O’zbekiston Xalq Harakati

Evroparlament O'zbekistonni bolalar ekspluatatsiyasini to'xtatgani uchun mukofotladi

Evroparlament O'zbekistonni bolalar ekspluatatsiyasini to'xtatgani uchun mukofotladi
19 Aralık 2016 - 13:24 'da yuklandi va 1590 marta o'qildi.

O'zbek gazetalari nimalarni yozmoqda? Foto: UGF

«Xalq so'zi» gazetasi (17.12) «Jahon» axborot agentligiga tayanib Evropa parlamenti O'zbekiston bilan «to'qimachilik bitimi»ni ratifikatsiya qilish uchun ovoz berganini xabar qildi.

Unda yozilishicha, Evroparlamentning yalpi yig'ilishida O'zbekiston va Evropa Ittifoqi o'rtasidagi sheriklik va hamkorlik bitimiga to'qimachilik savdosiga oid o'zgarishlar kiritish to'g'risidagi protokol ma'qullangan.

Bu hujjatning ratifikatsiya qilinishi EIga O'zbekistondan to'qimachilik mahsulotlari import qilishga qulayliklar yaratadi va boradagi ko'plab cheklovlarning bekor bo'lishini ta'minlaydi.

Maqolada Evroparlament xalqaro savdo qo'mitasining O'zbekiston bo'yicha ma'ruzachisi Mariya Arena xonimning ko'pchilik hamyurtlarimizni salbiy ma'noda hayratlantiradigan gaplaridan iqtiboslar keltirilgan.

Bu xonim «O'zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida mamlakatda munosib mehnatni ta'minlash bo'yicha sezilarli natijalarga erishgani»ni ta'kidlab, «XMT hisobotlariga ko'ra, 2015 yilda O'zbekiston bolalar mehnatiga yo'l qo'yilmaydigan davlatga aylandi», deya o'zbeklar nazarida g'irt yolg'on bo'lgan so'zlarni aytadi.

Nega bu yolg'on? Chunki bu gaplar bilan evropaliklarni aldash mumkindir, ammo minglab bolalari hatto 2016 yilda ham paxta dalalariga quvilgan o'zbeklarni aldab bo'lmaydi.

Joriy yilda kamida 3-ta viloyatda kattalar qatori maktab o'quvchilari ham paxta terimiga jalb etilgani haqida erkin matbuot, fuqarolik jamiyati faollari etarlicha asoslangan ma'lumotlarni taqdim etdi.

O'zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumining bu boradagi monitoringga oid hisobotida ham ko'plab shunday holatlar haqida so'z boradi.

Shuningdek, unda mamlakatda paxta terimi mavsumida majburiy mehnatni monitoring qilayotgan faollar ta'qib va tazyiqlarga duchor qilingani aytiladi.

Shunga qaramay, M.Arena xonim «mamlakat hukumati XMT, Jahon banki va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan ushbu yo'nalishda (ya'ni bolalar mehnatiga yo'l qo'ymaslik borasida — tah.) olib boriladigan faoliyatda o'zining sodiqligini namoyon etmoqda», deydi.

Aslida O'zbekiston hukumati bolalar mehnatiga chek qo'yish emas, balki bolalar mehnatidan foydalanishni davom ettirish siyosatiga sodiq qolmoqda. Buni joriy yilgi paxta mavsumi yanada yaqqolroq ko'rsatib berdi.

Shunday bo'lsa-da, 2014-2020 yillarda Evrokomissiya O'zbekistonga qishloq joylarni rivojlantirish uchun 168 million evro ajratishini qo'llab-quvvatlash ma'qul ko'rinadi. Zora bu yordam O'zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanish ko'lami kamayishiga olib kelsa!

2016 yilgi paxta mavsumida majburiy mehnatga oid hisobotni bu erda rus tilida o'qishingiz mumkin.

Bahodir Sharif
O'zbekistonlik gazetxon tahallusi

Manba: Eltuz.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar