulmonlarga qarshi amalga oshirgan jirkanch jinoyatlari, yovuz kirdikorlari tarix sahifalarida saqlanib turipdi.

Nafaqat, saqlanib turipdi, o'n to'rt asr ilgari qay ahvolda bo'lgan bo'lsa, zulm shu alfozda davom etib kelyapdi, tokim bu holat Qiyomat kuniga dovur davom etishini ham biz yaxshi bilamiz. Mustaqillik yillaridagi dinu diyonatga, hur fikr va insonning azalida berilgan erkinliklariga tish-tirnog'i bilan qarshi kurashgan Karimov rejimi, fikrimizning yorqin misolidir. Shaklu shamoyil va kurash usullari biroz o'zgargan xolos. Avvallari raqib ochiq-ayon dushman qiyofasida islomga qarshi kurashgan bo'lsa, endi u musulmon qiyofasiga kirib olib, islomga ich-ichidan zarba beryapdi. Bu holat, maydonda to'p tepishayotgan futbolchilar o'yin ayni avj pallasiga chiqqanda, qo'qqisdan chiroq o'chib qolgan manzarani eslatadi. Ammo o'yin davom etaveradi, uni to'xtatishning hech bir iloji yo'q. Maydonda hamma narsa, ayqash-uyqash bo'lib qorishib ketgan, kim-kimning dorbozasiga qarab to'p tepyapdi, ahamiyatsiz, birov-birovni tanimaydi, tomoshabinlar natijadan emas, vaziyat o'zgarganidan – ermak topilganidan xursand… Aslida esa, hech narsa o'zgarmagan – hammasi eski hammom, eski tos.

Dinu diyonat va jaholat o'rtasidagi ba'zan oshkora, ba'zan gizli kurash so'nggi kungacha davom etadi…

Qadimda johil va zolimlar ota-bobolari sig'ingan butlarni va qotib qolgan g'oyalarni himoya qilib jangga kirgan bo'lsalar, bizning zamonamizda johil va zolimlar riyo, munofiqlik hiyla-nayranglarni mansab va shon-shuhrat, mol-dunyo orttirish uchun o'rtaga keltirmoqdalar. Ular oshkora va ochiq jang qilishdan cho'chiydilar, ularning qo'lidan olchoqliklar zohir etishdan boshqa hech bir ish kelmaydi.

Qadimda taraqqiyot dushmanlari johil esalarda, ularning aksariyati mard va qo'rqmas bo'lganlar. Adashib bo'lsada, ular o'zlarining shaxsiy ko'z qarashlarini, johilliklari asosi bo'lmish, butlarni – bo'lar-bo'lmas soxta xudolarni himoya qilish uchun jonlarini ham ayamaganlar.

Bizning zamonamiz kaltabinlari va zolimlari mansab uchun, shon-shuhrat va mol-dunyo uchun buqalamin kabi bir lahzada ming bir tusga kiradilar. Ular uchun but ham, soxta xudolar ham ularning o'zlari. Solishtirish joiz bo'lsa, ularning yonida o'tmishda qolgan zolim va butparastlar farishtalar kabidirlar. Chunki, ular adashib bo'lsa ham, e'tiqod uchun, ota-bobolari sig'ingan soxta xudolarning nomini ustivor etish uchun maydonga chiqqan edilar. Yanglish bo'lsa ham, ular o'zlari haq deb hisoblagan aqidalar uchun molu jonlaridan voz kechgan edilar.

Biznikilar, kechagina kommunistlarning tovonini yalab, tirikchilik qilgan edilar, keyin marhum va zolim Karimovning tagiga paxta qo'ydilar, bugun…         

O'tmishdagi holat shuni ko'rsatadiki, islom targ'iboti xuddi nishonga tegib, kufru bid'at ildiziga qaqshatgich zarba bo'lgan. Bu zulmat qo'rg'oniga hujum bo'lib, qamalda qolganlar maydonga chiqib, to so'nggi tomchi qonlari qolguncha jang qilishga ahd qilishgan edi. Ammo islom payg'ambari chekinmadi. U nafrat-g'azab, ta'qib-ta'zyiq bo'ronida qoyadek ustuvor turdi.

Bugun, bizning kunlarimizdagi islom targ'iboti ham o'tmishdagi kabi nishonning qoq peshonasini mo'ljalga olib turipdi, kufru bid'at ildiziga qaqshatqich zarba berish uchun kuch yig'yapti. Maqsad payg'ambar davridagidan zarra qadar ham o'zgarmagan. Zulmat qo'rg'oniga boshlangan hujum Qiyomat kunigacha davom etadi. Muhammad ummatlari haq va adolat uchun, Allohning nomini ustivor qilish – jaholatga va zulmga qarshi zarba berish uchun, taraqqiyot va ikki Olam saodati – ma'rifat, go'zal axloq va odob uchun to so'nggi tomchi qonlari qolguncha jang qiladilar. Ular Muhammad (s.a.v.) kabi nafrat-g'azab, ta'qib-ta'ziq bo'ronida so'nggi kungacha ustivor turadilar.

Zero, barchasi Alloh roziligini qozonish uchun zarur ekan, musulmonlarning istiqbolida boshqa yo'lning o'zi yo'q. 

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar