O’zbekiston Xalq Harakati

Ta'qiqlangan tarix

Ta'qiqlangan tarix
16 Mart 2017 - 12:00 'da yuklandi va 1217 marta o'qildi.

Butun ongli hayotim davomida xalqimning ozodligi, uning rus mustamlakasidan qutulishi kamina uchun, bir o'zbek ziyolisi uchun eng buyuk orzu bo'lgan edi. 1990 yilgacha nima yozgan bo'lsam, – she'rmi, maqolami – hammasida u yoki bu shaklda, ma'joziy yoki to'ppa-to'g'ri ma'noda o'sha xayoldagi ozodlik, xayoldagi erkka talpinishni ko'rish mumkin. Buni aslo bir yuksak xususiyat deb aytayotganim yo'q. Har kim bir orzu bilan yashaydi, men ham o'sha «harkim»lardan bittasi edim, mening ham orzum bor edi.

Shuning uchun 1990 yil 20 iyun kuni O'zbekiston Oliy Kengashi sessiyasida qabul qilingan «O'zbekistonning Mustaqillik Deklaratsiyasi» men uchun va mening do'stlarim uchun nafaqat siyosiy, balki shaxsiy, fardiy hodisa edi.

«Mustaqillik Deklaratsiyasi» boshqa birovlar tomonidan emas, o'zimiz bino qilgan «ERK» Partiyasi tomonidan Oliy Kengashga tavsiya qilingani va deputatlarning aksariyati tomonidan qo'llab-quvvatlangani esa bu shaxsiylikni yanada kuchlantiradi go'yo. Go'yo bir guruh o'zbek ziyolisi o'z egoizmini xalq egosiga ortib, jamoatchilik oldiga olib chiqqan-u, xalq ham uni tasdiqlatganday. Go'yo biz quloqlarini ding qilib turgan Moskvani shunday aldagandik. Uning o'tkir ko'zlarini shunday shamg'alat qilgandik. Bizda shu g'oliblik tuyg'usi bor edi.

Lekin O'zbekiston rahbariyati bunday tarixiy burilishga na ruhiy, na-da siyosiy jihatdan tayyor edi. Kompartiyaning Islom Karimov boshchiligidagi O'zbekiston sho''basi mustaqillik g'oyasiga qarshi edi. Deklaratsiya muhokamasida o'rtoq Karimov qatnashmadi, o'rinbosari, Ministrlar Soveti Raisi Mirsaidovni minbarga chiqardi. Mirsaidov Mustaqillik deklaratsiyasi yozilgan qog'ozni minbardan silkib, «bu bir parcha qog'oz-ku, bu bilan nimaga erishmoqchisizlar», deya deputatlarga xitob qilgan edi. O'rtoq Karimovning o'zi yo'q edi, har ehtimolga qarshi bu muhokamadan uzoqroq turish uchun Majlislar zalini tark etgandi. Karimov ikki o't orasida qolgandi.

Deklaratsiyani qabul qilayotgan Majlisga ochiq qarshi chiqolmasdi, chunki uni Prezident qilib o'sha majlis saylagandi. Agar Majlis istasa, bir yoqadan bosh chiqarsa, Karimovni hokimiyatdan uzoqlashtirishi mumkin edi. Majlisda shunday salohiyat bor edi. Ikkinchi tomondan, Deklaratsiya qabul qilinsa, «ERK» Partiyasi tavsiya qilgan shaklda, o'zgarishsiz qabul qilinsa, Moskva Karimovga qarshi tadbir olishi mumkin edi. Har holda, Karimov shunday deb o'ylardi.

Majlis Mirsaidovning gapini tinglamadi va ko'pchilik bo'lib Deklaratsiyaning ovozga qo'yilishini talab etdi. Majlis raisi ovozga qo'yilishiga to'sqinlik qila olmadi. Deklaratsiya ovozga qo'yildi va Majlis aynan «ERK» Partiyasi tavsiya qilgan variantni so'zma-so'z qabul qildi. Bu Karimov va uning atrofidagilarni sarosimaga soldi. Deklaratsiya qabul qilingandan so'ng O'zbekiston Markazqo'mining ikkinchi sekretari Efimovning Moskva bilan gaplashgandagi talvasasini men ko'rdim. Agar deklaratsiya qabul qilingan shaklda matbuotga e'lon qilinsa, bu O'zbekistonning Sovet Ittifoqidan to'la mustaqil bo'ldi, degan gap edi. Bundan dahshatga tushgan rahbariyatning Deklaratsiyaga «Soyuzniy dogovor» degan bir jumlani ilova qilish uchun qilmagan nayrangi qolmadi. Biz bu ilovaga qarshi chiqdik, chunki bu Mustaqillik g'oyasini qariyb yo'qqa chiqarardi.

Qolaversa, deputatlar «ERK» Partiyasi variantiga ovoz bergandi, uni o'zgartirish qonunan mumkin emas edi. Biz, bir hovuch deputatlar, bu o'zgartirishning kiritilmasligi uchun qo'limizdan kelguncha harakat qildik, ammo kommunist nayrangbozlar Moskvadan qo'rqqanidan xalq saylagan 500 ta deputatning irodasiga tupirib, bu xoinona o'zgartirishni kiritdilar. Boz ustiga, matbuotda e'lon qilar ekan, Mustaqillik Deklaratsiyasidagi «Mustaqillik» kalimasini «suverenitet» deb o'zgartirib, xalq irodasiga ikkinchi zarbani urdilar. Uchinchi zarba 1991 yil mart oyida keldi. Islom Karimov boshchiligidagi O'zbekiston hukumati mart oyida o'tgan Referendumda bor ovozi bilan o'zbek xalqini Sovet Ittifoqida qolishga chaqirdi. Va o'zbek xalqi bu chaqiriqqa «labbay» deb javob berdi. Har holda, Referendum natijasi shuni ko'rsatardi.

«ERK» Partiyasi o'z g'oyasi himoyasi uchun referendum kuni maydonga yoppa-yolg'iz chiqdi. Albatta, «ERK»ning Mustaqillikni yoqlab tarqatgan varaqalari Karimov hukumatining Sovet Ittifoqini yoqlab qilgan propagandasi oldida hech edi. Ammo bizni bir narsa – Mustaqillikka bo'lgan mustahkam ishonch harakatga keltirib turardi. Bu ishonch shuur ostidagi bir kuchga, bir instinktiv sezgiga tayangan ishonch edi. Bu sezgi dunyoning oltidan birini egallagan buyuk Imperiyaning – Sovetlar Ittifoqi deb atalgan bir davlatning kuni bitganining sezgisi edi.

1990 yilning 20 iyun kuni men uchun, mening do'stlarim uchun o'z vatani ozodligini har narsadan ustun qo'ya bilgan insonlar uchun tarixiy bir kundir. Bu kun bizning bayram kunimizdir. Bu bayramni nishonlayotganlar bugun ko'p emas, ammo kun Kelajak – ko'payajakdir. InshoOlloh, kun kelib bu bayramni butun O'zbek xalqi yashayajakdir.

(20.06.2001)

(82)
Muhammad Solihning 2013 yilda Istanbulda chop etilgan “Turkiston shuuri” kitobidan. (236-239-sahifalar.)

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar