O’zbekiston Xalq Harakati

Aqlning yo'li – demokratiya

Aqlning yo'li – demokratiya
15 Mart 2017 - 5:00 'da yuklandi va 977 marta o'qildi.

(Turkiya turkchasidan tarjima)

Doniyada (bu yanglish xabar, Solih Norvegiyada yashayapti, – tahr.) surgunda yashayotgan o'zbek muxolifati lideri Solih, «Radikal» gazetasiga Karimovning Turkiyaning yordamiga mahkum ekanini, ammo Turkiyaning manfaatlari O'zbekistonda demokratiyani qo'llashda ekanini ta'kidladi.

Jeyda QORON
Radikal, 15 yanvar, 2001 yil

Jeyda Qoron: Bosh Vazir Bulend Ejevit bir paytlar sizning she'r kitoblaringizga so'zboshilar yozar va sizning «erk masalasini baland ko'targaningizni» aytar edi. Sobiq Prezidentlar O'zal va Demiral ham sizga qo'l-qanot kerib, yordam bermoqchi edilar, endi nima bo'ldi-yu yordamga eng muhtoj bo'lgan bir davrda sizni chetga chiqardilar. Nima bo'ldiki, «bu masala» Turkiyadan quvildi?

M. Solih: Turkiyaga ilk kelganimda butun siyosiy liderlar bilan tanishgandim va bir turkistonlik o'laroq Turkiya siyosiy hayotidagi sog'-so'l (chap-o'ng qanot partiyalar) masalalariga aralashmaslikka qaror bergandim. Rahmatli O'zal O'rta Osiyoga safaridan keyin juda tushkun kayfiyatda qaytgandi. U erdagi rejimlarning mintaqada beqarorlik paydo qila boshlaganini o'z ko'zlari bilan ko'rgandi.

1993 yili 17 aprelida O'zal bilan uchrashishimiz kerak edi, ammo nasib qilmadi, o'sha kuni O'zal vafot qildi. Keyin Bosh vazirlik paytida Demiral ham muxolifatni qo'llashga so'z berdi, ammo Karimovning tazyiqi bilan so'zidan qaytdi. Karimov kuchlilarga bosh egib, zaiflardan nafratlanadigan shaxs. Turkiyaning diplomatik chekinishlarini «ojizlik» deb qabul qildi va darrov aktiv hujumga o'tdi. «Turkiya mening dushmanimga boshpana berdi», deb elchisini chaqirib oldi. Tazyiq men Turkiyadan chiqib ketguncha davom etdi. Nihoyat, men 1994 yilda Olmoniyaga ketdim. Ammo Turkiyadan hafa bo'lmadim, chegaralar uniki, istaganini bu chegaradan chiqarishi mumkin.

Ha, u paytlar Turkiyaning yordamiga ehtiyojimiz bor edi, bugun ham bor. Ammo biz «yordam» der ekan, demokratiyaning eksport qilinishini istayotganimiz yo'q, biz demokratiyani o'z qo'llarimiz bilan, quvg'inlar, qamoqlar, idomlar iskanjasida qurishga mahkummiz. Biz «yordam» der ekan, bu og'ir bosqichda Turkiya kabi bir qardosh o'lkaning siyosiy va ma'naviy yordamini nazarda tutdik.

Jeyda Qoron: Prezident Sezar O'rta Osiyo sayohatini O'zbekistondan boshladi. Turkiya Toshkentga harbiy va texnik yordamlar va'da qildi, bunga qanday qaraysiz?

M. Solih: Bu ziyoratga juda sevindik. Sezar har narsani o'z ko'zi bilan ko'rdi. Biz muxolifat o'laroq Turkiyaning Turk Jumhuriyatlariga yaqinligini doim istadik, buning uchun nimani ichga yutish kerak bo'lsa, yutdik. Turkiyaning O'rta Osiyo siyosatini NATO strategiyasi doirasida yuritgani kutilgan samarani bermadi. NATOning Sovet davridan keyingi «O'rta Osiyo davlatlarining demokratiyaga yumshoq o'tishi» umidi ro'yobga chiqmadi. Zotan, bu rejimlarning o'zagini tashkil qilgan rahbar kadrlar demokratiyaga dushmanlik ruhida voyaga etgan kishilar edi. Ular «xalqimiz demokratiyaga tayyor emas», der edilar, chunki ularning o'zlari tayyor emasdilar. Bu haqiqatni ko'rish uchun ham o'n yil kerak bo'ldi. Bu bosqichda Turkiyaning O'rta Osiyo siyosati o'zgarmagani kabi O'zbekistonga ham munosabati o'zgarmadi, albatta. O'zgargan doim Karimov va uning «Turkiya siyosati» bo'ldi. Endi hurmatli Karimov og'ir ahvolda. Xalq yo'qsillikdan isyon qilishga tayyor vaziyatga kelgan, muxoliflar zindonlarga sig'mayapti, radikal islomchilar o'lka chegaralariga tinimsiz xavf solmoqda va hurmatli Karimov, albatta, yana Turkiyani quchoqlaydi, undan yordam istaydi, bu eng aqlli ish, chunki Turkiya yordam etmoq istagan davlatlar ichida g'arazi eng oz bo'lgan davlat.

Ishoningki, Karimov bu og'ir ahvoldan to'la qutulmaguncha Turkiyadan yuz o'girmaydi, Turkiya siyosatini o'zgartirmaydi. Turkiya bundan foydalanishi kerak. Masalan, Turkiya bugungacha hech talab etmagan «inson haqlari va demokratlashuv»ni bemalol tilga keltirishi mumkin.

Karimovning «Turkiya allergiyasi»dan qo'rqqan ba'zi turk byurokratlar «Karimovni hurkitib yubormaylik, og'alik qilmaylik», deya boshladilar. Vaholanki, 1994 yilgacha o'zbeklar Turkiston turklari sanalardi, Turkiya turklarini esa «usmonli turklar», deyishardi.

Karimov bugun minbardan «biz turk emasmiz» degan bo'lsa, bu faqat shu so'zlarni aytgan odam uchun to'g'ri bo'ladi. Bir zamonlar mening bobolarim sizning bobolaringizga og'alik qilgan edilar. Og'alik karvoni Ahmad Yassaviyning Onado'liga yo'llagan muridlaridan to (Otaturk boshchilik qilgan) Qurtilish Jabhasiga qurol-aslaha etishtirib turgan Istanbuldagi o'zbek darvishlarining xonaqohigacha, undan Buxoro Jumhuriyatining Antanta iskanjasida qolgan Turkiyaga yuborgan oltinlariga qadar uzangandir. Endi navbat ukamiz Turkiyaga kelibdi. Xitoy nima deydi, Rusiya nima der ekan, deb istihola qilmasdan, vazifangizni bajarmoq fursati keldi… Og'aning avvalambor, ukalar o'rtasida adolatni o'rnatmog'i lozimdir. So'ngra to'g'rilikni, diyonatni o'rnatmog'i kerak. Va og'aning bir zolimni qo'llashi hech mumkin emas. O'zbekistonning diktatorlik bilan boshqarilishi qanday qilib Turkiyaning milliy manfaati bo'lishi mumkin? Yo'q, bu Turkiyaning manfaati bo'la olmaydi. Juda nari borsa, bu O'zbekistonda shirkat qurgan, o'zbek diktatorining harom dasturxoniga yaqin uch-to'rt biznesmenning manfaati bo'lishi mumkin. Bu mintaqada Turkiyadan olgan millionlarini tekin olishga intilmagan, olgan qarzini vaqtida to'laydigan nomusli bir hukumat bo'lsaydi, bu Turkiyaning manfaati bo'lardi. Faqat bunday zehniyat O'rta Osiyoni idora qilayotgan liderlarga begonadir. Bunday zehniyat demokratik saylovlardagina hokimiyatga kelishi mumkin. Demak, u erlarga demokratiyaning kelishi Turkiyaning voz kechib bo'lmaydigan manfaatidir.

Jeyda Qoron: Karimov sizni o'ziga qarshi uyushtirilgan suiqasdda aybladi, bu voqeaga aloqangiz bormi?

M. Solih: Karimov o'z-o'ziga suiqasd tayyorladi, ammo juda muvaffaqiyatsiz tayyorladi bu suiqasdni. Bir kishini o'ldirmoq uchun oltita joyda bomba portlatish qaysi dohiy provokatorning aqliga kelgan ekan?

Bomba portlatganlarga «agar aybni muxolifatga yuklasanglar, qutulib ketasizlar» deyishdi va ular ham rozi bo'lishdi, ammo mahkamadan keyin darhol o'ldirildilar. Shunday qilib «suiqasd» stsenariysi ham ular bilan erga ko'mildi. Mahkama jinoyatni ochish uchun emas, uni yopish uchun qilindi. Bu mahkama portlashlarda mening ishtirokimga oid bitta ham dalil topa olmadi. Bu provokatsiya «ERK» Partiyasini saylovlarda qatnashtirmaslik uchun qilingandi. Va «ERK» saylovlarda qatnasha olmadi.

Jeyda Qoron: Sizning milliyatchi va dindor ekanligingiz haqida gap-so'zlar bor. O'zbekistondagi diniy oqimlarga qarashingiz qanday?

M. Solih: So'filar «Mo'minmisan?» degan savolga «InshOlloh, mo'minman!» deb javob berarkanlar. Men ham ularga taqlid qilib, «InshOlloh, dindorman!» deb javob beraman. Lekin bu mendan boshqani qiziqtirmaydi, mening e'tiqodim bu. O'zbek milliyatchisi emasman, chunki o'zbeklarni etnik jihatdan boshqa turklardan ayri bir millat o'laroq ko'rmayman.

Jeyda Qoron: Turkiyada ba'zi doiralar tarafidan shariatchi va milliyatchi qatlamlar bilan ismingizni bog'lab gapirishadi, bu mish-mishlarning manbai qaerda sizningcha?

M. Solih: Menga shariatchi deganlarga avvalroq bir javob bergandim, shuni yana takrorlayman: «…Ollohga inonaman, agar inonmoq shariatchilik bo'lsa, o'zbeklarning deyarli hammasi shariatchidir. Bir-ikki o'zligini tanimagan o'rtaga chiqib «men Vahhobiyman» yoki «men Hizbut- tahrirchiman» deya Diktatorning tegirmoniga suv quyib, uning dindorlarga qilayotgan zulmini yanada oshishiga sababchi bo'lgan bo'ldi, afsus. Ammo o'zbeklarni na diniy taassub va na-da kommunistlarning ateizmi to'g'ri yo'ldan adashtira oladi. Turkiston turklari muslimon o'laroq doim o'rta yo'lni tutib kelgandirlar. Ulardan «tubdandinchi» (fundamentalist) chiqara olmaydilar. Men Turkiyada qolganim muddat ichida dindor bilan ham, dindor bo'lmaganlar bilan ham ko'rishdim va bu bir kuni men uchun muammo bo'ladi, deb o'ylamadim. Karimovning menga qarshi propagandasi Turkiyada g'iybat va mish-mish darajasidan yuqoriga ko'tarilmagandir.

Jeyda Qoron: Karimovning bir Prezident sifatida xalq tarafidan qo'llab-quvvatlangani haqida gapirish qiyin, u qanday qilib hokimiyat tepasida qolishga muvaffaq bo'layapti?

M. Solih: Karimov klassik bir diktator sifatida atrofidagi hammadan shubhalanadi. Ikki-uch kishini istisno qilganda, atrofidagi kadrlarni davomli almashtirib turadi. Hokimiyatda qolishning yana bir tayanchi, KGB va mirshabdagi o'zbek bo'lmagan zobitlar. Ular yaxshi pul evaziga josuslikni ham, muhofizlik vazifasini ham istalgan saviyada bajarishadi. Bu vazifani bir o'zbek bajarishdan bosh tortishi mumkin. Shuning uchun ham Karimovning hech o'zgarmagan Bosh Vaziri bir arman xotinning o'g'li… Bu odam o'ziga shu qadar ishonadiki, O'zbekistonda tug'ilganiga qaramasdan, hali ham o'zbekchani o'rgangani yo'q… O'zbekiston zindonlarida siyosiy va diniy qarashlari sababli taxminimizcha 40 mingga yaqin odam yotibdi. Karimovning yaqinda e'lon qilingan amnistiyasi xalqqa achiganidan emas, balki yangi mahbuslarga qamoqxonalarda o'rin qolmaganidan olingan bir tadbir, xolos. Karimov rejimi KGB va mirshabning kuchi bilan oyoqda turibdi. Bu ikki tashkilotning personali so'nggi 5 yil ichida o'n baravar ko'paytirilgan. Bu tashkilotda ishlaganlar katta maosh oladilar, davlatning turli imtiyozlaridan foydalanadilar. Muhimi, biror jinoyat qilsalar, ishi hech qachon sudgacha bormaydi ularning ishi.

Jeyda Qoron: O'zbekiston xalqi nega Karimovga qarshi isyon qilmaydi hech?

M. Solih: Xalq isyonning ostonasida turibdi. Karimovning qo'rquvli ro'yosi bo'lgan «islomiy terroristlar» ichida o'tgan yil 700 tagacha mujohid bor edi, bugun ularning soni 3 mingga etdi. Bu mujohidlarning aqlli siyosati emas, Karimovning aqlsiz siyosati mevasidir. Xalq bu zolim va g'addor rejimdan qutqaraman, degan har qanday to'dani qo'llash darajasiga keltirilgandir.

Jeyda Qoron: «ERK» Partiyasi sifatida o'zbek xalqiga taklif qilgan al'ternativingiz nimadir?

M. Solih: «ERK» Partiyasi O'zbekistonda milliy birlikni o'rnata olishga qodir yagona tashkilot, desak mubolag'a bo'lmaydi. 1991 yil dekabr oyida xalq «ERK» Partiyasi taklif qilgan rejim al'ternativini ma'qullagandi, ammo Karimov saylovlarni ochiqchasiga soxtalashtirib, hokimiyatda qolish mug'ombirligini ko'rsatdi. Bizning al'ternativimiz: demokratik va huquq davlatidir. Iqtisodda – erkin bozor, siyosatda – xalqchil demokratiklashuv…

Jeyda Qoron: Karimov va siz haqqingizda ko'p gaplar aytilgan sarguzashtlar bor, Parlamentda bir tepki eganingiz va Karimovga ikkita musht tushirganingiz haqida, masalan. Bu voqea qanday yuz berdi?

M. Solih: Parlamentda Karimovga «tushirgan mushtlar» doim so'z shaklida bo'lgan, jismoniy mushtlashuvga qadar tanazzul qilmadim. Karimov ham meni tepmagan, agar tepsa, albatta, «qarshi tanazzul» qilishga majbur bo'lardim…

2001

(80)
Muhammad Solihning 2013 yilda Istanbulda chop etilgan “Turkiston shuuri” kitobidan. (231-236-sahifalar.)

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar