O’zbekiston Xalq Harakati

Afg'oniston xavotirlari

Afg'oniston xavotirlari
19 Mart 2017 - 6:00 'da yuklandi va 1477 marta o'qildi.

Endi O'zbekiston O'rta Osiyo mintaqasida Amerikaning eng yaqin ittifoqdoshi. Afg'oniston endi bizning tuproqlarimizdan turib jilovlanadi. Bu janob Karimovning rejimi uchun juda sharafli bir maqom (status). Faqat, asos mavzuga o'tmasdan oldin, bu voqeada ba'zi unutilgan nuqta, vergullarni qo'yib ketmog'imiz lozim.

11 sentyabr kuni rasmiy Toshkent bu terror voqealarini o'z xalqidan yashirishga urindi. Bu aqlga sig'maydigan harakatni ko'plar tushunmadi, ammo O'zbekistonni va uning rahbarini tanigan odamlar uchun bu g'alati ko'ringani yo'q.

O'zbekiston mustaqil bo'lgandan beri hech bir vaqt o'zining mustaqil tashqi siyosatiga ega bo'lmagan. Shuning uchun ham bu o'lkaning rahbari N'yu-Yorkda fojea yuz bergan kuni yig'lash kerakmi yoki sevinish kerakmi, bila olmay ancha garangsib turdi.

Nima qilishi lozimligini bilish uchun Rusiyaning ko'zlariga boqdi, Rusiya dunyo bilan birga qayg'urayotgan edi, buni ko'rib, bunga amin bo'lgandan keyingina Amerika Prezidentiga ta'ziya yo'llashga qaror qildi. Ammo bu ta'ziya Amerikaning an'anaviy dushmani hisoblangan Eronning ta'ziyasidan ham kechroq bordi Vashingtonga.

Ha, O'zbekistonning tashqi siyosati shu qadar shaffof, manzillari shu qadar aniq, do'stlari shu qadar muayyan edi. Shu qadarki, to 11 sentyabr kuni Amerikaga do'stonami yoki dushmanonami muomala qilishni bilmay esankirash darajasida.

Lekin sal o'tmay bu terror fojeasidan junbushga kelgan bu Super Davlatning g'azabi O'zbekiston rahbariyati uchun xuddi atom energiyasi kabi bir qudratli vosita ekanligi va bu kuchning dushmanlarni engish uchun bir imkon ekanligini angladi. Balki rahbariyatning fojeadan to'kilmagan ko'zyoshlari, shu qudratli kuchga yaqin bo'lish sevinchidan to'kilgan bo'lsa ajab emas.

Istehzosiz aytganda, haqiqatan ham 11 sentyabr fojeasi O'rta Osiyodagi diktatorlar uchun bir omad bo'ldi. Masalan, bu voqea O'zbekiston Tashqi Ishlar vazirligini yillar davomida erisholmagan diplomatik orzusiga bir kunda erishtirdi. Bu orzu Amerikaning xayrixohligini qozonish orzusi ekanligini hamma biladi. Amerikaning hamkorlik taklif qilishi mumkinligi rahbariyatning etti uxlab tushiga kirmagandi. Ishning yanada mo''jiza tarafi, Afg'onistondagi qurolli o'zbek radikallarini ham Amerikaning o'zi yo'q qilishni bo'yniga olayotgan edi. Boz ustiga, bu shovqin-suron soyasi ostida siyosiy muxolifatga bosimni yanada kuchaytirish, uni yana bir marta «terrorist»ga chiqarish imkoni tug'ildi, deb ham umidlangan bo'lsalar ajab emas.

Yana bir mish-mish: 11 sentyabrdan oldin Amerikaga yaxshi ko'rinish uchun amnistiya qilingan mahbuslar ro'yxatiga bir nechta siyosiy va diniy muxolifat vakilini ham kiritishgan ekan, Amerikaga do'st bo'lgandan so'ng bu bechoralarni yana ro'yxatdan chiqarishibdi, endi bu mahbuslar Amerikaga duo qilib yotgan bo'lsalar ajab emas. Har holda, endi Amerika hamkor, hamdard va muttafiq, endi avvalgiday inson haqlari va siyosiy muxolifat kabi safsatalar bilan bosh og'ritmaydi, deb o'ylagan bo'lishi ham turgan gap.

Shunday o'ylaganini dindorlar ustidan o'tkazilgan keyingi mahkamalar ko'rsatdi. Bu mahkamalarda sudlanuvchilarga endi «hizbut-tahrirchi», deb emas, «bin lodinchi», deb murojaat qilayotgan ekanlar.

Amerikaning O'zbekiston bilan hamkorligi hozircha faqat harbiy sohada ekanligini unutmaslik kerak. Agar Amerika Afg'on kampaniyasini muvaffaqiyatli tamomlasa, u bu mintaqada uzoqroq qolishga harakat qilishi, o'zining strategik maqsadlarini, yuksalayotgan Xitoy qarshisida mavqeini hozirdan mustahkamlashga intilishi tabiiydir.

Yana bir masala: ba'zilar o'ylayotgandek, Amerika harbiy bazasi bordi, endi biz ham O'zbekistonga sarmoya etkazaylik deb, amerikan sarmoyachilari chopib kelmaydi, chunki ular etkazayotgan sarmoya O'zbekistonda Amerika qonunlari tarafidan emas, O'zbekiston qonunlari tarafidan kafolatlanishi lozim. O'zbekistonda qonun ko'p, ammo amerikalik sarmoyachi bu qonunlarga ishonmaydi. Bu qonunlar uning sarmoyasini himoya qilishga qodir emas. Lekin O'zbekiston rahbarining omadi chopdi, Rus manbalarining bildirishiga ko'ra, Amerika o'z harbiy bazalariga joy bergani va boshqa xizmatlari uchun O'zbekistonga 8 milliard dollar to'lagan yoki to'layapti. Bu katta pul. Har holda, O'zbekiston rahbarini Rusiyadan yana bir farsax uzoqlashtirish uchun etarli pul.

Endi demokratlashuvga kelsak, menimcha, Amerikaning harbiy bazalari bizga demokratiya olib kelishi amri mahol. Agar harbiy bazalarda bunday bir qobiliyat bo'lganda edi, Amerikaning Arab yarim orolidagi muttafiqi Saudiya Arabistoni allaqachon demokratik davlatga aylanardi. Har bir xalq o'zi uchun o'zi yaratmog'i kerak demokratiyani. Har bir xalq o'z taqdirini o'zi belgilamog'i kerak.

Endi eng dolzarb mavzu – Afg'onistonga kelaylik. Bu erda shu kundan e'tiboran, jabhalar aniq bo'ldi: ruslar Afg'oniston bahonasida Amerikaning bo'lgada joylashuvidan qo'rqmoqdalar. Afg'onistondagi Tolibonga qarshi urushda endi jabhalarning asos chiziqlari aniq ko'rina boshladi. Ruslar tojik qo'shinlarini, Amerika (O'zbekiston) esa Abdurashid Do'stumni qo'llayaptilar. Bu ikki jabha orasida hozirdan raqobat boshlandi, desak hech mubolag'a bo'lmaydi.

Ruslar tojik qo'shinlarining tez suratda iloji boricha ko'proq territoriyani egallashga undamoqda. Ular bunga erishishlari uchun rus generallari Putindan tojiklarga tez yordam ko'rsatish zarurligini uqdirmoqda. Balki amerikaliklarning Do'stumga yordami ham Ruslarning uydirmasi bo'lishi mumkin, buni tojiklarga yordamni tezlatish uchun qo'llagan taktikasi bo'lishi mumkin. Har holda, Tolibondan keyin Afg'onistonda ruslar iloji boricha kengroq maydonda, iloji boricha strategik muhimroq bo'lgalarni tojiklar qo'liga topshirib, ular orqali Afg'onistonda hukmronliklarini o'rnatish niyatini yashirmayaptilar ham. Masalan, ruslar Shimoliy Afg'onistonda an'anaviy bo'lgan o'zbeklarning emas, tojiklarning nufuzi og'ir bosishi uchun harakat qilayotgani ko'rinib turibdi. Qisqasi, hali Tolibon ketmasdan turib, bo'lajak Afg'oniston uchun jang boshlandi. Va bu holda, Tolibondan keyingi Afg'onistonmi yoki undan keyingisimi, qaysi biri ko'proq istiqrorli bo'lishini hech kim bashorat qilolmaydi.

G'arb davlatlari va Amerika Tolibondan keyingi Afg'oniston uchun Zohir Shohni topishdi. Faqat Zohir Shoh Afg'onistonga yordam etolmaydi, menimcha. Avvalambor uning Afg'onistonda siyosiy platformasi yo'q, lider sifatida ko'pchilik ijtimoiy guruhlarni ta'siri ostiga olish imkoni oz. Albatta, Amerika va boshqa davlatlarning yordamida taxtga o'tqazilishi mumkin, lekin Amerika o'lkadan chiqqandan keyin, boshlanadigan g'avg'oni to'xtatadigan siyosiy og'irligi yo'q uning.

Aslida, nainki Zohir Shoh, butun xalqlarni birlashtirib, bitta davlat shamsiyasi ostida to'playa bilajak qadar obro'li lider bugungi Afg'onistonda yo'q. Yigirma yillik tinimsiz urush faqat mamlakatning emas, partiyalarning ham, faqat partiyalarning emas, liderlarning ham tarovatini qochirdi. Ortiq xalq hech bir partiyaga, hech bir liderga ishonmay qo'ydi. Ayniqsa, bu partiya boshqa qavmlar tuzgan partiya bo'lsa. Ortiq hech qanday Milliy Kelishuv Hukumati bilan bu xalqlarni aldab bo'lmaydi.

Dunyoning «milliy ozchilik» deb atagani o'zbek, hazara, turkman, beluylar ortiq na pushtun va na-da boshqa bittasining bo'yinturug'i ostiga kirmoq istaydilar. Chunki na pushtun, na-da boshqasi bu «milliy ozchilik»larning istagan haqlarini bera olmaydilar. Bu milliy ozchiliklar esa, o'zlari istagan haqlarini olmagunga qadar qo'lidan qurolni tashlamaydilar. Ayni gap bundan 7 yil avval ham aytilgandi, afsus, takrorlashga to'g'ri kelayapti.

Ba'zilar bu xalqlarning o'tmishiga ishora qilib, ular ikki yuz yil birga baxtiyor yashagandilar, bundan keyin ham baxtiyor yashayveradilar, deyishadi. Ammo bu juda zaif argument. Bunday mantiq bilan zamonaviy dunyoning yarmini Turkiya (eski Usmonli Imperiyasi)ga va yana yarmini, masalan, Rusiya (eski Sovet Ittifoqi)ga topshirishingiz kerak bo'ladi. Chunki bu ikki Imperiya hududlarida yuzdan oshiq millatlar yuz yillarcha birga Afg'onistondagiday baxtiyor, balki undan-da baxtiyorroq yashagandilar.

Dunyo o'zgarmoqda, janoblar, nafaqat «madaniy» sanalgan qismida, balki u qadar «madaniy» sanalmagan qismida ham o'zgarmoqda. Afg'oniston uchun bu o'zgarish davridagi burilish nuqtasi 1989 yil bo'ldi. O'sha yili rus qo'shinlari Afg'onistonni tark etdi. Va o'sha yili Afg'oniston xalqlari daf'atan bir haqiqatni tushundilar. Bu haqiqat ularning o'zlari uchun ham yangilik edi. Ulardan hech biri boshqasining hukmronligi ostida yashay olmasliklarini angladilar birdaniga. Ular ruslar bilan 10 yil urushda hurriyat uchun shu qadar ixlos bilan kurashdilarki, endi bu hurriyatga hatto o'z qardoshlari ham zarracha mone'lik qiladigan bo'lsa, unga ham qarshi jihod qilish azmiga ega bo'ldi bu xalqlar.

Albatta, doim hukmronlik qilib kelgan pushtunlar va Afg'onistonni doim o'z siyosiy maqsadlariga vosita qilishga uringan davlatlar Afg'oniston xalqlaridagi bu buyuk evrilishni hech sevmadilar.

Va ruslar Afg'onistondan chiqar-chiqmas, u erda o'zaro urush boshlandi.

Bu urush ruslar bilan bo'lgan urushdan ham qonliroq, shafqatsizroq, ammo undan sharafsizroq bo'ldi.

Endi tan olish payti keldi. Afg'onistonda 12 yildir davom etayotgan bu qonli urushning yagona sababi – etnik masaladir. Boshqa kichik sabablarning hammasi bu asos sababdan tug'ilgandir.

Bu masala hal etilmaguncha urush davom etajakdir. Bu haqiqatga hammadan avval qarshi chiqadigan pushtunlar va Pokiston davlati. Ular Afg'onistondagi xalqlarning pushtun hukmronligi va Pokistonning niqobli protektorati ostida baxtiyor yashashlari kerak, deb o'ylaydilar.

Pushtunlar Afg'onistonda hech qanday «milliy ozchilik» yo'q, bu erda hamma muslimon, bir-biriga dindosh birodar, etnik masalani Afg'oniston birligining dushmanlari uydirayapti, deyishadi. Lekin qo'llariga hokimiyat o'tsa, davlat maqomlariga birorta dindosh birodarini yaqinlashtirmaydi, qondosh birodarini tanlaydi. Va bu o'zini ummat deb tashviq qilgan «haqiqiy muslimon»lar bir zumda haqiqiy irqchilarga aylanadilar.

Ular o'zlarining din qardoshlarining ona tillarini va madaniyatlarini inkor qiladilar, ularni o'lkadagi hukmron qavm tilida o'qish va yozishga, o'z tillarini esa unutishga majbur qiladilar va bular hammasi Dini Islom va Ummati Muhammad nomidan qilinadi. Aslida esa Dinimiz ham, Payg'ambarimiz ham bunday bir zulmni qat'iyan ma'n qilgandir. Bu din niqobidagi irqchilikka chiqqanlar «muslimonlarni» bo'lishda va «irqchilikda» ayblanadilar. Afsuski, bu boshqaruv usuli Afg'onistonda, faqat Afg'oniston emas, o'zini muslimon davlati atagan boshqa davlatlarda ham asrlardan beri davom etib kelayapti. Xo'p, Afg'onistonda hokimiyatga pushtunlar emas, tojiklar kelsa, vaziyat o'zgaradimi?

Yo'q, tojiklar ham hokimiyatga kelib ko'rdi, vaziyat o'zgarmadi. Ular ham pushtunlarning qilganini aynan takrorladi, boshqaruv tizimlarini o'z qavmi mansublariga to'ldirdi. Balki hokimiyatga o'zbeklar kelsa ham shunday bo'lardi. Men aslo bir qavmning ikkinchisidan afzalligini aytmoqchi emasman, aksincha, bu dunyoda toki bir qavm ikkinchisida afzal ko'rinar ekan, urush hech qachon to'xtamasligini aytmoqchiman. Afg'oniston xalqlari hur yashashni, hatto o'z birodariga ham qaram bo'lmaslikni istayapti, bunga mone' bo'lish kerakmi?

Tasavvur qiling, 19-asr oxirida Ovrupo xalqlari qanday milliy o'zliklarni daf'atan tanigan bo'lsalar, Afg'onistonning xalqlari ham bugun shunday o'zliklarini tanimoqda. Bu muqoyasada uyaladigan nima bor?

Nihoyat, davlatlar ham odamlar kabi taqdiri avvaldan chizilgan maxluqlardir. Ularning ham tarix sahifasiga yozilgan muayyan umri bor, bu umrdan bir kun, bir soat ham ortiq yashay olmaydilar, umri bitgan davlatni hech narsa bilan ushlab qolish mumkin emas, buni Sovet Ittifoqi misolida butun dunyo ko'rdi. Bir zamonlar Buyuk Britaniya va Rusiya Imperiyasi tomonidan bufer davlat o'laroq vujudga keltirilgan Afg'onistonning taqdirida yozilgan umri bitganga o'xshaydi. Ko'plarning g'ashini keltirishi shubhasiz, ammo baribir aytishga to'g'ri keladi: Afg'oniston O'rta Osiyoning «kasal odami»dir.

Bu xastaga yaxshilik qilmoqchi bo'lsangiz, uni harbiy va yoki iqtisodiy ko'knorlar bilan oyoqda tutishga urinmang. U davlat sifatida bugungi mavjud unitar shaklida yashay olmasligi aniq. Bu hududlarda bir yangi shakldagi davlat, masalan, Afg'oniston Konfederatsiyasi qurilishi mumkin.

Albatta, G'arb davlatlari Afg'oniston unitar davlat ekan, uning territoriyasidan neft', gaz va yoki boshqa energiya vositalarini dengizga chiqarish osonligi haqida o'ylaydilar. Lekin Afg'oniston Federativ yoki Konfederativ davlat bo'lsa, bu tranzit o'lka xususiyatini yo'qotadi, deb vahimaga tushishning ham keragi yo'q. Balki u bo'lgaga tinchlik va istiqror kelsa, tranzit muammolari umuman qolmaydi, deb umid qilish mumkin.

Oxir-oqibatda, biz samimiy esak, birinchi navbatda, Afg'on xalqining manfaatlari, undan keyin boshqa manfaaatlar haqida gapirishimiz, qarorlar ham shunga ko'ra olinishi lozim. Har qanday boshqa holda, Sovet Armiyasi Qobulni tark etgani kabi so'ng pushtunlar, tojiklar, o'zbeklar, hazaralar bir-biriga qarshi qanday hujum qilgan esalar, Amerika ketgandan keyin ham, bu qavmlar xuddi shunday bir-birlariga hujum qiladilar, degan xavotirdamiz.

(11.11.2001)

(85)
Muhammad Solihning 2013 yilda Istanbulda chop etilgan “Turkiston shuuri” kitobidan. (245-251-sahifalar.)

(davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar