O’zbekiston Xalq Harakati

O'zbekiston Sog'liqni saqlash tizimining holi shunchalar xarob…mi?

O'zbekiston Sog'liqni saqlash tizimining holi shunchalar xarob…mi?
17 Mart 2017 - 16:04 'da yuklandi va 1483 marta o'qildi.

Shunday qilib, mana, 2017 yilning 11 mart kuni Toshkent shahar 3-son bolalar shifoxonasini yopilishiga ham sababchi bo'ldik….

Kutilmaganda nabiramning tobi qochib qoldi.

“Tez tibbiy yordam” mashinasini chaqirgandik, Toshkent shahar 3-sonli bolalar shifoxonasining go'daklar bo'limiga olib borib tashladi.

Toshkentdagilar Uchtepa tumanining “Shtab” deb ataladigan hududida joylashgan bu shifoxonani “Ona-bola” deb atashadi.

Endigina 6 oylik bo'lgan nabiram bilan bizni uch bolali ayol yotgan palataga joylashtirishdi. Bitta xonada bolalar bilan qo'shib hisoblaganda 8 kishi bo'ldik.

Kasalxona binosi nihoyatda eski. Aftidan, bu erdagilar ana shu eskini yamaguncha eslari ketgan: Evini qilib ta'mirlashgan.
Bo'limdagi 40 ona-yu 40 nafar bolaga bittagina hojatxona, yuz-qo'l yuvishga bittagina rakvina.
Ertalab bolasi big'illagan ayollarning hojatxonada turnaqator turishini ko'ring….

Kasalxonaga joylashishimiz bilanoq palata vrachi go'dagimni ko'rgan kishi bo'lib qo'limga ukol-dorilar ro'yxatini tutqazdi: “Oyisi, bularni qanchalik tez keltirsangiz, muolajalarni shunchalik tez boshlaymiz” dedi o'ta muloyimlik bilan, “Lekinchi, anal'gin- dimedrol ukoli o'zimizda bor, shprits ham bizdan” g'ururlanib qo'shib qo'ydi u.

Nabiramning harorati 38.8 edi.

Baribir uydagilarning dori-darmon keltirishlarini kutishdi.

Ikki soat o'tar-o'tmay muolajalar boshlandi.

Harorat tushiradigan dori qabul qilgan go'dagimning harorati tushib, muolajaning ta'sir kuchi ketgach, yana ko'tarilib ketib, bizni yurak o'ynoq qilardi. Shu asnoda sal kam bir haftani o'tkazdik hisobi.

Kasalxonada meni taajjubga solgan narsa shu bo'ldiki, har kuni kechqurun navbatchi hamshira go'daklarning “istoriya”si(kasallik tarixi)ga onalardan imzo yig'ishini kanda qilmasdi.

“Bu nima o'zi, avval o'qib ko'rsam bo'ladimi?” so'radim hamshiradan.

Mendan buningdek talabni kutmagan yoshgina hamshira taajjub va hayrat-la qaradi:
“Mana, bolangizga bugun ertalab, kechqurun – bir kunda ikki mahal ampitsillin, kechqurun bir mahal anal'gin- dimedrol ukol qildik, ampitsillin novakainda eritildi. Mazkur muolajalarga keragicha shprits ishlatildi. “Mana shu ukol-dorilar bolamga qilindi. Bir marotabalik shprits ko'z oldimda ochildi” deya tasdiqlab imzolab berishingiz kerak” deya uqtirdi u.

“Qizim, – dedim ajablanib, Kechirasizu, novakain bilan ampitsillinni o'zim pulimga sotib olib keldimu? O'zim pulimga xarid qilgan doriga o'zim imzo ham qo'yishim kerakmi hali?” kuldim hazil aralash. Muolajaga navbatda turgan ayollarni mening gapimdan g'ashi kelib, aftlari bujmayib ketdi: “Xola, shu go'dagingizning bosh ko'zidan sadaqa” deb qo'yavermaysizmi, gapni ko'paytirmay. Nima, sizdan osh-non so'rashibdimi? Bularniyam tirikchiligi shuni orqasidan-da!” dedi ulardan biri ensasini qotirib. Hamshira esa zo'rg'a o'zini bosganicha, “Ey, xolajon, taomili shunaqa. Bizdan shuni talab qilishadi” deya elka qisdi.

Rostdan ham bolasi uchun nimalarga rozi bo'lmaydi kishi! “Xay, ke, bolaginamning bosh-ko'zidan aylansin” dedimu, “Istoriya”ning hamshira ko'rsatgan sahifalariga jimjimador imzoimni qo'yib beraverdim, “Hayriyat-ey, umrim davomida mendan ham kimdir imzo so'rarkan, mening imzoim ham kimgadir kerak bo'larkanu” deb kulib qo'ydim.

Har kuni kechqurun shu hol takror: “Istoriya”larga onalarning imzo qo'yish marosimi deng….

Bilasiz, go'daklar tun bo'yi och qolib bir-ikki bezovta qilishadi.

Palatamizdagi onalar go'daklari yig'lasa, ko'kraklarini tutib qo'ya qolishadi, men esa nabiramga su'niy ovqat tayyorlash uchun eletkr chirog'ini yoqishimga to'g'ri keladi. Yoqqanim zahoti etlarim junjikib ketadi. Negaki, nabiramning, o'zimning to'shagimdan “ho'kizdek, ho'kizdek” tarakanlar yorug'likdan qo'rqib tum-taraqay qocha boshlashadi. Birini o'ldirib, birini tutishga ham ulgurmay qolaman. Ular shunaqnagi tez harakat qilishadiki! Nabiramning qulog'iga kirib ketishidan qo'rqib, go'dakning quloqchalariga paxta tiqib qo'yaman. Bolaning ovqat idishini yuvib qo'yish istagida oshxonaga yo'l olaman. Bu erdagi chiroqni yoqsangiz, Xudo beradi: minglab emas, millionlab tarakanchalar ovqat tarqatadigan stolning ustida urmalab yurishgan bo'ladi. Darhol qaynab turgan chovgumni olamanu, tarakanlarga “hujum” qilaman. “Voy, tavba, kasalxonadayam shunaqa ko'p tarakan bo'lishi mumkinmi?!” Tarakanlarning ko'pligidan esi og'ib qoladi kishini. Har qalay, 5 kun davolangan bo'lsak, Toshkent shahar 3-son bolalar shifoxonasining ancha-muncha tarakanlariga qiron keltirdik….

Ertalab hamshiralardan biriga “Tarakan dori qilsanglar bo'lmaydimi? Oziq-ovqat qo'yiladigan shkafchalar-ku, tarakan uya bo'lib ketgan, hatto to'shaklarni ham ishg'ol qilishgan. Oshxonani-ku, aytmasa ham bo'laveradi. Har kuni tunda minglab tarakan o'ldirayapman” dedim nolib.

– Tarakan shunchalar ko'pki, dori qilgandan naf yo'q. Tarakanni yo'q qilish uchun dezinfektsiya qilish kerak. Dezinfektsiya qilish uchun esa kasalxonani yopishga to'g'ri keladi-da, – javob qildi hamshira lo'ndagina qilib.

– Yopish kerak bo'lsa, biror haftaga yopgan ma'qul emasmi? Tarakan eng ko'p infektsiya tarqatuvchi emasmi? Shusiz ham betob bolalarning hayotini xatarga qo'ymasdan?, – deganimcha qolaverdim. Hamshiraning meni eshitishga fursati bor ekanmi, ketdi-yu – bordi….

Bu tasodifmi, bilmadim, kasalxonaga tushib qolganimizning to'rtinchi kuni shifokoru hamshiralar, oshpazlar, hamma-hammasi tipirchilab qolishdi: SESdan (sanitariya epidemiologiya stantsiyasi) tekshiruvchilar kelibdi.

SES xodimlari ko'p kuttirishmadi. Hayal o'tmay xonaga taxminan 30 yoshlardagi yigit o'ziga tengdosh ikkita oq xalatli qizcha bilan kirib keldi. Qizlardan biri qo'lidagi savatchadagi tayoqchalarni olib biz va go'daklar yotgan krovatlarning changidan guyo “namuna” oldi.

– Sizlar SESdan bo'lsangiz, bu arzimagan changlarni qo'yinglar, eng avvalo, bitta iltimos, tarakanlarimizni yo'q qilib bersangizlar bo'lgani, – dedim SES vakillariga.

– Tarakan bormi? – so'radi elkasiga oq xalat tashlab olgan yigitcha.

– “Bormi?” ham gapmi? Millionlab, bosib ketgan. Ovqatlanishga ko'ngli tortmaydi kishini….

Palatadosh ayollar ham fikrimni quvvatlashdi.

Yigit daftariga nimalarnidir qayd qilib qo'ydi-da, na ha dedi, na yo'q, hamrohlari bilan chiqdi-ketdi.

SES xodimlari ketgach, 10 daqiqalardan so'ng boshqa bir yoshgina ayol kishi kirib keldi. Deraza tokchalari changini ko'ra boshladi.

– Bizga tarakanlarni yo'q qilib bersangizlar kifoya degandik? – gap qotdim SES vakiliga.

– Tarakanmi?

– Judayam ko'p, bitta-ikkita bo'lganida gapirib ham o'tirmasdik. Kechalari bolalarimizning to'shaklaridan o'rmalab chiqmoqda.
Qo'rqqanimizdan go'daklarning qulog'iga paxta tiqib qo'yib yotibmiz…. Biz bu erdagi hamshiralarga tarakandan shikoyat qildik. Ular “Dori bilan tarakanni yo'q qilib bo'lmaydi, dezinfektsiya qilish uchun kasalxonani ma'lum muddat yopish kerak” demoqda. Yopish kerak bo'lsa, yopishsin, tarakanni yo'qotishsin avval, shunday emasmi?

Navbatdagi SES xodimi ham daftarini qoraladi-qoraladi-da, palatani tark etdi.

Shu orada oshpaz xotinning “onalar, ovqatga” degan ovozi eshitildi.

Oshxonaga borsak, qarangki, bugungi kashaga shakar qo'shilibdi. Oshpaz opa kashaning ustiga pichoqning uchida sariyog' ham qo'yib tarqatmoqda. Tuxum ham bor. Bu to'rt kun davomidagi birinchi holat edi. “Ana, bo'larkan-ku?” dedim kulib. Bu oshpaz opaga yoqmadi.

O'sha kuni tushlikka ilk marotaba (birinchi va oxirgisi bo'lsa ajabmas) kotlet ham berishdi!

Haqiqiy tomosha 10 mart kuni, SES xodimlari kelib-ketishganlaridan keyin boshlandi.

Tushlikdan keyin karidorda “zavotdel” ayolning dahshatli qichqirig'i eshitildi: “Yaramaslar! Yalqovlar! Hammasi sanlarni deb bo'ldi! Turlaring baring! Nega yalpayib o'tiribsanlar! Tushuntirish xatlaringni yozlaring! Tez!…” Ovoz shu qadar vajohatli, shu qadar baland ediki, ovozning dahshatidan mazmunini anglab olish dushvor edi.

O'sha kuni “Go'daklar bo'limi”dagi tibbiyot xodimlari uchun qiyomat qoyim bo'ldi. Barchasi bir-birlaridan ko'chirib, “Tushuntirish xati”ni “ijod qilishdi”.

Keyin bilsak, SES xodimlari “Go'daklar bo'limi”ni yopishga qaror berib ketgan ekan.

Bu olamshumul voqeadan keyin farrosh, hamshira, shifokor, bo'lim boshlig'idan tortib bosh shifokorga qadar palatamizga kirib, meni “ziyorat” qilib ketishdi: barchasida zo'r ishtiyoq: “Go'daklar bo'limi”ni yopilishiga sababchi bo'lgan “oyisi”ni – shikoyatchini ko'rish, savolga tutish”.

So'roq-javoblar boshlanib ketdi:
– Siz kimsiz?
– Buvisiman…
– Qanday kasal bilan kelgansizlar?
– Baland harorat bilan…
– Tarakan bormi?
– Hisobsiz.
– Arz qilgan sizmi?
– Men.
– Nima dedingiz?
– Tarakan tiqilib yotibdi. Yopish kerak dedim….

Yo'q, eng qizig'i bu emas, eng qizig'ini hali aytmadim. Kul'manatsion nuqtasi hali oldinda. Xullas, men gapimga isbot olmoq istadim-da uydagilarga qo'ng'iroq qildim: “Ertaga menga o'rtog'imning videokamerasini keltiringlar, bu erda tarakanlar bazmini tasvirga olishni rejalashtirganman” dedim.

Ammo shu kecha garchi qo'limda videokameram bo'lsa-da oshxonadagi millionlab tarakanlarni suratga tushira olmadim.

Nimaga deysizmi?: Videokamera keltirishganidan, mening maqsadimdan palatadoshlarim xabardor edi.

Tungi soat 3 da nabiramni ovqatlantirishga turganimda birdan oshxonaga yugurgilamasdim, odatimga ko'ra avvaliga qizalog'imni ovqatlantirardim, ana undan keyingina idishlarini yuvish maqsadida oshxona tomon yo'l olardim.

Qizig'i shundaki, har kuni men qatori yarim tunda turib, qizalog'iga ko'kragini tutib, uyquga ketadigan palatadoshim shartta o'rnidan turib, mendan ilgariroq tashqariga shoshildi. “Hojatga chiqdi-da” deb o'ylagandim….

Nabiramni ovqatlantirib bo'lib, oshxonaga borsam, ne ko'z bilan ko'rayki, elektr chiroqlari yoniq, ovqat tarqatadigan stolning usti top-toza –chinnidek. Tarakanlardan darak yo'q. Ko'zlarimga ishonmadim. Keyin surishtirib bilsam, uyg'ona solib go'dagini emizmasdan tashqariga chiqib ketgan palatadoshim oshxonaga borib tarakanlar bilan maxsus shug'ullanib qaytgan ekan. Negaki, uning opasi aynan mana shu, biz yotgan bo'limda “Starshey medsestra» bo'lib ishlarkan….

11 mart kuni yangi kelgan bemorlar boshqa bo'limga ko'chirildi. Go'daklari tuzuk bo'lib qolgan onalarga uylariga javob berishdi.
Bizning palatamizdagi barchaga javob tegdi.

Qizig'i shundaki, bu kasalxonadan kimki uyiga ketadigan bo'lsa, albatta “Tilxat” yozib berib ketishi shart ekan:
“Men falonchi, bolamni sog'-salomat o'z ixtiyorim bilan uyimga olib ketmoqdaman. Hech kimga hech qanday e'tirozim yo'q. Hamshiralar bir martalik shpritsni ko'z oldimda ochib, qo'liga bir martalik qo'lqob kiyib ukol qildi”

Shuningdek mazmundagi “Tilxat”ni yozib berishingiz majburiy ekan.

Men yozishdan bosh tortgandim. Qo'yishmadi.

Shu savilni yozib bermasangiz, «vypiska iz istorii” berishmaskan.

“Zavotdel”imizga uchrashing” deyshidi.

Uchrashdim. “Avval yozing” degan edi:
– Nega endi «Odnorazivyy perchatka»da ukol qilishdi” deb yozishim kerak ekan? Axir, mening nabiramga bir martalik qo'lqopda ukol qilishmaganu? –e'tiroz bildirdim.

Shu tobda yonimdagi stulda o'tirib, “Tilxat” yozayotgan yosh ona qaryib bo'g'zimdan olayozdi:
– Nega unaqa deysiz?! Nega yolg'on gapirasiz?! Axir hammamizning bolamizga hamshiralar «Odnorazivyy perchatka»da ukol qilishdi-ku?! Yolg'on gapirishga uyalmaysizmi? Sizda o'sha, yolg'onning ortidan kasalxonani yoptirgan?!- deya bobillab bersa bo'ladimi?

– Tushunmadim, qanaqangi yolg'on haqida gap ketayapti o'zi? – ajablandim. Ehtimol, sizning bolangizni «Odnorazivyy perchatka»da ukol qilishgan bo'lsa, bordir, biroq mening nabiramni qilishgan emas. Siz o'zingiz uchun javob bering, men uchun javob berishni o'zimga qo'yib bersangiz, maylimi? Yana qay bir yolg'onga izoh kerak? –so'radim.

– Yo'q tarakanga vahima ko'targaningizchi? Mana, maqsadingizga erishdingiz!

– Ha-ya, shuni ayting!

– Himmm…

Yon-atrofdagi ayollar ham quvvatlashdi uni.

– Nega tarakanni ko'rib, ko'rmadim deysiz? Yolg'on gapirishga siz uyalishingiz kerak emasmi? Tarakan 40 ayol kirib chiqayotgan o'sha iflos hojatxonadagi bolalaringizning “pampers”lari-yu, siz evlab tashlolmagan “olvis”laringiz orasida o'rmalab, to'yinib, o'sha oyoqchalari, o'sha mo'ylovchalari bilan kelib sizning, mana bu chaqalog'ingizning idishida, piyolasi, likopchasida, qoshiqchalarida yuradigan, rasvo qiladigan, infektsiya tarqatadigan parazit-ku u. Ertalab turasizu, idishlardagi tarakan qoldirgan iflos izlarni ko'rmaysiz siz. Yo yuvasiz, yoki chala yuvib, yana bolangizga o'sha idishda ovqat berasiz, o'zingiz ham ovqtalanasiz. Sizga shunday idishlarda ovqtalanish, infektsiyalar orasida, tarakanlar davrasida yashash yoqadimi? Yoqsa, marhamat, yashayverishingiz mumkin, lekin bolangiz uchun, men uchun, mening bolam uchun javob bermang siz, tushunarlimi? – endi rostanam jahlim chiqqandi. Shu sabab ayolning ko'z oldiga aniq-tiniq keltirish uchun boricha tasvirlab berib qo'ya qoldim.

– Ey, bo'ldi, bo'ldi qiling-e, endi ovqat ham eyaolmayman ko'nglim aynib, – dedi “Tilxat” yozayotgan ayollardan biri.

– Ko'nglingiz aynimasin, allaqachonlar shunday idishlardagi ovqtalarni hazm qilib bo'lgansiz, – dedim-da, o'zim bilganimcha “Tilxat” yozib, ketdim.

Ortimdan “Zav otdel”ning “Oyisi, imkoniyatingiz etsa, o'zingiz yotgan prostinalarni yuvish, xonalarni tozalash uchun bitta kir soda bilan bitta kir yuvish sovuni sotib olib, tashlab ketsangiz” degan talabi eshitilib qoldi…

Eh, tilanchilikning qanday yo'llarini o'ylab topishmaydi-ya, bizning odamlar?!…

Vaholanki, bu shifoxonada birorta “oyisi” yoki “bolasi” kasalxonaning choyshablarida yotgan emas. Hatto ko'rpa, bolishigadovur uyidan keltirganlar bor.

Biroq, birorta “oyisi” “Nega endi kir soda, kir sovun sotib olib berishim kerak? Men kasalxonangizning choyshablaridan foydalanmadim-ku?” deyish xususida o'ylab ham ko'rgan emas.

“Hah, bolamizning bosh-ko'zidan sadaqa” deya bittamas, ikkitadan kir soda va sovun tashlab ketishmoqda….

Men yuqoridagi voqealarni behudaga hijjalab, miridan-sirigacha yozgan emasman….

Bu bilan odamlarimizning fe'l-atvorini, dunyoqarashini ochib bermoqchiman, xolos.

Nega biz shunaqa xalqmiz-a?

Nega oqni qora, qorani oq deymiz? Nega rost gapirmaymiz? Nega haqiqatni tan olmaymiz? Nega o'z haq-huquqimizni talab qilmaymiz? Nima uchun rost gapirganlarga, haqqini talab qilganlarga yovqarash qilamiz, aybsitamiz?

Yolg'onlar ummonida suzish shunchalar yoqadimi bizga?

Axir, kuni kelib aynan o'sha ummondagi yolg'onlar girdobi yutib yuboradiku bizni, millatimizni….

Nega biz HAQ gapdan hayiqamiz?…

Malohat Eshonqulova
mustaqil jurnalist va huquqbon

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar