O’zbekiston Xalq Harakati

Ijtimoiy siyosat

Ijtimoiy siyosat
10 Ocak 2017 - 5:00 'da yuklandi va 976 marta o'qildi.

Muhammad Solih

TURKISTON ShUURI
(Muhojirot yillaridagi maqolalar)
(12)

MUSTAQILLIGIMIZGA TANQIDIY QARAShLAR
(davomi)

 

Kadrlar siyosati

O'zbekiston kadrlar siyosatida totalitar davlatning klassik yo'lini tanladi: kadrlarni bir-ikki yil o'tmay o'zgartirib turishni udum qildi. Toki birorta ma'mur kursida uzoq o'tirib, kuchga aylanmasin.

Hukumat o'z ma'murlariga ishonmaydi, ma'murlar esa, hukumatga ishonmaydilar. Mansabi omonat ekanini anglagan ma'murlar davlatni emas, o'z cho'ntagini o'ylashga majburlar. O'zlarini poraxo'rlikka urdilar, yaxshi ishlashga harakat qilmaydilar, chunki, yaxshi ishlasa ham, mehnati baholanmaydi.

Majlisda biqinib o'tiradi, boshliq ko'rmasa bo'ldi. Shu shaklda ishni beixtiyor sabotaj qiladilar, oqibatda davlat tizimlari ishlamaydi, ishlab chiqarish sur'ati pasayadi va bu yana xalqning moddiy ahvolida aks etadi.

* * * *

Ijtimoiy siyosat

Bu soha hukumatimizning g'ururlanadigan sohasidir. Garchand, bu sohada ham hukumatning o'lchangan bir programmasi yo'q. Bu sohada ham hukumat voqealar oldida emas, voqealar ortidan yuradi.

Hukumat xalqning ochligi, qashshoqligidan qo'rqmaydi, uning noroziligidan qo'rqadi. Shu sabab, avval potensial xavfli bo'lgan ijtimoiy guruhlarning ko'nglini olishga harakat qiladi: talabalar, o'qituvchilar, rus ishchilari va ma'murlar kabi.

O'zbekistonda olti million 770 ming odam ishlaydi. Shundan 50 foizi har xil sohadagi ishchi-xizmatchilar bo'lsa, 16,3 foizi sanoatda, 32 foizi, ya'ni deyarli uchdan biri qishloq xo'jaligida mehnat qiladilar.

Bu o'ttiz ikki foiz -bizning dehqonlarimizdir. Shaharlik ishchi yoki ma'murning oylik maoshi o'n martaga oshganda, dehqonniki bir marta oshadi. Bu maoshni ham dehqon uch-to'rt oylab ololmay yuradi. U ijtimoiy ta'minot nima ekanini ham bilmaydi. Bu odamlar ijtimoiy adolat nima ekanini bilmaydilar, hukumat bu haqda televizordan g'ururlanib so'zlar ekan, bu g'ururni tushunmaydilar.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar