O’zbekiston Xalq Harakati

Malohat EShONQULOVA: Inson tubanligining chegarasi bormi?

Malohat EShONQULOVA: Inson tubanligining chegarasi bormi?
16 Ocak 2017 - 0:06 'da yuklandi va 5062 marta o'qildi.

“Youtube.com” saytida “Ataeva Nadejda Kriminal'noe proshloe Chast'1” (https://www.youtube.com/watch?v=Bo1DKmwmhqg) nomli ko'p qismli video fil'mga

RADDIYa

2017 yilning 12 yanvar' kuni bir tanishim Frantsiya TVsida interv'yungiz berildi, internetdan ko'rishingiz mumkin, deb qoldi.

Video lavhani ko'rib hayratga tushdim:

“Youtube.com”da 2016 yilning 6 sentyabr' kuni e'lon qilingan “Ataeva Nadejda Kriminal'noe proshloe Chast'1” degan sarlavha ostidagi video fil'm turibdi. (https://www.youtube.com/watch?v=Bo1DKmwmhqg).

4-qismdan iborat mazkur video fil'm “Ushbu hujjatli fil'm … jurnalist Malohat Eshonqulovalar tomonidan olib borilgan mustaqil jurnalistik surishtiruvlar asosida tasvriga olindi” degan yozuvlar bilan boshlangan.

O'z nomimdan e'lon qilingan ushbu hujjatli fil'mdan o'zim endigina, aniqrog'i, oradan 5 oy o'tib xabar topdim.

Yuqoridagi videosyujetga mening mutlaqo aloqam yo'q.

Mening mutlaqo dahlim bo'lmagan buningdek ruyo gapni, ya'ni “… jurnalist Malohat Eshonqulovalar tomonidan olib borilgan mustaqil jurnalistik surishtiruvlar asosida tasvriga olindi” degan mutlaqo yolg'on jumlalarni yozishga, menga nisbatan buhton uyushtirishga, mening nomimdan foydalanishga kimning haddi sig'di?

“Facebook” chatidan youtube.com dagi mazkur hujjatli fil'mga boshlovchilik qilgan inson huquqlari faoli, farg'onalik ukamiz Bahodir Eliboevga: “Ommaga buningdek yolg'on gapni tarqatishga qanday jur'at etdingiz?”deb so'radim.

“Ishoning, Xudo haqi, xabarim yo'q” dedi Bahodir Eliboev.

Garchi hammuallif bo'lmasam-da bu video fil'mga kaminaning ism-sharifi qanday aralashib qolganining sababi quyidagicha:

2014 yilning taxminan aprel' oylarida Frantsiyadagi “Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti” rahbari Nadejda Ataeva internet orqali “Karimov hukumati Eshonqulovaga zahmat etkazgan emas. Uni zaharlash kimga kerak bo'lib qolibdi. Eshonqulova betob emas, u shu bahona bilan horijga qochib ketmoqchi” degan mazmundagi iddaolar bilan bayonot bergandi.

Ataevaning bayonotidan darg'azab bo'lib yurgan o'sha kezlarimda  huquqbon Mu'tabar Tojiboevadan menga bitta taklif, aniqrog'i, buyurtma tushdi: “Nadejda Ataevaning jinoiy o'tmishi haqida bitta fil'm yarating, faktlar topishda ko'maklashaman”.

Mu'tabar Tojiboeva Ataevalarning moliyaviy jinoyatlariga oid 20 sahifadan ortiq sud hukmini ham el. pochta orqali havola qildi. Toshkent shahrida Ataevaga tegishli bo'lgan bir nechta uy-joylarning manzillarini, zaruriy faktlarni ham yubordi.

Tojiboevaning taklifi menga dastlab ma'qul bo'ldi. Negaki, menga qarata aytilgan asossiz ta'na muallifi Nadejda Ataevaning o'tmishini titkilab ko'rish men uchun qiziqarli edi.

Men O'zbekistonda istiqomat qilgan kezlarida ham, undan keyin ham Ataevani tanimaganman, ko'rmaganman, u ayol haqida biror bir ma'lumotga ega ham bo'lmaganman.

Shu sabab ham Ataevaning o'tmishini istadim. Ataevlar ishiga oid kerakli faktlarni to'plagach, jurnalist surishtiruvi o'tkazishga qaror qildim. Bu borada ilk interv'yuni olganimda hali xasta edim….. Men qanchalik istamay, ilk olgan interv'yum Nadejda Ataevaning “jinoiy o'tmishi”ga olib bormadi….

Jurnalist sifatida interv'yu jarayonida savollarni turlicha berishga urindim, masalani Ataevaga olib borib taqashga intildim, o'zimga kerakli javoblarni eshitishga, ya'ni Ataevaning kirdikorlarini fosh etuvchi faktlarni olishga oshiqdim, baribir bo'lmadi.

Bu bilan men Ataevaning jinoiy o'tmishi yo'q demoqchi emasman. Shunchaki, bormi, yo'qmi, men buni bilmayman, aniqlik kiritmaganman, kirita olmaganman.

Mu'tabar Tojiboeva qo'limga internet orqali tutqazgan Ataevlarning moliyaviy jinoyatiga oid 20 varaqdan iborat sud hukmida ularning moliyaviy qing'irliklari batafsil bayon etilgan. Biroq, men O'zbekistondagi sud-huquq tizimidan xabari bor jurnalist sifatida sud hukmiga ko'r-ko'rona ishona olmayman, buni sizga ham, o'zgaga ham maslahat bermagan bo'lardim.

Shundan so'ng, men Ataevlarning “jinoiy o'tmishi”ga oid hujjatli fil'm qilish fikridan voz kechdim. Bu 2014 yilning bahori edi.

Oradan bir yil o'tgach, farg'onalik huquqbon Bahodir Eliboevdan menga “Facebook” tarmog'ining chati orqali ayni mavzuda taklif kelib qoldi:

04.04.2015 9:30
Bahodirkhon Eliboyev
Assalomu alaykum opa! Mirzanosir akaning ishlari mening qo`limda. lekin bu ishni bir o`zim eplolmayman. Shuning uchun bir nechta xalqaro jurnalistlarni va huquqbonlarni chorlayapman. Sizga chiqayotganimning sababi esa bu ishda grnt olish ham mumkinligida. balki shu ishni ko`taramz deb grantga harakat qilarsiz? siz loyiha rahbari bo`lsangiz ham mayli. lekin kichik grant emas bu. chunki Rossiya, Qozog`iston va xorijdagi firmalar ishi ham ko`riladi. Bir o`ylab ko`ring. Lekin axborot sotilmaydi, shunchaki birgalikda jurnalistik urishtiruv qilamiz. You tube ga ham TV ga ha chiqarish mumkin.

04.04.2015 22:48
Bahodirkhon Eliboyev
“… aka menga shu haqda gapirganlarida, Malohat opa andishali ayol, shuning uchun dabdurustdan boshlashlari qiyin. Lekin bunday paytda boshqa kimdir tashabbusni olsa yaxshi bo`lardi dedim. Ikkimiz ham ozlik qilamiz dedim. Men xalqaro va mahalliy tanish jurnalistlarni zimdan jalb qilaman. Lekin fronta baribir ikkimiz bo`lamiz opa. … 100 mingacha grant olsa bo`ladi degan ekan … akaga. Shundan foydalanib siz grantga topshirsangizchi degandim. Ozodlikdagi tojik ovoz hamkasblar ingliz tiliga tarjima qilib berisshimiz mumkin dedi. Qozog`istondagi huquqbonlar bizdan nia yordam deyishdi. Rossiyadagilar ham shunday. Lekin o`ylab ko`rsam o`z-o`zidan bo`ladigan ish emas. Shunga siz bilan hamkorlikda qilsakchi degandim. Toshkentdasiz. Grantga ham imkoniyatingiz bor….” (Matn qisqartirilib, ism-shariflar olib tashlandi).

Muzokaralardan so'ng men hamkasb ukamizga “Facebook” chatidan shunday javob yo'lladim:

20.07.2015 0:52
Maloxat Eshankulova
Bahodir, assalomu alaykum, salomatmisiz? … Bahodir, aslida, bu fil'mni yarataman deb bir paytlar alam ustida men kirishgandim… Biroq, bora-bora ahvolim og'irlashib bordi…. O'lim bilan har kuni ro'pa-ru bo'ladigan odam biladi: bu dunyosi qasdlashishga arzimaydi. Keyin o'ylaysan, o'ylaysan, aybdorni qidirasan va oqibatda hukm chiqarasan: hamisha eng asosiy gunohkor o'zing bo'lib chiqaverasan… Ochig'i, endi mushohada qilib qarasam, Ataeva mening salmoatligim haqida o'z fikrini bildirgani uchun aybdor emas ekan…. Men haqimda atrofimdagi odamlarda noto'g'ri fikr shakllanganmi, demak, men qaerdadir xato ketganman…. Buning uchun o'z fikrini bildirganlarni balolarga giriftor qilishni istashim insofdan bo'lmas degan xulosaga keldim… Hozir men odamlarni muhokama qiladigan, ular taqdiriga hukm chiqaradigan ahvolda emasman. Men hozir o'z salomatligimni tiklash, qanday bo'lmasin tirik qolish, (loaqal katta qizimni egasiga topshirgunimcha) ko'zlagan rejalarimni qisman bo'lsayam amalga oshirish dardi bilan andarmonman. Ataevalar haqida salbiy fikr bildirsam, Xudoga ham xush kelmas. Yaratganning o'zi bilguvchi va ko'rguvchi. Meni behuda malomat qilganlarni, ezgulik istaganlarni…. barchasini Xudoga topshirdim. Vaqti bilan o'z mukofoti va yo jazosini berar….Men esa mazkur fil'mda MENING NOMIMNI MUTLAQO IShLATMASLIGINGIZNI SO'RARDIM. Bundan buyog'iga Xudodan gunohlarimni kechirishini so'rab yolvormoqchiman, beayb Parvardigor, bandalarni ayblash, ularga nisbatan hukm chiqarishdek axmoqliklardan uzoqroq yurmoqchiman, ukajon. … Ishlaringizga rivoj. (Xat qisman qisqartirildi)”

Ataevaga qarshi kishilarni, (men ularni o'zimcha, “AntiAtaevchilar” deydigan bo'ldim), aftidan, mening yuqoridagi rad javobim qoniqtirmadi.

Provardida 2016 yilning 8 fevral' kuni menga “AntiAtaevchilar”dan takror taklif tushdi.

Men esa hamkasbimiz Bahodir Eliboevga quyidagicha javob qildim:

08.02.2016 3:51
Maloxat Eshankulova
Assalomu alaykum, Bahodir, salomatmisiz? Bahodir, … aka “O'sha iqtisodiy o'g'irliklar bilan bog'liq fil'mni hammualliflikda tugatib qo'ysangizlar” degan taklif bilan kelgandilar…. Ko'p o'ylab ko'rdim…. Bo'lmaydi. Men og'ir kasaldan Xudoning hohishi bilan sog'aygach “Hech kimga qasdlashmayman, qastona ish qilmayman” deb qaror qilgandim…. Bu fil'mni yaratishga qo'l urganimda Ataevaga qastona qo'l urgandim… Keyinchalik, ahvolim og'irlashavergach, bilasizmi, men nimani istardim: “Qani edi Ataevalarning iddaolari to'g'ri bo'lganida qani edi! Qani edi men soppa-sog' bo'lsam, o'z oyoqlarim bilan yurolsamu, Dilorom opa, Nadejdalar meni “Soxta kasal” deya olamni buzishsa, ming karra dod deyishsayam roziydim” deya orzulaydigan bo'ldim….Bu fil'mni ishlashga kirishish balki qasdlashish sanalmaydi dersiz… Ammo men buni qasdona qo'l urish deb hisoblayman. Sog'ayganligimning shukronasi evaziga barcha ko'ngilsizliklarni unutishga qaror qilganman. O'zimga-o'zim so'z berganman. So'zimning ustidan chiqishni istayman. Shu sabab ilgari sizga yozgan gapim-gap. Bu mavzuga qaytishni istamayman Bahodir, iltimos, meni to'g'ri tushuning. Yoritaman desam, muammolar qalashib yotibdi. Fil'mni yaratishda sizga omad. Biroq, qattiq bir iltimos, bu fil'mda mening ism-sharifim, men olgan ilk interv'yu…. meni omma yodiga soladigan hech narsa ishtirok etmasligini istayman. Men olgan ilk interv'yudan foydalanishingizni ta'qiqlayman. Mabodo, o'sha ayolning interv'yulari kerak bo'lsa, hamon borlar, sog'lom, interv'yu berishga qurblari etadi, borib qayta olishingizni iltimos qilib so'rayman… Tasvirlarim, qo'lim, ovozim,… hech bir ko'rinishda ishtirok etishni istamagan bo'lardim…. Iltimos sizdan, keyin o'tlashib yurmaylik yana… Meni to'g'ri tushunasiz degan umiddaman. Samimiyat bilan Malohat opangiz.”

Guvohi bo'lganingizdek, men Ataeva ishiga oid jurnalist surishtiruvi o'tkazish maqsadidan 2014 yildayoq voz kechganman.. Men Ataevaga oid fil'm yaratish taklifini rad etgach, “AntiAtaevachilar” bu ishga Bahodir Eliboevni jalb qilganlar.

Umuman olganda, “AntiAtaevachilar” kimlar ekanligini juda yaxshi bilaman. Ular orasida nafaqat huquqbonlar, balki, horijda istiqomat qilayotgan yurtdoshimiz, men hurmat qiladigan hamkasbim – bir jurnalits ham bor. Ular nima sababdan “AntiAtaevachilar”ga aylanib qolganligining sababi ham menga qisman ma'lum. Bu nosog'lom raqobatga Xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratiladigan grantlar, mukofotlar bosh sabab ekanligini ham bilaman…..

Biroq, xuddi ana shu “AntiAtaevachilar” nima sababdan tuban ishga qo'l uringanliklarini, menga mutlaqo aloqasi bo'lmagan qandaydir fil'mlarini ne boisdan mening nomimdan “youtube.com” saytida e'lon qilishga jazm qilganliklarini, keng jamoatchilikni laqillatishga, aldashga qanday qilib jur'at etganliklarini sababini bilmayman, tushuna olmayman.

Mening nomimni kim sotdi degan savolimga mazkur “hujjatli fil'm”da boshlovchilik qilgan Bahodir Eliboevning javobi shunday bo'ldi:

13.01.2017 20:33
Bahodirkhon Eliboyev
Uni chikarmaslikka karor kilganmiz. Kaysi saytda chikibdi? … men yana qaytaraman buni saytga men qo’ymaganman. Qaysi saytda chiqqaniniyam bilmadim. Buning nusxasi operatorimuzda, Mirzanosir akada, Mutabar opada bor. Ularga birma bir aloqaga chiqdim, kim chiqardi buni deb. Ular chiqarishmaganini aytishdi. Sudga beradigan bo’lsangiz nimayam derdim. Ixtiyor o’zingizda. Lekin Xudo haqqi men chiqarmaganman… Lekin mening nazarimda mana saytning boshligini bizdan (Mirzanosir aka, men, Surat aka va kolaversa sizdan) rozilik olmay turib saytga bergani uchun sudga bersakmikin? Shunda bu videoni unga kim bergani oydinlashardi.”

Men buningdek yolg'on axborotga qarshi raddiya berishga majburman:

“Youtube.com”da e'lon qilingan “Ataeva Nadejda Kriminal'noe proshloe Chast'1” deb atalmish ko'p qismli hujjatli fil'mga mening hech qanday aloqam yo'q.

Bir hovuch ig'vogarlarning ishi bu.

Tuban qilmishim sirligicha qoladi, javobsiz qoladi deb o'ylasangiz, adashasiz.

Men elni ermak qiladigan, elni eriklaydigan, internetda yolg'on axborot tarqatishga jur'at etadigan nusxaning asl qiyofasini sud orqali xalqqa ko'z-ko'z qilishga kirishaman.

Toki hech bir kimsa internet sahifalarida o'zganing nomini sotish, ommmani aldash, yolg'on, ig'vo axborot tarqatishdek tuban ishga qo'l urmasin.

Malohat Eshonqulova
mustaqil jurnalist

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar