O’zbekiston Xalq Harakati

Jihod va ijdihod

Jihod va ijdihod
16 Kasım 2016 - 11:00 'de eklendi ve 4255 kez görüntülendi.

Ergash Sulaymon

Fitratga maktub yoxud ruh bilan suhbat

Birinchi bob

(32)

Bir ming to'rt yuz yildan buyon aytilib kelinayotganidek, islomda bir-biridan ayrilgan diniy saltanatu dunyoviy saltanat bo'lmaydi va bu boshqaruv insondan yuksak diniy, axloqiy, aqliy hamda boshqa sifatlarga ega bo'lishni talab qiladi. Davlat rahbari yoki imom yuksak shaxsiy fazilatlar sohibi bo'lishi bilan birga jihod va ijtihod zaruratini hamisha yurakdan chuqur his etmog'i darkor.

Har bir tirik mavjudod kabi islom Allohning jonli mujdasidir.

Unda tiriklik suvi mavjud bo'lmaganda, o'liklarga (johillarga ma'rifat, yo'lsizlarga yo'l, tushkunlarga ko'tarinkilik, mazlumlarga baxtiyorlik…) ulashmasdi.

Islomning umurtqasi – adolatdan, husnu jamoli – ma'rifatdan, qalb qo'rg'oni – muhabbatdan bunyod qilingandir.
Uning islohotlarni muttasil amalga oshirib turadigan qurol-aslahasi – jihod va ijtihoddir.

Navbati etib, har qanaqa tirik jon foniydan baqoga ko'chadi.
Islom to Qiyomatga qadar bandalariga yaxshi xulq ulashib, ularni mardlik va jo'mardlikka – Yaratganning rizoligini qozonishga da'vat etaveradi.

Uni bu yo'ldan na shohu sultonlar, na-da g'aribu g'urabolar qaytara oladilar. Uning ahkomlariga na mustabid Karimov va Mirziyoevlar, na-da Jahongir Mamatov va Mo''tabar Tojibaevalar nuqson etkaza oladi…

Oddiy odamlarning fikru o'ylarini yolg'on-yashriq va qulluqbozliklar bilan chuvalantirib, islomga zarracha ziyon etkazishning imkoni yo'q. Yoki islomni asos qilib olib, birovni jazolash ham oson ish emas.

Nega-ki, islom na yordamga, na-da himoyaga muhtoj.

Uni tushirgan Zot uni, hizbu himoyasida asrashini aytib qo'ygan.
Johil bir guruhning jamiyatning bir kichik bo'lagini zulmga asr etib, ularning umru jonlarini behuda orzu havaslarga qurbon qilganlari qoladi, xolos.

Jihod islom terminalogiyasida kishining er yuzida eng olijanob maqsad sari bor kuchini sarf etib, intilishi ma'nosini anglatadi.

Musulmon uchun Tangri irodasiga butkul bo'ysunib, Uning marhamatiga etishdan ortiq xayrli ish yo'q.

Buning uchun inson uzoq va izchil ichki kurashni boshdan kechirmog'i, uning ichki dunyosini egallashga intiluvchi soxta xudolardan, (Miziyoevlardan) uni to'g'ri yo'l, ya'ni ezgulik va halollikdan chalg'ituvchi maylu rag'bat, hoyu havaslardan xalos bo'lmog'i zarur.

Ana shu darajaga etgach, u yaqinlari hayotini yaxshilash va o'zini o'rab turgan dunyoda adolatli saltanatni barpo etish uchun o'zini mas'ul hisoblaydi.

Bu ham diyonat, ham zarurat, negaki, kishi nopok bir muhitda yasharkan, hatto tor, shaxsiy munosabatlar doirasida ham Tangri taologa sadoqatli bo'lishi dargumon bo'lib qoladi.

Bu so'nggi holat Qur'oni karimda fitna deb ataladi va u ofat, isyon, xiyonat, gunoh, vasvasa, buzuqchilik, bir so'z bilan aytganda, har nechuk falokat ma'nosini bildiradi.

Muhammad Solih jihod to'g'risida nima deyayotgan bo'lsa, mana shularni nazarda tutib, millatga murojaat qilyapti.

U behuda gapirmayotganini yaxshi bilib turipdi. Mamlakat ichida, aksar kimsalarning o'zini ko'zi to'rt bo'lib kutayotganidan ham u xabardor. Mansab yoxud molu dunyo uchun emas, u nima deyotgan bo'lsa, millatning koriga yarash uchun, baloyu qazolarga balogardon bo'lish uchun aytyapdi. Joiz bo'lsa, qariyib, o'ttiz yildan oshiq u xalqning dardiga darmon bo'lish uchun – og'irini engil etish uchun kuyib-pishyapti, o'zini o'tga ham cho'g'ga ham uryapdi.

Ammo, mamlakat va millatni qiyin ahvoldan chiqarish va uni taraqqiyot manzillari sari etaklash uchun ham mamlakat prezidentligi uchun istalsa-istalmasa kurashiladi.

Bu butun dunyoda normal qabul qilingan bir holat.

Vasila Inoyatova, Jahongir Mamatov, Kamoliddin Rabbimov, Mirrahmat Mo'minovlar birinchi navbatda, botinan dinga tish-tirnoqlari bilan qarshi insonlar.

Ularning, bu hammasi yolg'on, biz musulmonmiz, deyishlari tayin.

Ular musulmon bo'lsalar, islomga qarshi bo'lmasalar, nima uchun islom aqidalari va Alloh to'g'ridan-to'g'ri tushirgan amrlarga qarshi kurashadi, degan har qanday kimsada haqli savol tug'iladi.

Muhammad Solihni yomon ko'rish uchun, yoki Shavkat Mirziyoevga yaxshi ko'rinish uchun islom aqidalariga qarshi chiqish shart emas-ku!

Bular istaydimi, yo'q, bu dunyoda mavjud bo'lgan hamma narsa – hayvonlar, o'simliklar va ma'danlar Tangri taolo oldida bosh egadi va uning irodasiga bo'ysunadi, Mirziyonov va Karimovga emas. Qur'oni karimda deyiladi:

“… Osmonlaru Erdagi barcha zotlar (farishtalar, insu jinlar) xoh ixtiyoriy, xoh majburiy Unga bo'ysunurlar va uning huzuriga qaytarlar” (3:83).

“Ey Muhammad, Osmonlardagi va Erdagi bor jonzot, quyosh, oy, yulduzlar, tog'lar va barcha jonivorlar hamda ko'plab insonlarning Tangriga sajda qilishini ko'rmadingizmi? Ularning ko'plari jazoga loyiqdirlar” (22:18).

Ammo bularning inson faoliyati, uning xatti-harakatlariga aloqasi yo'q. Yaratilgan har ne mavjudot borkim, tabiatning o'zgarmas qonunlariga bo'ysunadi. Avvaldanoq belgilab qo'yilgan tug'ilish, o'sish va so'lish jarayonlarini boshdan kechiradi.

Musulmonlar ustuvor etishi lozim bo'lgan qonunlarni esa bu dunyoga Payg'ambarlar keltirishgan. To dunyo turguncha ularga qarshilik ko'rsatishadi. Ularning yo'lini to'sib, rad etuvchi kuchlar Er yuzida hamisha topiladi.

Shu sababli jihod – inson hayotining uzviy, muqarrar qismidir. U turli shakllarga ega bo'lishi mumkin. Ulardan biri, eng yuksagi – insoniyatni haq va haqsizlik masalasida dahriylikka itarib, g'oyat xatarli ma'naviy kurashlar girdobiga soluvchi qabohat kuchlarini sindirish.

Jihodda ishtirok etuvchi inson uchun faqat islom ta'limoti, musulmon urf-odatlarini bilishning o'zi etarli emas. U dahriylik falsafasi, uning rasmu rusumlaridan ham xabardor bo'lishi, ular qaysi qiyofada namoyon bo'lmasin, darhol tanib olishi lozim.

Xalifa Umar ibn-al Xattob aytgan edi:

“Men bir narsadan qo'rqaman: islomda tarbiya topgan kishi, agar u majusiylikdan bexabar bo'lsa, islomni xarob qiladi”.

Albatta, har bir musulmon majusiylikni chuqur bilishi dargumon, ammo islom davlati tepasida turganlar bu ofatdan har tomonlama xabardor bo'lishlari shart.

Bizning bir qismimiz, Karimov zulmidan G'arbga qochib chiqib, Demokratiyani qurol qilib olib, shu holatga tushayotgan ekanmiz, musulmonmiz deb, islomga tuhmat qilayotganimizni anglaymizmi?

Yoxud bizning niyatimiz, “demokrat” niqobi ostida Shavkat Mirziyoev ishonchini qozonib, mamlakatga kirib olgach, shon-shuhrat va boyliklarga burkanishmi?

Shunaqa bo'ladigan bo'lsa, to'g'ridan-to'g'ri, ochiqdan-ochiq MXX boshlig'i Rustam Inoyatovga murojaat qilaverish kerak.

Xavfsizlik raisi bunaqa kimsalarni juda yaxshi tushunadi.
Aybsizga ayb taqib, zolimlarning zulmidan shunday ham beli qayshib ketgan xalqni to'g'ri yo'ldan chalg'itishning nima keragi bor?

Musulmon rahbarlar imkon boricha kuch-qudrat yig'ishlari, dushmanlarning har turli qutqu va nayranglariga javob berish uchun hamisha hozir-nozir bo'lib turishlari zarur. Bu Tangri taoloning doimiy amaldagi amri:

“Ular uchun imkoningiz boricha (harbiy) kuch va otliq bo'linmalarni tayyorlab qo'yingiz. Bu bilan Tangrining va o'zingizning dushmaningizni va ulardan o'zga siz bilmaydigan, lekin Tangri biladigan (dushman)larni ham qo'rquvga solgan bo'lursiz. Tangrining yo'lida nimani sarf qilsangiz, sizlarga (uning savobi) zulm qilinmagan holingizda to'la-to'kis berilur” (8:60).

Ijtihod esa – o'zgarib turuvchi hayot talablarini bajo etish qobiliyati demakdir. Buning uchun islom mohiyatini chuqur anglash va islom huquqshunosligi asosiy prinsiplarini mukammal bilish talab etiladi.

Ijtihod tabiat boyliklaridan islom yo'lida istifoda etishni ham o'z ichiga oladi, toki ular dahriy materialistlar qo'liga tushmasin va Er yuzida manmanlik va falokatning yoyilishiga xizmat qilmasin.

Ammo, afsuski, O'zbekiston davlati boshida turgan kimsalarda bunday sifatlar hech qachon bo'lmagan. Ularda musulmon rahbari uchun vojib bo'lgan axloqiy va diniy qamrovlar yo'q. Ular majusiy maylu ishtiyoqlar va johiliyatga xos rasmu odatlarni engib o'tishga qodir emaslar.

O'rta Osiyo rahbarlari ichida, Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboevdan boshqasining birortasi islom talablariga to'la mos-muvofiq kelmaydi.

Shuning natijasi o'laroq, Mustaqillik yillarida O'zbekistonda islom diniy-siyosiy tuzumida din va davlat o'rtasida bo'linish yuz berdi. Karimov rejimi dinu diyonatda foyda ko'rmay, uning pinhoniy dushmaniga aylandi, diniy rahnamolikni bir chetga surib, nuqul safsatabozlik bilan mashg'ul bo'ldi.

Diniy masalalarda muammo chiqib qolgudek bo'lsa, barchasini qama-qamalar bilan hal etishga urindi.

Dinu diyonat ta'siri kamayishi bilan o'zbek musulmonlarining axloqiy, ma'naviy sifatlari ham pasayib ketdi. Qur'oni karimning “Yaxshilikka intiling, yomonlikdan saqlaning” shiori o'zining amaliy ahamiyatini deyarli yo'qotdi, chunki u davlatning qo'llab-quvvatlashiga suyanishi zarur edi.

Ana shu tayanch yanada susayishi bilan islomga qarshi tamoyillar qo'zg'alib, xalqning imon, e'tiqodini emira boshladi.

Vasila Inoyatova, Jahongir Mamatov, Kamoliddin Rabbimov, Mirrahmat Mo'minovlar, aslida Muhammad Solihga emas, O'zbekistondagi islom rivojiga qarshi. Ular hukumatning dinga bo'lgan munosabatini bilganlarichi uchun, shu usulni qo'llab, muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoevning ko'ngliga qo'l solib ko'rayaptilar.

Mirziyoev ham anoyilardan emas, u hech qachon o'ziga aloqasi bo'lmagan kimsalarni yoniga yo'latmaydi.

(davomi bor)

Muallifning Facebook.com ijtimoiy tarmog'idagi sahifasidan olindi

Etiketler :
HABER HAKKINDA GÖRÜŞ BELİRT

SON DAKİKA HABERLERİ
İLGİLİ HABERLER