O’zbekiston Xalq Harakati

Rejimning “barmoq izlari”

Rejimning “barmoq izlari”
17 Mart 2017 - 10:49 'da yuklandi va 1544 marta o'qildi.

O'zbekistonda doimiy yashash joyidan boshqa davlatlarga uzoq muddatga ketgan shaxslar aniqlanib, ichki ishlar organlarining ro'yxatiga kiritilayapti. Toshkentda notarial idoralarning nayranglari fosh etildi. Samarqandlik pensionerlar pochta bo'limidagi nohaqlikdan shikoyat qilmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

________________________________________________________________

IIV: Antirerror tadbirida qidiruvdagi 500 ga yaqin shaxs ushlandi

O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi mamlakat bo'ylab “Tozalash-Antiterror” tadbiri o'tkazmoqda (“Postda”, 11 mart). Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida jinoyat sodir etib qidiruvda yurgan 500 ga yaqin shaxs ushlangan, bedarak yo'qolgan 50 dan ortiq kishi topilgan. Shuningdek, noqonuniy qurol va o'q-dori, taqiqlangan diniy adabiyot va giyohvandlik moddalari saqlayotgan fuqarolar aniqlangan. Qayd etilishicha, tekshiruv guruhlari o'ta muhim ob'ektlar, ko'p qavatli uylar, xonadonlar, korxonalar, mehmonxonalar va yotoqxonalarni o'rganib, turli huquqbuzarliklarni aniqlamoqda. “Profilaktik hisobda turgan fuqarolar, maxsus hisobda turgan diniy-ekstremistik oqim a'zolari va muqaddam sudlangan shaxslar ma'muriy nazoratga olinmoqda. Doimiy yashash joyidan boshqa davlatlarga uzoq muddatga ketgan shaxslar aniqlanib, ichki ishlar organlarining ro'yxat hisobiga kiritilmoqda”, deya ma'lum qiladi IIV vakili Furqatjon G'aybullaev.

Notariuslarning qing'ir ishlari qoralandi

Toshkent shahridagi ayrim notariuslar fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish o'rniga davlat ishonib topshirgan vakolatlarini daromad manbaiga aylantirib olgan (“Jamiyat”, 10 mart). Maqola muallifi J.Niyozov o'zi duch kelgan holatlar asosida notarial idoralardagi qonunbuzarliklar, xizmat vakolatini suiiste'mol qilib, oddiy odamlarni chuv tushirayotgan notariuslarning xilma-xil nayranglari haqida so'z yuritgan. Masalan, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 11-sonli davlat notarial idorasida turar-joydan tekinga foydalanish shartnomasini tuzish jarayonida ko'plab fuqarolardan qonunan belgilangan 22 ming so'm o'rniga 160 ming so'mdan undirilgan. “Mavzu yuzasidan jamoatchilik fikrini ham o'rganib ko'rdim. Buning uchun yurtdoshlarimiz faol bo'lgan ijtimoiy tarmoqlarda notarial idoradagi qanday qonunbuzarlik va qing'irliklarga duch kelishgani, shuningdek, ijara, tekin foydalanish shartnomalarini rasmiylashtirganlik va boshqa turdagi notarial harakatlar uchun notariuslarga qancha pul to'lashganini surishtirib ko'rdim. Fuqarolar manfaatini himoya qiladigan idora tomonidan talanganlar oz emas ekan”, deya xulosa qiladi muallif.

Eslatib o'tamiz, mazkur maqola chop etilganidan keyin muallif J.Niyozovga adliya idorasi vakillari bosim o'tkazgan. Bu haqda jurnalistning o'zi ijtimoiy tarmoq orqali ma'lum qilgan.

Samarqandda pochta bo'limi pensiya pulidan 2-3 ming so'mdan ushlab qolmoqda

Samarqand viloyati Bulung'ur tumanidagi 1-sonli pochta bo'limi har bir nafaqaxo'rning pensiyasidan 2-3 ming so'mdan ushlab qolmoqda (“Darakchi”, 16 mart). “Agar pochtachi masofa bosib xonadonlarga yurganda ham buni tushunish mumkin edi, ammo ham o'zimiz borib olamiz, ham ushlab qolinadi”, degan shu tumanlik pensioner Oysha Bektemirova. Qashqadaryolik Alisher Eshmurodov esa rafiqasi pensiya oladigan pochta bo'limi olisda ekani, ayolini yaqinroqdagi pochta bo'limiga biriktirishlarini so'rab viloyat va tuman mutasaddilariga qilgan murojaatlari inobatga olinmayotganidan arz qilgan.

O'zbek nashrlarida korruptsiya muammosi muhokama qilinmoqda

So'nggi vaqtlarda mamlakatda korruptsiya mavzusi faol muhokama etilayotganiga ishora qilgan Kun.uz sayti Kommersant.uz internet nashriga asoslangan holda iqtisodchi ekspert Yuliy Yusupovning O'zbekistondagi mazkur illat sabablariga oid fikrlarini e'lon qildi (Eltuz nashri, 2017 yil 16 marti).

Ekspertning fikricha, korruptsiyaning birinchi sababi fuqarolarning biznes yuritishi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishi uchun turli xil ruxsatlarni berish borasida davlat organlari va mulozimlarning keng vakolatlaridir. Bu holatda, avvalo, ta'magirlik va pora olish uchun imkoniyat ham kengayadi.

“Masalan, naqd pullarni berish borasida ma'muriy to'siqlar tijorat banklari, bank ishchilari, savdo tashkilotlariga pullarni naqdlashtirishda “shapka” olish uchun qulay sharoitdir”, deyiladi maqolada.

Unda yozilishicha, davlat va mulozimlarning bozor mexanizmlari ishiga turli usulda aralashuvi ham korruptsiyaning ildiziga suv quyadi. Narxlarni boshqarish, foiz stavkalarini belgilash, almashuv kursi, zaxiralarni markazdan taqsimlash, ayrim korxonalarga turlicha imtiyozlar berish kabilar shular jumlasidandir.

Muallif yuqori soliq va bojxona to'lovlari yashirin iqtisodiyot va korruptsiyaga qulay sharoit yaratishini ta'kidlar ekan, shu paytgacha hukumat va mahalliy matbuotning og'iz ko'pirtirib aytayotgan bir maqtovini yo'qqa chiqaradi.

Maqolada keltirilgan raqamlarga tayanilsa, mamlakatda soliq yuki juda og'ir ekan, u korruptsiya urchishiga yo'naltirilgan ekan.

“O'zbekiston iqtisodiyotiga soliq yuki dunyodagi rivojlanayotgan mamlakatlardagi eng yuqorilardan biridir. U yalpi ichki mahsulotning 30-35 foizini tashkil etadi… Yiliga aholi jon boshiga YaIM miqdori 2000 dollarni tashkil etadigan mamlakatlar uchun soliq yukining 15-20 foiz bo'lishi maqbuldir. Bojxona to'lovlari darajasi bo'yicha ham biz dunyodagi eng yuqori o'rinlarda turamiz”, deydi Yu.Yusupov.

Manba: “Ozodlik” radiosi

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar