O’zbekiston Xalq Harakati

Qiynoqlar kundaligi

Qiynoqlar kundaligi
17 Ocak 2017 - 12:06 'de eklendi ve 4132 kez görüntülendi.

Keyingi o'n besh yil ichida deyarli har kuni tahririyatimizga O'zbekistondagi shafqatsiz sud hukmlari, qamoqxonalardagi qiynoq va azoblashlar, qamoq muddatini asossiz uzaytirishlar, qamalganlarning qarindoshlari hukumat organlariga yozgan shikoyatlariga oid xabarlar kelib turadi. Bunday holat yillab davom etadi, huquq himoyachilarining amaldorlarga yuborgan arizalari va so'rovlari esa javobsiz qolaveradi. So'roq qilishdagi qiynashlar, adolatsiz sud majlislari, qamoqxonalardagi qiynoqlar keng ko'lam kasb etgan bo'lib, bular O'zbekiston huquqni muhofaza qilish tizimining mohiyatini tashkil etadi.

O'zbekistonda qiynoqlarning “muntazam” va “keng tarqalgan”ligi haqida ilk bor xabar qilgan shaxs BMT maxsus ma'ruzachisi Teo van Boven edi. U mamlakatga 2002 yil oxirlarida kelgan va o'sha paytdayoq O'zbekistonning huquqni muhofaza qilish va jazoni ijro etish tizimlaridagi vaziyatni monitoring qilishda qiyinchilikka duch kelgan edi.

Bugungi kunda tergov ostidagilar va mahbuslarning huquqi poymol qilinayotganiga oid barcha holatlarni qayd etib borishning iloji yo'q. Birinchidan, O'zbekistonda mustaqil kuzatuvchilar jinoiy ishlar va sud hukmlari bilan tanishishga qo'yilmaydi, mahbuslar saqlanayotgan shart-sharoitlarni bilishga imkon berilmaydi. Ikkinchidan, kasalligi tufayli yoki muddati tugagani uchun ozod etilganlar interv'yu berish, boshidan o'tganlarni aytib berishga oshiqmaydi, chunki ozod etilayotganida hech qanday ma'lumotni oshkor etmaslik haqidagi tilxatga qo'l qo'yishadi. Sobiq mahbuslarga IIB xodimlari va nazoratchilar tahdid qilib, aks holda qo'lga olinib, sud qilinishini aytishadi.

Qiynoq va azoblar haqidagi qisqa ma'lumotlarni O'zbekistonda qolgan oz sonli huquq himoyachilari tarqatishadi. Bugun “Farg'ona” yangi “Qiynoqlar kundaligi” nomli rubrika ochmoqda, unda O'zbekistondagi sud va jazoni ijro etish tizimida inson huquqlarining buzilishiga oid barcha guvohliklarni yig'ishga harakat qilamiz. Xullas, boshladik.

Akmalning hikoyasi: yolg'ondakam “kontrabanda” va rostakamiga qamoq muddati

“Assalomu alaykum. Mening ismim Aziza, men Qozog'iston Respublikasi fuqarosi Rasulov Akmalning singlisiman. Akmal “diniy video-audio yozuvlarni chegaradan noqonuniy olib o'tishda” ayblanib, nohaq qamalgan. Audio va video yozuvlar hech qanday terroristik, ekstremistik yoki siyosiy mazmunda bo'lmagan va O'zbekiston Respublikasining konstitutsiyasini buzmagan. Iltimos, akamning uyga qaytishiga yordam bering! Uning oyoqlarida kuydirish izlarini ko'rdik, uning hayotidan xavotirdamiz”.

Qozog'istondan uch kun oldin kelgan xat shunday boshlanadi. Mahkumning singlisi bu ishning tafsilotlari haqida so'zlab beradi. Uning ijozatiga ko'ra bularni chop etamiz. Bundan tashqari, O'zbekistonga diplomatik kanallar orqali so'rov yuborish iltimosi bilan Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilishni Azizaga maslahat berdik.

“Akmal, Qozog'iston fuqarosi, ilgari sudlanmagan, uylanmagan, yakka tartibdagi tadbirkor, Chimkentda yashaydigan sobiq harbiy xodim, 2016 yilning 23 martida Toshkent shahridagi “G'isht ko'prik” bojxona postida qo'lga olingan, bunga asos sifatida uning telefonida diniy mazmundagi audio-video roliklar topilgani keltirilgan, – deb yozadi Aziza. – Telefon deklaratsiyada ko'rsatilgan edi. Telefonni tekshirib ko'rgach, o'g'lingizni qo'yib yuboramiz, deb, onasini qo'yib yuborishgan. Ammo uni noma'lum tomonga olib ketishgan. 21 iyulda Toshkentda Akmalni 246-modda, 1-bo'limi (“… diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlikni targ'ib qiluvchi materiallarni O'zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o'tkazish”. – “Farg'ona” izohi) bo'yicha 5 yilga qamashdi.

2016 yil 12 oktyabrida O'zbekistonda amnistiya e'lon qilindi, unga ko'ra boshqa mamlakat fuqarolari ozodlikka chiqarilishi kerak edi. Ammo Akmalni qo'yvorishmadi – uning sud majlisida o'zi ham ishtirok etmagan – uni sudga olib kelib o'tirishmagan, unda uchta qoidabuzarlik borligini aytib, hukmni o'z kuchida qoldirishgan xolos. Keyinchalik ota-onasi bilan uchrashganida, Akmal sud bo'lib o'tganidan bexabarligini, qoidabuzarlik qilgani haqida ham endi eshitib turganini aytgan”.

Azizaning yozishicha, Akmalning telefonida hech qanday “terroristik yoki ekstremistik mazmundagi yoki O'zbekiston Respublikasiga qarshi” material bo'lmagan. Akmal hech qanday taqiqlangan tashkilot yoki guruh a'zosi bo'lmagan, O'zbekistonda hech qanday o'rtoq yoki tanishlari yo'q, faqatgina bitta qarindoshi – xolasi bor.

Qozog'istonlikning qarindoshlari uchrashuv paytida uning oyoqlarida kuydirish izlarini ko'rishganidan xavotirda. Ularda Akmalni qiynashayotgani yoki jismoniy azob berishayotganini taxmin qilishmoqda.

Andrey Xvan ishi: qovurg'asini sindirib, sovuqqa haydashmoqda

O'zbekiston huquq himoyachilari al'yansining xabar berishicha, 76-sonli jazoni ijro etish muassasasi rahbariyati mahbus Andrey Xvanga nisbatan tahqirlovchi qiynoq qo'llagan. Mahbusning onasi Lyudmila Xvanga ko'ra, qamoqxona xodimlari Andreyni urib, qovurg'asini sindirgan. Shikoyat kelib tushganidan so'ng Andreyga o'zi zinadan yiqilib tushgani haqida majburan tilxat yozdirib olishgan. Kaltaklashga guvoh bo'lgan mahbuslar – Sergey Kim, Salavat Auxatova, Yanisa Xusainovalar ko'rsatma bergani uchun bosim ostiga olingan, ular kuchaytirilgan rejimga o'tkazilib, qahraton paytida dalada ishlashga majburlangan.

“76-muassasa rahbari Anvar Jumanov qahraton paytida mahbuslarni daladan g'o'zapoya yulishga majburlamoqda. Yomg'ir yoqqani uchun dalalar suv bosgan, mahbuslar loyga botib, poyafzaliga suv kirgan holatda ishlamoqda. Bundan tashqari mahbuslarning aytishicha, koloniyadagi chorvadorlik fermasiga daraxtlarni olib kelishadi va mahbuslar ularni maydalaydi. Keyin o'tinni aholiga sotish uchun olib ketishadi. Chunki yaqin-atrofdagi aholi punktlarida gaz yo'q. G'o'zapoyani ham qamoqxona xodimlari aholiga sotadi. Qamoqxona rahbariyati shaxsiy manfaatlarini ko'zlab, fermada chorva mollarini boqadi, mahbuslar esa bu chorvani parvarishlab, ferma hududini tozalash bilan band”, – deb xabar beradi O'HHA 2017 yilning yanvarida.

Baxtiyorning ishi: muddatning cheksiz uzaytirilishi

O'zbekiston Mustaqil huquq himoyachilar tashabbus guruhi (O'MHHTG) xodimlariga 1950 yilda tug'ilgan pensioner, 2-guruh nogironi, 4 bolaning onasi, Toshkentda yashovchi fuqaro Gulchash Sodiqova murojaat qildi.

Uning 1977 yilda tug'ilgan, Toshkentda yashaydigan o'g'li Sodiqov Baxtiyor Bahodirovich 2001 yilning 4 martida Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan hibsga olinib, qiynoqqa solingan va 2001 yilning 14 avgustida jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar sudi tomonidan 244-2 modda “Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish” bo'yicha qattiq rejimdagi koloniyada 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

O'MHHTG rahbari Surat Ikromovning ma'lumotlariga ko'ra, Sodiqov Qashqadaryo viloyatining Koson shahridagi 64/51-muassasaga jo'natilgan. U erda nazoratchilar tomonidan qattiq qiynoqqa solingan. Gulchash opa 2010 yil 5 noyabrda o'g'li Baxtiyor bilan ko'rishganida u ozib ketgan va xasta holatda bo'lgan, yuzida va badanida kaltaklanish izlari bo'lgan. Baxtiyorni qamoqxonaning rejim bo'yicha nazoratchisi Dilshod va boshqa bir nechta nazoratchilar 30 va 31 oktyabr' kuni ikki sutka davomida kaltaklaganini, hushidan ketganidan keyin esa sanchastga olib borishganini aytib bergan.

2013 yil 5 martida Sodiqov muddatini o'tab bo'lgan, shundan so'ng qamoqxona ma'muriyati unga 221-modda “Jazoni ijro etish muassasasi ma'muriyatining qonuniy talablariga bo'ysunmaslik” bo'yicha yangi ish to'qib, muddatiga yana 3 yil 11 oy qo'shib berdi. Uni Navoiy shahridagi 64/46-muassasaga o'tkazilgan va u erda ham kaltaklash va qiynoqqa duchor qilingan.

“Sodiqovning onasi 2016 yilning oktyabrida o'g'li bilan uchrashish uchun qamoqxonaga borganida, nozir uning o'g'li izolyatorda ekanini, u bilan 2 soatlik uchrashuv uchun dekabrda kelishi kerakligini aytgan. Ammo ona dekabrda ham o'g'lini ko'rolmadi: u hali ham (3 oydan beri) jarima izolyatorida ekan, – so'zlab berdi Surat Ikromov. – Uchinchi marta berilgan jazo muddatining tugashiga ikki oy qoldi. Onasi tushkunlikka tushgan: muddatini yana uzaytirisharmikan-a?.. U yangi muddat qo'shib berilishi mumkin bo'lgan o'g'liga yordam berishini so'rab O'zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoevga murojaat qilmoqda”.

Huquq himoyachi Surat Ikromov tomonidan qilingan taxminiy hisob-kitoblarga ko'ra, O'zbekiston qamoqxonalarida diniy va siyosiy sabablarga ko'ra qamalgan 13500 atrofida mahbus mavjud. Ularga muddat qo'shib berish amaliyotini rasmiylar 2006 yildan boshlashgan. Har yili 300 dan 500 gacha mahbusga 221-modda bo'yicha 3 yildan 6 yilgacha muddat qo'shib beriladi, ularning yarmidan ko'prog'i allaqachon ikkinchi, uchinchi va to'rtinchi muddatlarni o'tamoqda. Shu tariqa, bugungi kunda “qo'shilgan muddatlar” bo'yicha 4000 atrofidagi diniy va siyosiy mahbus jazo muddatini o'tamoqda. “Dindorlar” 2005 yildan beri amnistiyaga tushmaydi. Dindorlarning juda kamchilik qismini muddati tugaganida ozod etishadi, ularning aksariyati og'ir va tuzalmaydigan kasal bilan xastalangan bo'ladi.

Manba: “Farg'ona” AA

Etiketler :
HABER HAKKINDA GÖRÜŞ BELİRT

SON DAKİKA HABERLERİ
İLGİLİ HABERLER