O’zbekiston Xalq Harakati

Usmon Haqnazarov: Mirziyoev va MXX o'rtasidagi o'sib borayotgan ziddiyatlar haqida

Usmon Haqnazarov: Mirziyoev va MXX o'rtasidagi o'sib borayotgan ziddiyatlar haqida
10 Ocak 2017 - 16:53 'da yuklandi va 7356 marta o'qildi.

O'zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev va Rustam Inoyatov boshchiligidagi Milliy Xavfsizlik Xizmati o'rtasidagi munosabatlar manfiy tarzda rivojlanib bormoqda. Buni anglash uchun O'zbekiston rahbari va maxsus xizmat raisi o'rtasida so'nggi oy davomida bo'lib o'tgan suhbatlar mazmuni va xronologiyasiga nazar tashlash etarli. Shunday qilib…

Prezidentning PXX xizmatlarini rad qilishi, yoki xammasi nimadan boshlangan edi?

Mamlakat Senati Mirziyoevni vaqtincha O'zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi sifatida tayinlaganidan so'ng, davlatning vaqtinchalik rahbari zudlik bilan, xodimlarining ko'pchilik qismi Respublika MXXsiga bo'ysunuvchi “Qalqon” qurolli birliklarining askarlari bo'lgan, Prezident Xavfsizligi Xizmati (PXX) xizmatlaridan voz kechdi. Bundan bir oycha o'tib esa, aniqrog'i o'tgan yilning oktyabr oyi o'rtasida Mirziyoev PXXdan 200 kishini ishdan bo'shatdi. Toshkent qo'g'irchoq teatri oldidagi va prezident devoni hududida joylashgan PXX kazarmalari sezilarli darajada bo'shab qoldi.

O'zbekiston Prezidentligiga saylanganidan so'ng Shavkat Mirziyoev avvalgilarini egallab turgan lavozimlaridan olib yangi viloyat hokimlarini tayinlash uchun mamlakatning turli hududlariga tashrif buyura boshladi. Ushbu tashriflar boshlanishidan avval MXX raisi Rustam Inoyatov Mirziyoevga, Islom Karimov zamonidagidek, Toshkent aeroportida ikki kuch ishlatar idoralari (MXX va IIV) boshliqlari ishtirokida prezidentni jamoatchilik oldida safarga kuzatuvini tashkil qilishni taklif qilgan. Ammo amaldagi prezident bunday xizmatdan voz kechgan va ushbu idoralar rahbarlariga “yaxshisi o'z offislarida o'tirib, o'zlarining bevosita majburiyatlari bilan shug'ullanishlarini” aytgan. Prezidentning bunday javobi maxsus xizmat boshlig'i uchun umuman kutilmagan bo'lgan.

Ikkinchi kutilmagan holat amaldagi prezidentning MXX rahbariyati bilan uchrashuvi davomida, prezidentning Milliy Xavfsizlik Xizmatida xizmat guvohnomalarini bekor qilib, uning o'rniga xizmat jetonlarini joriy qilish taklifi bo'lgan. “Bu jetonlar faqat favqulodda holatlarda faqat prokuratura xodmlarigagina ko'rsatilishi mumkin bo'ladi”,- deya ta'kidlagan Shavkat Mirziyoev. Ushbu majlisda Mirziyoev, MXXning ba'zi vijdonsiz xodimlari o'z amallarini suiste'mol qilishini, natijada idoraning obro'sini tushib ketishini va odamlarda uning xodimlariga nisbatan nafrat uyg'onganini aytib, judayam g'azablangan.

“Kechirasizlar-ku, lekin ohirgi paytlarda MXX xodimlari o'z guvohnomalarini ko'chadagi pistafurushlarga ham ko'rsata boshlashdi. Men hali kichik va o'rta tadbirkorlikka qilinayotgan do'q-po'pisalar, qo'rqitilayotgan tadbirkorlar haqida gapirmayapman, shunday ishlar natijasida tadbirkorlar SNBni (ruschada Slujba Natsional'noy Bezopasnosti) Slujba Naezda na Bogachey (Boylarga hujum xizmati) deb atay boshlashgan”, degan Mirziyoev. Yangi davlat rahbarining hayajonli ammo adolatli tanqidi, majlisga “kontora”dan kelgan qatnashchilarga albatta yoqmagan.

O'tgan yilning dekabr oyi o'rtasida esa Mirziyoev o'z farmoni bilan MXXning Toshkent shahar boshqarmasidan 150 kishini ishdan bo'shatgan. Aynan ushbu hodisa MXX rahbariyati va xodimlari uchun yangi prezident ushbu tuzilmani tubdan isloh qilishga qaror qilgani haqidagi so'nggi ogohlantirish edi. Shunday so'ng maxsus xizmatning qudratli boshlig'i “kontora” pozitsiyasini himoya qilish borosida harakatlarini boshlashga qaror qildi.

Inoyatovning eski “qo'rqinchli ertaklari” – mavjud bo'lmagan terrorchilar bilan qo'rqitish

O'zini prezident xavfsizligi borasida qattiq qayg'uradigan odam sifatida ko'rsatmoqchi bo'lgan Rustam Inoyatov, Mirziyoevga “ochiqlik siyosatini boshlashga va maxsus xizmatlardan voz kechishga hali vaqtli” ekanligi haqida ishora qila boshladi. Bu erda Inoyatiovga horijiy ommaviy axborot vositalarining Istanbul tungi klublaridan biridagi teraktni O'zbekiston fuqarosi Abduqodir Masharipov uyushtirgani, AQShda yana mamlakatning bir necha fuqarolari IShID bilan hamkorlikda ayblanib qo'lga olinganligi haqidagi xabarlari qo'l keldi. Shundan so'ng Mirziyoev o'z qarorgohi va har kungi qatnov yo'nalishi xavfsizligini kuchaytirdi.

Keyin Rustam Inoyatov Mirziyoev bilan suhbatida, go'yoki “agarda 27 mamlakatga birdaniga viza rejimi bekor qilinsa, O'zbekistonga sayohatchilar ko'rinishida IShID a'zolari kirib olishlari mumkin” degan gapi bilan qo'rqita olgan. Ushbu ko'ndirish va “qo'rqinchli ertaklar” natijasida Shavkat Mirziyoev 22 dekabr kuni o'zining 2016 yil 2 dekabr kungi, 2017 yilning 1 aprelidan 27 mamlakat fuqarolariga nisbatan sayyohlik vizalarini bekor qilish ko'zda tutilgan farmoniga o'zgartirish kiritgan. Endi ushbu muddat 2021 yilning 1 yanvar kuniga ko'chirilgan.

Oxirgi voqealar, O'zbekiston MXX rahbari va uning “kontora”si Mirziyoevni o'zbek xalqi ko'z o'ngida qanchalik obro'sizlantirishga urinayotganini, yangi prezidentni o'z qo'g'irirchog'iga aylantirmoqchi ekanligini, u tarafidan boshlangan keng miqyosdagi islohotlar yo'liga to'siq yaratmoqchi bo'lishayotganini ko'rsatmoqda. “Ishtahasi ochilgan islohotchini” jilovlash bo'yicha Inoyatov va “kontora”ning rejalari faqatgina og'zaki ko'rdirishlar va “qo'rqinchli ertaklar” bilan chegaralanib qolmaydi…

Viloyat markazlaridan birida bo'lishi kerak bo'lgan “avtohalokat” haqida

Shu kunlarda Rustam Inoyatovning o'rinbosarlaridan biri “Mast taksi haydovchisi” amaliyotini ishlab chiqishni va amalga oshirish ishlarini hozirlashga boshlagan. Unga ko'ra Shavkat Mirziyoev viloyat markazlaridan biriga tashrif buyurgan vaqtida “avtomobil to'qnashuvi” amalga oshirilishi ko'zda tutilgan. Amaliyot davomida sohta taksi haydovchisiga o'z mashinasida Shavkat Mirziyoev avtomobiliga yoki avtokortejiga kelib urulish vazifasi yuklatilgan bo'ladi.

Inoyatovning rejasiga ko'ra, ushbu avtohalokat yangi prezidentning o'z xavfsizligi masalasiga bo'lgan nazarini tubdan o'zgartirishi kerak bo'ladi. Tahmin qilinishicha, qator shu kabi “halokatlar” va “hodisalar”dan so'ng Mirziyoev ishdan bo'shatilgan PXX xodimlarini qaytarishga majbur bo'ladi va hatto, ko'pchilik qismi MXXga bo'ysungan, avvalgi prezidentni qo'riqlash xizmatiga murojaat qiladi.

Biz ushbu reja va amaliyotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga shubha qilmaymiz. Chunki, Inoyatovda shu kabi “tadbirlarni” uyushtirish borasida katta tajriba bor: 1999 yil va boshqa yillar davomida“terakt” deb nomlanuvchi shunday “tadbir”lar yordamida u, shunday ham qo'rqoq odam bo'lgan, avvalgi prezident Islom Karimovni to'liq boshqarib keldi. Shunday qilib…

Xulosa

Prezident Mirziyoev va MXX raisi Inoyatov o'rtasidagi ziddiyatlarning o'sib borishi shuni qo'rsatmoqdaki, yangi prezident hali O'zbekistonda mutlaq hokimiyatga ega emas. So'nggi voqealar yana shuni qo'rsatmoqdaki, kuch ishlatar tizimlar, ayniqsa Karimov davrida mamlakatda o'ziga xos surbetlik litsenziyasiga ega bo'lgan MXX, Shavkat Mirziyoevning kuch ishlatar tizimlarni jilovlash bo'yicha islohotlaridan judayam norozi.

Shuning uchun Mirziyoev o'zining “islohotlar yo'lini” davom etadimi yoki undan voz kechib Karimovning “tinchlik va barqarorlikni saqlash” yo'liga qaytib, Islom Karimov kabi yopiq, qo'rqoq va boshqariladigan rahbarga aylanadimi hali noma'lum.

Usmon HAQNAZAROV,
Siyosatshunos
10.01.2017

Rus tilidan O'XH tahririyati tarjimasi

Rus tilidagi maqola manzili – uzxalqharakati.com/ru

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar