O’zbekiston Xalq Harakati

M. Farmonovaning hayoti hamon xavf ostida

M. Farmonovaning hayoti hamon xavf ostida
15 Mart 2017 - 11:00 'da yuklandi va 1516 marta o'qildi.

Narzullo Oxunjonov 

MAMLAKATNI KIM BOShQARAYaPTI?
(qirq ikkinchi maqola) 

M.FARMONOVANING HAYoTI HAMON XAVF  OSTIDA

Mastura Farmonovaga berilishi kerak bo'lgan “Oltin qalam” mukofotining olti million so'mini qaroqchilarcha tortib olganligi va uning bir necha yillik maoshini ham tuya qilganligi hamda uni bir emas, ikki marotaba kuppa-kunduz kuni o'lasi qilib kaltaklatganligi ham O'zbekiston milliy teleradiokompaniya rahbari Alisher Xodjaevning ehtiyojini u qadar qondirmagan ko'rinadi. Uy kalitini bermagani juda-juda, qattiq botgan va alam qilgan, shekilli.

Lekin raisning o'rinbosari Olim Toshboevga ham qoyil qolish kerak. Chunki u o'ziga, o'z rafiqasiga va hattoki,  A.Xodjaevga ulush-“dolya”ni o'z xodimlaridan qanday qilib tortib olish va tortiq qilishning hadisini olgani uning katta mahorati borligidan darak deyishga asos bo'ladi. Axir, xodimiga “Oltin qalam”ga berilgan naqd olti million so'mni ura solib olib qochishning o'zi bo'ladimi? Bunaqangi yulg'ichlikni amalga oshirish uchun odam o'ta chaqqon va o'ta surbet bo'lishi talab etiladi. Ana shunday sifatlar O'zMTRK rahbari va uning ma'naviyat ishlari bo'yicha o'rinbosarida bo'lmasdan boshqa kimlarda ham bo'lsin. Har bir xodimning qaysidir biridan turli kiyim bosh va yana qay biridandir oyog'iga va yana qayog'igadir ustalik bilan narsalar undirish uchun katta maktabni o'tagan bo'lishi shart. Sababi keyingi o'n yil davomida A.Xodjaev davrida ana shunday maktabning har tomonlama mustahkam poydevori yaratildi. O.Toshboev esa xuddi shu ta'lim maskanini a'lo baholar bilan bitirib uni amaliyotda qoyilmaqom etib bajarayotganlardan biri. Gapiraversang, baribir bularning bari bir-ikki kitobga sig'maydi.

Ayniqsa, o'z xodimlarini qattiq qo'rquv ostida ushlab turish uzluksizligini ta'minlash ularning yana muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Agar shunday yo'l tutilmasa ko'pgina siru-asrorlar fosh bo'lib qolishi mumkin. Biri ustimdagi kiyimimni tortib oldi deyishi va yana boshqa bir narsalarini berib qo'yganligini og'zidan gullab qo'yishi tayin. Mana masalan, M.Farmonovaning shuncha miqdordagi puli tortib olingani va bir necha yillik maoshining berilmay kelayotgani hamda bir necha marotaba urto'qmoq ostiga olinganidan qaramasdan shu bugungi kunlarda ham unga nisbatan ta'qib-u tazyiqlar to'xtaganicha yo'q. Aksincha, tahdid kuchaygandan kuchaymoqda.

Ammo shuning barobarida uni himoya qilishi va unga yordam qo'lini cho'zishi mumkin bo'lganlar otliqqa bo'lsa-da, bironta tashkilotning o'zi ham yo'q. Negaki, uni kim va kimlar, qaysi idoraning vakillari tomonidan kuzatuv va ta'qib ostiga olinayotganligi va xo'rlanayotganligini ko'pchilik juda yaxshi bilib qolishgan. Shuning uchun ham ular bundayin ishkal ishga aralashishdan o'zlarini imkon qadar tiyishga harakat qilishadi.

Bundan biroz muddat ilgari Farmonovani “xorij radiolaridan biriga interv'yu beradigan bo'lsang, seni o'ldirib ketamiz” deya tahdid qilib qo'rqitishganligi haqida to'xtalgan edik. Biroq u chet el radiosiga o'ziga bo'layotgan nohaqliklar borasida hali lom-lim demasidan burun ikki marta do'pposlandi. Ikkinchi marta esa aynan men bilan uchrashib o'z dardini to'kib sochganligi uchun ham shu holat qayta takrorlangan. Chunki menga gapirib bergan arzu-hollari xorij matbuotida chiqib ketish ehtimoli yana kuchayganligini ular juda yaxshi anglab etganlar. Sababi men “Yoshlar” telekanali muharrirlari Saodat Omonova va Malohat Eshonqulovaning nohaq ishdan olinganligini bir emas ikki marotaba ikki chet el radiosida gapirganman. Masalaning jiddiyligi ham shundan bo'lgan.

Bugungi kunda ham aynan O'zMTRK rahbari shaxsan A.Xodjaev hamda uning rejim va xavfsizlik masalalari bo'yicha o'rinbosari Shodmonovning topshirig'i bilan jurnalist M.Farmonovaning uyiga kelishib unga do'q-po'pisa qilib ketayotganlarning keti uzilmayapti. Ayniqsa, rejim va xavfsizlik xizmatining televideniyadagi bo'limining xodimi Fazliddin Xudoyqulov va O'ztvning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy muharririyatining bosh muharriri Madamin Safarovlar uning uyigacha bostirib kelishib “Narzullo Oxunjonov bilan aloqangizni uzing, u bilan mutlaqo gaplashmang, undan uzoqroq yuring. Bo'lmasa yana oqibati bundan-da battar bo'lishi mumkinligi”dan qattiq ogohlantirishgan. Bu ham etmaganidek, uni har-xil haqoratli so'zlar bilan tahqirlab shaxsiga tegadigan gap so'zlar qilishgan. Bunday hatti-harakatlar muntazam ravishda takrorlanib turganligini va bu kabi haqsizliklardan charchab hafsalasi pir bo'lib borayotganligini M.Farmonova bizga bir necha karra gapirib berdi.

Bundan tashqari,  bu jabrdiyda jurnalist ayol ko'chalarda va umuman, bozor ucharlarda ham bemalol yurolmaydigan bo'lib qolganligi va uni doimo ortidan kimdir ta'qib qilib yurishini juda yaxshi his qilishini yashirolmadi. Eng qizig'i, yaqinginada “Oloy” bozorining bekatida turganida O'zbekitson milliy teleradiokampaniyasi raisi A.Xodjaevning rejim va xavfsizlik xizmati bo'yicha sobiq o'rinbosari Bahrom O'tanov to'yib ichib olganligidan mast bo'lib oyog'ida zo'rg'a tursa-da, Mastura Farmonovaga tashlanib qolgan. Uning yo'lini kesib-to'sib turli bo'lar-bo'lmas, qo'pol so'zlar bilan so'kib, unga “seni bir kunmas bir tinchitaman” deya do'q ura boshlagan. Bu holatni kuzatib turganlar erkak kishining bir ayolga nisbatan qilayotgan bu qadar haqoratli so'zlarini eshitib bu mast-alastdan nafratlanishgan. Shu tariqa B.O'tanov degan rejim va xavfsizlikning sobiq xodimi ancha vaqtgacha shunaqangi yo'lto'sarlik bilan Mastura opani qo'rqitishga urinib uni ushlab turishga va og'ziga kelgan gaplar bilan shaxsini erga urishga rosa chirangan. Uning bu kabi yo'lto'sarlig-u, qo'pol muomalasidan opa zo'rg'a o'zini olib qochishga erishgan.

Mastura Farmonovaning boshiga shunchalar ko'rguliklarni solib ham tinchimayotgan O'zMTRK rahbariyati nimadan cho'chishayotgan bo'lishi mumkin? degan savol o'z-o'zidan ko'ndalang bo'lishi tabiiy bir hol. Bunchalar tashvishlanishmasa, talvasaga tushishmasa ular? Nima ularning qilg'ili-gu, qing'irliklari to'la qo'riqxonaning katta qulfi hali to'la ochilmaganligidan bezovtaligi shu qadarmi? Hamma gap aslida shunda. Eng avvalo juda katta va qamrovi yanada kengroq sirlarning fosh bo'lishi ularning tinchini buzgan bo'lsa ne ajab.

Ayni kunlarda ham jurnalistning o'z murojaatlari bo'yicha  O'zbekistondagi bironta eng yuqori instantsiyalargacha bo'lgan tashkilotlardan ham biror bir natija bo'lmaganidan keyin oxiri Toshkentdagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining vakolatxonasiga borishga qaror qilganligini ham tushunsa bo'ladi. Lekin shunga qaramasdan ham baribir uni orqasidan kuzatish va ta'qib qilish ishi davom etmoqda, ekan. Endi bu O'zMTRK rahbariyati uning ortidan ayolllardan yollangan ayg'oqchi qo'yib kuzatuvni amalga oshirishni yo'lga qo'yishibdi. Bu izquvar-poyloqchi opa M.Farmonova qayoqqa borsa uning ortidan qadamba-qadam, izma-iz yurib, o'sha borgan joyigacha borib uni poylashdan charchamayaptikan. BMTning vakolatxonasigacha borib ham unga nisbatan shantaj ishlarini qoyilmaqom qilib bajarayotgan ekan.

Yana bir narsani ta'kidlash joizki, Mastura opa teleradiokompaniya rahbariyati bilan o'z haq-huquqini himoyalash maqsadida sudlashish jarayoni ham ketayotganligi borasida bizni xabardor qilgandi. Uning natijasi nima bilan tugadi. Hozircha bizga bu haqdagi tafsilotlar ma'lum emas. Sababi keyingi bir necha oy mobaynida Mastura Farmonova bilan na telefonda yoki boshqa bir aloqa vositasi orqali bog'lanishning imkoni bo'lmayapti.

Bu Xodjaev deganlarining bu qadar vahshiyligiga qaraganda, jurnalistlarga qarshi kurashni va ularni qatag'on qilishning bunaqangi usul va uslublarini qo'llashni hali O'zMTRKga rahbar bo'lib kelmasidan oldin, ancha ilgari boshlagan ko'rinadi. U prezident huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibining o'rinbosarligi paytidanoq bu borada anchagina tajriba orttirgan ko'rinadi. Sababi o'sha lavozimda ishlab yurgan paytlardan boshlaboq ancha-muncha jurnalistlarning boshiga kulfatlar yog'dirilganligi bejiz emasligi o'z-o'zidan ma'lum bo'lib qoladi. Aynan o'sha davrlarda ishlagan vaqtidagi faoliyati davomida necha nafar jurnalistlarning qatag'onga uchratilganligining tahlilini boshqa bir maqolalarimiz uchun mavzu qilib qoldiramiz.

Yaxshisi, bu O'zMTRK rahbarining o'z qo'l ostida ishlaydiganlar haqida bor bo'y-basti bilan imkoni boricha eng minima'lumotlargacha bo'lgan dalillarni to'playdigan odatini tark etmaydiganligi va bu borada o'ta jonbozlik ko'rsatgani sari o'zi haqidagi minilardan ham mini bo'lgan ma'lumotlar oshkor bo'lib bormoqda. Eng ajablanarlisi uning ko'lami yanada kengayib ketmoqda. Shuning uchun aytadilar-da birovga choh qazisang o'zing tushasan, deb.

17.12.2014 y.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar