O’zbekiston Xalq Harakati

Terrorning ildizini xalqning o'zi ko'rsatishi kerak…

Terrorning ildizini xalqning o'zi ko'rsatishi kerak…
18 Mart 2017 - 6:00 'de eklendi ve 1078 kez görüntülendi.

BBS radiosi o'zbek bo'limidan 2001 yil 9 oktyabr kuni berilgan davra suhbati matni
(Suhbat qisqartirilgan holda chop etilmoqda)

Radio xodimi Hamid Ismoilning savoli: O'zbekistonning Afg'onistonga qarshi AQSh boshlagan harbiy harakatlarga qo'shilishi O'zbekiston demokratik kuchlariga manfaat keltiradimi?

Muhammad Solih: Demokratik kuchlarga qanday manfaat keltirishini bilmayman, ammo O'zbekiston rahbari janob Karimovga manfaatlar keltirishi mumkin. Ya'ni, janob Karimov bugun Amerikaning qo'li bilan o'zining dushmanlarini yo'q qilish imkonini axtarayapti va shu imkon hozir, menimcha, unda bor. Bu imkondan qay darajada effektiv foydalana oladi, buni vaqt ko'rsatadi.

Hamid Ismoil: Mana, O'zbekiston ichidan qaraganda, islomiy nuqtai nazardan qaraganda, Abduquddus, sizga ham shu baho to'g'ri ko'rinadimi, yo'qmi?

Abduquddus Mirzaev: Bu voqea O'zbekistonga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.

H. Ismoil: Qanday ma'noda salbiy ta'sir etishi mumkin?

A. Mirzaev: Bu harbiy harakatlar inson huquqlari ahvoliga salbiy ta'sir ko'rsatib, muxolif fikrlilarga nisbatan yangi tazyiqlarga sabab bo'lishi mumkin.

H. Ismoil: Savolim islomshunos olim Tolib Saidboevga. Markaziy Osiyoga kirib kelayotgan G'arb mamlakatlari, birinchi navbatda, AQSh geostrategik kuch sifatida mintaqada Rusiya bilan raqib kuchlarga aylanadimi yoki Rusiyaning so'nggi bayonotlarini nazarda tutadigan bo'lsak, bu erda yangi muvozanat yuzaga kelayaptimi?

Tolib Saidboev: Menimcha, yangi muvozanat yuzaga kelayapti, masalaga faqat islom dini nuqtai nazaridan emas, kengroq qarash kerak. Birinchi navbatda, AQSh qilayotgan ish muvaffaqiyatli yakunlansa, ya'ni toliblar hukumati tez vaqt ichida yo'q qilinib, yangi hukumat qurilsa, bu O'zbekiston xalqi uchun, musulmonlar uchun juda katta ish bo'lardi. Lekin bu urush qanchaga cho'ziladi? Amerikaliklar maqtanishayotuvdi oldin «nuqta-nuqta bombardimon qilamiz-u, tez kunda g'alaba qilamiz» deb, endi hozir oylargacha cho'ziladigan urush to'g'risida gap ketayapti. Mana, moskvalik siyostshunoslar hisoblashayapti, agar Afg'onistondagi urush cho'zilib ketsa, eng kamida 300 ming afg'on qochqini O'zbekiston va Tojikistonga keladi. Mana, ma'lumki, O'rta Osiyoda ancha qiyinchilik, g'alla bo'lmadi, yana 300 ming xalq kelsa, xalqning ahvoli yanada og'irlashadi. Va ijtimoiy va iqtisodiy ahvol yanada keskinlashishi mumkin.

H. Ismoil: Boshqalarga savolim, G'arb kuchlari o'z vazifalarini u yoki bu miqdorda ado qilib, mana, Saidboev aytganlariday, qochqinlar muammosini yuzaga keltirib, mintaqani tark etadigan bo'lsa, O'zbekiston o'zining hozirgi harakatlari garovida qolishi xavfi bormi?

M. Solih: Bizningcha, O'zbekiston oldida ikkita tahlika turibdi. Birinchisi, hurmatli olimimiz aytganlariday, qochqinlar muammosi. Mutaxassislarning aytishlariga ko'ra, Afg'onistonning shimoliy mintaqalarida, 100 mingga yaqin kishining Qirg'iziston yoki Tojikistonga va qisman O'zbekistonga qochib o'tishga shaylanayotganlari haqda xabarlar bor. Bu qochoqlarning Markaziy Osiyodagi beqaror vaziyatni yanada beqarorlashtirishi turgan gap. Amerika bizga dushmanlarimizni yo'q qilib beradi, biz esa, tennis o'ynab yuramiz, deb xayol qilayotgan O'rta Osiyolik rahbarlar bu xomxayolga ko'p berilmasinlar, bu xavfning oldini olishni o'ylasinlar, chunki mamlakat bugun haqiqatdan ham jiddiy xavf ostida – mamlakat ichkarisidan yanada chuqurlashuvi muqarrar bo'lgan istiqrorsizlik kelayapti xavf sifatida.

Islomiy harakatga keladigan bo'lsak, albatta, undan ham xavf hali yo'q bo'ldi, Amerika u bilan hisoblashib bo'ldi, degan xomxayolga ko'p berilmaslik kerak; mantiqan olib mushohada yuritadigan bo'lsak, Juma Namangoniyning guruhi bugungi vaziyatning o'zi uchun yo hayot, yo mamot ekanligini, albatta, biladi. Toliblarga qo'shilib harakat qilish va amerikaliklarga va shimoliy al'yansga qarshi jangga kirish – islomiy harakatni ham askariy, ham siyosiy jihatdan yo'q qilish, degani bo'ladi. Chunki, bu – O'zbekistonda o'zlariga tayanch deb bilgan guruhlarning hafsalasini pir qilishi turgan gap. U holda, ular o'zini O'zbekiston islomiy harakati emas, balki Afg'oniston islomiy harakati, deb atagani to'g'ri bo'ladi, deyotganlar paydo bo'layapti hozir ba'zi internet sahifalarida.

Shuning uchun bu guruh O'zbekistonga kirishga urinib ko'rinishi turgan gap, xususan, Farg'ona vodiysidagi xalq orasida bo'lgan o'z xayrixohlarini yo'qotmaslik uchun ham bu fursatdan foydalanishga harakat qilishlari mumkin. O'zbekistondagi rasmiy propaganda «xalq ularni qo'llab-quvvatlamaydi», deb ming jar solsa ham, vodiydagi ahvolni ko'rgan odam, u erdagi aholining qashshoqlik va zulmdan «kim kelsa-kelsin, bu zulmdan, bu safolatdan bizni qutqarsin», deb turganiga guvoh bo'ladi.

H. Ismoil: Shu erda gapingizni bo'lsak-da, vodiydan turib gapirayotgan Abduquddus Mirzaevga murojaat qilsak. Islomiy omilni oladigan bo'lsak, g'arbiy kuchlarning mintaqaga kirib kelishi, musulmon mamlakatlarining ba'zilarida raddiya namoyishlariga sabab bo'lmoqda. Xuddi shunday raddiyachilar O'zbekistonda ham paydo bo'lishi mumkinmi, islomiy guruhlar yana ham radikallashishi mumkinmi?

A. Mirzaev: Bunday xatar O'zbekistonda bo'lmasligi mumkin, hukumatning qattiq siyosati bunga yo'l qo'ymasligi mumkin. Ammo bugungi vaziyat Afg'oniston va O'zbekiston xalqlari o'rtasiga uzoq yillar davom etadigan adovat urug'ini sepishi mumkin.

H. Ismoil: Bugungi vaziyat islomning radikallashishiga sabab bo'lishi mumkinmi? Professor Tolib Saidboev, marhamat.

T. Saidboev: Albatta, agar urush cho'zilib ketsa, qochqinlar O'zbekistonga kela boshlasa, ayrim radikal yoshlar kuchayib o'z ta'sirini o'tkazishga harakat qilishlari mumkin. Lekin ikkinchi tomondan, menimcha, afg'on va o'zbek xalqining tarixiy va siyosiy rivoji butunlay biri-biridan farq qiladi. O'zbeklarning asosiy qismi toliblarni qo'llab-quvvatlamasa kerak, chunki o'zbek xalqi boshqacha turmushni ko'rgan, boshqacha turmush olib borayapti va toliblarning Afg'onistonda nima qilayotganini ham biladi. Shuning uchun radikal guruhlar bo'lgani bilan, bu guruhlar keng omma orasida tarqalmasa kerak.

X. Ismoil: Hamma ham shu fikrga qo'shiladimi?

M. Solih: Bu radikal kuchlarning sonini, albatta, biz bilmaymiz. Lekin bir narsa ma'lum – og'ir iqtisodiy vaziyatda radikallashishga tayyor bo'lgan ijtimoiy qatlam miqdori anchagina. Ammo men boshqa narsani aytmoqchiman. Mana, amerikaliklar «terrorni ildizi bilan yo'q qilamiz», deb chiqishdi, bunga butun dunyoning katta davlatlari dastak berishmoqda, albatta, biz ham bu shiorni qo'llab-quvvatlaymiz va shu o'rinda amerikaliklarga shunday bir murojaat ham qilishim mumkin: madomiki, siz butun dunyoda terrorning ildizini qirqishga bel bog'labsiz, bizning mintaqada bu ildizlarni o'sha erdagi xalqning o'zi ko'rsatishi kerak. Albatta, janob Karimov yoki janob Nazarboev yoki Turkmanboshilar terrorning ildizi sifatida o'zining dushmanlarini ko'rsatayapti. Masalan, janob Karimov Juma Namangoniyni terrorning ildizi sifatida ko'rsatib bo'ldi, ammo Jumaning tashkiloti terrorning ildizi emas, uning mevasi. Bu mevani etishtirgan narsa – O'zbekistondagi o'sha rejimning o'zi, uning musulmonlarga qarshi qilayotgan zulmi. Demoqchimizki, faqat Afg'onistonni bombalash bilan ish bitmaydi – terrorning ildizini unutmaslik kerak. Umid qilamizki, «terrorning ildizini yo'q qilamiz», deb maydonga chiqqan mamlakatlar buni unutmaydilar.

2001

(84)
Muhammad Solihning 2013 yilda Istanbulda chop etilgan “Turkiston shuuri” kitobidan. (241-245-sahifalar.)

(davomi bor)

Etiketler :
HABER HAKKINDA GÖRÜŞ BELİRT

SON DAKİKA HABERLERİ
İLGİLİ HABERLER