O’zbekiston Xalq Harakati

Muxolifat to'g'risida yana ikki og'iz so'z

Muxolifat to'g'risida yana ikki og'iz so'z
12 Ocak 2017 - 5:00 'da yuklandi va 1235 marta o'qildi.

Muhammad Solih

TURKISTON ShUURI
(Muhojirot yillaridagi maqolalar)
(14)

MUSTAQILLIGIMIZGA TANQIDIY QARAShLAR
(davomi)

Muxolifat to'g'risida yana ikki og'iz so'z

Yuqorida aytilgan tanqidni o'qigan kishi “bu qanaqa odam o'zi, nuqul qoralaydi, nahotki, bugungi hukumat to'rt yarim yil ichida biror ish qilmagan bo'lsa?”, deb o'ylashi mumkin.

Haqiqatan ham, bugungi hukumat o'z faoliyatining dastlabki bosqichida yaxshi ishlarga bel bog'lagan edi. Uning xalq tinchligi, osoyishtaligiga yo'naltirilgan harakatlarini biz doim qo'llab-quvvatlagan edik. Chunki, siyosiy barqarorlik bo'lsagina, mamlakatda islohotlarni tez va qurbonsiz o'tkazish mumkin edi.

Shuning uchun ham biz, siyosiy muxolifatdagilar, bugun hamma gapirayotgan “milliy birlik” shiorini hammadan oldinroq ko'tarib chiqqan edik.

Muxolifat ichida hukumatga biror bir xayrixoh partiya bo'lsa, bu “Erk” partiyasi edi. Chunki “Erk” partiyasining o'zagini radikal inqilobchilar emas, sinovdan o'tgan milliyatchilar tashkil qiladi. “Erk” partiyasi, agar hukumat millat manfaati yo'lida faoliyat ko'rsatsa, bunday hukumatni qo'llashini ochiq aytgan edi.

Lekin hukumat va'da qilgan islohotlar amalga oshmadi, u o'z siyosatini haqsizlik va zo'ravonlik ustiga qura boshladi.

Qur'on-la qasam ichib, qasamni buzdi. Xalqiga ozodlik va'da qilib, qullikni tutqazdi.

Hatto shunday vaziyatda ham biz kurashni qonun doirasida olib bordik, murosa yo'lini axtardik, ammo bu yo'lni ham berkitdi.

Hukumat andishaning otini qo'rqoq qo'ydi. Haqoratli joyi shuki, u o'zbek xalqini qo'ymijoz bir xalq, u xaqlni qancha ezsang, shuncha yuvosh bo'ladi, deb o'ylay boshladi. Hatto prezident uning demokratiyaga tayyor emasligini, tayyor ham bo'lolmasligini ochiq gapira boshladi. O'zbek xalqi tabiatiga ozodlik emas, qullik ko'proq mos tushadi, degan qarorga keldi, shekilli.

Uning so'nggi ikki yil ichida olib borgan siyosati shu xulosaning zaharli mevalaridir.

O'zbek xalqi bu dahshatli nazariya bilan hach qachon kelisha olmaydi. Va bu xalqning kichik bir parchasi bo'lmish siyosiy muxolifat ham bunday qarashni butun borlig'i bilan rad qiladi.

Biz, muxolifat o'laroq, o'zbek xalqi ham boshqa xalqlar kabi ozodlikka loyiq ekanini isbot qilish uchun kurashamiz.

Bu Vatan bir to'da kommunistlar vatanigina emas, bu Vatan tarixi shon-shavkatga to'la buyuk millat – o'zbeklarning ham vatani ekanligini isbot qilish uchun kurashamiz.

Ba'zan xayrixoh do'stlar bizga qarab: “Bu rejim bilan kurashmoq telbalikdir, uning qo'lida armiya bor, KGB bor, mirshablar bor, “Erk”chilar unga nimani qarshi qo'ya oladilar?”, deydilar. Birinchidan, bu rejimga bitta “Erk” partiyasi emas, minglab hur fikrli partiyasiz insonlar qarshi kurashayapti. Bu kurashayotganlar faqat ziyolilar ichida emas, balki, ular davlat ma'murlari ichida ham, ishchi-dehqonlar orasida ham, hatto KGB xodimlari, mirshablar va harbiylar ichida ham mavjuddir.

“Erk” partiyasiga kelsak, rejimga qarshi uning ham uchta quroli bor: birinchisi – bu IYMON, ikkinchisi – VATANGA MUHABBAT, uchinchisi – bizning MILLATIMIZdir.

Bu qurollardan birortasi ham Rejimda yo'q, shuning uchun ham u engilishga mahkumdir.

1994. Yanvar.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar