O’zbekiston Xalq Harakati

Bundoq ishlarning tubiga inson aqli etishdan ojiz…

Bundoq ishlarning tubiga inson aqli etishdan ojiz…
12 Ocak 2017 - 8:00 'de eklendi ve 1452 kez görüntülendi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 133

(davomi)

So'ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabukda yigirma kun turganlaridan keyin ko'pchilik sahobalarning maslahatlari bilan Madinaga qaytmoqchi bo'ldilar. Qaytishlari ersa tog' yo'li bilan dovon oshib o'tishga to'g'ri keldi. Askar ichidagi munofiqlardan o'n ikki kishi yashirincha:

— Qachon Muhammad tog' tepasiga chiqdi ersa, dovonning eng uchma eriga kelganida uni ushlab, tog'dan qulatib yuboraylik. Tun qorong'usida bu ishni bajarmoq biz uchun bek qulaydur. Yana bizdan hech kim gumon qilmaydi, — deyishib o'zaro qattiq ahd qilishdilar.

Lekin bu xiyonatlari vahiy orqali Rasulullohga ma'lum bo'lib qoldi. Kun issig'idan saqlanib, o'zlari bir nechagina sahobalar bilan kecha salqinida dovon oshmoqchi bo'ldilar. Boshqa ko'pchilik askarlarni esa, tog' tagidagi keng yo'l bilan yurishga buyurdilar. Ulug' sahobalardan Ammor ibn Yosir, Huzayfa ibn Yamonlar ersa, doim Rasululloh bilan birga edilar.

Mingan tuyalarini shu kechasi birovlari haydab, birovlari etakladilar. Ul kechalari oy qorong'usi bo'lganlikdan kishi o'z qo'lini ham ko'rolmas edi. U munofiqlar esa Xudo xohlamagan ishni qilmoqchi bo'lishib, askar yo'lidan yurishmay Rasululloh ketidan bular ham dovon yo'liga yurishdi. O'zlarini tanitmaslik uchun qorong'ulik ustiga yana o'zlarini o'rab olishgan edi. Mo'ljal joyga yaqin kelganda, yomon niyat bilan birdaniga ot qo'yishdi. Rasululloh bundan xabardor edilar.

— Darhol bularning oldini to'sgil, yaqin keltirmagil, — deb Huzayfaga buyurdilar.

Huzayfa qo'liga qamchi olib, kelayotganlarning ot-ulovlarini bosh-ko'ziga qaramay savalashga turdi. Lekin ularning kim ekanliklarini taniyolmadi. Huzayfani ko'rishlari bilan qo'rqib orqaga chekindilar. Sir ochilib qolmagay deyishib ko'ngillariga qo'rqinch tushdi.

Kecha qorong'uligidan foydalanib ildamlik bilan ko'pchilik askar ichiga aralashib oldilar.

Bu ishni Rasulullohdan o'zga hech kim bilmadi. So'ngra Hazrati Huzayfa Rasululloh oldilariga kelgach:

— Yo Rasulalloh, kecha qorong'usida bosh-ko'zlari o'ralgan bir to'p kishining qorasi ko'rindi, o'zlarini taniyolmadim. Bir-ikki kishining tuyasini o'xshatdim,— dedi.

Anda Rasululloh:

— Menga vahiy kelib, ularni bildirdi. Bular ersa faloniy, faloniy, — deb o'n ikki kishini sanadilar. — Ular meni tog'dan tashlab o'ldirishga qasd qilgan edilar. Alloh meni asrab, maqsadlariga erisholmadilar, ikkovingizdan boshqa kishi bu sirni bilmasun, — dedilar.

— Andog' ersa, bularning boshini kesaylik, ruxsat qiling, Yo Rasulalloh, — degan edilar, rozi bo'lmadilar.

Subhonalloh, ey rabbim Alloh, bu nima sirdur? Yuqorida o'tgan shu qadar ulug' mo'jizalarini Rasulullohdan ko'rishgan bo'lsalar ham, bularning kufr qorong'uligi qoplagan qora toshdek ko'ngillariga qilchalik ta'sir qilmagan ekan. Shuning uchun Payg'ambarimiz quyidagi duoni o'qib yurishga buyurdilar:

«Yo muqallibal qulubi, sabbit qulubano alo dinika».

Ma'nosi: «Ey bor Xudoyo, dilimizni islom dini uzra to'xtatgil. Shu dinda o'laylik, shu dinda tirilaylik». Omin.

Bundoq ishlarning tubiga inson aqli etishdan ojizdur. Buning sirini Allohdan o'zga kim bilur?

Shu bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha kun yo'l yurib, qo'nalg'udan qo'nalg'uga o'tib, Madina yaqinidagi Zuovon degan joyga kelib tushdilar. Buning bilan Madina oralig'i biror soatlik yo'l edi. Shu erga kelganlarida Ziror masjidining qavmlaridan bir necha boshliqlari kelishib, Rasululloh bilan ko'rishdilar.

Bu masjid ersa, munofiqlar tarafidan yasalmish edi. Ularning maqsadlari shu masjidda yolg'ondan namoz o'qish bahonasi bilan yig'ilishib, Islomga qarshi harakatda bo'lish edi.

Tabuk safariga chiqar oldida shu masjid jamoatidan uch-to'rt kishi kelishib:

— Yo Rasulalloh, yog'in-chochin kunlarda qari-qartang kishilarimiz kela olmas ekanlar. Shuning uchun yangidan bir masjid yasab bitkazib oldik. «Bayt karam» qilib bersangiz, masjid ichra kirib, Xudodan yaxshilik tilab, namoz o'qib bersangiz, — degan edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytishlarida kirib o'tmakka va'da bergan edilar. Shu joyga kelganlarida Allohdan vahiy kelib, munofiqlar bu masjidni nima maqsad bilan bino qilganlarini Payg'ambarimizga bildirdi. Bu masjidga kirmaslikka, unda namoz o'qimaslikka buyurdi. Boshqalarga ibrat bo'lishi uchun uni buzib, o't qo'yib yuborishga Alloh amr qildi.

Darhol Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bahodirlardan ikki kishini chaqirib, ul masjidni buzib, o't qo'yib kelmakka buyurdilar. Bu ikkovlari buyruq olishlari bilan yugurganlaricha o'sha joyga borishdi. Birovlari esa qo'liga yondirilgan o't olmish edi.

To'g'ri masjidga kirib bordilar. Qarasalar, munofiqlar masjid ichida o'ltirmish ekanlar. Ularga e'tibor qilmay masjidni bir chetidan buzib, o't qo'ygani turdilar. Buni ko'rgach, masjiddagi munofiqlar ham barisi qochib chiqdilar. U ikki sahoba masjidni buzishib va kuydirishib, Rasululloh qoshlariga kelishdi.

Alloh taolo bu masjidni Qur'onda «Ziror masjidi» ya'ni «Zararlik masjid» deb atamishdir.

Xudo rizoligi uchun solinmagan masjidlarning hukmi ham shunga yaqindur. Shunga o'xshash Islom shaharlarida masjidlar ko'payishi, ularning oralari bir-birlariga yaqin bo'lishi qiyomat alomatlaridan hisoblanadi.

(davomi bor)

Etiketler :
HABER HAKKINDA GÖRÜŞ BELİRT

SON DAKİKA HABERLERİ
İLGİLİ HABERLER