O’zbekiston Xalq Harakati

Shikoyat Arizasi

Shikoyat Arizasi
20 Ocak 2017 - 7:53 'da yuklandi va 4105 marta o'qildi.

Muhtaram Prezident! Sizning g'amxo'rligingiz ostida kam ta'minlangan oilalar uchun qurilayotgan arzonlashtirilgan uylardan birini kreditga olish xususidagi shikoyatlarim mutlaqo o'rganilmadi hisob. Chunki oxirgi shikoyatimda asl kam ta'minlangan oilalar boshlang'ich badal to'lovini to'lay olmaganligi sabab men kabi mazkur uylardan kreditga olish imkonidan mahrum bo'lib qolishayotgani tanish-bilishlik ortidan boyvachchalar soxta kam ta'minlangan oila hujjatlarini rasmiylashtirib, sotib olib ijaraga berib qo'yishayotgani haqidagi fikrlarim kiritilgan shikoyatim mutlaqo o'rganilmadi ham. O'rganilganida barcha olingan uylar hujjatlari ko'tarilib, qonuniyligi o'rganilar edi. Bu uylar asl egalarini topmayapti! Men ham shular safida nogiron va yolg'iz ona sifatida hattoki qonuniy ruyxatda qo'yadigan uyimiz yo'qligidan farzandlarim bilan darbadarmiz. Shu bois mahalladan beriladigan un va yog' mahsulotlarini 4 yildan buyon ola olmaymiz. Ajablanarlisi saylovda vaqtincha yashab turgan joyimizdan ovoz berish huquqiga ega bo'ldik. Shikoyat arizalarim ham shu manzilda o'rganilib, ishga joylashtirish bo'yicha ham vaqtincha yashab turgan manzilimizga tashlanyapti. Un va yog' mahsulotlarini berilishiga kelganda, qonuniy ruyxat talab qilinmoqda.O'zimizga tegishli uyimiz bo'lmasa qaerdan ruyxatdan o'tishimiz mumkin axir? O'z nomi bilan kam ta'minlangan oila bo'lsayu, unday oilaga 10-15 million daromad qanday mavjud bo'lsin? Mantiq yo'q-ku bu holatda? Boshlang'ich badalni o'z-o'zidan o'ziga to'q oila to'lay oladi-da! Unda nomigagina kam ta'minlangan oilalar uchun deyilishidan na hojat? Nahot bu haqda bosh qotirish mushkul?

Muhtaram Prezident! “Nogironlik nafaqam nohaq sud qaroriga ko'ra talanib kelinyapti. Menga esa 4 yildirki viloyatdan mutaxassisligimga mos ish berilmaydi” qabilidagi shikoyatlarim esa mutlaqo o'rganilmay e'tiborsiz qoldirilmoqda. Ataylabdan u yoqdan bu yoqqa futbol koptogidek uloqtirishib, mutasaddilar qonuniy echim topishni paysalga solishayotgani xususidagi shikoyatlarimning ham hech biri o'rganilmayapti. Hali prokuror hali bandlik u tashkilotdan bu tashkilotga idorama-idora yugurtirib sarson qilishayotir. Amaliy ko'makdan esa darak yo'q! Men mutasaddilarning bu kabi harakatlaridan mutlaqo noroziman!

Muhtaram Prezident! Meni dori-darmon sotib olish imkonim ham bo'lmay nogironlik holatim yanada og'irlashyapti axir! Nimani hisobiga yashay axir? Bir dona bulka nonning narxi 800 so'm, 1kg shakar 4500 so'm, 1 litr yog' 10-12 ming so'm bo'lib turgan bir paytda? Sizdan iltimos, mening toptalayotgan huquqlarimni tiklanishida va yuqoridagi paysalga solinib echimi topilmay kelinayotgan muammolarimning ijobiy echim topishida amaliy ko'mak bering. 50 dan oshib ketdi axir tinimsiz Sizga yo'llayotgan shikoyatlarim sanog'i!

O'zbekiston Respublikasi prezidenti
vazifasini bajaruvchi Sh.M.Mirziyoevga
Navoiy viloyati Karmana tumani
Kattamachit MFYda yashovchi
Boymurodova Dildora tomonidan
Tel(+998913320697)

ShIKOYaT ARIZA

Muhtaram Shavkat Miromonovich! Men 13 yildirki 2 guruh nogironi va yolg'iz onaman. 23 yildan ziyod tajribaga ega oliy ma'lumotli jurnalistman. Chunki nogiron bo'lib qolsam-da faoliyatimni bir zum to'xtatmadim. Boqimandachilik kayfiyati mendan yiroq bo'ldi. Men 2005 yildan to 2010 yilgacha farzandlarim bilan birgalikda Navoiy shahridagi bir xonali torgina yotoqxonada yashadik. 2010 yilda menga shahar hokimligi tomonidan “Navoiyazot” AJning mehmonxonasi sifatida 1958 yilda qurilib, xususiylashtirib berilgan 2 qavatli binoning ochiq qolgan zal qismidan qo'lbola usulida gipsokartondan devor yasab, yotoqxonalarning eskirgan yaroqsi hojatxonalari eshiklaridan olib kelib o'rnatib, mutlaqo sharoitsiz bir holatdagi bir xonali boshpana qurib berishdi. Shundan so'ng yotoqxonadagi ruyxatimizni shu erga ko'chirib keldik. Ammo yashash sharoiti yo'qligidan bu boshpanadan deyarli foydalana olmadik. Shu bois 2012 yildan buyon mahalladan tarqatiladigan un va yog' mahsulotlarimizni ola olmaymiz. 2000 yilda mening nomimga berilgan 8 sotixli er uchastkasi sobiq turmush o'rtog'im tomonidan 2004 yilda men to'shakda qolib ketgan vaqtimda davolatish uchun akam Xudoynazarov Z.ga 400 ming so'mga sotib yuborilgan va akam tiklagan uy-joyga o'zaro kelishuv asosida ruyxatdan o'tmaslik sharti bilan kelib yashay boshladik. Quruq erning o'zini oldi-sotdi qilib bo'lmasligi bois, mazkur uy qurilib 2009 yilning sentyabrida mening nomimga kadastr qilinib, noyabr' oyidayoq akam Xudoynazarov Z. bilan oldi-sotdi shartnomasi notarius orqali rasmiylashtirilgan. Toki akamning 2001 yilda tug'ilgan o'g'li 18 yoshga etguniga qadar ya'ni 2019 yilning yanvarida hovli jiyanimning nomiga rasmiylashtiriladi. Shu kelishuv bilan yashab kelmoqdamiz. 2013 yilda nohaq ishdan bo'shatilganimdan so'ng qarzga botib, sog'ligimni yo'qotib, farzandlarim och qolavergach, mazkur boshpanani sotishga majbur bo'ldim. Ehtiyojimizdan ortganidan chorvachilik qila boshladim. Ammo tuman veterinariya xizmatining aybi bilan qirg'in keldi. Birgina kichikkina xasaki bo'lsa-da sog'in sigirimiz qolgan shundan xolos. Ochig'i biz uni u esa bizni boqib kelayapti shu kungacha.

Muhtaram Shavkat Miromonovich! Shu kuyi bizni qonuniy ruyxatda turadigan boshpanamiz qolmadi. Shahardagi joyimizning yangi egalari o'tgan yili bizni ogohlantirmasdan sud orqali bizlarni ruyxatdan chiqarib tashlashibdi.

2015 yilda sud tomonidan nohaq qo'llanilgan jarima sabab men yashab turgan uydagi akamga tegishli bo'lgan buyumlar musodara qilingach, akam bilan oramizga sovuqchilik tushib qoldi. Nafaqa pulimga ham qaratilib, har oyda 240 ming so'm yarim nafaqada yashab kelmoqdamiz. Xullas, farzandlarim bilan yashash joy uchun harakat qilishga shu paytgacha madorim ham etmadi. Kuchli bosim va nohaq tayziqlar sog'ligimdan ayirib, ishsizligim esa bizni ochlikka mahkum etib keldi va yana qarzga botib ham qoldim. Bu vaziyatdan chiqish uchun esa sotadigan hech vaqoim ham qolmadi. Birgina sog'in sigirimizni bozorda bir yarim millionga zo'rg'a olishi mumkin. Bu bilan esa muammo echilmaydi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich! Sizdan mening oilaviy ahvolim og'irligini inobatga olgan holda, farzandlarim bilan birga qonuniy ruyxatdan o'tib yashashimiz uchun uy ajratilishida amaliy ko'mak berishingizni so'rayman.Chunki qonuniy ruyxatdan o'tib yashash joyimiz yo'qligidan 4 yildirki mahalladan tarqatiladigan un va yog' mahsulotlardagi ulushimizni olishdan ham mahrummiz.

Boymurodova Dildora
29.10.2016 yil

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar