O’zbekiston Xalq Harakati

Barcha insonlar – og'a-inidirlar

Barcha insonlar – og'a-inidirlar
05 Kasım 2016 - 8:11 'da yuklandi va 4226 marta o'qildi.

Ergash Sulaymon

Fitratga maktub yoxud ruh bilan suhbat

Birinchi bob

(31)

U o'n uch yil davomida payg'ambar (a.s.) Makkada qat'iy va sobit turib, Tangri taoloning birligiga, Payg'ambarlarga, ularga nozil etilgan kitoblarga, o'lganlarning tirilishiga, Qiyomat kuniga ishonch, e'tiqodni targ'ib etdi. U o'z missiyasiga ishondi, bir lahza bo'lsa-da ikkilanmadi. Haqsizlik bilan murosaga bormadi. Zero, uning ishonchi komil, unga yuborilgan ulug' payomda insoniyat hayotining barcha masalalariga echim mavjud edi.

Islomning Tangri taolo barcha millatlar va xalqlarning Yaratuvchisi, Valiyne'mati va Pushtipanohi degan ta'limoti hamda Muhammad alayhissalomning butun dunyo ko'lamidagi missiyasi kishilarni bir-biridan qon-nasl, rang-tus va jug'rofiy jihatdan ajratuvchi to'siqlarga barham berib, insoniyatni yagona bir oilaga birlashtirdi.

Islom nuqtai nazarida insonlar – go'zal bir guldasta. Bir ota-onaning, ya'ni Hazrati Odam va Hazrati Havvoning farzandlari, demakki, bitta xonadon. Arab bo'lmagandan arab ustun emas, arab bo'lmaganning arabdan ustunligi yo'q. Eng hurmatli kishi – eng odil, eng diyonatli inson.

Payg'ambar (a.s.) ta'kidlagan edi: “Ey insonlar, Tangri taolo sizni jaholat tubanligiyu naslu nasab g'ururidan xalos etdi. Faqat ikki xil odam bo'lur: biri – halol, Xudodan qo'rqib, uning marhamatiga etishganlar; biri – harom, gunohga botib, Xudo oldida sharmandayu sharmsor bo'lganlar” (Ibn Abu Xatim).

Rasulillohning bu fikrini uning Abu Zar al-G'iforga etgan nasihati ham aniq tasdiqlaydi. “Ey Abu Zar, yodingda tut, – degandi Payg'ambar (a.s.) o'shanda, – sen hech kimsadan ustun ham, yaxshi ham emassan. Faqat fazilatlaring tufayli afzal bo'lishing mumkin”.

Muhammad alayhissalom o'zining tungi ibodatlarida Parvardigor huzurida takror-takror aytar edi: “Ey Tangrim, men guvohlik berib aytamanki, barcha insonlar – og'a-inidirlar” (Abu Dovud).

U insoniyatni guruhlar va oqimlarga ayiruvchi hamma narsani keskin rad etar edi. U derdi: “Kimki biror guruh, firqada esa, u bizdan emas. Kimki biror firqada o'lsa, u ham bizdan emas. Kimki insonlarni firqalarga bo'lsa, u ham bizdan emas” (Abu Dovud).

U chinakam sinfsiz jamiyat tuzishga muvaffaq bo'ldi, unda yuqori va quyi, boy va kambag'al, oq va qora insonlar teng, birodar edilar. Ular bir-birlariga madadkor, kerak bo'lsa, bir jonu bir tan bo'lishga hamisha hozir edilar. Ayollar Tangri taolo amri bilan erkaklar panohida yashar, erkaklarning ayollar ustidan haq-huquqi bo'lganidek, ayollarning ham erkaklar ustidan haq-huquqi tayin edi…

O'zlarini sinfsiz va adolatli jamiyat tuzishga muvaffaq bo'lgan, deb hisoblagan kommunistlar nimaga erishdilar?

Ular tiklagan davlatchilik ustunlari etmish yil ham davr va zamon to'zonlariga dosh berolmadi.

Ha, ular sinfsiz jamiyatni o'rtaga keltirishga urindilar, ba'zi ma'noda bunga sazovor ham bo'ldilar. Ular duyoyi olamga ko'z-ko'z qilmoqchi bo'lgan sinfsiz jamiyat islom o'rtaga keltirgan sinfsiz jamiyatning teskarisi edi. Unda yuqori va quyi, boy va kambag'al, oq va qora insonlar hech qachon teng bo'lolmadi, birodarlik til va qog'ozlarda edi xolos. Ular hech bir zamon musulmonlar kabi bir-birlariga madadkor ham bo'lolmasdilar, bir jonu bir tan bo'lish uchun ularda hech bir asos ham yo'q edi. Shuning uchun ham ularni yuqorining buyrug'i bilan ishchi hayvonlar kabi zavod-fabrika va dalalarga, urush maydonlariga yoppasiga haydab chiqarib, majburlab ishlatishar, urushlarda zombi kabi urushtirar edilar. Odamlar nima uchun ishlayotganlarini va kimning yonini olib urushga kirayotganlarini bilmas edilar. Haqiqiy mafkura va insoniylik g'oyalaridan ular tamoman forig', ichlari ezgulik va birodarlik g'oyalari o'rniga, g'alamislik va hasad zardobi bilan to'ldirilgan edi. Bo'yin tovlaganlar – haq-huquqini talab qilganlar jamiyatga qarshi chiqqan yot unsur sifatida, el oldida badnom qilinar, qamalar, zulm va azob-uqubatlarga giriftor etilib o'ldirib yuborilar edi. Ayollar erkaklar panohida yashashdan mahrum qilingan, tuzum erkaklarni ayollar ko'zida da'yusga aylantirgan edi.

Xudosizlar, ayollardan ibo va hayoni yulib olib, erkaklardagi or-nomus tuyg'usiga o't qo'yib, mukammal bir jamiyat tuzishga bel bog'lagan edi.

Holbuki, insoniyat dunyo yaralganidan buyon har qanaqa yaxshiliklarga va hamin qadar ma'naviy zafarlarga erishgan bo'lsa, sharmu hayo va or-nomus tuyg'usi bilan sazovor bo'lgan. Zo'rlik va badaxloqlik bilan qozonilgan g'alabalar, pirovardida hech qachon insoniyatga naf va jamiyatga biror nekbinlik keltirmagan.

Karimov rejimi 27 yil davomida kommunistlar siyosatining ibdidoiy ko'rinishini o'zbeklar qiyofasida dunyoga namoyish qilib keldi. U o'lib, bu shaklsiz va mazmunsiz – buqalamun siyosatni ortiq davom qildirishning boshqa imkoni qolmadi. Tanazzul oxirgi nuqtaga etib kelganiga yillar kechdi.

Tarki odat amri mahol deganlaridek, bu xastalikdan darrov voz kechish oson ish emas. Fuqarolarni elkasiga mas'uliyat olib, qoyillatib bajarishga o'rgatish uchun metindek mustahkam davlatchilik ta'mali lozim. Afsus, biz tarixiy davlatchiligimizning asoslaridan savodsiz qolganimiz singari, zamonaviy dunyo davlatchiligidan ham etarli bilimlarga ega emasmiz. Ko'pchilik, ayniqsa ziyolilar Karimov rejimining – buqalamun siyosatining quliga aylanib qolgan. Xalqni yorug' va nurafshon manzillarga etaklashga burchli bo'lgan qatlam shu ahvolga tushib qolgan ekan, demak, oldinda O'zbekistonni juda ham og'ir sinovlar kutib turipdi.

Agar muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev va uning homiysi MXX boshlig'i Rustam Inoyatovlar mazkur tahlikali holatni nazarda tutib, ish ko'rganda edi, O'zbekistonning ertasiga ishonsa bo'lardi.

Bu uchun birinchi navbatda, mamlakatdan siyosiy motivlarga ko'ra chiqib ketishga majbur bo'lgan barcha O'zbekiston fuqarolariga o'ylab o'tirmasdan mamlakat ichkarisiga yo'l berish kerak edi. Albatta, vaziyat qal'tisligi bois, bu ish ma'lum va qat'iy shartlar asosida amalga oshirilardi.

Zero, it egasini, mushuk bekasini tanimaydigan tuzumga qarshi bosh biriktirilayotgan ekan, tartib-intizom va samimiyat masalasi bosh masala bo'lmog'i darkor. Ya'ni, Shavkat Mirziyoev joriy qaltis shart-sharoit tufayli, birinchi muddat hech qanaqa saylov bo'lmasligini, davlat boshida o'zi turishini, vaziyatni avval to'g'ri o'zanga solish uchun milliy safarbarlik e'lon qilishini aytishi lozim edi. Shunda, uning samimiyatiga va siyosiy qobiliyatiga biroz bo'lsada ishonch uyg'ona boshlardi. Unga quloq osilardi, mamlakatga xavf tug'dirishi mumkin bo'lgan har qanaqa holatlarni o'z vaqtida bartaraf etish uchun unga vakolat berilardi. Muddat kechib, jamiyat normal holatga kelganda, saylovlar demokratik tamoyillar asosida o'tkazilaverardi.

U payt, Shavkat Mirziyoev o'z nomzodini prezidentlikka qo'yib, g'olib kelsada, mag'lub bo'lsada, O'zbekiston tarixida haqiqiy qahramon sifatida yaxshi nom bilan qolardi.

Uning hozirgi tutgan yo'li, mazmun jihatdan marhum ustozining yo'lidan zarracha farq qilmaydi. Shaklda biroz farq borligi esa, hech nimani o'zgartirmaydi. Aksi, vaziyatni borho chigallashtiradi.

U yigirma birinchi asrda feodalizimga xos bo'lgan unsurlar bilan g'alabaga erishmoqchi. Xorun Rashid timsolida, o'zbekning Robin Gudiga aylanmoqchi.

Albatta, u bugun g'alabaga erishishi mumkin, ammo bu yo'l bilan u tarix zarvaraqlaridan hech qachon sharaf topa olmaydi, o'zidan keyin yaxshi nom qoldira olmaydi. Diktator Karimov kabi oxir oqibat faoliyati foje'ali yakun topadi.

Uning o'rnida boshqa birov bo'lsa ham, tutgan yo'li shunaqa bo'lsa, yakun omadsizlik olib kelaveradi Mamlakat hayoti nari tursin, zolim Karimov kabi o'zining oilasi farovonligini va osoyishtaligini ham ta'minlay olmay, rixlatga ravona bo'ladi.

Shunaqa bo'ladigan bo'lsa, o'zbek xalqi, millat sifatida vaqtdan yutqazadi, xolos. Qariyib, to'rt yuz yillik inqiroz yana biroz oz umr suradi. Ammo, endi u ko'pga cho'zilmaydi…                      

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar