O’zbekiston Xalq Harakati

Abdulqays elchilari

Abdulqays elchilari
07 Mart 2017 - 8:00 'da yuklandi va 1014 marta o'qildi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 151
(davomi)

ABDULQAYS ELChILARI

Abdulqays qabilasidan kelgan elchilarning soni o'n olti kishidan iborat edi. Bular ichida Jorud nomli bir kishi bo'lib, nasoro dinida edi. Tavrot, Injil o'qib Rasulullohning sifatlarini ko'rmish edi. Bu elchilar kelmasidan burun Rasululloh bulardan xabar bergan edilar.

Shundoqkim, bir kuni sahobalar bilan Madina masjidida o'ltirgan chog'larida shunday marhamat qildilar:

— Mana shu hozirda shu tomondan bir qancha tuya mingan kishilar chiqqaylar. Bular esa sharqdan kelgan kishilarning eng yaxshilaridur. Dinga kirmakka majbur emaslar, haqiqatni izlab yiroq yo'ldan kelurlar. Ot-ulovlari oriqlamish, oziq-ovqatlari tovsilmishdur. Ular esa Abdulqays qabilasining elchilaridurlar. Ey bor Xudoyo, bu qabilani mag'firat qil,— deb duo qildilar.

So'ngra xiyol o'tmasdan Rasululloh aytgan tomonlaridan bir qancha kishilar ko'rina boshladi. Rasulullohga ko'zlari tushishi bilan o'zlarini tuyadan tashlab yugurishdilar. Rasulullohni qo'l va oyoqlariga yuz-ko'zlarini surtishib, yig'lashgan holda ko'rishdilar.

Bular ichida Abdulloh ibn Avf ismli bir kishi bor edi. Barchalaridan ul yoshroq bo'lsa ham, ularning raislari edi. Yo'ldoshlaridan ajrab qolib, shoshilmay tuyasidan tushib uni cho'ktirdi. So'ngra xurjunidan ikki dona oq libos olib kiydi. Bu ishlarni Rasululloh yiroqdan ko'rib turdilar. So'ngra o'z yurishida, boshqalardek yugurmay, to'g'ri yurib kelib Rasululloh bilan ko'rishdi. Qutlug' qo'llarini o'pib, yuz-ko'zlariga surtdi. Abdulloh o'zi xunuk yuzli, ko'rimsiz, kishi edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga uzoqroq qarab qoldilar.

Anda ul:

— Yo Rasulalloh, inson terisi osh ichgudek idish bo'lmas, insonning qiymati ersa, ikki kichik narsasi bilan bo'lur. Birisi, tili, ikkinchisi aning dilidur,— deb aytdi.

Rasululloh buning so'zini yoqtirib:

— Ey Abdulloh, Xudo va uning Payg'ambari yaxshi ko'radigan ikki xislatning senda borligini ko'rdim. Birinchisi, yumshoqlik ersa, ikkinchisi, shoshilmaslikdur. Bu ikki fe'lni Alloh yaxshi ko'rgay, — dedilar.

Anda u:

— Yo Rasulalloh, bu xulq ersa o'zimdan bo'ldimi, yoki menda Alloh yaratganmidur? — dedi.

Anda Rasululloh aytdilar:

— Dastlab yaratilishingda bu xulqni Alloh sen bilan birga yaratmishdur.

— Xudo va Payg'ambar yaxshi ko'rgan ikki xulqni menda yaratgan Allohga hamdu sanolar bo'lsin, — deb tashakkur qildi.

Endi yuqorida aytilishicha, nasoro dinini tutgan, Tavrot va Injilda Rasululloh sifatlarini o'qib, o'zlarini ko'rishga mushtoq bo'lib yurgan Jorud bular bilan birga kelgan edi.

O'zining yaqin yo'ldoshi Salama ibn Iyoz degan kishiga bir kuni shunday so'z aytgan edi:

— Ey Salama, Makka shahrida bir yigit payg'ambarlik davo qilib chiqmishdur. Oxirzamon Payg'ambari chiqdi. Iso alayhissalomning qilgan vasiyatlarini Tavrot, Injilda o'qib ko'rgan edim. Shu kishi bo'lg'aymu, deb gumon qilurman. Bani Qays elchilari bilan uning qoshiga boraylik, hozirdan har ikkovimiz o'z ko'nglimizda uch narsani yashiraylik, ularni ersa har qaysimiz o'zimiz bilaylik, bir-birlarimizga ham aytmaylik. Agar ul kishi shu ko'nglimizga yashiringan narsalarni to'g'ri topdi ersa, Alloh otig'a ont qilurmankim, Iso Payg'ambar bashorat bergan oxirzamon payg'ambari aniq shu bo'lur. Anda alar ikkovi ham elchilar bilan birgalikda Rasululloh oldilariga kirishdi. Anda Jorud:

— Ey Muhammad, sen Allohdan qanday din keltirding, nima ishlar qilmoqqa seni buyurdi? — dedi.

Anda Rasululloh:

— Allohdan Islom dinini kelturdim, bu dinning asosi ersa besh nimarsadur: birinchisi, barcha olamni yaratguvchi yolg'iz bir Allohdur deb inonmoq; ikkinchisi, har kuni besh vaqt namoz o'tamoq; uchinchisi, boy kishilar chog'aylarga zakot bermoq; to'rtinchisi, har yili bir oy ro'za tutmoq; beshinchisi, qudrati etsa umr ichida bir qatim haj qilmoqdur, — dedilar.

Yana Jorud:

— Ey Muhammad, aniq Alloh yuborgan Payg'ambar bo'lsang, ko'nglimizdagi yashirgan so'zlarimizdan xabar bergil, — dedi.

Rasululloh uyqu bosgandek bo'lib, ko'zlarini yumib ochdilar. Shu orada vahiy tushib, muborak manglaylaridan ter oqa boshladi. Boshlarini ko'targach, Jorudga qarab:

— Sen ko'nglingda uch ishni so'ramoqchi bo'lding. Birinchisi, Islom kelmasdan ilgari arablar orasida qonlar to'kilib, ularning o'z vaqtida qasosi qaytarilmagan bo'lsa, uning hukmi Islom shariatida qandoq bo'lur ekan? Ikkinchisi, johiliyat davrida saqlanib kelgan qabilalar orasida ichilgan qasamlar Islomiyatda ham saqlanarmu? Uchinchisi, qaysi sadaqaning savobi ortiqroqdur? Bularning javoblari shuldurki, johiliyat qonlari islomiyatda so'ralmag'ay, ularning qasosi qaytarilmagay. Johiliyatda ichilgan qasamlar islomiyatda marduddur. Musulmonlar orasida birlik saqlash uchun islomiyat o'zi qasamdur. Sadaqalarning eng yaxshirog'i muhtoj kishilarga ko'luk (ot, ho'kiz, arava shunga o'xshash narsalar) kuchini bermakdur yoki erta-kech sog'ib ichgudek hayvonlar sutini sadaqa qilmoqdur, — dedilar.

Rasululloh uning ikkinchi yo'ldoshiga qarab:

— Salama, sening ko'nglingda yashirgan uch narsa shulardur: birinchisi, butlarga ibodat qilmoq to'g'risida; ikkinchisi, sabosab kunining hurmati xususinda; uchinchisi, asl va zotsiz kishilarning huquq va qasosda farqlari haqida so'ramakchisan. Mana shularni ko'nglingda yashirding, — dedilar.

Buning javobi ersa, butlarni va ularga topingan kishilarni Alloh taolo tamug' o'tida kuydirgay. Sabosab kunlari ersa johiliyat davridagi hurmatli bayram kunlari bo'lib, uning o'rniga islomiyatda Alloh taolo Qadr kechasini ato qildi. Bu tunning qadri ersa, Xudo oldida ming oydan ortiqroq erur. Shu bir kecha toat-ibodat qilgan kishilar ming oylik toat-ibodat qilganining savobini topgaylar. Ramazon oyining eng keyingi o'n kunidan boshlab, uni talab qilinglar. Qadr kechasining belgisi — tuni yorug' bo'lib, boshqa kechalardek ortiqcha qorong'u bo'lmagay. Ul kechada bo'ron-chopqun bo'lmagay, ul tuni tong otguncha tinchlik-omonchilik bo'lgay. Quyosh chiqar chog'da shu kuni boshqa kunlardek yaltirab chiqmasdin xiraroq bo'lib chiqqay. Asl kishilar bilan zotsiz kishilarning islomiyat oldida farqlari yo'qdur. Har bir huquqda barobardurlar. Agar bir asl odam zotsiz odamni o'ldirar bo'lsa, uni qasos qilib o'ldurmak lozimdur. Ammo Xudo oldida ersa insonlarning farqlari bordur. Kimning taqvosi ko'p ersa, Alloh oldida uning darajasi ulug'dur. «Inna akramakum indallohi atkakum» oyati karimasining mazmuni ham shuldir, — dedilar.

Bu mo'jizani ko'rgach, darhol ul ikki odam iymon keltirdilar. Buni ko'rishib, Abdulqaysdan kelgan barcha elchilar ham iymon keltirishdilar.

So'ngra ulardan bir kishi turib:

— Yo Rasulalloh, bizni erlarimizning havosi og'irdur. Osh-suvlarimiz singishlik emas, uzum-xurmolardan yasalgan ichimlik sharoblarimiz bo'lur, shulardan bir kosa-yarim kosa ichib yurmakka ruxsat qilurmisiz, — deb so'radi.

Anda Rasululloh aytdilar:

— O'zingiz bilursizkim, hech kim bu narsadan oz ichmakka qanoat qilmagay, ko'p ichib esirgandin (mastlikdan) so'ngra aqli qochib, qilich sug'urib o'z yo'ldoshining oyog'iga urgay. Uning zahmidan bir kishi umr bo'yincha oqsoq bo'lib qolgay.

Rasulullohdan bu so'zni anglashlari bilan barchalari birdaniga kulishib yuborishdilar. Rasululloh ulardan:

— Nega kuldinglar? — deb so'radilar ersa:

— Siz aytgan voqea o'z ichimizda mana shu kishi ustida bo'lib o'tgandur, — deyishib, cho'loq bir kishini ko'rsatdilar.

— Guvohlik berurmizkim, Alloh yuborgan aniq payg'ambar ekansiz. Aroq ichmasga va'da berurmiz, — deyishdi. So'ngra Rasulullohdan ruxsat olib o'z yurtlariga qaytishdilar.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar