O’zbekiston Xalq Harakati

“Qudratli” T.Qodirov qayoqqa qochdi?

“Qudratli” T.Qodirov qayoqqa qochdi?
17 Mart 2017 - 10:00 'da yuklandi va 1911 marta o'qildi.

Narzullo Oxunjonov 

MAMLAKATNI KIM BOShQARAYaPTI?
(qirq uchinchi maqola) 

“QUDRATLI” T.QODIROV  QAYoQQA QOChDI?

Uni rosa qidirishdi. Lekin topisha olmay rosa sarson bo'lishdi. Nima bo'lganligi hech kimga ma'lum emas. Birovlar xasta bo'libdi, deyishsa yana birovlari qayoqqadir qochibdi degan gapni aytishadi, deydi biz bilan suhbat chog'ida tegovchi. Bu orada uch-to'rt oy ham o'tib ketayapti. Biroq, “qudratli” T.Qodirovdan darak yo'q.

Kunlarning birida biz advokatim va yana bir kishi bilan uning ishxonasida o'tirgandik. Bir payt bir ayol bilan bir erkak hovliqib kirib keldi. Ikkisi ham dastlab gaplarini u qadar tushuntira olmadilar. Ular sal o'zlariga kelganlaridan so'nggina gap nimada ekanligini sekin-asta salmoqlanib so'zlashga o'tishib uni to'g'ri anglatishga harakat qila boshladilar.

Xonaga kirib kelganlardan biri ayol-bu o'zini Shoira Hasanova deb tanishtirdi. Ikkinchisi esa erkak kishi-ayolning qaynukasi ekanligini aytib ismini aytishni ham unutdi. Shoira va qaynukasining aytishlariga qaraganda, uning turmush o'rtog'i Toshkent shahar Yunusobod tumani ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv bo'limining boshlig'i Usmon Azizovni bir necha kun oldin milliy xavfsizlik xodimlari qo'liga zanjir solib olib ketishgan. Hozirda u qaysidir izol'yator-hibsxonada yotibdi. Umr yo'ldoshi bilan mutlaqo uchrasha olmayapti. Gap nimadaligini ham bilmaydi. Shoshib qolganligidan nima qilishini ham bilmay qolgan. U o'zini o'tga ham cho'qqa ham harchand urmasin hech kim unga yordam berishni istamagan. Aksincha, negadir undan hamma o'zini olib qochishga uringan. Shundanmi uning boshi qattiq gangib qolgan.

Lekin eri-Usmonni ushlab ketishgandan keyin bir kun o'tar-o'tmasdan uning uyida vaqtida ulardan o'ttiz ming dollar so'raganida berib turmaganligidan norizo-Sobira Bo'ldieva paydo bo'lgan. Nima gapligini bilsada, Sobira qurg'ur ham o'zini bilmaganlikka solib nima bunchalik tashvishda ekanligini so'ray boshlagan. Go'yoki ishlar chatoqligini bilgach o'z yordamini ayamasligini bildirgan va shu joyning o'zida to'g'ridan-to'g'ri o'zining eski tanishi bo'lgan “taniqli” butun O'zbekistonga mashhuru jahon bo'lib ketgan va o'z navbatida litsenziyasidan mahrum etilgan soxta advokat “qudratli” T.Qodirovga qo'ng'iroq qilgan. Shoiraning menga hozir advokatning keragi yo'q, boshqa advokat topdik deb aytishiga qaramasdan Sobira esa undan boshqasi hal qila olmaydi, deya uni “obrabotka” qilib ko'ndirishga urina boshlagan. Xullas, unday deb bunday deb Shoirani avragan Sobira axiyri shu o'zi aytgan soxta advokatni oldirishga ko'ndirgan. O'sha kunning o'zida ularning uchalasi ham uchrashishga kelishib olishgan.

Kelishilganidek, ularning uchrashuvi va o'zaro suhbati chog'ida T.Qodirov birdaniga oldiniga ikki ming AQSh dollari talab qilgan. Shundan keyingina ishga kirishishini aytgan. Shoira shunda unga “Agar siz advokat bo'lsangiz oldindan men bilan shartnoma tuzmaysizmi” degan savolni o'rtaga tashlagan.

Bu gapdan ensasi qotgan “advokat” Qodirov T Sh.Hasanovaga: “Agar ko'nsangiz shu, menga ishonsangiz shunday yo'sinda ishlayman. Mana o'rtada turgan inson o'zingizning yaqin tanishingiz Sobira turibdi. Unga qanday ishonsangiz menga ham shunday ishonavering. Shartnoma deganlari bu bir oddiy qog'oz bo'lsa. Uning bir zig'irchalik ahamiyati yo'q. Sizga ish bitishi kerakmi yo boshqa narsani istayapsizmi? Men shu sohada 40-50 yildan buyon ishlab tajriba orttirib kelayapman. Eringizning bu “stat'ya”lar bilan podvalga olib tushirilishi o'ta jiddiy holat. Bu bilan hazillashib-o'ynashib bo'lmaydi, singlim. Sizga turmush o'rtog'ingizning bus-butunligi, sog'-salomatligi kerakmi yoki ertaga bir-ikki kun o'tmasdanoq murdasi chiqishini xohlayapsizmi? Milliy xavfsizlik degan idoraning xodimlari uni qo'lga olibdimi, bu aslida butunlay, batamom ishi pishib bo'libdi, degani aslda.

Lekin men sizning tagingiz buxorolik, ya'ni “zemlyachkam” ekanligingizni hisobga olib juda ham arzon narx so'rayapman. Aslida bu beradigan ikki ming dollaringizdan bir chaqa ham menga qolmaydi. Chunki, agar bilsangiz, qulog'ingizga chalingan bo'lsa, MXX xodimlari bu pullarni sariq chaqaga ham olmaydi. Ammo men ularni shu pulga ko'ndiraman. Buning yo'llari bor. Menga va Sobiraga esa keyin alohida o'zingiz ko'nglingizdan chiqarib berarsiz. Bu mablag' avvalo sizni eringiz bilan uchrashtirish va kelajakda unga hech narsa, ya'ni qo'l tekkizmasliklari, qiynoqqa solmasliklari uchungina, xolos. U yog'ini esa alohida gaplashamiz. Xohlasangiz shu, bo'lmasa o'zingiz bilasiz. Agar ko'nmaydigan bo'lsangiz, mana yaqindagina hali o'n-o'n besh kun ham bo'lgani yo'q. Xuddi o'sha eringiz yotgan podvaldan bittasining o'ligi chiqdi. Birov bir narsa deya olgani yo'q. Bu tizimdagilarni bilasizki, xohlagan ishini qiladi. Lekin birov ularga g'ing deya olgan emas, deya olmaydi ham. Shuning uchun sizga ichib achib ketayapti.”

Bu gaplarni eshitgan Shoiraning peshonasidan sovuq ter chiqib ketgan. Buning natijasida nima ish qilishini bilmasdan talvasaga tushib qolgan. Bu kabi holatga tushib qolganligidan unumli foydalangan Sobira Bo'ldieva esa darhol gapni ilib ketib “Ana ko'rdingizmi, turmalarda nimalar bo'layotganligini-yu, qanday qilib odamlarni bir ikki kunga bormasdan azob berib, qiynab bo'lar-bo'lmas ayblarni qo'yib, agar bo'yniga olmaydigan bo'lsa, oqibati nima bilan tugayotganligini. Keling, yaxshisi shuning uchun rozi bo'ling, kech bo'lib qolmasin tag'in. Nima anqayib turibsiz? Bo'ling, tezroq! Hozir yoningizda qancha bor, o'zi? “ deya uni shoshiltirgan. U bu kabi undovlardan qo'rqib ketib eriga biron ziyon-zahmat etmasligi uchun hozirda sumkachasida 1000 dollari (ming dollar) borligini aytadi. Uning shuncha miqdordagi mablag'i borligini eshitgan zahoti Sobira: “Bo'pti, hozircha shu yog'ini berib turing, qolganini keyin berasiz, fursatni boy bermang” deya unga gaz beradi. Shokka tushib qolgan Sh.Hasanova majburligidan ming dollarni Sobiraga uzatgan va u esa o'z navbatida bu pullarni To'ra Qodirovga bergan. Shunda Shoira qachon meni turmush o'rtog'im bilan uchrashtirasizlar, degan savol bilan ularga yuzlanadi. Shunda QodirovT: “shu bugunoq kechga borib sizga qo'ng'iroq qilamiz” deb Shoirani ishontiradi. U bechora esa “bugun xo'jayinim bilan uchrashar ekanmanda” deb bu ikkala firibgarning tun yarmigacha qo'ng'irog'ini poylab o'tiradi. Sabri tugab qaytib ularga qo'ng'iroq ham qiladi. Afsuski, har ikki tovlamachining ham telefonlari o'chirilgan edi. Bu holatdan g'azablangan Shoira ertalabgacha mijja qoqmay asabiylashib, ich-etini eb chiqadi.

Mashmashaning qizig'i ertasi kuni boshlanadi. Shoira kun uzog'i elib-yugurib Sobirani zo'rg'a izlab topadi va u bilan ancha-muncha talashib-tortishishlardan so'ng esa ular ikkisi ham boyagi soxta advokatining yoniga borishadi. U bu holga chiday olmaganidan bunaqangi yolg'onchiliklardan to'yib ketganligi va tezda olgan pullarini qaytarib berishlarini talab qila boshlaydi. Shunda ular bir zumda o'z qiyofalarini o'zgartirishadi va o'zlari oldindan to'qib qo'ygan bahonani ham keltirishadi. Nima emish To'ra Qodirovning MXXdagi tanishi qayoqqadir safarga ketib qolgan emish. Shu boisdan ish biroz orqaga suriladigan bo'lib qolibdi. Buni eshitib u yanada tajanglasharkan, agar pulni qaytarmasalaringiz hozir borib ustingizdan tegishli joyga arz qilaman, deb aytadi, u. Ikki firibgarning ko'zlari o'ynab qo'rqib ketganidan “hozir tuman prokuraturasiga boramiz, u erda bizni bir kishi kutib turibdi, o'sha joyda hammasi hal bo'ladi” deyishadi, hovliqishib. Ana shu gaplardan so'ng Shoira biroz hovuridan tushadi va ular prokuraturaga borishadi. Haqiqatdan borishsa, bir kishi ularni kutib turgan bo'ladi. Uni ular advokat deb tanishtirishadi. Bundan hayron bo'lgan Sh.Hasanova “yana bir advokatning nima keragi bor, axir. Siz advokat emasmisiz? Mening ortiqcha to'laydigan pulim yo'q. Nima sizlar meni o'ynatayapsizlar?” deya jig'ibiyron bo'ladi.  Qodirov T. uni  sabrli bo'lishga chaqiradi va “sizlar bu kishi bilan oldin prokurorga kirib chiqingizlar, keyin masalani nimada ekanligini tushunib xursand bo'lasiz” degan xitob bilan uni tinchlantirishga urinadi. Lekin Qodirov negadir Shoira bilan birgalikda prokurorning qabuliga kirib chiqishdan o'zini olib qochishga urinadi. Xuddi shu hatti-harakatlari bilan ham u o'zining litsenziyasiz-soxta advokat ekanligini bildirib qo'yadi.

Shundan so'ng nima bo'lsa bo'ldi, deya prokurorning qabuliga haligi kishi bilan kirib hafsalasi pir bo'lib chiqqan Sh.Hasanova ularning har ikkalasining ham haqiqiy firibgar ekanligini bilib qoladi. Shu asnoda u va uning sherigi Sobira bilan qattiq janjallashadi hamda pulini qaytarib berishlarini talab qiladi. Chunki prokuror uning o'zini eriga qo'shilib javobgarlikka tortilishi ehtimoli yuqoriligini unga eslatgani qattiq alam qiladi. Bu o'rtada boyagi odam g'oyib bo'lib qoladi. Shoira ularga qarab mening pulimni qaytarib beringlar, deya qattiq baqirib-qichqirib jar sola boshlashiga qaramasdan, pullar hozir yonimizda yo'q, ertaga qaytarib beramiz deb ishni paysalga sola boshlashadi. Shu payt Sobira Qodirovga qarab pul qaerda desa, u bo'lsa boyagi odamga bergandim deydi va shu asnoda ikkalasi jiqqamusht bo'lib qolishadi. Qarasaki, bulardan bir ish chiqmaydi. Vaqt ketayapti. Turmush o'rtog'i esa bir necha kundan buyon qon yutib podvalda uni kutib yotibdi. Hech bir advokatning konkret sa'y-harakatini sezmayapti. Shunda Sh.Hasanova bugunoq o'zi bergan mablag'ni uyiga olib kelib bermasa tegishli joyga murojaat qilishga majbur bo'lishini ularga yana bir bor eslatib qo'yadi-yu, boshqa bir tuzukroq advokat qidira boshlaydi. Shu-shu izlab-izlab, so'rab-surishtirib to'g'ri biz o'tirgan advokatning xonasiga kirib keladi.

Shoira Hasanova bizga aytib bergan mana shu voqealar asosida soxta advokat To'ra Qodirov va Sobira Bo'ldievalar ustidan shikoyat xati yozib barcha tegishli organlarga jo'natadi. Lekin biz uning qanday natija bilan yakunlanganidan xabarimiz bo'lmadi. Ammo biz shu o'rtada bu ikkala shovvoz-firibgarlar yana qayoqqadir juftaklarini rostlab qolganliklari haqida shov-shuvlar keng tarqalib ulgurgandi. Bundan ularning o'ljasi kim bo'lishi mumkinligini taxmin qilish qiyin emasdi.

19.01.2015 y.

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar