O’zbekiston Xalq Harakati

Tashqi siyosat

Tashqi siyosat
11 Ocak 2017 - 5:00 'de eklendi ve 1527 kez görüntülendi.

Muhammad Solih

TURKISTON ShUURI
(Muhojirot yillaridagi maqolalar)
(13)

MUSTAQILLIGIMIZGA TANQIDIY QARAShLAR
(davomi)

Tashqi siyosat

Keyingi ikki yil ichida O'zbekiston tashqi ishlar vaziri uch marta yangilandi. Bu tadbir tashqi siyosatimizni yaxshilash uchun qilindimi?

Eng so'ng ishdan olingan vazir misolini ko'raylik: 1993 yil iyun oyida mirshablarmi yoki KGB xodimlari, bir o'zbek qizni Toshkent qo'nalg'asida tutib kaltakladilar. Bu qiz AQSh elchixonasida ishlar ekan. Elchixona O'zbekiston hukumatiga norozilik bildiradi, ammo bu norozilikka hech qanday javob ololmadi. Ustiga-ustak, O'zbekiston tashqi ishlar vazirligi gazetada “bu voqea mas'uliyatini elchixona o'zi olishi kerak”, degan bildirish berdi.

Amerika hukumati bunga javoban AQShga borgan Oliy Kengash raisi boshchiligidagi o'zbek deputatlari hay'atini mamlakatdan haydab chiqardi. Shundan keyingina O'zbekiston hukukmati hushiga keldi va AQSh oldida o'zini oqlash uchun yaqinda tayinlangan tashqi ishlar vazirini ishdan oldi. Aslida, vazir ham, qizni kaltaklagan mirshab ham hukumat topshirig'ini bajargan edilar, xolos.

Ya'ni, tashqi siyosatdagi bu muvaffaqiyatsizliklar ichki siyosatdagi zo'ravonlikning oqibati edi. O'zbekiston o'z mustaqilligini e'lon qilganda, dunyo davlatlari bu o'lkaga katta qiziqish bilan qaray boshlagandilar. Chunki, O'zbekiston mintaqada tabiiy boyliklari ko'p, iqtisodiy quvvat zahirasi katta, tarixiy va madaniy bir markaz edi.

Bu tarixiy vaziyatda O'zbekistonga juda kuchli tashqi siyosat lozim edi. Kuchli va mustaqil, ziyrak va barqaror bir tashqi siyosat kerak edi bizga.

Afsuski, hukumat bunday siyosatning uddasidan chiqolmadi, chiqolmadigina emas, ichki siyosatdagi g'ayridemokratik harakatlari bilan dunyoda bor obro'sini ham yo'qotdi. Bugun dunyoning to'rt-besh mamlakatida O'zbekistonning elchixonasi bor. Bu elchixonalarning birortasi ham dunyo voqealariga o'z munosabatini bildirishga qodir emas. Hanuz O'zbekiston hukumatining o'zi dunyo mamlakatlariga nisbatan o'z pozitsiyasini belgilagani yo'q.

Iroq Quvaytni bosib oldi, O'zbekiston bu agressiyaga munosabat bildirmadi. AQSh davlati Iroqqa bomba tashladi, O'zbekiston kimning tarafida turishini bilmadi. Armaniston Ozarbayjon tuproqlarini ishg'ol etdi, O'zbekiston bunga ham munosabat bildirmadi.

Bundan bir yarim yil avval O'zbekiston prezidenti katta hay'at bilan Saudiyaga ketdi, hay'at lyuks mehmonxonalarda turib, kayfu safo qildi va… hech vaqosiz qaytib keldi – O'zbekiston iqtisodiga yordam bo'ladigan biror shartnoma tuzilmadi. Chunki, O'zbekistonning Saudiyaga nisbatan aniq fikri va muayyan siyosati yo'q edi. Bu muvaffaqiyatsiz safardan achchig'i chiqqan hukumat O'zbekistonga kelgan bir guruh saudiyaliklarni yurtdan haydab chiqardi, oqibatda, ikki o'lka orasidagi hali o'rnatilmagan munosabat tamomila yo'qotildi.

Bu yil may oyida prezidentimiz Olmoniyaga safar qildi. Uni taklif qilgan “Mersedes-Bents” shirkati iltimosi bilan I.Karimovni olmon hukumati qabul qildi. Ammo bu qabul quvonchini olmon matbuoti chil-parchin qildi: “Diktatorni ko'rmoqchi bo'lsanglar, Lotin Amerikasiga borib yurmanglar, bizning Shtutgartga keling, ertaga bu shaharga Karimov kelayapti”, deb yozdi jurnalistlar.

Yaqinda prezident Karimov O'zbekistonning o'ttiz ikki tonna oltinini Fransiya bankiga qo'ydi va buning evaziga birinchi marta G'arb davlatlaridan birida rasmiy mehmon sifatida qabul qilindi. Ammo Karimovning har bir xorijiy safari 32 tonna oltinga tushadigan bo'lsa, biz yaqinda mutlaqo oltinsiz qolamiz.

Xullas, o'zbeksitonning tashqi siyosati – uning ichki siyosatining ko'zgudagi tom aksidir. “Basharang qiyshiq bo'lsa, oynadan o'pkalama”, deydi xalqimiz. Bizning biror bir davlatdan o'pkalashga haqqimiz yo'qdir.

(davomi bor)

Etiketler :
HABER HAKKINDA GÖRÜŞ BELİRT

 Ushbu xabarga qoldirilgan izohlar

( 1 Yorum )

  • Muso ;

    Bu bechora xalk fakat xozirgi avlodini emas balki kelajak avlodini xam xakkini talon toroj kilgan kimsani boshiga kutarib, ulgandan keyin xam Uning kabriga va yodgorligiga katta katta mablag sarflayapdi!!! 32 tonna tillalar Kim kiladi kimning rivoji uchun sarflanibyotir. Bu bobda evreeylar ustasi farangdir. Ex ok korani, dustu dushmonni ajrataolmaydigan kora xalk! Uzingning ayogingga kachongacha bolta urasan?!!

    11/01/2017 12:38
So'nggi xabarlar
İLGİLİ HABERLER