O’zbekiston Xalq Harakati

“Dunyo umri ham oxiriga etib tamom bo'lgay…”

“Dunyo umri ham oxiriga etib tamom bo'lgay…”
19 Mart 2017 - 10:00 'da yuklandi va 1726 marta o'qildi.

Alixonto'ra Sog'uniy

TARIXI MUHAMMADIY — 154
(davomi)

ADIY IBN HOTAM (HOTIM) QISSASI

Adiy ibn Hotam butun dunyoga nomi chiqqan mashhur Hotam Toyning o'g'lidur. Hotam Toy o'zi Rasululloh zamonlarida tirik bo'lgan bo'lsa ham Payg'ambarlik davriga etmasdan vafot topdi. O'zidan keyin uning o'g'li Adiyni otasi o'rniga qabila raisi qildilar.

Arablar ichida atog'lik katta raislardan sanalur edi. Toy qabilasi butparastlardan bo'lsa ham, Adiy oilasi bilan nasoro diniga kirmish edi. Boshqa qabilalar kabi Madinaga elchi yuborib, Rasululloh bilan ko'rishmakni ham tilamadi. Balki Rasulullohga qarshi ko'nglida qattiq adovat saqladi. Lekin u kunlarda butun arablar yo o'zlari, yo elchi orqalik iymon keltirib itoatga kelganliklarini ko'rar edi.

So'nggi kunlarda o'z oldiga mundoq yashab turolmasligi bildi. Islom haybatiga qarshi turolmasligini tushundi. Bir kun bo'lmasa, bir kuni Islom askari kelib bosib qolmasin deb o'ziga eng yaqin ishonchlik kishisini chaqirib atrofiga yuguruk ot, elmayon tuyalardan safarga yaragudek birmunchasini tayyorlab qo'yishini buyurdi. Yo'l-yo'lga qorovullar qo'yib, soqlik bilan kutishib turdilar. Shu orada Hazrati Ali boshliq bir bo'luk Islom askari kelayotgan xabari unga anglandi. Har joyga qo'ygan qorovullaridan birisi:

— Ey Adiy, Muhammad askarining qorovullari erimizga etib keldi, — dedi.

Darhol hozirlangan ot-tuyalarni keltirib, Shom tarafiga qarab qochdilar. Qocholmay qolganlari ersa askar bosqiniga qolib, asir olindilar. Bular ichida Hotam Toyning bir qizi ham asir tushgan edi. Asirlar Madinaga keltirilgandan so'ngra u qizning ko'zi Rasulullohga tushdi. Qilg'on ishlarini ko'rib, otasi Hotamni eslab:

— Yo Rasulalloh, men ersam saxovatda olamga nomi chiqqan Hotam Toyning qizi erurman. Eshitgandursiz, otam Hotam Toy muruvvat sohibi erdi. Ochlarni to'yg'izur, yalang'ochlarni kiyguzur, yayov qolganlarni mingizur edi. Mazlumlarni zolimlardan qutqazur edi. U ersa hojatlik kishilarni hech quruq qaytarmagan edi. Mana shundoq kishining qizi erdim, — dedi.

Anda Rasululloh:

— Otangning bu qilg'on ishlari ersa chin mo'minlar axloqi erur, Alloh suygan sifatlardur. Bunday ulug' axloq egasi bo'lgan kishining qizi ekan, asirlikda yotmasin, — deb darhol ani bo'shatmoqqa buyurdilar.

Bosh-oyoq kiyintirib, yaxshi tuyaga mindirib, o'z eliga qaytmoqqa ruxsat qildilar.

Rasulullohdan bu yaxshilikni ko'rgandan keyin darhol shahodat aytib, iymon keltirdi va akasi Adiy ibn Hotamni Islom diniga dalolat qilmoq uchun Shom shahriga qarab yo'lga tushdi. Bir necha kun yo'l yurib, akasi turgan erga yaqin etdi. Bular ersa ko'chmanchi erdilar, chodir oldida o'ltirgan Adiy yiroqdan kelayotgan tuya mingan bir kishining qorasini ko'rdi. Sinchiklab qarab turdi va bu kelayotgan Hotam qizi Safona bo'lg'ay, dedi.

Yaqinlashib keldi ersa ko'rdilarkim, Hotam qizi Safona emishdur. Quchoqlashib yig'lashib ko'rishdilar. So'ngra og'asi Adiyga boqib:

— Ey rahmsiz, zolim qarindoshim! O'z oilang bilan qochib qutulding. Otang Hotam oilasini dushman qo'lida asoratga qoldirding, — dedi. Adiy bu so'zdin qattiq uyalib:

— Uzr aytmoqqa tilim yo'qdur, aytgan so'zlaringning hammasi to'g'ridur. Kel endi, mundan ortiq meni uyaltirib xijolat qilma, — dedi.

Har ikkovi nari-beri aytishib bo'lgandan keyin qarindoshlik arazlari tarqaldi. So'ngra o'zaro kengashib so'zlashgali turdilar. Og'asi Adiy ersa, o'zi to'g'risida Safonadan maslahat so'radi. Bul xotun ochiq ko'ngillik, har ishga kengash bergudek xotun bo'lub, anga shunday so'z qildi:

— Endigi maslahat shuldurkim, bu ishga keyin qolmay tezlik bilan borib, bu kishiga iymon keltirgil. Agar u kishi Payg'ambar bo'lsa, aning diniga ilgariroq kirgan bo'lursan. Agar podsho bo'lsa boshqalardan oldinroq borganing yana yaxshiroqdur, — dedi.

Adiyga ham shu so'z ma'qul bo'ldi. Shu bilan ikkovlashib yo'lga chiqishdilar. Besh-o'n kun yurib Madinaga keldilar. Shu chog'da Rasululloh masjidda o'ltirgan edilar. To'g'ri kelib ul zotga salom qildi.

— Bu kishi kim bo'lur? — deb so'radilar.

— Hotam o'g'li Adiy erurman, — dedi.

Rasululloh o'rinlaridan turib kelib u bilan ko'rishgandan so'ngra, uylariga qarab boshladilar. Yo'lda ketayotganlarida bir kambag'al kampir xotin yo'l ustida Rasulullohni to'xtatib o'z hojatidan ancha uzoq gapirdi. Kampir so'zini tamom qilguncha quloq solib turdilar. Buni ko'rib Adiy hayron qolib:

— Bu kishi ersa podsho bo'lmasa kerak, — dedi.

So'ngra Rasululloh Adiyni boshlab qutlug' uylariga kirdilar, ichiga xurmo qobig'i solingan bir to'shaklari bor edi. Uni Adiyga taqdim qilib:

— Ustiga o'ltirgil, — dedilar.

Anda ul:

— Siz o'ltiring, — dedi.

— Yo'q, sen o'ltir, — deb o'zlari quruq er ustiga o'ltirdilar.

Buni ko'rgach, Adiy aytdi:

— Qasam qilurmankim, bu kishi podsho emasdur, bu ish payg'ambarlar axloqi erur.

So'ngra Rasululloh:

— Ey Adiy, Islom diniga kirgil, ikki dunyoda salomat bo'lursan, — dedilar.

Anda ul:

— Men ersam nasroniyat dinida erurman, mening tutgan dinim bordur, — dedi.

Rasululloh aytdilar:

— Men sening tutgan diningni sendan yaxshiroq bilurman. O'zingga qaram bo'lgan qabilalardan marba' solig'ini olursan, buni olmoq sening diningda haromdur.

Adiy buni eshitgach:

— Agar bu kishi payg'ambar bo'lmasa, bu din hukmini qaydan bilur edi? — deb ko'ngli Islomga moyil bo'ldi. Shularni o'ylab turganida yana Rasululloh aytdilar:

— Ey Adiy, ko'rursanki, bu dinga kirguvchilar ko'proq faqir kishilardur. O'zlari ozchilikda bo'lib ham kuchsizdurlar, dushmanlari ersa ko'pchilikda bo'lib, ham qurol kuchiga egadurlar. Shu ishlar iymon kelturmakdan seni to'sdi. Alloh oti bilan qasamyod qilurman, ko'p uzoq zamon o'tmasdan turib bular ichida mol shundoq ko'paygusidir, uni olg'ani kishi topmagaylar, dunyo, xazinalariga ega bo'lg'aylar. Hozircha saltanat, hukumat boshqalar qo'lida turg'onligi seni qo'rqitmasin. Yaqin kunlarda ko'rursan Bobil shahrining oq saroylari, podsholar poytaxtlari alar qo'lida fath bo'lg'ay, Ko'fa shahridan yo'ldoshsiz chiqqan yolg'iz xotun Makkaga kelib Baytullohni ziyorat qilib qaytgay. Yo'llar tinchlanganlikdan Allohdan o'zga nimarsadan bu xotunning qo'rqinchisi bo'lmagay.

Bu so'zlarni anglagach, Adiy darhol iymon keltirdi. Bu kishi keyin aytur edi:

— Yolg'iz xotun Ko'fadan xavf-xatarsiz Makkaga kelib, Baytullohni ziyorat qilib qaytganini ko'rdim. Qasam qilurmankim, qolgan ikkovi ham Rasululloh deganlaridek albatta bo'lg'usidur. Bu ikkovi ersa — birinchi, musulmonlar dunyo, xazinalariga ega bo'lishib mollari ko'payishidur, yana biri, moldan zakot chiqarilsa, uni olgali qalo' (kambag'al) kishi topilmagay. Islom boshlangandan beri haligacha bu ishning bo'lib o'tganligi ma'lum emas, chunki Islomning eng kuchli davri hisoblangan Hazrati Umar zamonlarida Rum, Eron, Misr xazinalari Madinaga oqib turgan bo'lsa ham, yana faqir-miskinlar har erda ko'p edilar.

Biz ko'rgan hadis kitoblarining hech birida falon zamonda mol ko'payib, xalq boyib ketganligidan zakot berishga faqir kishi topilmay qoldi degan so'zni ko'rgan emasmiz. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytgan bu so'zlariga qaralsa, albatta, bu ishning oldimizda bo'lishi kerakdur. Endi qachon Mahdiy oxirzamon kelsalar, Iso payg'ambar osmondan tushsalar, ana shu chog'da butun dunyo, xalqi Islom dinini qabul qilg'aylar.

Bir rivoyatda aytilishicha, qirq yilgacha bularning adolatli hukmlari ostida tinch-rohatda yashagaylar. Shu orqali er xazinalari yuzaga chiqib, butun xalq boyib ketganlikdan kambag'al kishi topilmagay. Mana, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan so'zlari shu vaqtda kelgan bo'lur. Imom Shavqoniy rahmatullohi alayh Hazrati Iso alayhissalomning osmondan tushishlari, imom Mahdiyning xurujlari, Dajjolning chiqishi, bu mal'unni Hazrati Iso o'ldirishlari — mana shular haqida kelgan hadislarning mazmuni tavoturga etgandur, dedi. Agar hadis tavotur darajasiga etdi ersa oyat hukmini olib, unga inkor qilish oyatga inkor qilgandek bo'lur.

Munga qaralsa, yuqorigi ishlar oldimizdagi kunlarda albatta bo'lg'usidur, deb ishonish lozimdur. Chunki hadis oyat hukmini olgach, unga gumon qilish mumkin emasdur. Mo'tabar ba'zi hadis kitoblarida qiyomat alomatlarini Rasulullohning aytishlaricha, yuzga etkazibdurlar. Shu kunlarda ulardan sakson sakkiz kichik alomatlari tamom o'tib bo'lmishdur. Qolmishlari ersa o'n ikki ulug' alomatlaridur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

— Bularning eng avvali Xuruji Mahdiy bo'lgay. Qolganlari ham ketma-ket uzilmay kelib tugangach, dunyo umri ham oxiriga etib tamom bo'lg'ay, — dedilar. Sollallohu alayhi vasallam.

 (davomi bor)

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar